Havo qatnovlari toʻgʻrisida
26.11.1996
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Gretsiya Respublikasi Hukumati oʻrtasida tuzilgan
Bitim
1944-yilning 7-dekabrida Chikago shahrida imzolash uchun ochilgan Xalqaro fuqaro aviatsiyasi toʻgʻrisidagi Konvensiyasining qatnashchilari boʻlgani holda,
oʻzlarining tegishli hududlari oʻrtasida va hududlaridan tashqarida muntazam jadval boʻyicha havo qatnovlarini yoʻlga qoʻyish va ulardan foydalanish maqsadida Bitim tuzish istagini bir xil bildirganliklari holda,
quyidagilar xususida ahdlashib oldilar:
1-modda Atamalar
Agar matnda boshqa mazmun koʻzda tutilmagan boʻlsa, ushbu Bitimning maqsadlari uchun:
a) “aviatsiya maʼmurlari” atamasi Oʻzbekiston Respublikasiga nisbatan — “Oʻzbekiston havo yoʻllari”ning Bosh direktorini va yuqorida uqtirib oʻtilgan tashkilot hozirgi vaqtda bajaradigan har qanday vazifalarni va shunga oʻxshash ishlarni amalga oshirish vakolati berilgan har qanday shaxs yoki tashkilotni anglatadi va Gretsiya Respublikasiga nisbatan — Fuqaro aviatsiyasi maʼmurligining boshligʻini va uqtirib oʻtilgan maʼmurlik hozirgi vaqtda bajaradigan har qanday vazifalarni yoki shunga oʻxshash ishlarni amalga oshirish vakolati berilgan har qanday shaxs yoki tashkilotni anglatadi;
b) “Konvensiya” atamasi 1944-yilning 7-dekabrida Chikago shahrida imzolash uchun ochilgan Xalqaro fuqaro aviatsiyasi toʻgʻrisidagi Konvensiyani anglatadi va quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
I) ushbu Konvensiyaning 94 a-moddasiga binoan Konvensiyaga kiritilgan va kuchga kirgan hamda har ikki Ahdlashuvchi Tomon tasdiqlagan har qanday tuzatishni; va
II) ushbu Konvensiyaning 90-moddasiga binoan qabul qilingan har qanday Ilovani va har ikki Ahdlashuvchi Tomon uchun maʼlum vaqt ichida qay darajada qoʻllanishi mumkinligiga qarab uning Ilovalariga kiritilgan har qanday tuzatishni;
c) “bitim” atamasi ushbu Bitimni, unga qilingan Ilovani va har qanday qoʻshimcha xalqaro shartnomalarni yoki ushbu Bitimni yoki ilovani tuzatuvchi shunga oʻxshash hujjatlarni anglatadi;
d) “tayinlangan aviakorxona” atamasi ushbu Bitimning 3-moddasiga muvofiq tayinlangan va vakolat berilgan aviatsiya korxonasini anglatadi;
e) “kelishilgan qatnovlar” atamasi ushbu Bitimning Ilovasida koʻrsatilgan yoʻnalishlar boʻyicha yoʻlovchilar, yuk va pochtani alohida yoki birga tashish uchun jadvalga binoan amalga oshiriladigan havo qatnovlarini anglatadi;
f) “hajm” atamasi havo kemasiga nisbatan biror yoʻnalishda yoki yoʻnalishning bir qismida foydalanilayotgan havo kemasining foydali ish yuklashini anglatadi va “hajm” atamasi “kelishilgan qatnovlarga” nisbatan shunday qatnovda ishlatilayotgan havo kemasining maʼlum vaqt ichida va yoʻnalish yoki yoʻnalishning bir qismida amalga oshirgan hamda qatnov takroriyligi orqali koʻpaytirilgan ish hajmini anglatadi;
g) “hudud” atamasi davlatga nisbatan Konvensiyasining 2-moddasida koʻrsatib oʻtilgan maʼnolarni anglatadi;
h) “havo qatnovi”, “xalqaro havo qatnovi”, “aviakorxona” va “notijoriy maqsadlarda toʻxtash” atamalari Chikago Konvensiyasining 96-moddasida ularga tegishli ravishda koʻrsatib oʻtilgan maʼnolarni anglatadi;
i) “tarif” atamasi yoʻlovchilar, yoʻlovchilar yuki va yuk tashish uchun toʻlanadigan, qiymatni va oʻsha qiymatlar uchun qoʻllaniladigan qoidalarni anglatib, u oʻz ichiga vakillik va boshqa qoʻshimcha xizmatlar uchun toʻlanadigan vositachilik haqini oladi, biroq pochta tashish uchun toʻlanadigan xizmat haqi yoki qoidalari bundan mustasnodir;
j) “tayyoragoh yigʻimlari” atamasi aviakorxonalar tayyoragoh, aeronavigatsiya yoki aviatsiya xavfsizligi mulki yoki qulayliklari bilan taʼminlangani uchun ulardan undiriladigan toʻlovlarni anglatadi;
ushbu Bitim moddalariga berilgan nomlar ushbu Bitim qoidalarini hech qanday yoʻsinda qisqartirmaydi yoki kengaytirmaydi.
