Arnasoy tumanining 2015-yilgi asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlari prognozi va mahalliy budjetning parametrlari toʻgʻrisida (779-son)
31.12.2014
Jizzax viloyati Arnasoy tumani hokimining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining “Oʻzbekiston Respublikasining 2015-yilgi Davlat budjeti, maqsadli davlat jamgʻarmalarining budjetlari hamda soliq va budjet siyosatining asosiy yoʻnalishlari toʻgʻrisida”gi 2014-yil 22-oktabrdagi 991-II-sonli, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining “Oʻzbekiston Respublikasining 2015-yilgi Davlat budjeti, maqsadli davlat jamgʻarmalarining budjetlari hamda soliq va budjet siyosatining asosiy yoʻnalishlari toʻgʻrisida”gi 2014-yil 13-noyabrdagi SQ-453-II-sonli, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasining 2015-yilgi asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlari prognozi va Davlat budjeti parametrlari toʻgʻrisida”gi 2014-yil 4-dekabrdagi PQ-2270-sonli qarorlari (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami 2014-y., 50-son, 590-modda) va viloyat hokimining “Jizzax viloyatining 2015-yilgi asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlari prognozi va mahalliy budjetning parametrlari toʻgʻrisida”gi 2014-yil 17-dekabrdagi 297-sonli qarori ijrosini taʼminlash maqsadida, Oʻzbekiston Respublikasining “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 6-moddasiga asosan qaror qilaman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 4-dekabrdagi PQ-2270-sonli va viloyat hokimining 2014-yil 17-dekabrdagi 297-sonli qarorlari rahbarlik va ijro uchun qabul qilinsin.
2. 2015-yil uchun:
tumanning asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlar prognozi 1-ilovaga* muvofiq;
tumanning mahalliy budjeti asosiy parametrlari 2-ilovaga* muvofiq;
tuman mahalliy budjetining daromadlar va xarajatlar hajmlari, viloyat budjetidan budjet subvensiyalarining cheklangan miqdorlari 3-ilovaga* muvofiq;
tuman mahalliy budjetiga umumdavlat soliqlar tushumlaridan ajratmalar normativlari 4-ilovaga* muvofiq;
tuman mahalliy budjetining naqd pul kassa aylanmasining yoʻl qoʻyiladigan eng kam miqdorlari 5-ilovaga* muvofiq;
tadbirkorlik faoliyatining ayrim turlari boʻyicha yuridik shaxslardan va yakka tartibdagi tadbirkorlardan olinadigan qatʼiy belgilangan soliq stavkalari 6-ilovaga* muvofiq;
yakka tartibdagi tadbirkorlardan olinadigan soliq stavkalari 7-ilovaga* muvofiq;
mahalliy soliqlar va yigʻimlar stavkalari 8-ilovaga* muvofiq;
savdo va umumiy ovqatlanish korxonalariga, shuningdek shu sohaga tegishli mikrofirmalar va kichik korxonalar uchun yagona soliq toʻlovi stavkalari 9-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 4-dekabrdagi PQ-2270-sonli qaroridagi tegishli ilovalar bilan:
yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻi stavkalari;
jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi stavkalari;
yagona soliq toʻlovi stavkalari;
respublikada ishlab chiqariladigan va uning hududiga chetdan keltiriladigan aksiz soligʻiga tortiladigan tovarlarga aksiz soligʻi stavkalari;
suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalari;
yer qaʼridan foydalanganlik uchun soliq stavkalari;
imzolanadigan bonus va tijoratbop topilma bonusi stavkalari;
ayrim turdagi mahsulotlar boʻyicha qoʻshimcha foyda soligʻi stavkalari;
yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq stavkalari;
yuridik va jismoniy shaxslardan olinadigan yer soligʻi stavkalari;
yagona yer soligʻi stavkalari;
Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlariga dividendlar va foizlar tarzida toʻlanadigan daromad soligʻi stavkalari 10 foiz miqdorda;
qoʻshilgan qiymat soligʻi stavkasi 20 foiz miqdorida;
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Respublika yoʻl jamgʻarmasiga majburiy ajratmalar va yigʻimlar stavkalari;
