Temir yoʻl transporti sohasida hamkorlik toʻgʻrisida
23.05.1996
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Latviya Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Latviya Respublikasi Hukumati, bundan keyin “Ahdlashuvchi Tomonlar” deb ataluvchilar,
ikki davlat oʻrtasida va ularning hududi orqali uchinchi davlatlarga hamda ulardan tranzit orqali temir yoʻl transporti yordamida xalqaro yoʻlovchi va yuk tashishlarga muhim ahamiyat berib,
ikkala davlat temir yoʻl tashkilotlari oʻrtasida kelishilgan yoʻlovchilar va yuk tashish jarayonini amalga oshirish maqsadida teng huquqlilik va oʻzaro foydaga asoslangan hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdorligini eʼtirof etgan holda,
quyidagilar haqida kelishib oldilar:
1-modda
1. Ahdlashuvchi Tomonlar ikkala davlat oʻrtasida hamda ularning hududidan tranzit orqali temir yoʻl transporti bilan yoʻlovchilar va yuk tashishning biror toʻsiqsiz amalga oshirilishiga, yuk olib oʻtilishiga, harakat xavfsizligini hamda yuklarning daxlsizligini taʼminlashga, shuningdek davlat chegaralaridan oʻtishda bojxona tartiblarining amaldagi qonunlar va meʼyoriy hujjatlarga muvofiq amalga oshirilishiga har tomonlama koʻmaklashish majburiyatini oladilar.
2. Latviya Tomoni oʻz dengiz portlarini xalqaro konvensiyalarga muvofiq ikkinchi Ahdlashuvchi Tomon eksport-import tranzit operatsiyalari uchun berishga rozi ekanligini tasdiqlaydi.
2-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar temir yoʻl transportining faoliyati bilan bogʻliq masalalarni muvofiqlashtirish uchun masʼul vakolatli idora tayinlanadi: Oʻzbekiston Respublikasida — “Oʻzbekiston temir yoʻllari” Davlat hissadorlik temir yoʻl kompaniyasi yoki u tomonidan vakil qilingan idora, Latviya Respublikasida — Latviya Respublikasi Aloqa vazirligi yoki u tomonidan vakil qilingan idora.
3-modda
1. Ahdlashuvchi Tomonlar davlatlari hududidan temir yoʻl transportida, shuningdek oʻzga davlatlardan yoki oʻzga davlatlarga tranzit bilan yoʻlovchilar va yuk tashishni tashkil etishda Ahdlashuvchi Tomonlar oʻz harakatlarini har ikkala tomon ishtirok etgan xalqaro bitimlarni, ikki davlat milliy qonunlarini hisobga olgan holda muvofiqlashtirib boradilar, zarurat boʻlganda alohida bitimlar tuzadilar.
2. Ahdlashuvchi Tomonlardan biri temir yoʻl transporti sohasida oʻzga davlatlar bilan ikkinchi Ahdlashuvchi Tomon manfaatlariga taʼsir qiladigan bitim tuzsa, bu haqda uni ogohlantiradi.
4-modda
1. Latviya Respublikasi orqali Oʻzbekiston Respublikasiga, hamda Oʻzbekiston Respublikasi orqali Latviya Respublikasiga temir yoʻl yuklarini tranzit tashish tartibi va xalqaro yoʻlovchi va yuk tashish va koʻrsatiladigan xizmatlar uchun hisob-kitob qilish tartibi Ahdlashuvchi Tomonlarning temir yoʻl tashkilotlari oʻrtasida tuziladigan alohida tegishli bitimlarda belgilanadi: Oʻzbekiston Respublikasida “Oʻzbekiston temir yoʻllari” Davlat hissadorlik temir yoʻl kompaniyasi, Latviya Respublikasida “Latviyas Dzelzselsh” davlat hissadorlik jamiyati (quyida “temir yoʻl tashkilotlari”).
2. Tranzit yuk tashish bilan bogʻliq masalalarni tez hal qilish maqsadida Ahdlashuvchi Tomonlarning temir yoʻl tashkilotlari oʻzga Ahdlashuvchi Tomon davlati hududida oʻz vakolatxonalarini ochishi mumkin.