2-modda Huquqlarni berish
1. Har bir Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomonga uning tayinlangan aviakorxonasi tomonidan kelishilgan xalqaro havo qatnovlarini amalga oshirish maqsadida ushbu Bitimda koʻrsatilgan quyidagi huquqlarni beradi:
a) boshqa Ahdlashuvchi Tomonning hududidan qoʻnmagan holda uchib oʻtish;
b) boshqa Ahdlashuvchi Tomonning hududida notijoriy maqsadlarda qoʻnish va
s) yuqorida uqtirib oʻtilgan hududdagi ushbu Bitimga ilova qilingan yoʻnalish jadvalida shu yoʻnalish boʻyicha koʻrsatilgan manzillarda havo kemasi sahniga xalqaro yoʻnalishda alohida yoki birga uchayotgan yoʻlovchilarni, yuklarni va pochtani olish yoki tushirish maqsadlarida qoʻnish.
2. Ushbu modda 1-bandining hech qaysi bir qoidasi bir Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasiga boshqa Ahdlashuvchi Tomonning hududidagi bir manzildan ikkinchi bir manzilga tashish uchun yoʻlovchilar, yuk va pochtani olish huquqini beradi deb qaralmasligi lozim.
3-modda Aviakorxonani tayinlash va parvozlar uchun ruxsat berish
1. Har bir Ahdlashuvchi Tomon belgilangan yoʻnalishlar boʻyicha kelishilgan qatnovlarni amalga oshirish maqsadida boshqa Ahdlashuvchi Tomonni diplomatik yoʻllar bilan xabardor qilgan holda bir aviakorxonani tayinlash va tayinlashni bekor qilish yoki tayinlangan aviakorxona oʻrniga boshqasini tayinlash huquqiga ega boʻladi.
2. Bunday tayinlash toʻgʻrisidagi xabarnomani olganidan soʻng, boshqa Ahdlashuvchi Tomonning masʼul maʼmurlari ushbu moddaning 3 va 4-bandlari qoidalariga muvofiq tayinlangan aviakorxonaga parvozlarni amalga oshirish uchun darhol tegishli ruxsatnomalarni beradi.
3. Bir Ahdlashuvchi Tomonning aviatsiya maʼmurlari boshqa Ahdlashuvchi Tomon tayinlagan aviakorxonadan u xalqaro havo yoʻllaridan foydalanish chogʻida Konvensiyaning qoidalariga muvofiq odatda va oqilona tatbiq etiladigan qonun va qoidalarda koʻrsatilgan shartlarni bajarishga qodir ekanligini isbotlovchi dalillarni talab qilishga haqlidir.
4. Ahdlashuvchi Tomonlardan har biri parvoz qiladigan aviakorxonaga ustunlik qilish va uning faoliyati ustidan haqiqiy nazorat oʻrnatish huquqi aviakorxonani tayinlagan Ahdlashuvchi Tomonga yoki uning fuqarolariga qarashli ekanligini isbotlovchi dalillarga ega boʻlmagan har qanday holda boshqa Ahdlashuvchi Tomon ushbu moddaning 2-bandida qayd etilgan ruxsatnomalarni berishni rad etishi yoki tayinlangan aviakorxona ushbu Bitim 2-moddasida belgilangan huquqlardan foydalanish chogʻida bajarilishi zarur deb topilgan shartlarni bajarilishini talab qilish huquqiga egadir.
5. Ushbu moddaning 1 va 2-bandlari qoidalari bajarilgandan soʻng, shu tarzda tayinlangan va ruxsatnoma olgan aviakorxona istalgan vaqtda kelishilgan qatnovlarni amalga oshirishni boshlashi mumkin, basharti-ki, ushbu Bitim 10-moddasining qoidalariga muvofiq belgilangan tariflar shu qatnovlarga nisbatan kuchga kirmaguncha bunday qatnovlar amalga oshirilmaydi.
4-modda Parvozlar uchun ruxsatnomalarni bekor qilish yoki toʻxtatib qoʻyish
1. Har bir Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasiga berilgan parvozlarga doir ruxsatnomalarni bekor qilish yoki ushbu Bitimning 2-moddasida keltirilgan huquqlardan foydalanishni toʻxtatib qoʻyish yoki bunday huquqlardan foydalanishda quyida keltirilgan hollarda oʻzi zarur deb bilgan shartlarni bajarilishini talab qilish huquqiga ega boʻladi, qachonki:
a) bu aviakorxona xalqaro havo qatnovlariga nisbatan ushbu maʼmurlar tomonidan odatda va oqilona qoʻllaniladigan qonun va qoidalarga javob bera oladigan shartlarni bajarishga qodir ekanligini isbotlashga qodir boʻlmasa; yoxud
b) aviakorxonaga ustun darajada egalik qilish yoki uning ustidan haqiqiy nazorat oʻrnatish ushbu aviakorxonani tayinlagan Ahdlashuvchi Tomonga yoki oʻsha Ahdlashuvchi Tomonning fuqarolariga qarashli ekanligiga komil ishonchda boʻlmaganda; yoxud
c) bu aviakorxona oʻsha huquqlarni bergan Ahdlashuvchi Tomonning hududida tatbiq etilgan qonun va/yoki qoidalarga rioya etmayotgan holda; yoxud
d) aviakorxona ushbu Bitimda kelishilgan qatnovlarga nisbatan belgilangan talablarga oʻzgacha rioya qilgan holda.
2. Agar huquqlarni darhol bekor qilish, toʻxtatib qoʻyish yoki ushbu moddaning 1-bandida belgilangan shartlarni bajarilishini talab qilish bundan buyon qonun va/yoki qoidalarning buzilishini oldini olish uchun zarur ogohlantirish deb topilmasa, har bir Ahdlashuvchi Tomon bunday huquqdan ikkinchi Ahdlashuvchi Tomon bilan boʻladigan maslahatlashuvlardan soʻng foydalanishi mumkin.
