Doʻstlik va hamkorlik toʻgʻrisida
06.06.1996
Oʻzbekiston Respublikasi va Ruminiya oʻrtasida
Shartnoma
Oʻzbekiston Respublikasi va Ruminiya, bundan keyin “Ahdlashuvchi Tomonlar” deb ataluvchilar,
xalqlari oʻrtasidagi doʻstona va bir-birini hurmatlash munosabatlariga asoslanib,
ikki davlat oʻrtasidagi munosabatlarni umuminsoniy qadriyatlar, demokratiya, birdamlik, insonning fundamental huquq va erkinliklarini hurmat qilish asosida rivojlantirish oʻzbek va rumin xalqlari manfaatlariga, Osiyo, Yevropa va dunyoda tinchlik va barqarorlik ishiga xizmat qilishiga qatʼiy ishonib,
ikkala davlatdagi hozirgi tarixiy oʻzgarishlarning muhimligini taʼkidlab,
oʻzlarining ikki tomonlama munosabatlarini tenglik, adolat va hamjihatlik prinsiplarida qurishga qatʼiy ahd qilib,
BMT Nizomining maqsad va prinsiplariga oʻzlarining sodiqligini va Yevropada xavfsizlik va hamkorlik boʻyicha tashkilotning hujjatlarida yozilgan majburiyatlarni bajarishga intilishini tasdiqlab,
davlatlar oʻrtasidagi munosabatlarida bosqinchilik harakatlarini qoralab va ularning siyosiy va huquqiy oqibatlarini BMT Nizomi qoidalariga muvofiq hal etish zarurligiga ishongan holda,
siyosiy, iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, ekologik, axborot, insonparvarlik, madaniy va boshqa sohalardagi ikki tomonlama hamkorlikka yangi sifat baxsh etish va uning huquqiy negizini mustahkamlashni maqsad qilib olib,
quyidagilar haqida kelishib oldilar:
1-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasidagi munosabatlar doʻstlik, ishonch, oʻzaro hamkorlik va hurmatga asoslanadi.
Ahdlashuvchi Tomonlar oʻz munosabatlarida BMT Nizomi, Xelsinki Yakunlovchi akti, yangi Yevropa uchun Parij xartiyasi qoidalari va EXHTning boshqa hujjatlariga, shuningdek xalqaro huquqning barcha tan olgan prinsip va normalariga rioya qiladilar.
2-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar xalqaro munosabatlarda kuch ishlatishga yoki kuch bilan qoʻrqitishga yoʻl qoʻyib boʻlmaslikni va shuningdek xalqaro munozaralarni tinchlik yoʻllari bilan hal qilish zarurligini tasdiqlaydilar.
Ular munozaralarni tinchlik yoʻli bilan hal qilish uchun BMT Nizomi va EXHT ning tegishli hujjatlariga muvofiq ish tutadilar, ikkala davlat suvereniteti, hududlarining yaxlitligi va chegaralarining buzilmasligini eʼtiborga oladilar.
3-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar BMT Nizomining VII bobida koʻzda tutilgan jamoa xavfsizligi choralarining amalga oshirilishini qoʻllab-quvvatlaydilar.
Agar Ahdlashuvchi Tomonlardan biri yuzaga kelgan vaziyat xavfsizlik manfaatlariga zarar yetkazishi mumkin deb hisoblasa, Tomonlar zudlik bilan uni hal qilish mumkin boʻlgan yoʻllar toʻgʻrisida maslahatlashishlar oʻtkazishlari mumkin.
4-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar qurolli kuchlar va qurollarni baravar holda qisqartirish jarayoniga, Osiyo va Yevropada ishonch va barqarorlikni mustahkamlashga EXHT doirasida koʻmaklashadilar.
Ahdlashuvchi Tomonlar qurolsizlanishini qattiq va samarali xalqaro nazorat ostida amalga oshirish maqsadida birgalikda, shu jumladan oʻzlari ishtirok etadigan xalqaro koʻp tomonlama tashkilotlar doirasida harakat qiladilar.