5-modda
1. Ahdlashuvchi Tomonlar Oʻzbekiston Respublikasi va Latviya Respublikasi temir yoʻllari oʻrtasida vujudga kelgan axboriy oʻzaro hamkorlikni saqlab qolib, uning yanada rivojlanishiga koʻmaklashadilar.
2. Zarurat tugʻilgan sharoitda temir yoʻl tashkilotlari oʻrtasidagi kelishuvga binoan muayyan oʻzgarishlar amalga oshiriladi.
6-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar temir yoʻl xizmatchilariga oʻzga davlat hududida xizmat vazifalarini ado etishlariga koʻmaklashish, xodim toʻsatdan kasallangan yoki jarohat olganda — bepul tibbiy yordam koʻrsatish majburiyatini oladilar.
7-modda
Ahdlashuvchi Tomonlardan birining temir yoʻl tashkiloti uning aybiga koʻra ikkinchi Ahdlashuvchi Tomon temir yoʻl tashkilotiga yetkazilgan moddiy zarar uchun ikkala davlatning amaldagi qonunlariga muvofiq moddiy javobgar boʻladi.
8-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar oʻz temir yoʻl tashkilotlariga quyidagilar xususida alohida bitimlar tayyorlash va tuzishni topshiradi:
a) bevosita hamda tranzit temir yoʻl aloqasi toʻgʻrisida;
b) harakatdagi sostav, texnika, uskunalar, ularning ehtiyot qismlari va temir yoʻl transporti ehtiyoji uchun moddiy resurslarni oʻzaro yetkazib berish, harakatdagi sostavni, uskuna hamda texnikani taʼmirlash toʻgʻrisida;
v) tashishlar, yetkazib berish va boshqa koʻrsatilgan xizmatlar uchun oʻzaro hisob-kitob qilish tartibi toʻgʻrisida;
g) tashish ishi texnologik meʼyor (parametr)larini buzganlik uchun oʻzaro javobgarlik va moddiy zarar oʻrnini qoplash toʻgʻrisida.
9-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar temir yoʻl tashkilotlariga oʻzaro manfaatlarni iqtisodiy jihatdan baholash va hisobga olish, tashish ishlarining texnologik meʼyorlarini tayyorlash va tasdiqlash tartibini belgilash boʻyicha muzokaralar olib borish huquqini beradilar.
10-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar temir yoʻl transportidagi ilmiy-texnikaviy siyosat sohasidagi qabul qilingan yoki tayyorlanayotgan qarorlar xususida bir-birlarini xabardor qilib turadilar.
11-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar temir yoʻl transporti mutaxassislarini tayyorlash sohasida oʻzaro hamkorlik qiladilar va Ahdlashuvchi Tomonlarning har biri bergan malaka hujjatlari har ikkala davlat hududida teng yuridik kuchga ega ekanligini, qonunlashtirishni talab etmasligini tan oladilar.
12-modda
1. Mazkur Bitimni talqin qilish va uni qoʻllashda yuzaga keladigan munozarali masalalar, Ahdlashuvchi Tomonlarning vakolatli idoralari yoki temir yoʻl tashkilotlari oʻrtasida tuzilgan alohida bitimlarda oʻzgacha yechim aytib oʻtilgan boʻlmasa, Ahdlashuvchi Tomonlarning bevosita muzokaralari hamda maslahatlashishlari vositasida hal etiladi.
2. Ushbu Bitimga kiritilgan oʻzgartirish va toʻldirishlar protokol bilan rasmiylashtirilib, uning ajralmas qismi hisoblanadi.
13-modda
Mazkur Bitim u imzolangan vaqtdan boshlab kuchga kiradi va 5 yil davomida oʻz kuchini saqlab, Ahdlashuvchi Tomonlardan biri ikkinchi Ahdlashuvchi Tomonni tegishli muddat tugashidan olti oy avval diplomatik yoʻl bilan yozma ravishda mazkur Bitimni bekor qilish niyatida ekanligidan xabardor qilmasa, avtomatik tarzda keyingi besh yillik muddatlarga uzaytiriladi.
Toshkent shahrida 1996-yilning 23-mayida har biri oʻzbek, latish va rus tillarida boʻlgan ikki asl nusxada tuzildi, bunda barcha matnlar teng yuridik kuchga ega.
Matnlar turlicha talqin qilinganda Bitimning rus tilidagi nusxasi asos qilib olinadi.
(imzolar)
