Ishlab chiqarish koooperatsiyasi toʻgʻrisida
16.01.1996
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Turkmaniston Hukumati oʻrtasida
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Turkmaniston Hukumati, bundan keyin “Tomonlar” deb ataluvchilar,
iqtisodiy, sanoat va ilmiy-texnik hamkorlik ikki tomonlama munosabatlarni barqaror hamda uzoq muddatli asosda rivojlantirishning muhim va zarur jihati hisoblanishini anglab,
oʻz davlatlari ishlab chiqarish va ilmiy-texnik salohiyatlari oʻrtasida qaror topgan texnologik aloqalarni hisobga olib,
bozor munosabatlari bazasida umumiy iqtisodiy makonni yaratishda Tomonlar davlatlari xoʻjalik faoliyati subyektlarining bevosita ishlab chiqarishga daxldor oʻzaro aloqalari hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanligini tan olib,
korxonalar va tarmoqlar oʻrtasida ishlab chiqarish kooperatsiyasini qoʻllab-quvvatlash va oʻzaro foydali rivojlantirish uchun qulay sharoitlarni taʼminlashga intilib,
ikkala mamlakat oʻrtasidagi iqtisodiy oʻzaro aloqalarda erishilgan darajaga tayanib,
uzluksiz iqtisodiy oʻsish, oʻz fuqarolari turmush sifatini yaxshilash, ish bilan taʼminlanganlikni kengaytirish, moddiy va ishchi resurslaridan samarali foydalanish va atrof muhitni himoya qilish maqsadlariga amal qilib,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Tomonlar mulkchilikning barcha shakllaridagi korxonalar, tarmoqlar va tarmoqlararo komplekslar oʻrtasidagi kooperatsiyani ularning bevosita ishlab chiqarish aloqalari asosida amalga oshirishga va rivojlantirishga yordam beradilar.
2-modda
Tomonlar ishlab chiqarishning xalqaro ixtisoslashuvi va kooperatsiyasini rivojlantirish, ularni amalga oshirish uchun shart-sharoitlarni taʼminlash, sanoat tarmoqlaridagi ustuvorliklarni belgilash, qoʻshma loyihalar va dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda yordam berish maqsadida barcha zarur chora-tadbirlarni koʻradilar.
3-modda
Tomonlar quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
kooperatsiya boʻyicha tovar yetkazib berish deganda tarmoq va tarmoqlararo maqsadlarga moʻljallangan, texnologik oʻzaro bogʻlangan va pirovard mahsulotni birgalikda tayyorlash uchun zarur boʻlgan xomashyo, materiallar, uzellar, detallar, ehtiyot qismlar, tayyorlanmalar, yarim tayyor mahsulotlar, butlovchi va boshqa buyumlarni yetkazib berish tushuniladi;
xizmatlar koʻrsatish deganda loyiha, tuzatish ishlari, texnik xizmat koʻrsatish va texnologik operatsiyalar tushuniladi;
bojxona tartibi doirasida tovarlar yetkazib berish deganda tovarlarni Tomonlar davlatlarining boj qonunchiligida belgilangan tartiblarga muvofiq yetkazib berish tushuniladi.
4-modda
Tomonlar xoʻjalik faoliyati subyektlari tomonidan tegishli tarmoq va tarmoqlararo bitimlar asosida tuziladigan shartnoma (kontrakt)larni ishlab chiqarish kooperatsiyasi va bevosita aloqalarning asosiy shakli deb hisoblaydilar.
5-modda
Tomonlar quyidagi sohalarda ishlab chiqarish kooperatsiyasi toʻgʻrisida bitimlar tuzishni ustuvor deb biladilar:
yoqilgʻi-energetika kompleksi;
metallurgiya, kimyo, neftkimyo sanoati;
mashinasozlik sanoati;
transport va aloqa;
tibbiyot va farmakologiya sanoati;
qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat sanoati;
yengil sanoat;
ilmiy va loyiha-qidiruv ishlari;
tabiatdan foydalanish va atrof muhitni muhofaza qilish.
