Standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish sohasida hamkorlik toʻgʻrisida
15.12.1995
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Litva Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Litva Respublikasi Hukumati, bundan keyin “Tomonlar” deb nomlanadilar,
iqtisodiy va savdo munosabatlarida texnikaviy toʻsiqlarni bartaraf qilish maqsadida;
xalqaro tashkilotlar qabul qilgan prinsip va meʼyorlardan kelib chiqib, standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish sohasida hamkorlikni rivojlantirishni istagan holda;
ikkala Tomonning iqtisodiy manfaatini koʻzlab;
quyidagilar haqida kelishdilar:
1-modda
Tomonlar:
standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirishning amaldagi davlat tizimlarini oʻzaro tan oladilar;
kelishilgan shartlarda standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish boʻyicha meʼyoriy va maʼlumot hujjatlarni oʻzaro taqdim qilishni taʼminlaydilar;
Tomonlar tasdiqlagan davlat etalonlarini, materiallar va moddalar tarkibi va xossalarining standart namunalarini, moddalar va materiallarning fizik konstantlari va xossalari haqidagi standart axborot maʼlumotlarni tan oladilar;
boshqa Tomon oʻtkazgan oʻlchov vositalarining davlat sinovlari, namunani tasdiqlash, tekshirish, kalibrlash va metrologik attestatsiyadan oʻtkazish natijalarini tan oladilar;
tekshirish va sinash laboratoriyalarini akkreditatsiyadan oʻtkazadigan tashkilotlarni, shuningdek ushbu tashkilotlar akkreditatsiyadan oʻtkazgan oʻzaro kelishilgan tartiblar boʻyicha oʻlchov vositalarini tekshiruvdan oʻtkazuvchi, sinovchi va kalibrlovchi laboratoriyalarni va markazlarni tan oladilar;
boshqa Tomonning sertifikatlashtirish idoralarini, sinash laboratoriyalari va markazlarini, shuningdek oʻzaro kelishilgan tartiblar boʻyicha ularning faoliyati natijalarini tan oladilar.
2-modda
Har qanday Tomon, boshqa Tomonning standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish boʻyicha meʼyoriy hujjatlarini, agar ularning talablari davlat qonunlariga zid boʻlmasa, standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish boʻyicha milliy tashkiloti kiritgan tartibda qoʻllashi mumkin.
3-modda
Tomonlar:
mahsulotni sertifikatlashtirish idoralari beradigan muvofiqlik sertifikatlarini tan olishning oʻzaro kelishilgan tartiblarini;
fizikaviy kattalik birliklarining milliy etalonlarini yaratish, mukammallashtirish va solishtirishni;
moddalar va materiallar tarkibi va xossalarining standart namunalarini, shuningdek moddalar va materiallarning fizikaviy konstantlari va xossalari haqidagi standart axborot maʼlumotlarni yaratish va qoʻllashni;
xodimlarni tayyorlash va malakasini oshirishni koʻzda tutuvchi qoʻshimcha bitimlar, bayonnomalar va dasturlar asosida hamkorlik qiladilar.
4-modda
Mazkur Bitimda koʻzda tutilgan ishlarni muvofiqlashtirish va ularni bajarish uchun masʼuliyat quyidagilarga yuklanadi:
Oʻzbekiston Respublikasida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish Oʻzbekiston davlat markaziga;
Litva Respublikasida Litva standartlashtirish departamentiga.
5-modda
Agar maʼlumot berayotgan Tomon ularning maxfiyligini oldindan aytib qoʻygan boʻlsa, Tomonlar, mazkur Bitim doirasida olinadigan hujjatlar va oʻtkaziladigan ishlar va erishilgan ilmiy-texnikaviy natijalar haqidagi maʼlumotlarning maxfiyligini taʼminlaydilar. Bu maʼlumot uchinchi davlatga faqat ushbu maʼlumotni taqdim etgan Tomon roziligi bilan berilishi mumkin.
6-modda
Mazkur Bitim Tomonlar qatnashadigan boshqa xalqaro bitimlar asosida vujudga keladigan Tomonlarning huquq va majburiyatlariga taʼsir qilmaydi.
7-modda
Mazkur Bitimni bajarish va talqin qilish bilan bogʻliq boʻlgan Tomonlar oʻrtasidagi barcha munozaralar oʻzaro maslahatlashuvlar va turli darajadagi muzokaralar yoʻli bilan hal qilinishi kerak.
8-modda
Mazkur Bitim 5 yil muddatga tuziladi hamda Tomonlar qonunchilikda koʻzda tutilgan xalqaro bitimlar kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan barcha tartiblar bajarilganligi haqida yozma xabarnomalar bilan almashilgan kundan kuchga kiradi. Agar Tomonlardan biri mazkur Bitim muddatining tugashidan 6 oy ilgari uni bekor qilish niyati haqida xabar bermasa, Bitim keyingi besh yillik muddatlarga oʻz-oʻzidan uzayadi. Bitimning amal qilish muddati shunday xabar olingandan keyin 6 oydan soʻng toʻxtatiladi.
Toshkent shahrida 1995-yil 15-dekabrda ikki asliga toʻgʻri nusxada, har biri oʻzbek, litva va rus tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil huquqiy kuchga ega. Ushbu Bitim qoidalarini talqin etishda tafovutlar yuzaga kelsa, Tomonlar rus tilidagi matnga amal qiladilar.
(imzolar)
