Tumanda 2015-yilda transport vositalarini majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish toʻgʻrisida (X-84/2-son)
02.02.2015
Qashqadaryo viloyati Qamashi tumani hokimining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 31-yanvardagi 54-sonli qarori (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2003-y., 1-2-son, 17-modda) bilan tasdiqlangan “Transport vositalarini majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomning ijrosini taʼminlash maqsadida “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993., 9-son, 320-modda) ning 6-moddasiga asosan qaror qilaman:
1. Tuman hududida joylashgan barcha yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli boʻlgan transport vositalari majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazilsin.
2. Majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish boʻyicha tuman komissiyasining tarkibi 1-ilovaga, texnik koʻrikdan oʻtkazish jadvali 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Transport vositalari quyidagi davriylikka muvofiq texnik koʻrikdan oʻtkazilsin:
tijorat asosida yoʻlovchilar tashish uchun foydalaniladigan yengil avtomobillar, avtobuslar va oʻtiriladigan joylar soni 8 ta va undan ortiq boʻlgan, odamlarni muntazam tashish uchun jihozlangan yuk avtomobillari, yirik gabaritli, ogʻir vaznli va xavfli yuklarni tashish uchun maxsus transport vositalari va ularga tirkamalar — bir yilda ikki marta;
ishlab chiqarilganligiga besh yildan koʻp boʻlmagan transport vositalari (mazkur bandning ikkinchi xatboshida koʻrsatilgan transport vositalaridan tashqari) — ikki yilda bir marta;
ishlab chiqarilgan yilini hisobga olgan holda ishlab chiqarilganligiga besh yildan ortiq boʻlgan transport vositalari, shuningdek ishlab chiqarilgan vaqti aniqlanmagan transport vositalari (mazkur bandning ikkinchi xatboshida koʻrsatilgan transport vositalaridan tashqari) — bir yilda bir marta;
tirkamalar koʻrikka transport vositasi — shatakchi uchun belgilangan muddatlarda.
4. Qarorning 3-bandi ikkinchi xatboshida koʻrsatilgan transport vositalarining texnik koʻrigi:
birinchi marta — 1-mart — 30-iyunda;
ikkinchi marta — 1-sentabr — 31-oktabrda oʻtkaziladi;
yuridik shaxslarga tegishli boʻlgan transport vositalarining texnik koʻrigi 1-mart — 30-iyunda oʻtkaziladi;
jismoniy shaxslarga tegishli boʻlgan transport vositalarining texnik koʻrigi 1-yanvar — 31-avgustda oʻtkazilsin.
5. Transport vositalarini majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish tuman komissiyasi rahbariga:
transport vositalarining texnik holati, ulardan foydalanish normalari va qoidalariga rioya etilishi ustidan samarali nazoratni tashkil etish;
transport vositalarining texnik holati va uskunalari yoʻl harakati xavfsizligi standartlari, qoidalari, normalariga muvofiqligini baholash yuklatilsin.
6. Tumandagi barcha transport vositalari egalari boʻlgan yuridik va jismoniy shaxslarga transport vositalarining texnik pasporti bilan birgalikda texnik koʻrikdan oʻtkazilishini, ularning texnik jihatdan sozligini va oʻz vaqtida reja jadval asosida koʻrikdan oʻtkazish majburiyati yuklatilsin.
7. Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 31-yanvardagi 54-son “Transport vositalarini majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori 3-bandiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligining ichki va soqchilik qoʻshinlari, Milliy xavfsizlik xizmatining harbiy boʻlinmalari transport vositalari koʻrsatib oʻtilgan idoralar tomonidan belgilangan tartibda majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazilishi inobatga olinsin.
8. Transport vositalari texnik koʻrikdan oʻtkazilganligi uchun Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 31-yanvardagi 54-son qarori bilan tasdiqlangan “Transport vositalarini majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomga muvofiq yigʻim undirilsin.
9. Tuman hokimining 2014-yil 27-yanvardagi X-47/1-sonli qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
10 Ushbu qaror ijrosini nazorat qilishni oʻz zimmamda qoldiraman.
11. Mazkur qaror rasman eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Hokim R. MUXAMMADIYEV
Qamashi t.,
2015-yil 2-fevral,
X-84/2-son
Tuman hokimining 2015-yil 2-fevraldagi X-84/2-sonli qaroriga 1-ILOVA
Qamashi tumani hududida 2015-yil transport vositalarini texnik koʻrikdan oʻtkazish komissiyasi
tarkibi
S. Umarov tuman IIB YHB guruhi boshligʻi, komissiya raisi B. Hayitov tuman Tabiatni muxofaza qilish inspeksiyasi boshligʻi R. Navroʻziyev tuman “Vatanparvar” tashkiloti raisi Z. Raximov tuman Mudofaa ishlari boʻlimi boshligʻi A. Jumanov “Oʻzagrosugʻurta” DASK tuman boʻlimi boshligʻi Sh. Suyunov tuman YTXTPFK boshligʻi
Tuman hokimining 2015-yil 2-fevraldagi X-84/2-sonli qaroriga 2-ILOVA
Qamashi tumanida mavjud boʻlgan tashkilot, korxona va avtoxoʻjaliklarga tegishli transport vositalarining 2015-yil majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish
JADVALI
T/r Avtoxoʻjalik va tashkilot nomi Manzili Koʻrikdan oʻtadigan kun Vaqti Koʻrik oʻtadigan joyi Transport vositasi soni 1. Xususiy korxonalar Qamashi tumani 01.03.2015y 09-00 Oʻz saroyida 132 2. MChJlar Qamashi tumani 04.03.2015y 09-00 Oʻz saroyida 126 3. Elektr tarmoqlari Qamashi tumani 05.03.2015y 09-00 Oʻz saroyida 12 4. Kimyolashtirish korxonasi Qamashi tumani 06.03.2015y 09-00 Oʻz saroyida 22 5. Kommunal xoʻjaligi. Fizioterapiya kasalxonasi va markaziy shifoxona Qamashi tumani 07.03.2015y 09-00 Oʻz saroyida 62 6. Paxta zavodi va Yoʻl qurilish korxonasi Qamashi tumani 08.03.2015y 09-00 Oʻz saroyida 38 7. Gazlashtirish va agrosanoat energiya Qamashi tumani 12.03.2015y 09-00 Oʻz saroyida 12 8. 98 OXJ Qamashi tumani 13.03.2015y 09-00 Oʻz saroyida 93 9. Agrobiznes va barcha kollejlar Qamashi tumani 14.03.2015y 09-00 Oʻz saroyida 42 10. MTP va MMTPlar Qamashi tumani 15.03.2015y 09-00 Oʻz saroyida 75 Jami 614
Eslatma: shaxsiy transport vositalari haftaning yakshanba kunidan tashqari boshqa kunlari soat 9-00 dan 18-00ga qadar Qamashi tumani “Vatanparvar” mudofaaga koʻmaklashuvchi tashkiloti maydonchasida texnik koʻrikdan oʻtkaziladi.