belgilangan soliqqa tortish obyektlaridan Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasiga majburiy ajratmalar stavkalari 1,6 foiz, Oʻzbekiston Respublika Moliya vazirligi huzuridagi Respublika yoʻl jamgʻarmasiga majburiy ajratmalar stavkalari 1,4 foiz va Oʻzbekiston Respublika Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Umumtaʼlim maktablari, kasb-hunar kollejlari, akademik litseylar va tibbiyot muassasalarini rekonstruksiya qilish, mukammal taʼmirlash va jihozlash jamgʻarmasiga majburiy ajratmalar stavkalari 0,5 foiz miqdorida;
mablagʻlarni budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi, Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi va Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi oʻrtasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining mazkur PQ-2270-sonli qarorining 25-ilovasida keltirilgan normativlarga muvofiq taqsimlangan holda yagona ijtimoiy toʻlov stavkalari;
fuqarolarning Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasiga majburiy sugʻurta badallari stavkasi 7,0 foiz miqdorida tasdiqlanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
4. Mol-mulkni ijaraga berishdan olingan daromadlarga soliq solish shartnomada belgilangan ijara toʻlovi summasidan kelib chiqqan holda, lekin:
yuridik shaxslar uchun — davlat koʻchmas mulkidan foydalanganlik uchun ijara toʻlovining eng kam stavkalaridan;
mol-mulkni ijaraga beruvchi jismoniy shaxslar uchun — mazkur qarorning 10-ilovasiga* muvofiq belgilangan ijara toʻlovining eng kam stavkalaridan kelib chiqqan holda hisoblangan summadan kam boʻlmagan miqdorda amalga oshirilishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
5. Yagona soliq toʻlovi tushumlari Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti, budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi, Respublika yoʻl jamgʻarmasi hamda budjetdan tashqari umumtaʼlim maktablari, kasb-hunar kollejlari, akademik litseylar va tibbiyot muassasalarini rekonstruksiya qilish, mukammal taʼmirlash va jihozlash jamgʻarmasi oʻrtasida Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan belgilanadigan miqdorlarda taqsimlanishi;
qarzni undirishni soliq toʻlovchilar mol-mulkiga qaratish uchun soliq boʻyicha qarzlarning eng kam miqdorlari mazkur qarorning 11-ilovasiga* muvofiq tasdiqlanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
6. 2015-yilning 1-yanvaridan boshlab:
“Oʻztransgaz” AK tomonidan avtomobillarni gaz bilan toʻldirish kompressor stansiyalariga (balansida avtomobillarni gaz bilan toʻldirish kompressor stansiyalari mavjud yuridik shaxslarni oʻz ichiga olgan holda) sotadigan tabiiy gazning ulgurji-sotish narxiga soliqqa tortilmaydigan maxsus investitsiyaviy qoʻshimcha haqi bir kubometriga 400 soʻm miqdorida;
mobil aloqa xizmati koʻrsatuvchi yuridik shaxslar (uyali aloqa kompaniyalari) tomonidan abonent raqamidan foydalanganlik uchun toʻlov haqi, mablagʻlarni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 4-dekabrdagi qarorining 27-ilovasiga muvofiq taqsimlangan holda, oyiga 750,0 soʻm miqdorida belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
7. Mintaqalarning oʻzini-oʻzi moliyaviy taʼminlash darajasini oshirish, davlat boshqaruvi organlarining va mahalliy davlat hokimiyati organlarining mahalliy budjetlar daromadlari va xarajatlarini shakllantirishdagi roli, mustaqilligi va masʼuliyatini oshirish, mahalliy budjetlarning Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidagi ulushini koʻpaytirish maqsadida quyidagi umumdavlat soliqlari va boshqa daromadlar boʻyicha tushumlar:
suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq;
6-ilovada* nazarda tutilgan yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarning tadbirkorlik faoliyati ayrim turlari boʻyicha qatʼiy belgilangan soliq;
7-ilovada* nazarda tutilgan yakka tartibdagi tadbirkorlardan olinadigan qatʼiy belgilangan soliq;
viloyatda ishlab chiqariladigan pivo va oʻsimlik yogʻiga aksiz soligʻi;
chakana savdo tarmoqlarida sotiladigan oltindan yasalgan zargarlik buyumlariga aksiz soligʻi;
12-ilovaga* muvofiq davlat bojlari, yigʻimlar va jarimalar toʻliq hajmda tumanning mahalliy budjeti daromadlariga oʻtkazilsin.
