Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki va uning shuʼba tuzilmalari faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (70-son)
26.03.2015
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki va uning shuʼba tuzilmalari faoliyatini yanada takomillashtirish, shuningdek qonunchilik normalarining bir xil qoʻllanilishini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki ushbu qaror bilan Bank ustaviga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalarning Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankida qonun hujjatlarida belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilishini taʼminlasin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2015-yil 26-mart,
70-son
Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 26-martdagi 70-son qaroriga ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
2. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankining Ustaviga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida” 2013-yil 23-yanvardagi 15-son qarorida:
b) quyidagi mazmundagi 21-band qoʻshilsin:
“21. Belgilab qoʻyilsinki, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki tomonidan kredit va boshqa majburiyatlarni qoplash hisobiga undirilgan mol-mulkni, bank qurgan va qurayotgan koʻchmas mulk obyektlarini, shuningdek boshqa obyekt va investitsiyalarni sotishdan olingan mablagʻlarga davlat mulkini xususiylashtirishdan olingan mablagʻlar sifatida qaralmaydi”.
