Madaniyat va sanʼat sohasida hamkorlik toʻgʻrisida
07.06.1995
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Litva Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Quyida “Ahdlashuvchi Tomonlar” deb ataluvchi Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Litva Respublikasi Hukumati,
Oʻzbekiston Respublikasi va Litva Respublikasi xalqlari oʻrtasida madaniy va sanʼat sohasidagi doʻstona aloqalar va hamkorlikni kelgusida rivojlantirish va mustahkamlashga intilishlarini bildirib,
ikkala davlat xalqlarining madaniy muloqot va doʻstona munosabatlar anʼanalarini eʼtiborga olib,
madaniyat va sanʼat sohasidagi aloqalar ikkala mamlakat xalqlarining tub manfaatlariga javob beradi va doʻstlik va oʻzaro hamkorlik munosabatlarining kelgusi rivojiga koʻmaklashadi deb ishonib,
Ahdlashuvchi Tomonlar davlatlarining hududlarida yashovchi ikkala davlat fuqarolarining manfaatlarini eʼtiborga olib,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar Oʻzbekiston va Litva xalqlarining madaniy aloqalariga tayanib, ular orasida madaniyat va sanʼat sohasida hamkorlikni rivojlantirishga bundan keyin ham koʻmaklashadilar.
2-modda
Har bir Ahdlashuvchi Tomon oʻz davlatining fuqarolariga boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati madaniyatining yutuqlariga keng yoʻl ochib beradi.
Ahdlashuvchi Tomonlar davlat muassasalari oʻrtasida bevosita hamkorlik va toʻgʻridan toʻgʻri aloqalarni oʻrnatishga va mustahkamlashga, manfaatdor tashkilotlar oʻrtasida tajriba almashishga koʻmaklashadilar.
3-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar madaniy hamkorlikning ikki tomonlama programmalari va loyihalari asosida professional va havaskor badiiy kollektivlar, guruhlar, ansambllar, alohida ijrochilar bilan almashishga koʻmaklashadilar.
4-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar sanʼat arboblarining, ijodiy jamoalarning musiqiy, teatr, qoʻshiq va folklor konkurslar, festivallarga bir-birlariga taklifini ragʻbatlantiradilar.
5-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar teatr, estrada, sirk, kino sanʼati, tarixiy-madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish, havaskor xalq ijodi, xalq hunarmandchiligi sohasida mutaxassislar bilan almashish va hamkorlik uchun qulay sharoitlar yaratadilar.
6-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar kutubxona ishida kitoblar, nashrlar, kataloglar va boshqa axborot materiallari bilan almashish orqali hamkorlik qiladilar.
7-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar madaniyat va sanʼat muassasalarining oʻqituvchilari, olimlar, aspirantlar, shuningdek mutaxassislar bilan almashishni amalga oshiradilar.
8-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar muzey ishi sohasidagi hamkorlikni qoʻllab-quvvatlaydilar, tasviriy, dekorativ-amaliy sanʼat koʻrgazmalari bilan almashishga koʻmaklashadilar.
9-modda
Ushbu Bitimni bajarish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat ishlari vazirligi va Litva Respublikasi Madaniyat ishlari vazirligi oʻrtasida ikki tomonlama almashuv programmalari ishlab chiqiladi.
10-modda
Ushbu bitim uning imzolangan daqiqasidan boshlab kuchga kiradi.
Ushbu bitim 5 yil muddatga tuziladi va Ahdlashuvchi Tomonlardan bittasi uning amal qilishini toʻxtatish niyati toʻgʻrisida boshqa Ahdlashuvchi Tomonni tegishli muddat tugashidan olti oy ilgari yozma ravishda xabardor qilmagunicha har safar keyingi besh yillik davrlarga oʻz-oʻzidan uzaytiriladi.
Ushbu Bitim amal qilishining toʻxtatilishi uning doiralarida boshlangan va ushbu Bitim amal qilishining tugatilish daqiqasiga qadar toʻliq bajarilmagan har qanday oʻzaro faoliyatning tugatilishiga taʼsir qilmaydi.
Vilnyus shahrida 1995-yil 7-iyunda ikki asl nusxada, har biri oʻzbek, litva va rus tillarida tuzildi, barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Ushbu Bitim qoidalarini talqin etishda har qanday kelishmovchiliklar yuzaga kelgan taqdirda rus tilidagi matn asos qilib olinadi.
(imzolar)