Tomonlarning harbiy soha boʻyicha birgalikdagi harakati kelishilgan darajalarda va tegishli dasturlar asosida amalga oshiriladi.
5-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar tenglik, sheriklik va oʻzaro foyda asosidagi ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlikni rivojlantirishga koʻmaklashadilar va bunday hamkorlik uchun eng qulay sharoitlar taʼminlaydilar.
Ahdlashuvchi Tomonlar oʻzlarining iqtisodiy va savdo munosabatlarining mexanizmlarini takomillashtirish va dunyo bozori normalari va tajribasiga yaqinlashtirish uchun va shuningdek oʻzaro mablagʻ sarflashni ragʻbatlantirish va himoya qilish va ikki tomonlama soliq solishning oldini olish uchun tegishli choralar koʻradilar.
6-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar oʻzlarining xalq xoʻjaliklarini rivojlantirish uchun alohida ahamiyatga ega boʻlgan sohalarda, ayniqsa energetika, qurilish, transport va aloqa, qishloq xoʻjaligi, tabiiy resurslardan foydalanish sohalarida va shuningdek xalq isteʼmol mollari ishlab chiqarish sohasida, yanada yaqinroq hamkorlik qilishga koʻmaklashadilar.
Ahdlashuvchi Tomonlar, ichki qonunlarga amal qilib, ikki mamlakat xoʻjalik qiluvchi subyektlari oʻrtasidagi hamkorlik va bevosita aloqalarga va qoʻshma korxonalar yaratish va hamkorlikning boshqa samarali shakllariga koʻmaklashadilar.
7-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar, oʻz imkoniyatlarini hisobga olgan holda, atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi hamkorlikka alohida eʼtibor beradilar va ikki mamlakat tegishli organlari tomonidan atrof-muhitni muhofaza qilish boʻyicha konkret loyihalarni tatbiq etishni qoʻllab-quvvatlaydilar.
8-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar fundamental va amaliy fanlar sohasidagi hamkorlikka, ilgʻor texnika va texnologiyalarni rivojlantirish va tatbiq etishga, olimlar, ilmiy-tadqiqot institutlari, ilmiy-ishlab chiqarish birlashmalarining bevosita aloqalari va birgalikdagi tashabbuslariga koʻmaklashadilar. Shu maqsadda ular qoʻshma dastur va loyihalarni, qoʻshma korxonalar tashkil etishni, olimlar bilan almashish va hamkorlikning boshqa shakllarini ragʻbatlantiradilar. Tomonlar bu masalalar boʻyicha maxsus bitimlar tuzadilar.
9-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar, oʻzbek va rumin xalqlari oʻrtasidagi mavjud madaniy aloqalardan kelib chiqib, madaniyat, taʼlim, axborot, turizm, sogʻliqni saqlash va sport sohalarida ikki mamlakatning markaziy va mahalliy muassasalari, fuqarolari va hukumatga oid boʻlmagan tashkilotlari oʻrtasidagi almashishlarning rivojlanishini ragʻbatlantiradilar.
Ahdlashuvchi Tomonlar barcha turdagi oʻquv yurtlari oʻrtasida, shuningdek ilmiy-tadqiqot va madaniy muassasalar, kutubxonalar, arxivlar, barcha turdagi ommaviy axborot vositalari oʻrtasida aloqalar oʻrnatilishini qoʻllab-quvvatlaydilar va talabalar, aspirantlar, ijodiy va sport jamoalari bilan almashishga koʻmaklashadilar.
Ular teatr va tasviriy sanʼat, adabiyot, kitob nashr etish, musiqa va xalq ijodiyoti sohalaridagi hamkorlik tashabbuslarini ragʻbatlantiradilar.
Tomonlar barcha turdagi oʻquv yurtlarini tugatganlik toʻgʻrisidagi guvohnomalarni, shuningdek ilmiy unvon va darajalar toʻgʻrisidagi diplomlarni oʻzaro tan olish toʻgʻrisida alohida bitimlar tuzish imkoniyatiga intiladilar.