5-modda Qonunlar va qoidalarning qoʻllanilishi
1. Xalqaro parvozlarni amalga oshirayotgan havo kemalarining oʻz hududiga uchib kirishini, unda boʻlib turishini yoki undan joʻnab ketishini tartibga soluvchi, yoxud bunday havo kemalaridan oʻz hududi doirasida foydalanishiga oid bir Ahdlashuvchi Tomonning qonun, qoidalari va tartibotlari boshqa Ahdlashuvchi Tomon tayinlagan aviakorxonasining havo kemalariga nisbatan yuqorida qayd etilgan hududga uchib kirish, u yerda boʻlish va u yerdan joʻnab ketish chogʻida qoʻllaniladi.
2. Bir Ahdlashuvchi Tomonning oʻz hududiga kirish, mamlakatga kirish soliqlaridan ozod qilish, u yerda boʻlish va tranzit toʻxtash, emigratsiya va emigratsiya, bojxona va karantin masalalariga taalluqli boʻlgan qonun va qoidalari boshqa Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasiga qarashli havo kemasidagi yoʻlovchilarga, ekipajga, yuklarga va pochtaga nisbatan birinchi Ahdlashuvchi Tomonning hududida tranzit toʻxtash, kirish, u yerda boʻlish va u yerdan joʻnab ketish chogʻida qoʻllaniladi.
3. Bir Ahdlashuvchi Tomonning hududidan bevosita tranzit orqali oʻtadigan va bu maqsad uchun tayyoragoh hududidan ajratilgan joydan chetga chiqmaydigan boshqa Ahdlashuvchi Tomonning yoʻlovchilari, yoʻlovchilar yuki va yuklar soddalashtirilgan nazoratdan oʻtadilar. Tranzit yoʻlovchilarning yuki va yuklar bojxona soliqlari va boshqa shu singari yigʻimlardan ozod qilinadi.
6-modda Guvohnoma va ruxsatnomalarni eʼtirof etish
1. Ahdlashuvchi Tomonlardan biri bergan, yoki haqiqiy deb topgan, hamda amalda boʻlgan yaroqlik guvohnomalari, vakolatnomalar va ruxsatnomalarni ushbu Bitimda nazarda tutilgan qatnovlarni amalga oshirish maqsadida boshqa Ahdlashuvchi Tomon ham ana shu hujjatlar amalda boʻlgan vaqtida haqiqiy deb eʼtirof atadi, basharti, bu guvohnoma va ruxsatnomalar berilishiga yoki haqiqiy deb eʼtirof etilishiga asos boʻlgan talablar Konvensiyaga muvofiq belgilangan eng kam talablar darajasiga teng yoki undan yuqori boʻlsa. Har bir Ahdlashuvchi Tomon oʻz fuqarolariga oʻzining hududida parvoz qilish uchun boshqa Ahdlashuvchi Tomon yoki biron-bir boshqa davlat bergan yoki haqiqiy deb topgan vakolatlar va ruxsatnomalar toʻgʻrisidagi guvohnomalarni eʼtirof etishni rad etash huquqini saqlab qoladi.
2. Agarda bir Ahdlashuvchi Tomonning aviatsiya maʼmurlari tomonidan biron-bir shaxsga yoki tayinlangan aviakorxonaga yoki belgilangan yoʻnalishlar boʻyicha kelishilgan qatnovlarni amalga oshirayotgan havo kemasiga berilgan yuqoridagi 1-bandda qayd etilgan guvohnoma va ruxsatnomalar Konvensiya joriy etgan mezon talablaridan farqlansa va bu farq Fuqaro aviatsiyasi xalqaro tashkiloti tomonidan inobatga olingan boʻlsa, boshqa Ahdlashuvchi Tomonning aviatsiya maʼmurlari hal qilinayotgan masala ular uchun toʻgʻri kelishiga ishonch hosil qilish maqsadida shu Ahdlashuvchi Tomonning aviatsiya maʼmurlari bilan ushbu Bitimning 14-moddasiga binoan maslahatlashuvlar oʻtkazishni talab qilishlari mumkin. Qoniqarli kelishuvga erishilmagan taqdirda, ushbu Bitimning 4-moddasini qoʻllashga asos yuzaga keladi.
7-modda Aviatsiya xavfsizligi
1. Ahdlashuvchi Tomonlar xalqaro qonunlardan kelib chiqadigan oʻzlarining huquqlari va majburiyatlariga muvofiq gʻayriqonuniy aralashuv hatti-harakatlaridan fuqaro aviatsiyasining xavfsizligini taʼminlashga doir bir-birlariga nisbatan zimmaga oladigan oʻzaro majburiyatlari ushbu Bitimning ajralmas qismi ekanligini yana bir bor tasdiqlaydilar. Ahdlashuvchi Tomonlar xalqaro qonunlardan kelib chiqadigan oʻz huquqlarining va majburiyatlarining umumiy qoʻllanishini cheklamagan holda, 1963-yil 14-sentabrda Tokioda imzolangan Havo kemalarida sodir etiladigan jinoyatlar va boshqa baʼzi bir harakatlar toʻgʻrisidagi Konvensiya, 1970-yil 16-dekabrda Gaagada imzolangan Havo kemalarini gʻayriqonuniy ravishda tutqun qilib olishga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi Konvensiya, hamda 1971-yil 23-sentabrda Monrealda imzolangan fuqaro aviatsiyasi xavfsizligiga qarshi qaratilgan gʻayriqonuniy harakatlar haqidagi Konvensiya, 1988-yil 24-fevralda Monrealda imzolangan Xalqaro tayyoragohlarda gʻayriqonuniy kuch ishlatish harakatlariga qarshi kurash toʻgʻrisidagi Bayonnoma qoidalariga, hamda keyinchalik Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasida shu sohada tuziladigan barcha boshqa xalqaro hujjatlarga muvofiq ish koʻradilar.