Shuningdek, mobil aloqa xizmatini koʻrsatuvchi yuridik shaxslarning (uyali aloqa kompaniyalari) tomonidan abonent raqamidan foydalanganlik uchun toʻlovning Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetiga yoʻnaltiriladigan qismi abonentning roʻyxatga olingan joyiga qarab viloyatlar mahalliy budjetlariga oʻtkazilishi belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
8. Tuman hokimligi iqtisodiyot va moliya boʻlimlari hamda Davlat soliq inspeksiyasiga Iqtisodiyot, Moliya va Davlat soliq boshqarmalari bilan kelishilgan holda:
ikki hafta muddatda hududning subvensiya olish darajasini pasaytirish Dasturini ishlab chiqish va tuman hokimligiga kiritish;
2015-yilning 1 choragi yakunlari boʻyicha mahalliy budjetning daromad keltiradigan bazasini koʻpaytirish, tushumlarning qoʻshimcha rezervlarini topish va tegishli hududlarda soliqqa tortiladigan bazani kengaytirish boʻyicha viloyat hokimligiga takliflar kiritish;
subvensiya olish darajasini qisqartirish dasturini amalga oshirishning borishi va tegishli budjetlarning daromad keltiradigan bazasini koʻpaytirish chora-tadbirlarining natijalari toʻgʻrisida maʼlumotlarni har chorakda tuman hokimligiga taqdim etib borish vazifalari topshirilsin.
Belgilansinki, mahalliy budjetning daromadiga qoʻshiladigan soliq va boshqa majburiy toʻlovlar tegishli budjet parametrlarida koʻzda tutilmagan xarajatlarga yoʻnaltirilishi mumkin emas.
9. Tuman hokimligi Moliya boʻlimiga:
budjet tashkilotlari va budjet mablagʻlaridan foydalanuvchilarning xarajatlar smetasi tuzilayotganda birinchi navbatda ish haqi (yagona ijtimoiy toʻlov bilan birga), nafaqalar va unga tenglashtirilgan toʻlovlarga sarflanadigan xarajatlar tegishli budjetning tasdiqlangan xarajatlari parametri doirasida nazarda tutilishi belgilansin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi hamda Moliya vazirligining tuman (shahar) markaziy shifoxonalarida xizmat koʻrsatilayotgan aholi sonini hisobga olgan holda, kasalliklar yoʻnalishi boʻyicha profil oʻrinlar diapazonini belgilashni nazarda tutuvchi oʻrinlar fondini aniqlashning normativ usuliga bosqichma-bosqich oʻtish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinganligi va bu toʻgʻrisidagi normativ-huquqiy hujjat loyihasi bir oy muddatda ishlab chiqilishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
11. Ota-onalardan olinadigan toʻlov miqdorlari quyidagicha belgilansin:
mahalliy budjet mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan maktabgacha taʼlim muassasalarida bolalar taʼminoti uchun toʻlov miqdori 13-ilovaga* muvofiq;
bolalarni bolalar musiqa va sanʼat maktablarida oʻqitish uchun toʻlov miqdorlari 14-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* Ilovalar berilmaydi.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasining 2010-yilgi asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlari prognozi va Davlat budjeti parametrlari toʻgʻrisida”gi 2009-yil 22-dekabrdagi PQ-1245-sonli qarori 24-bandining amal qilishi 2016-yilning 1-yanvarigacha uzaytirilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
13. Oʻzbekiston Respublikasining davlat soliq xizmati organlarida hisobga qoʻyilgan doimiy muassasalarni tashkil etib, faoliyat yuritayotgan Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlariga tuzilgan shartnomalarni amalga oshirish doirasida tovarlar olib kirish huquqi berilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Tuman moliya va gʻaznachilik boʻlinmalari, ATB “Agrobank” Arnasoy filiali bilan birgalikda 2015-yilning yanvar oyida, oʻtkazilgan operatsiyalarni 2014-yilgi mahalliy budjetning ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotda aks ettirgan holda, 2014-yilgi mahalliy budjet ijrosi boʻyicha, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda yakuniy operatsiyalar oʻtkazsinlar.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 4-dekabrdagi PQ-2270-sonli qarorining 36-ilovasiga muvofiq 2015-yilning 1-yanvaridan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
15. Tuman hokimligi va tegishli tashkilotlar bir hafta muddatda meʼyoriy-huquqiy hujjatlarini mazkur qarorga muvofiqlashtirsinlar.
16. Ushbu qaror “Arnasoy tongi” gazetasida eʼlon qilinsin.
17. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish tuman hokimining oʻrinbosari N. Isanov zimmasiga yuklatilsin.
18. Ushbu qaror 2015-yilning 1-yanvaridan kuchga kiradi.
Hokim F. SALOXIDDINOV
Arnasoy t.,
2014-yil 31-dekabr,
779-son
