Urgut tumani hududidagi “Geografik obyektlarning nomlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni talablariga mos kelmaydigan nomlarini oʻzgartirish toʻgʻrisida (148/23-son)
29.09.2014
xalq deputatlari Samarqand viloyati Urgut tumani Kengashining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat Statistika qoʻmitasi tomonidan 2013-yilning 1-yanvar holatiga tayyorlangan maʼlumotlar boʻyicha amalga oshirilgan xatlov natijasiga koʻra tuman hududida nomlari “Geografik obyektlarning nomlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 4-moddasi talablariga mos kelmaydigan maʼmuriy-hududiy birliklar aniqlangan.
Jumladan, tumanda 13 ta mahalla fuqarolar yigʻini nomlari Qonunga, 31 ta koʻchalarning nomlari milliy gʻoya va mentalityetimizga mos kelmaydi.
Tumandagi mahalla fuqarolar yigʻinlarining takliflarini koʻrib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi “Geografik obyektlarning nomlari toʻgʻrisida”gi Qonunining 10-moddasiga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 41-son, 448-modda) asosan xalq deputatlari Urgut tuman Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasining “Geografik obyektlarning nomlari toʻgʻrisida”gi Qonuni talablariga mos kelmaydigan obyektlarning nomlarini oʻzgartirish yuzasidan mahalla fuqarolar yigʻinlari, tashkilot va muassasalarning takliflari asosida nomlari “Geografik obyektlarning nomlari toʻgʻrisida”gi Qonuni talablariga mos kelmaydigan mahalla fuqarolar yigʻinlari, koʻchalar roʻyxati 1-2-ilovalarga*, nomlari oʻzgarmaydigan geografik obyektlar roʻyxati 3-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 1—3-ilovalar berilmaydi.
2. Tuman ichki ishlar boʻlimi (A. Hoshimov), tuman “Mahalla” xayriya jamoat fondi tuman boʻlinmasi (O. Hoshimov) hamda tegishli qishloq va mahalla fuqarolar yigʻinlari raislari bir oylik muddat ichida:
qishloq aholi punktlari, qishloq va mahalla fuqarolar yigʻinlari, koʻchalarning qayta nomlanishi munosabati bilan amalga oshirilishi lozim boʻlgan barcha (geografik nom koʻrsatkichlarini almashtirish, fuqarolar pasportlariga, muassasa, korxona va tashkilotlarning muhr va shtamplari hamda ish qogʻozlariga tegishli oʻzgartirishlar kiritish va boshqalar) ishlarning qisqa muddatlarda sifatli bajarilishini taʼminlasin.
3. Tuman statistika boʻlimi (D. Tursunqulov) 2 hafta muddatda nomlari qonun talablariga mos kelmaydigan koʻchalar, qishloq aholi punktlari, qishloq va mahalla fuqarolar yigʻinlarining statistik koʻrsatkichlariga belgilangan tartibda zaruriy oʻzgartirishlar kiritsin.
4. Ushbu qaror qabul qilinishi munosabati bilan xalq deputatlari tuman Kengashining 2013-yil 30-dekabrdagi 126/19-sonli qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
5. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan boshlab kuchga kiradi.
6. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish xalq deputatlari tuman Kengashining ijtimoiy-madaniy rivojlanish masalalari doimiy komissiyasi (I. Sharipov)ga yuklatilsin.
Xalq deputatlari tuman Kengashining raisi X. OQBOʻTAYEV
Urgut t.,
2014-yil 29-sentabr,
148/23-son