2. Ahdlashuvchi Tomonlar bir-birlarining iltimoslariga koʻra havo kemasini gʻayriqonuniy tutqun qilishning bu havo kemasi, undagi yoʻlovchilar va ekipaj aʼzolariga, tayyoragohlar va qatnovni taʼminlash vositalariga xavf tugʻdiruvchi boshqa gʻayriqonuniy xatti-harakatlarning, shuningdek, fuqaro aviatsiyasi xavfsizligiga tahdid qilishning har qanday koʻrinishini oldini olishda bir-birlariga barcha zaruriy yordamni beradilar.
3. Ahdlashuvchi Tomonlar oʻzaro munosabatlarida oʻzlariga nisbatan qay darajada qoʻllanilishiga qarab Fuqaro aviatsiyasi xalqaro tashkiloti tomonidan belgilangan va Xalqaro fuqaro aviatsiyasi toʻgʻrisidagi Konvensiyaga kiritilgan Ilovalarda tavsiflangan aviatsiya xavfsizligi qoidalariga muvofiq ish koʻradilar. Ular roʻyxatga olish boʻyicha havo kemalarining foydalanuvchilaridan, asosiy faoliyat joyi yoki doimiy turar joyi oʻz hududlarida joylashgan havo kemalarining foydalanuvchilaridan va oʻz hududlarida joylashgan xalqaro tayyoragohlarning foydalanuvchilaridan aviatsiya xavfsizligining yuqoridagi qoidalariga muvofiq ish koʻrishlarini talab qiladilar.
4. Har bir Ahdlashuvchi Tomon havo kemasidan foydalanuvchilarga nisbatan boshqa Ahdlashuvchi Tomon havo kemasi oʻz hududi chegaralariga kirib kelayotganida, undan chiqib ketayotganida yoki unda boʻlib turgan vaqtida yuqoridagi 3-bandda uqtirilgan aviatsiya xavfsizligiga oid qoidalarga amal qilishi toʻgʻrisida zarur talablarni qoʻyishi mumkin.
Har bir Ahdlashuvchi Tomon havo kemalarini himoya qilish, yoʻlovchilarni va ularning yuklarini, ekipaj aʼzolarini, yoʻlovchilarning yengil yuklarini oʻz ichiga olgani holda, yuklarni va tayyora zaxiralarini havo kemasi sahniga olish yoki ortish vaqtidan oldin yoki vaqtida tekshirish uchun oʻz hududi doirasida samarali chora-tadbirlarni koʻrilishini taʼminlaydi. Har bir Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomonning, basharti, aniq tahdid mavjud boʻlgan holda, oqilona doiralarda xavfsizlikni taʼminlash yuzasidan maxsus chora-tadbirlar koʻrishga doir iltimoslarini ham xayrixohlik bilan koʻrib chiqadi.
5. Basharti, fuqaro havo kemasi tutqun qilib olinsa yoki uni tutqun qilish tahdidi mavjud boʻlsa yoki havo kemasi, undagi yoʻlovchilar va ekipaj aʼzolariga, tayyoragohlar va qatnovni taʼminlash vositalariga boshqa gʻayriqonuniy xatti-harakatlar bilan tahdid qilinsa, Ahdlashuvchi Tomonlar aloqani yengillatish va bunday koʻngilsizlik yoki tahdidga jadal, hamda beshikast barham berishning barcha zarur chora-tadbirlarini koʻrish orqali bir-birlariga koʻmak beradilar.
8-modda Tijoriy faoliyat
1. Har bir Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasi boshqa Ahdlashuvchi Tomonning hududida oʻzining vakolatxonasini ochish huquqiga ega boʻladi.
2. Bir Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasi boshqa Ahdlashuvchi Tomonning hududida oʻsha boshqa Ahdlashuvchi Tomonning kirish, yashash va ish bilan taʼminlashni tartibga soluvchi qonun va qoidalariga muvofiq kelishilgan yoʻllardan foydalanishni taʼminlash uchun zarur boʻlgan oʻzlarining maʼmuriy, tijoriy, texnik, xizmat koʻrsatuvchi va boshqa xodimlardan tashkil topgan vakolatxonalarini ochish va ularni ushlab turish huquqiga ega boʻladi.
3. Bosh vakil yoki sotishni taʼminlaydigan bosh vakilni tayinlash, har bir Ahdlashuvchi Tomonning amaldagi qonun va qoidalariga muvofiq amalga oshiriladi.
4. Har bir tayinlangan aviakorxona boshqa Ahdlashuvchi Tomonning hududida bevosita yoki agentlar orqali milliy qonun va qoidalarga asosan havo tashuvlarini sotish huquqiga ega boʻladi va istagan shaxs bunday tashuvlarni erkin sotib olish imkoniyatiga ega boʻladi.
5. Har bir Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasiga birinchi Ahdlashuvchi Tomonning hududida yoʻlovchilarni, yuklarni, va pochtani havo tashuvlari orqali ishlab topgan mablagʻlarining xarajatlaridan ortgan foyda qismini amaldagi chet el valyutasini almashish qoidalariga binoan oʻzining hududiga oʻtkazish huquqini beradi.
6. Agar bir Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasi ishlab topgan mablagʻlarining xarajatlaridan ortgan foyda qismini oʻtkazishiga cheklashlar qoʻllasa, boshqa Ahdlashuvchi Tomon hom birinchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasiga nisbatan xuddi shunday cheklashlarni qoʻllashi mumkin.