10-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar barcha sohalarda ikki davlat fuqarolari oʻrtasidagi aloqalarni qoʻllab-quvvatlaydilar. Ular oʻzbek va rumin xalqlari oʻrtasida oʻzaro bilish va tushunish yoʻnalishidagi saʼy-harakatlarni, shuningdek ikki mamlakat jamoat tashkilotlari, muassasalari va assotsiatsiyalari oʻrtasida aloqalarni rivojlantirishni ragʻbatlantiradilar.
Ahdlashuvchi Tomonlar ikki davlat fuqarolarining oʻzaro safarlariga koʻmaklashish va ulardan kelib chiqadigan gumanitar va ijtimoiy masalalarni echish maqsadida huquqiy va konsullik sohalarida hamkorlikni rivojlantiradilar.
11-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar uyushgan jinoyatchilik, terrorizm, korrupsiya, narkotik, psixotrop moddalar va zaharli ximikatlar, qurol-yarogʻ va portlovchi moddalarning gʻayriqonuniy muomalada boʻlishi, gʻayriqonuniy moliyaviy operatsiyalar, pul birliklari va qimmatli qogʻozlarni qalbakilashtirish, kontrabanda, madaniy mollarni gʻayriqonuniy olib chiqish, nolegal immigratsiya, fuqaro aviatsiyasiga ziyon yetkazishi mumkin boʻlgan harakatlar, shuningdek ularning boshqa turlarining oldini olish va kurashda hamkorlik qiladilar. Shu maqsadda Ahdlashuvchi Tomonlar bu sohalarda tajriba va operativ axborot almashadilar va bu yoʻnalishda xalqaro hamkorlik doirasida qoʻshma tadbirlar oʻtkazadilar va ushbu masalalar boʻyicha alohida bitimlar tuzadilar.
12-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar ikki tomonlama munosabatlar rivojlanishining, Osiyo, Yevropada xavfsizlik va hamkorlikning muhim masalalari va oʻzaro qiziqish uygʻotuvchi boshqa xalqaro muammolarga oid tegishli darajalarda maslahatlashishlar oʻtkazadilar.
Shu maqsadda Ahdlashuvchi Tomonlar ikki davlat parlamentlari, hukumatlari va boshqa markaziy va mahalliy organlari oʻrtasidagi aloqalarni rivojlantiradilar.
13-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar ularning ikki tomonlama munosabatlarining huquqiy doiralarini ularning mamlakatlaridagi iqtisodiy, ijtimoiy va yuridik voqelikka Osiyo va Yevropadagi rivojlanishning umumiy jarayoniga muvofiq kengaytiradilar va takomillashtiradilar.
14-modda
Ushbu Shartnoma qoidalari Ahdlashuvchi Tomonlarning uchinchi mamlakatlar bilan ikki tomonlama va koʻp tomonlama amal qiluvchi shartnomalari boʻyicha huquq va majburiyatlariga daxl qilmaydi va bu davlatlardan hech biriga qarshi qaratilgan emas.
15-modda
Ushbu Shartnoma oʻn yil muddatga tuziladi. Agar Ahdlashuvchi Tomonlardan hech biri boshqa Tomonni tegishli muddat tugashidan kamida 12 oy ilgari notifikatsiya yoʻli bilan uni denonsatsiya qilish niyati toʻgʻrisida xabardor qilmasa, uning amal qilishi keyingi besh yillik muddatlarga oʻz-oʻzidan uzaytiriladi.
16-modda
Ushbu Shartnoma har bir Ahdlashuvchi Tomonning milliy qonunlariga muvofiq ratifikatsiya qilinadi va ratifikatsiya yorliqlari bilan almashilgan kunda kuchga kiradi.
17-modda
Ushbu Shartnoma BMT Nizomining 102-moddasiga muvofiq BMT Kotibiyatida qayd etiladi.
Buxarest shahrida 1996-yil 6-iyunda, ikki nusxada, har biri oʻzbek va rumin tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.
(imzolar)
