Madaniy va ilmiy hamkorlik toʻgʻrisida
11.01.1995
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Polsha Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Shartnoma
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Polsha Respublikasi Hukumati, bundan keyin “Ahdlashuvchi Tomonlar” deb ataluvchilar,
ikki davlat oʻrtasida oʻzaro yordam, suveren tenglik va ichki ishlarga aralashmaslikka asoslangan doʻstlik munosabatlarini rivojlantirish va mustahkamlash istagida,
bu hamkorlik ikki davlat oʻrtasidagi doʻstlik aloqalarini mustahkamlashga imkon beradi degan ishonch bilan,
fan, maorif, madaniyat, sanʼat, sport va sayohat, yoshlar almashuvi, shuningdek, ommaviy axborot vositalari sohasida hamkorlikni rivojlantirish niyatiga amal qilib,
Xelsinki Yakunlovchi aktida, yangi Yevropa uchun Parij Xartiyasida va Yevropada xavfsizlik va hamkorlik boʻyicha Kengashning boshqa hujjatlarida, xususan EXHK aʼzolari boʻlgan davlatlarning madaniy merosi boʻyicha Krakov simpoziumida erishilgan kelishuvlardagi madaniy oʻlchovlarga tegishli qoidalarni bajarishga intilib,
bu hamkorlikning oʻzaro foydali ekanini anglagan holda,
ushbu Shartnomani tuzishga qaror qildilar va shu maqsadda quyidagilar haqida kelishib oldilar:
1-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar shaxsni, vijdon va din erkinligini, shaxsning oʻz fikrini ifodalash erkinligini, maʼnaviy va madaniy boyliklarni tan olishni, samimiylikni, birovning fikriga nisbatan sabr-toqatli boʻlishni, qonunning ustuvorligini hurmat qilishga asoslangan madaniy va ilmiy munosabatlarni oʻrnatishga alohida eʼtibor beradilar.
2-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar davlat, jamoat va xususiy institutlar, tashkilotlar, birlashmalar, ayrim shaxslar tomonidan oʻzbek-polyak qoʻshma tashkilotlari barpo etishga, ushbu Shartnomaning maqsadlariga erishishga va ikkala davlat xalqlarining oʻzaro yaqinlashuviga yordam beradigan tadbirlarni amalga oshirishga qaratilgan tashabbuslarini va har tomonlama hamkorlik qilish formalarini qoʻllab-quvvatlaydilar.
3-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar ikkala davlat olimlari, tadqiqot muassasalari va ilmiy tashkilotlari oʻrtasida bevosita hamkorlik qilishni kengaytirish va chuqurlashtirishga har tomonlama yordam beradilar.
4-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar ikkala davlatning tenglik va ikki tomonlama va foyda koʻrish qatʼiyatlariga asoslangan ilmiy va texnikaviy hamkorligidan manfaatdordirlar. Ilmiy va texnikaviy hamkorlik muayyan hukumatlararo shartnomalarga muvofiq amalga oshiriladi.
5-modda
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi va Polsha Respublikasi Milliy taʼlim vazirligi fan va maorif sohasida hamkorlik qilib, maorifni boshqarish, oʻqitishning zamonaviy usullari, birgalikda ilmiy tadqiqot tashkil etish, shuningdek, oʻzaro manfaatdorlikning predmeti boʻlgan ixtisosliklar boʻyicha kadrlar tayyorlash sohalarida tajriba almashish maqsadida bevosita aloqalar oʻrnatadilar.
6-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar muayyan hukumatlararo yoki toʻgʻridan toʻgʻri bitimlar bilan muddati va taʼlim turi koʻrsatilgan talabalar, aspirantlar va stajorlar bilan almashuvni qoʻllab-quvvatlaydilar.
7-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar boshqa davlatning tili, adabiyoti, tarixi va jugʻrofiyasi haqidagi bilimlarni yoyishga va ularni oʻrgatishga, shuningdek, darslik va boshqa oʻquv qoʻllanmalarini tuzishga yordam beradilar.
8-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar Oʻzbekiston Respublikasi bilan Polsha Respublikasi oʻrtasida ikkala davlat oʻrtasidagi munosabatlarda oʻrta maktablarni, hunar bilim yurtlarini bitirganlik toʻgʻrisidagi attestatlar va oliy oʻquv yurtlari diplomlarining qimmati tengligini oʻzaro eʼtirof etish toʻgʻrisidagi Shartnoma tuzilgunga qadar Pragada 1972-yil 7-iyunda tuzilgan oʻrta maktablarni, hunar bilim yurtlarni bitirganlik toʻgʻrisidagi attestatlar va tibbiyot institutlari, shuningdek, tibbiyot sohasida ilmiy daraja va unvon diplomlaridan tashqari, oliy oʻquv yurtlari diplomlari, shuningdek, ilmiy daraja va unvonlar haqidagi diplomlar qimmati tengligini oʻzaro eʼtirof etish toʻgʻrisidagi Konvensiya qarorlari tatbiq etilishiga kelishib oldilar.