9-modda Bojxona bojlari va boshqa soliqlardan ozod qilish
1. Har bir Ahdlashuvchi Tomon oʻzaro kelishuv asosida boshqa Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasini, imkon qadar, toʻlaqonli ravishda oʻzining milliy qonunlari doirasida havo kemasi, yoqilgʻi, moylash vositalari, texnik ehtiyojlarining zaxiralari, dvigatellarni oʻz ichiga olgani holda ehtiyot qismlar, havo kemasi moslamalari, tayyora zaxiralari va kelishilgan yoʻllardan foydalanish chogʻida bu boshqa Ahdlashuvchi Tomon aviakorxonasining havo kemalaridan foydalanish va ularga xizmat koʻrsatish uchun moʻljallangan boshqa buyumlarga boʻlgan import cheklanishlari, bojxona bojlari, boshqa soliqlar, nazorat yigʻimlari va boshqa milliy soliqlar va toʻlovlardan ozod qiladi.
Shuningdek, chipta zaxiralari, havo yoʻli roʻyxatlari, kompaniyaning nishonasiga ega boʻlgan bosmadan chiqqan har qanday materiallar va shu tayinlangan aviakorxona tomonidan bepul tarqatish uchun moʻljallangan oddiy reklama materiallari ham bunday soliqlardan ozod qilinadi.
2. Ushbu moddada nazarda tutilgan ozod qilish ushbu moddaning 1-bandida zikr etilgan buyumlarga taalluqlidir:
a) bir Ahdlashuvchi Tomonning hududiga boshqa Ahdlashuvchi Tomon tayinlagan aviakorxona tomonidan yoki uning nomidan olib kirilgan;
b) bir Ahdlashuvchi Tomon tayinlagan aviakorxonaning havo kemasida boshqa Ahdlashuvchi Tomonning hududiga kelgan yoki u yerdan joʻnab ketayotgan paytida saqlanib qolgan;
c) bir Ahdlashuvchi Tomon tayinlagan avikorxonasining havo kemasi boshqa Ahdlashuvchi Tomonning hududida tayyora sahniga olgan va kelishilgan yoʻllarda parvoz qilish vaqtida ishlatish uchun moʻljallangan ushbu buyumlar oʻsha ozod qilish toʻgʻrisidagi huquqlarni bergan boshqa Ahdlashuvchi Tomonning hududida butunlay ishlatilishidan qatʼi nazar, basharti, ushbu buyumlar aytib oʻtilgan Ahdlashuvchi Tomonning hududida begonalashtirilmagan boʻlsa.
3. Roʻyxatdagi mol-mulk, shuningdek, har bir Ahdlashuvchi Tomon tayinlagan aviakorxonasining havo kemasi sahnida odatda saqlanadigan ashyolar va zaxiralar boshqa Ahdlashuvchi Tomonning hududida faqatgina shu Ahdlashuvchi Tomonning bojxona maʼmuriyatlarining ruxsati bilan tushirilishi mumkin. Bunday holda, ushbu buyumlar qaytib olib chiqib ketilgunga qadar yoki bojxona qoidalariga binoan boshqa joyga koʻchirilgunga qadar shu uqtirib oʻtilgan maʼmurlarning nazorati ostiga joylashtirilishi mumkin.
10-modda Tayyoragoh yigʻimlari
Har bir Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasiga oʻz nazorati ostidagi tayyoragohlar va boshqa aviatsiya vositalaridan foydalanish uchun odil va maʼqul miqdorda soliq solishi yoki solishga ruxsat berishi mumkin.
Biroq, har bir Ahdlashuvchi Tomon shuni hisobga oladiki, bunday xarajatlar miqdori shunday xalqaro havo qatnovlarida mashgʻul boʻlgan boshqa milliy aviakorxonalardan bunday tayyoragohlardan va aviavositalardan foydalangani uchun undiriladigan yigʻimlardan yuqori boʻlmasligi lozim.
11-modda Hajm boʻyicha qoidalar va parvozlar jadvalini tasdiqlash
1. Har bir Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviokorxonasiga belgilangan yoʻnalishlar boʻyicha kelishilgan havo yoʻllaridan foydalanish uchun maqbul va teng imkoniyatlar yaratib beriladi.
2. Bir Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasi kelishilgan yoʻllardan foydalanish chogʻida oʻzidan keyin shu yoʻnalishdan toʻla yoki uning bir qismidan foydalanadigan boshqa Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasi manfaatlariga noodil ziyon yetkazmaslikni nazarda tutgan holda ish koʻradi.
3. Ahdlashuvchi Tomonlarning tayinlangan aviakorxonalari tomonidan kelishilgan yoʻllarda amalga oshirilayotgan qatnovlar belgilangan yoʻnalishlarda umumiy havo tashuviga boʻlgan aholining ehtiyojlariga bogʻliq ravishda muvofiq kelishlari lozim va har bir aviakorxona uni tayinlagan Ahdlashuvchi Tomonning hududidan yoki hududiga yoʻlovchilarni, yuklarni va pochtani tashishga boʻlgan mavjud va odil moʻljallangan ehtiyojlariga javob bera oladigan ish yuklashni maʼqul miqdoridagi hajmni taʼminlashni birinchi darajali masala deb bilishi lozim.
4. Aviakorxonani tayinlovchisi boʻlmagan boshqa davlatlarning hududlarida belgilangan yoʻnalishlardagi manzillarda olingan yoki u yerda qoldirilgan yoʻlovchilarni, yuklarni va pochtani tashishni taʼminlash har ikki Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasida kelishib olinadi.