6-modda
Tarmoqlar va tarmoqlararo ishlab chiqarish kooperatsiyasi toʻgʻrisidagi bitimlarda kooperatsiyada ishtirok etadigan va mahsulot ishlab chiqarishda (xizmatlar koʻrsatishda) ixtisoslashganligini saqlab qoladigan korxona va tashkilotlar roʻyxati, shuningdek, mahsulotni (xizmatlar koʻrsatishni) kooperatsiyalashgan asosda yetkazib berish nomenklaturasi va hajmlari belgilanadi.
7-modda
Mazkur Bitimning 4-moddasida nazarda tutilgan shartnoma (kontrakt)lar mahsulotni bojxonada rasmiylashtirish va Tomonlar davlatlari va chegarasidan oʻtkazib yuborilishi uchun asos hisoblanadi.
Ishlab chiqarish kooperatsiyasi doirasida yetkazib beriladigan mahsulot (koʻrsatiladigan xizmatlar)ni deklaratsiyalash va hisobga olishni Tomonlarning bojxona organlari oʻz qonunchiliklariga muvofiq amalga oshiradilar.
8-modda
Mahsuloti olib chiqib ketiladigan xomashyodan kooperatsiya boʻyicha ishlab chiqarilgan mahsulotni yetkazib berish Tomonlar mamlakatlarida mahsuloti olib chiqib ketiladigan xomashyo bilan operatsiyalar toʻgʻrisidagi amaldagi qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi.
9-modda
Ishlab chiqarish kooperatsiyasi doirasida yetkazib beriladigan xomashyo, materiallar va butlovchi buyumlar uchinchi mamlakatlarga hududidan xomashyo, materiallar va butlovchi buyumlar ishlab chiqarish kooperatsiyasi doirasida yetkazib berilgan Tomon vakil qilingan organining oldindan olingan tegishli yozma roziligisiz reeksport qilinishi mumkin emas.
10-modda
Tomonlar ishlab chiqarish sohasida integratsiya jarayonlarini rivojlantirish maqsadida oʻz mamlakatlarining milliy qonunchilik normalarini korxonalar va tarmoqlar kooperatsiyasi aloqalari qismida xoʻjalik faoliyati subyektlariga tatbiqan muvofiqlashtirish va yaqinlashtirish boʻyicha izchil ishni amalga oshirishga kelishib oldilar.
11-modda
Tomonlar koʻp ilm-fan talab qiladigan ishlab chiqarishlar va eksportga yoʻnaltirilgan tarmoqlarda, shuningdek import oʻrnini bosadigan mahsulotni ishlab chiqarishda kooperatsiyani rivojlantirishni ragʻbatlantiruvchi kreditlar va investitsiyalar berish shartlarini zarur hollarda kelishib oladilar.
12-modda
Tomonlar quyidagi muammolar yuzasidan birgalikda ishlashni tashkil etib, ularni hal qilishni manfaatdor vazirlik va idoralarga topshiradilar:
marketing, lizing tadqiqotlarini oʻtkazish va koʻrgazmalarni tashkil etish, xizmatlar koʻrsatish;
oʻz mamlakatlari oʻrtasida sheriklar izlash, shartnoma (kontrakt)larni tayyorlash, tuzish va bajarishda yordam berishni taʼminlaydigan zamonaviy kommunikatsiyani rivojlantirish;
mutaxassislar tayyorlash boʻyicha birgalikdagi tadbirlarni amalga oshirish.
13-modda
mazkur Bitimga Tomonlarning oʻzaro roziligi bilan oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
14-modda
Mazkur Bitimni talqin qilish yoki qoʻllashga daxldor bahslar Tomonlar oʻrtasida maslahatlashuvlar va muzokaralar olib borish yoʻli bilan hal qilinadi.
15-modda
Mazkur Bitim Tomonlardan har biri uning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan davlat ichki tartiblarini bajarganligi toʻgʻrisida yozma ravishdagi maʼlumot olingan kundan boshlab kuchga kiradi.
Bitim Tomonlardan biri boshqa Tomonning mazkur Bitimni amalda boʻlishini toʻxtatish toʻgʻrisidagi yozma bildirishini olgan kundan 6 oy oʻtgach, oʻz kuchini yoʻqotadi.
1996-yil 16-yanvarda, Chorjoʻy shahrida, har biri oʻzbek, turkman va rus tillarida boʻlgan ikki nusxada tuzildi. Barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Mazkur Bitim qoidalarini talqin qilishda rus tilidagi matndan foydalaniladi.
(imzolar)