9-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar alohida tuzilgan bitim asosida amalga oshiriladigan sogʻliqni saqlash va tibbiyot fani sohasidagi hamkorlikni qoʻllab-quvvatlaydilar.
10-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar madaniyat va sanʼatning barcha sohalarida almashuvlar va hamkorlikni quvvatlaydilar hamda shu sohalarda faoliyat olib boruvchi tashkilotlar, muassasalar va shaxslar oʻrtasida hamkorlik qilish uchun tegishli imkoniyatlar yaratadilar.
11-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar ikkala davlat madaniy merosi va hozirgi madaniy yutuqlariga qiziqishni qoʻllab-quvvatlaydilar. Shu maqsadda oʻzaro manfaatdorlik va ikki tomonlama foyda olish qatʼiyati asosida quyidagilarni qoʻllab-quvvatlaydilar:
koʻrgazma va boshqa madaniyat sohasidagi tanishtirishlar bilan almashuv,
artistlar va artistlar guruhi bilan almashuv,
adabiy asarlarni tarjima qilish va nashr etish, shuningdek, boshqa davlatning badiiy ijodiyotini ommalashtirish,
boshqa davlatning badiiy asarlarini teatr sahnalarida, konsert, koʻrgazma zallarida, kinoteatr, televideniye va radio orqali tanishtirish,
muzeyshunoslik sohasida hamkorlik qilish,
milliy madaniy muassasalarning hamkorlik qilishi,
boshqa tomon tashkillashtirgan madaniy xarakterdagi xalqaro tadbirlarda oʻz vakillarining ishtirok etishi,
yangi madaniy boylik yaratayotgan alohida shaxslarning oʻziga xos tashabbus va tadbirlari.
12-modda
Aqliy hamda madaniy boyliklarni yoyish va ommalashtirish maqsadida Ahdlashuvchi Tomonlarning har biri boshqa davlat fuqarolarining mualliflik huquqining qonuniy himoya qilinishini taʼminlaydi.
13-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar ikkala davlat milliy madaniy merosining butunligini muhofaza qilishga, oʻz hududida boshqa Ahdlashuvchi Tomonning oʻtmish yodgorligi va madaniy boyligi boʻlgan ashyolarni saqlash va tiklashga qaratilgan choralarni koʻradilar.
14-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar arxivshunoslik, xususan, ilmiy maqsadlarda arxivga kirish imkoniyatini berish, toʻgʻridan toʻgʻri bitimlar asosida tajriba, nashrlar va mikrofilmlar bilan almashuv sohasida bevosita hamkorlik qilishni qoʻllab-quvvatlaydilar.
15-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar radioeshittirishlar va televideniye boʻyicha shu sohadagi bitimlar asosida bevosita hamkorlikni qoʻllab-quvvatlaydilar.
Ikkala davlat televideniyelari Oʻzbekiston televideniyesi orqali Oʻzbekiston Respublikasi hududida yashovchi polyak milliy ozchiligi uchun moʻljallangan polyak tilidagi dasturni doimiy ravishda berib borishga birgalikda choralar koʻradilar.
16-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar Oʻzbekiston Respublikasi bilan Polsha Respublikasining jurnalistika sohasidagi tashkilotlari oʻrtasida, ikki mamlakat tahririyatlari va matbuot agentliklari oʻrtasida hamkorlikni rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlaydilar.
17-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar YUNESKO vakolatiga kiradigan sohalardagi hamkorlikni qoʻllab-quvvatlaydilar.
18-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar Shartnomaning moliyaviy tomonini va uni bajarishni tashkillashtirish imkoniyatlarini aniqlab beradigan vaqtinchalik ijro dasturlarini ishlab chiqadilar.
19-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar xalqaro shartnomalarni kuchga kiritish boʻyicha Ahdlashuvchi Tomonlardan har birining milliy qonunchiligida koʻzda tutilgan huquqiy tartiblarining bajarilishi haqida oʻzaro nota almashadilar. Oxirgi nota olingan muddat ushbu Shartnomaning kuchga kirish muddati boʻlib hisoblanadi.
20-modda
Ushbu Shartnoma besh yil muddatga tuziladi. Agar Ahdlashuvchi Tomonlardan biri shu muddat tugashidan olti oy ilgari ikkinchi Ahdlashuvchi Tomonni ushbu Shartnomani bekor qilish haqida nota yuborish yoʻli bilan ogohlantirmasa, uning kuchi oʻz-oʻzidan, kelasi besh yillik muddatga uzaytiriladi.
Varshava shahrida 1995-yil 11-yanvarda ikki nusxada har biri oʻzbek, polyak va rus tillarida tuzildi, bunda uchala matn ham bir xil kuchga ega. Ushbu Shartnoma qoidalarini talqin etishda kelishmovchiliklar yuzaga kelgan holda rus tilidagi matnga amal qilinadi.
(imzolar)