5. Kelishilgan qatnovlarda har bir Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasi taklif qilayotgan hajm, qatnovlarning takroriyligi va aviakorxonalar tomonidan foydalanadigan havo kemasi turiga taalluqli boʻlgan masalalar tayinlangan aviakorxonalarning tavsiyasiga binoan aviatsiya maʼmurlari oʻrtasida kelishib olinishi lozim. Tayinlangan aviakorxonalar bunday tavsiyalarni ular oʻrtasida zarur maslahatlashuvlardan soʻng ushbu moddaning 1, 2 va 3-bandlarida keltirilgan qoidalarni hisobga olgan holda berishlari lozim.
6. Ahdlashuvchi Tomonlarning tayinlangan aviakorxonalari yuqoridagi 5-banda koʻrsatilgan masalalar boʻyicha oʻzaro murosaga kelaolmasalar, bu holda ular Ahdlashuvchi Tomonlarning aviatsiya maʼmurlari oʻrtasidagi kelishuv orqali hal etilishi lozim. Bunday kelishuv qabul qilingunga qadar tayinlangan aviakorxonalar tomonidan taʼminlangan hajm oʻzgarmasdan qolishi lozim.
7. Har bir Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasi belgilangan yoʻnalishlar boʻyicha kelishilgan qatnovlarni amalga oshirishni boshlashdan kamida oʻttiz kun oldin boshqa Ahdlashuvchi Tomonning aviatsiya maʼmurlariga tasdiq uchun parvozlar jadvalini taqdim etishi lozim.
Bu qoida keyingi oʻzgartirishlarga ham taalluqlidir. Maxsus hollarda, bu muddat yuqorida aytib oʻtilgan maʼmurlar ruxsati bilan qisqartirilishi ham mumkin.
12-modda Havo transporti tariflari
1. Ahdlashuvchi Tomonlardan birining tayinlangan aviakorxonasidan boshqa Ahdlashuvchi Tomonning hududidan yoki hududiga kelishilgan yoʻllarda tashuvlar uchun olinadigan tariflar barcha mavjud omillarni inobatga olib foydalanish xarajatlarini, foydaning oqilona miqdorini va qatnovlar tavsifini, hamda zarur boʻlganda, shunday yoʻnalishlardan qisman yoki toʻla foydalanayotgan boshqa aviakorxonalarning tariflari mezonlariga asoslangan holda oqilona meyorda belgilanishi lozim.
2. Ushbu moddaning 1-bandida koʻrsatilgan tariflar quyidagi qoidalarga muvofiq oʻrnatilishi lozim:
a) qachonki, har ikki Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonalari qatʼiy miqdorni belgilash qoidalariga ega boʻlgan biror xalqaro aviakorxonalar uyushmasining, masalan, Xalqaro havo transporti uyushmasining, aʼzosi boʻlsa va kelishilgan havo qatnovlariga nisbatan tarif boʻyicha qabul qilingan qaror mavjud boʻlsa, tariflar Ahdlashuvchi Tomonlarning tayinlangan aviakorxonalari tomonidan shunday tarif boʻyicha qarorga muvofiq kelishib olinishi lozim. Ushbu moddani qoʻllashda biron-bir boshqa qarorga kelingan hollarda, har bir tayinlangan aviakorxona faqat oʻzining aviatsiya maʼmurlari oldida shu tariqa kelishib olingan tariflarning qonuniyligi va yaroqliligi uchun javobgar boʻladi;
b) kelishilgan havo qatnovlariga nisbatan tarif boʻyicha qaror boʻlmagan holda yoki har ikki Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonalari yuqoridagi a-bandda qayd etilgan aviakorxona uyushmasining aʼzosi boʻlmagan taqdirda, Ahdlashuvchi Tomonlarning tayinlangan aviakorxonalari kelishilgan havo qatnovlariga nisbatan qoʻllanilishi kerak boʻlgan tariflar xususida oʻzaro kelishib olishlari lozim.
c) Shu tarzda oʻzaro muvofiqlashtirilgan tariflar ularni amalda joriy qilish taxmin qilingan kunga kamida oltmish (60) kun qolganida har ikkala Ahdlashuvchi Tomonning aviatsiya maʼmurlariga tasdiqlash uchun taqdim etilishi shart. Uqtirib oʻtilgan maʼmurlarning ruxsati bilan mazkur muddat qisqartirilishi mumkin.
d) Ahdlashuvchi Tomonlarning tayinlangan aviakorxonalari toʻlanishi lozim boʻlgan tariflar borasida biror qarorga kela olmasalar, yoki bir Ahdlashuvchi Tomon kelishilgan havo qatnovlarini amalga oshirish uchun oʻzining aviakorxonasini tayinlamagan boʻlsa, yoki yuqoridagi s-bandda koʻrsatilgan oltmish (60) kunlik muddatning birinchi oʻttiz (30) kuni mobaynida bir Ahdlashuvchi Tomonning aviatsiya maʼmurlari ikkinchi Ahdlashuvchi Tomonning aviatsiya maʼmurlariga yuqoridagi a va b-bandlar boʻyicha Ahdlashuvchi Tomonlarning tayinlangan aviakorxonalari oʻrtasida kelishilgan har qanday tarif toʻgʻrisidagi oʻz noroziligini bildirsa, Ahdlashuvchi Tomonlarning aviatsiya maʼmurlari toʻlanadigan tegishli tariflar borasida oʻzaro ahdlashib olishga harakat qiladilar.
