Tumanda 2015-yilda haq toʻlanadigan jamoat ishlarini tashkil qilish toʻgʻrisida (779-son)
30.12.2014
Jizzax viloyati Mirzachoʻl tumani hokimining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi “Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisida”gi Qonunining 17-moddasi (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami 2009-y., 52-son, 553-modda, 2013-y., 41-son, 543-modda,) hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 19-iyuldagi 353-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari toʻplami 1999-y., 7-son, 40-modda) bilan tasdiqlangan “Haq toʻlanadigan jamoat ishlarini tashkil qilish toʻgʻrisida”gi nizom ijrosini taʼminlash, ish qidirayotgan shaxs sifatida tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy himoya qilish markazida roʻyxatga olingan fuqarolarga ularning vaqtincha ish haqi olishi va ish qidirayotgan davrida ularni moddiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash, Markaz tomonidan “ishsiz” deb eʼtirof etilgan fuqarolarni vaqtincha ish bilan taʼminlash uchun shart-sharoitlar yaratish, ishsizlar oʻrtasida boqimandalikning oldini olish, birinchi marotaba ish qidirayotgan hamda kasbi boʻlmagan shaxslarni mehnat faoliyatiga jalb qilish maqsadida, Oʻzbekiston Respublikasining “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 6-moddasiga asosan qaror qilaman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi “Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisida”gi Qonunining 17, 22-moddasiga asosan tumanda 2015-yil davomida haq toʻlanadigan jamoat ishlari ilovada koʻrsatilgan korxona, muassasa va tashkilotlarda amalga oshirilishi tasdiqlansin.
2. Tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi (N. Oʻsarov)ga ish qidirayotgan va ishsiz shaxslar tarkibi va sonini hisobga olgan holda ishchi kuchiga boʻlgan talab va takliflarni tahlil qilish asosida aholini ish bilan taʼminlash mintaqaviy dasturining maxsus boʻlimiga kiritiladigan haq toʻlanadigan jamoat ishlarini tashkil qilish boʻyicha takliflarni tayyorlash va tuman hokimligiga taqdim etish vazifasi yuklatilsin.
3. Haq toʻlanadigan jamoat ishlarini tashkil etuvchi korxona, muassasa va tashkilotlar rahbarlariga:
ilovada qayd etilgan haq toʻlanadigan jamoat ishlarini tashkil etish taʼminlansin;
jamoat ishlariga jalb qilingan fuqarolar mehnatiga haq toʻlash Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 19-iyuldagi 353-son qarori bilan tasdiqlangan “Haq toʻlanadigan jamoat ishlarini tashkil qilish toʻgʻrisida”gi nizomning 23-bandiga muvofiq, mahalliy davlat hokimiyati organlariga qarashli korxonalar, muassasalar va tashkilotlar boʻyicha — ellik foizi ish beruvchilar mablagʻlari va ellik foizi mahalliy budjet va Ish bilan taʼminlashga koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobiga;
boshqa korxonalar, muassasalar va tashkilotlar boʻyicha — yetmish besh foizi ish beruvchilar mablagʻlari va yigirma besh foizi Ish bilan taʼminlashga koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobiga amalga oshirilishi belgilab qoʻyilsin.
4. Tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi yoʻllanmasi boʻyicha haq toʻlanadigan jamoat ishlariga yuborilgan fuqarolarning haq toʻlanadigan jamoat ishiga qabul qilinganligi toʻgʻrisidagi maʼlumot 3 kun muddatda markazga yozma ravishda xabar qilinsin.
5. Oʻzgalar parvarishiga muhtoj yolgʻiz keksalar, pensionyerlar va nogironlarning uyiga borib ijtimoiy xizmat koʻrsatish boʻyicha haq toʻlanadigan jamoat ishlariga jalb etilgan, mehnat boʻlimlarida roʻyxatga olingan ishsiz fuqarolarga ish haqi toʻlash xarajatlari toʻliq Ish bilan taʼminlashga koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan amalga oshirilishi belgilab qoʻyilsin.
6. Tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi (N. Oʻsarov):
korxona, muassasa va tashkilotlar rahbarlari tomonidan mazkur qarorning toʻliq bajarilishi yuzasidan qatʼiy nazorat oʻrnatilsin;
haq toʻlanadigan jamoat ishlariga yuborilgan va ish bilan taʼminlangan fuqarolar belgilangan tartibda hisobga olinsin.
7. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish tuman hokimining oʻrinbosari vazifasini bajaruvchi B. Usmanov zimmasiga yuklatilsin.
8. Ushbu qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Hokim M. BOBOBEKOV
Mirzachoʻl t.,
2014-yil 30-dekabr,
779-son
Tuman hokimining 2014-yil 30-dekabrdagi 779-sonli qaroriga ILOVA
Haq toʻlanadigan jamoat ishlarini tashkillashtiradigan korxona va tashkilotlar
Roʻyxati
№ Ish turlari Korxona va tashkilot nomi 1. Obodonlashtirish Tuman obodonlashtirish boʻlimi 2. Obodonlashtirish Tuman “Dehqon bozori” MChJ 3. Obodonlashtirish Tuman “Yerjar buyum bozori” MChJ 4. Yoʻl xoʻjaligida mavsumiy ishlar Tuman yoʻl xoʻjaligi pudrat taʼmirlash korxonasi 5. Obodonlashtirish Arnasoy suvdan foydalanish boshqarmasi 6. Obodonlashtirish ishlari Tuman suvoqova korxonasi 7. Qishloq xoʻjaligida mavsumiy ishlar Tuman Agrotexservis MChJ 8. Koʻchat yetishtirishda mavsumiy ishlar Mirzachoʻl tumani Oʻrmon tajriba stansiyasi
