Tuman aholi punktlarini obodonlashtirish ishlarini tashkil etishni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (58-q-son)
29.01.2013
Samarqand viloyati Urgut tumani hokimining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 10-yanvardagi 4-sonli “Respublika aholi punktlarini obodonlashtirish ishlarini tashkil etishni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi hamda viloyat hokimining shu mazmundagi 2013-yil 14-yanvardagi 17-q-sonli qarorlari ijrosini taʼminlash hamda tumanda obodonlashtirish ishlarini tashkil etish va boshqarishni yanada takomillashtirish, shuningdek mahalliy budjet xarajatlarini maqbullashtirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 6-moddasiga asoslanib qaror qilaman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 10-yanvardagi 4-sonli “Respublika aholi punktlarini obodonlashtirish ishlarini tashkil etishni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi hamda viloyat hokimining shu mazmundagi 2013-yil 14-yanvardagi 17-q-sonli qarorlari rahbarlik va ijro uchun qabul qilinsin.
2. Tuman Obodonlashtirish boshqarmasi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga*, uning tuzilmasi 2-ilovaga*, tuman obodonlashtirish boshqarmasini qayta tashkil qilish boʻyicha ishchi guruhi 3-ilovaga* asosan tasdiqlansin.
* 1 — 3-ilovalar berilmaydi.
3. Shaharsozlik hamda sanitariya meʼyorlari va qoidalariga muvofiq obodonlashtirish obyektlarini saqlash va ulardan foydalanish ishlarini oʻz vaqtida va sifatli bajarish tuman Obodonlashtirish boshqarmasining asosiy vazifalari etib belgilansin. Uning asosiy vazifalariga shu jumladan quyidagilar:
koʻchalar, skvyerlar, xiyobonlar, yodgorlik majmualari va umumiy foydalaniladigan boshqa koʻkalamzor zonalarni koʻkalamzorlashtirish, dov-daraxtlarni parvarish qilish boʻyicha agrotexnika tadbirlarini oʻtkazish, ularning zararkunandalari va kasalliklariga qarshi kurashish;
yoʻl-koʻprik xoʻjaligini (koʻchalar-yoʻlaklar qatnov qismining yoʻl qoplamasi, bekat koʻtarmalari, yer osti oʻtish joylari, koʻpriklar, transport chorrahalari va yoʻl oʻtkazgichlar, yon bordyurlar, suv chiqarib yuborish tarmoqlari va boshqa sunʼiy inshootlar) saqlash, mukammal va joriy taʼmirlash;
xoʻjaliklararo qishloq avtomobil yoʻllarini saqlash, mukammal va joriy taʼmirlash;
drenaj xoʻjaligini (vertikal va gorizontal quduqlar, ochiq va yopiq kollektorlar, sunʼiy havzalar, yer osti va yomgʻir suvlarini haydaydigan nasos stansiyalari) va favvoralarni saqlash, mukammal, joriy taʼmirlash va ulardan foydalanish boʻyicha boshqa ishlar;
elektr energiyasini tejash maqsadida zamonaviy asbob-uskunalar va texnologiyalarni joriy etgan holda yoʻllar va koʻchalarning tashqi yoritish tarmoqlarini saqlash, mukammal va joriy taʼmirlash hamda ulardan foydalanish boʻyicha boshqa ishlar;
nazoratsiz, shu jumladan egasiz itlar, mushuklar va yirtqich hayvonlarni veterinariya-sanitariya qoidalariga rioya qilgan holda tutish va davlat veterinariya boʻlimlariga olib kelish;
ekologiya meʼyorlariga, sanitariya, shaharsozlik meʼyorlari va qoidalariga hamda boshqa meʼyorlar va qoidalarga muvofiq dafn etish joylari (qabristonlar) va qabr ustiga oʻrnatilgan yodgorliklarni saqlash va ulardan foydalanish;
mavsumiy talablarni hisobga olgan holda obodonlashtirish obyektlarini sanitariya jihatidan tozalash kiritilsin.
4. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish tuman hokimining birinchi oʻrinbosari J. Neʼmatov zimmasiga yuklatilsin.
Hokim H. OQBOʻTAYEV
Urgut t.,
2013-yil 29-yanvar,
58-q-son