3. a) Ahdlashuvchi Tomonlardan biron-birining aviatsiya maʼmurlari tomonidan tasdiqlanmagan taqdirda, hech qanday tarif kuchga kirmaydi.
b) Ushbu moddaning qoidalariga muvofiq belgilangan tariflar yangi tariflar belgilangunga qadar oʻz kuchini saqlab qoladi.
4. Basharti, aviatsiya maʼmurlari ushbu modda qoidalariga muvofiq taqdim etilgan tariflar borasida yoki har qanday boshqa tarifni belgilash yuzasidan kelisha olmasalar, bu bahs ushbu Bitimning 15-moddasi qoidalariga muvofiq hal etilishi lozim.
5. Agarda Ahdlashuvchi Tomonlardan birortasining aviatsiya maʼmurlari oʻrnatilgan tarifdan norozi boʻlsalar, ular bu haqda boshqa Ahdlashuvchi Tomonning aviatsiya maʼmurlarini ogohlantirishlari lozim va tayinlangan aviakorxonalar, zarur boʻlgan taqdirda, kelishib olishga harakat qilishlari lozim. Agarda ushbu ogohlantirish olingandan soʻng toʻqson (90) kun muddat mobaynida ushbu moddaning 2 va 3-bandlariga muvofiq yangi tarif belgilashning iloji boʻlmasa, ushbu moddaning 4-bandida keltirilgan tartibotlar qoʻllanishi lozim.
13-modda Statistik maʼlumotlar bilan taʼminlash
Har bir Ahdlashuvchi Tomonning aviatsiya maʼmurlari boshqa Ahdlashuvchi Tomonning aviatsiya maʼmurlarini ularning iltimoslariga binoan birinchi Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasi boshqa Ahdlashuvchi Tomonning hududiga yoki hududidan kelishilgan yoʻllarda amalga oshirayotgan tashuvlar bilan bogʻliq boʻlgan axborot va statistik maʼlumotlarni, ular tayinlangan aviakorxona tomonidan oʻz milliy aviatsiya maʼmurlari uchun tayyorlangan va taqdim etilgandek, berishlari lozim. Bir Ahdlashuvchi Tomonning aviatsiya maʼmurlari boshqa Ahdlashuvchi Tomonning aviatsiya maʼmurlaridan soʻragan havo tashuvi boʻyicha har qanday qoʻshimcha statistik maʼlumotlar Ahdlashuvchi Tomonlarning oʻrtasida oʻzaro muhokama qilinishi va kelishib olinishi lozim.
14-modda Maslahatlashuvlar va oʻzgartirishlar
1. Har bir Ahdlashuvchi Tomon yoki uning aviatsiya maʼmurlari istalgan vaqtda boshqa Ahdlashuvchi Tomon bilan yoki uning aviatsiya maʼmurlari bilan maslahatlashuvlar oʻtkazishni soʻrashi mumkin.
2. Maslahatlashuvlar ularni oʻtkazish toʻgʻrisida Ahdlashuvchi Tomonlarning biridan yoki uning aviatsiya maʼmurlaridan talab tushgan kundan boshlab oltmish (60) kun ichida boshlanishi lozim.
3. Ushbu Bitimga kiritilishi lozim topilgan barcha oʻzgartirishlar Ahdlashuvchi Tomonlar bir-birlarini xalqaro bitimlarning tuzilishi va kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan ichki qonunchilik tartibotlarini bajarganliklari toʻgʻrisida xabardor qilganlaridan soʻng kuchga kiradi.
4. Yuqoridagi 3-band qoidalaridan qatʼi nazar, ushbu Bitimga ilova qilingan yoʻnalishlar jadvaliga oʻzgartirishlar Ahdlashuvchi Tomonlarning aviatsiya maʼmurlari oʻrtasida boʻladigan bevosita kelishuvga binoan kiritilishi mumkin. Ushbu oʻzgartirishlar diplomatik notalar almashuvi orqali tasdiqlangandan soʻng kuchga kiradi.
15-modda Nizolarga barham berish
1. Ushbu Bitimni talqin qilish va qoʻllash yuzasidan Ahdlashuvchi Tomonlarning oʻrtasida kelib chiqqan har qanday nizo birinchi navbatda toʻgʻridan toʻgʻri muzokaralar orqali hal qilinishi lozim.
2. Agarda Ahdlashuvchi Tomonlar muzokaralar orqali murosaga kela olmasalar, ular bu bahsni hakamlik fikri uchun biror shaxs yoki tashkilotga topshirishlari mumkin.
3. Agarda Ahdlashuvchi Tomonlar yuqoridagi 1 va 2-bandlarga koʻra muzokaralar orqali bir qarorga kela olmaslar, bu bahs har bir Ahdlashuvchi Tomon bittadan tayinlaydigan ikki hakam va ana shu ikki hakam kelishib tayinlanadigan yana bir hakamdan iborat — jami uch hakamdan tashkil topadigan Arbitraj sudi ixtiyoriga topshirilishi mumkin. Har bir Ahdlashuvchi Tomon masalani arbitraj sudi orqali hal qilish toʻgʻrisidagi diplomatik yoʻllar bilan talabnomani olgan kundan boshlab oʻttiz (30) kun ichida bittadan hakam tayinlashi lozim va uchinchi hakam yuqoridagi ikki hakam tayinlangan kundan eʼtiboran oltmish (60) kunlik davr ichida tayinlanishi lozim. Basharti, Ahdlashuvchi Tomonlardan biri belgilangan muddat ichida oʻz hakamini tayinlay olmasalar, Fuqaro aviatsiyasi xalqaro tashkilotining Kengashi Prezidentiga Ahdlashuvchi Tomonlarning istagan biri tomonidan hakam yoki hakamlarni tayinlashni amalga oshirish toʻgʻrisidagi talab qoʻyilishi mumkin; basharti, Fuqaro aviatsiyasi xalqaro tashkilotining Prezidenti Ahdlashuvchi Tomonlardan birining fuqarosi boʻlsa, Kengash Prezidentining katta yordamchisidan yoki, agar u ham shu davlatning fuqarosi boʻlsa, Kengashning shu davlat fuqarosi boʻlmagan katta aʼzosidan, sharoitga qarab, ushbu tayinlashni amalga oshirishni iltimos qilinishi mumkin. Uchinchi hakam uchinchi davlatning fuqarosi boʻlib arbitraj sudining Raisi sifatida ish yuritadi va hakamlik kengashi yigʻiladigan joyni oʻzi belgilaydi.
