Xodimlar soni va mehnatga haq toʻlash fondining eng kam meʼyorlari joriy etilishini hisobga olgan holda soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni hisoblab chiqarish va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirishlar kiritish haqida (2200-5-son)
12.03.2015
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT SOLIQ QOʻMITASI OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MOLIYA VAZIRLIGINING
Qarori
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2015-yil 12-martda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2200-5]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 4-dekabrdagi PQ-2270-son “Oʻzbekiston Respublikasining 2015-yilgi asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlari prognozi va Davlat budjeti parametrlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi va Moliya vazirligi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi va Moliya vazirligining 2011-yil 2-fevraldagi 2011-5, 6-son qarori (roʻyxat raqami 2200, 2011-yil 23-fevral) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 7-8-son, 79-modda) bilan tasdiqlangan Xodimlar soni va mehnatga haq toʻlash fondining eng kam meʼyorlari joriy etilishini hisobga olgan holda soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni hisoblab chiqarish va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Davlat soliq qoʻmitasi raisi B. PARPIYEV
Toshkent sh.,
2015-yil 2-mart,
2015-9-son
Moliya vaziri R. AZIMOV
Toshkent sh.,
2015-yil 2-mart,
16-son
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi va Moliya vazirligining 2015-yil 2-martdagi 2015-9, 16-son qaroriga ILOVA
Xodimlar soni va mehnatga haq toʻlash fondining eng kam meʼyorlari joriy etilishini hisobga olgan holda soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni hisoblab chiqarish va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. 3-bandning oʻn ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“toʻlovlarning umumiy stavkasi — tegishli toifadagi toʻlovchilar uchun belgilanadigan yagona ijtimoiy toʻlov, fuqarolarning sugʻurta badallari stavkalarini va jismoniy shaxslarning shaxsiy jamgʻarib boriladigan pensiya hisobvaraqlariga oʻtkaziladigan 1 foizga kamaytirmagan holdagi jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻining stavkasini oʻz ichiga oluvchi umumiy stavka. Bunda jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻining stavkasi jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻining eng kam stavkasi boʻyicha soliq solinadigan jismoniy shaxslarning daromadlariga soliq solish maqsadida qoʻllaniladigan stavka miqdori qabul qilinadi.”.
2. 15-banddagi “budjet” degan soʻz “Davlat budjeti” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
3. 5-ilova mazkur oʻzgartirishlarning ilovasiga muvofiq tahrirda bayon etilsin.
Xodimlar soni va mehnatga haq toʻlash fondining eng kam meʼyorlari joriy etilishini hisobga olgan holda soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni hisoblab chiqarish va toʻlash tartib toʻgʻrisidagi Nizomga kiritilayotgan oʻzgartirishlarga ILOVA
“Xodimlar soni va mehnatga haq toʻlash fondining eng kam meʼyorlari joriy etilishini hisobga olgan holda soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni hisoblab chiqarish va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 5-ILOVA
Qoʻshimcha hisoblangan toʻlovlar summasini Davlat budjeti va Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi oʻrtasida taqsimlash NORMATIVLARI
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2015-y., 10-son, 124-modda)