4. Arbitraj sudi oʻzining ish tartibotlarini oʻzi belgilab oladi.
5. Arbitraj sudining xarajatlari Ahdlashuvchi Tomonlarning oʻrtasida teng boʻlinadi.
6. Ahdlashuvchi Tomonlar arbitraj sudining ushbu moddaga muvofiq chiqarilgan qarorlarini bajarish majburiyatlarini oʻz zimmalariga oladilar.
7. Agarda Ahdlashuvchi Tomonlardan biri yoki uning tayinlangan aviakorxonasi ushbu moddaning 3-bandiga muvofiq chiqarilgan qarorlarni, bajarmasa, boshqa Ahdlashuvchi Tomon ushbu Bitimga asosan bergan har qanday huquq va imtiyozlarning amal qilishini cheklab qoʻyishi, toʻxtatishi yoki bekor qilishi mumkin.
16-modda Bitim amal qilishini toʻxtatish
Har bir Ahdlashuvchi Tomon istagan vaqtida boshqa Ahdlashuvchi Tomonga ushbu Bitimning amal qilish muddatini toʻxtatish istagida ekanligi toʻgʻrisidagi xabarnomani diplomatik yoʻllar orqali yuborishi mumkin. Bunday xabarnoma bir vaqtning oʻzida Fuqaro aviatsiyasi xalqaro tashkiloti (IKAO)ga ham yuboriladi.
Bu holda ushbu Bitim oʻz amal muddatini bir Ahdlashuvchi Tomonning xabarnomasini boshqa Ahdlashuvchi Tomon olgan kundan boshlab oʻn ikki oylik muddat oʻtgandan soʻng yakunlaydi, agarda oʻzaro kelishuvga asosan xabarnoma shu muddat tugagunga qadar orqaga qaytarib olinmagan boʻlsa. Basharti, boshqa Ahdlashuvchi Tomon xabarnomani olganining tasdigʻi boʻlmasa, Fuqaro aviatsiyasi xalqaro tashkiloti (IKAO) xabarnoma olganidan soʻng oʻn toʻrt (14) kun oʻtgach shu kundan boshlab boshqa Ahdlashuvchi Tomonning tasdigʻi olingan hisoblanadi.
17-modda Koʻptomonlama Konvensiyaga muvofiqlashtirish
Agarda har ikki Ahdlashuvchi Tomonga nisbatan havo transporti haqidagi asosiy koʻptomonlama konvensiya yoki shartnoma kuchga kirgan boʻlsa, ushbu Bitim va uning Ilovasi tegishli ravishda oʻzgartirilishi lozim.
18-modda Roʻyxatga olish
Ushbu Bitim, uning Ilovasi va unga kiritilgan har qanday tuzatishlar Fuqaro aviatsiyasi xalqaro tashkiloti (IKAO)da roʻyxatdan oʻtkazilishi lozim.
19-modda Bitimning kuchga kirishi
Ahdlashuvchi Tomonlar ushbu Bitimning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan oʻzlarining tegishli ichki qonunchilik tartibotlarini bajarib boʻlganligi toʻgʻrisidagi xabarnomani diplomatik yoʻllar orqali bir-birlariga taqdim etganlaridan soʻng kuchga kiradi.
Ushbuni tasdiqlab, oʻz Hukumatlari tomonidan tegishli vakolatga ega boʻlgan muxtor vakillar mazkur Bitimni imzoladilar.
1996-yilning 26-noyabrda Toshkent shahrida oʻzbek, grek va ingliz tillarida ikki nusxada imzolandi. Har uch matn bir xil kuchga egadir.
Ushbu Bitimni talqin qilishda tushunmovchiliklar boʻlgan taqdirda ingliz tilidagi matn ustuvor darajada qoʻllaniladi.
(imzolar)
ILOVA
YOʻNALISh JADVALI
I-JADVAL
Oʻzbekiston Respublikasining tayinlangan aviakorxonasi foydalanadigan yoʻnalishlar:
II-JADVAL
Gretsiya Respublikasining tayinlangan aviakorxonasi foydalanadigan yoʻnalishlar:
3. Oraliq manzillarga va tashqaridagi manzillarga qoʻnish tayinlangan aviakorxonalar tomonidan amalga oshirilishi mumkin. Bunday manzillar va boshqa Ahdlashuvchi Tomonning hududi oʻrtasida havo qatnovlarini amalga oshirish uchun beshinchi havo erkinligining tijoriy huquqlaridan foydalanish tayinlangan aviakorxonalar oʻrtasida shu toʻgʻrida bitimga kelishilgan va har ikki Ahdlashuvchi Tomonlarning tegishli aviatsiya maʼmurlari tomonidan tasdiqlangan taqdirda mumkin boʻladi.
