Ishlab chiqarish kooperatsiyasi toʻgʻrisida
06.09.1994
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Ukraina Hukumati oʻrtasida
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Ukraina Hukumati, keyingi oʻrinlarda “Ahdlashuvchi Tomonlar” deb ataluvchilar, har tomonlama iqtisodiy, sanoat, ilmiy-texnik hamkorlik ikki tomonlama munosabatlarni barqaror va uzoq muddatli asosda rivojlantirish uchun muhim va zarur element ekanligini anglab,
davlatlarning ishlab chiqarish va ilmiy-texnologik salohiyatlari oʻrtasidagi mavjud texnologik munosabatlarni hisobga olgan holda,
Bozor munosabatlariga asoslangan umumiy iqtisodiy makonni yaratishda Ahdlashuvchi Tomonlar davlatlarining xoʻjalik yurituvchi subyektlarining bevosita ishlab chiqarish sohasidagi oʻzaro munosabatlarining hal qiluvchi rolini eʼtirof etgan holda,
korxona va tarmoqlar oʻrtasida sanoat kooperatsiyasini taʼminlash va oʻzaro manfaatli rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga intilib,
ikki mamlakat oʻrtasidagi iqtisodiy hamkorlikning darajasiga tayangan holda,
koʻp tomonlama savdo tizimining mustahkamlanishiga hamda Tariflar va savdo toʻgʻrisidagi bosh bitimning asosiy tamoyillariga muvofiq savdo munosabatlarini rivojlantirishga hissa qoʻshishga boʻlgan intilishni taʼkidlab,
barqaror iqtisodiy oʻsishni taʼminlash, fuqarolarining hayot sifatini yaxshilash, aholi bandligini kengaytirish, moddiy va inson resurslaridan samarali foydalanish va atrof-muhitni muhofaza qilish maqsadlaridan kelib chiqib,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar mulkchilikning barcha shakllaridagi korxonalar, sanoat va sohalararo majmualar oʻrtasidagi hamkorlikni ularning bevosita ishlab chiqarish aloqalari asosida amalga oshirish va rivojlantirishga koʻmaklashadilar.
2-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar xalqaro ixtisoslashuv va ishlab chiqarish kooperatsiyasini, ularni amalga oshirish sharoitlarini rivojlantirish, sanoat tarmoqlaridagi ustuvorliklarni aniqlash, qoʻshma loyiha va dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirishga koʻmaklashish, ishlab chiqarishni muvofiqlashtirish, shu jumladan mudofaa sanoatini konversiya qilish boʻyicha zarur chora-tadbirlarni amalga oshiradilar.
3-modda
Tomonlar quyidagilar boʻyicha kelishib oldilar:
kooperatsiya orqali tovarlarni yetkazib berish deganda texnologik jihatdan oʻzaro bogʻliq va tayyor mahsulotni ishlab chiqarish uchun kerakli boʻlgan xomashyo, materiallar, uzellar, detallar, ehtiyot qismlar, tayyorlamalar, yarimfabrikatlar, butlovchi hamda boshqa tarmoq va tarmoqlararo qismlarni yetkazish tushuniladi;
xizmat koʻrsatish deganda loyihaviy, taʼmirlash ishlari, texnik xizmat koʻrsatish va texnologik jarayonlar tushuniladi;
tovarlarni qayta ishlash uchun bojxona rejimlari doirasida yetkazib berish deganda Tomonlarning bojxona qonunchiligida belgilangan shartlarga muvofiq tovarlar yetkazib berish tushuniladi, agar mazkur Bitimda boshqacha qoida belgilanmagan boʻlsa.
4-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar sanoat kooperatsiyasi va bevosita munosabatlarning asosiy boʻgʻinini xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan tegishli tarmoqlar va tarmoqlararo bitimlar asosida tuziladigan shartnomalar (kontraktlar) deb hisoblaydilar.
5-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar oʻz vazirliklari va idoralariga oʻzaro sanoat kooperatsiyasi boʻyicha bitimlar tuzishda koʻmaklashadilar.
6-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar sanoat kooperatsiyasi boʻyicha birinchi navbatda quyidagi tarmoqlarda bitimlar tuzishni zarur deb hisoblaydilar:
yoqilgʻi-energetika majmuasi;
metallurgiya, kimyo, neft-kimyo va yogʻochsozlik sanoati;
mashinasozlik va mudofaa sanoati;
yengil sanoat;
transport;
tibbiyot va farmakologiya sanoati;
qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat sanoati.
7-modda
Sanoat kooperatsiyasi boʻyicha tarmoqlar va tarmoqlararo bitimlar kooperatsiyada ishtirok etuvchi va ishlab chiqarish (xizmat koʻrsatish) ixtisoslashuvini saqlovchi korxona va tashkilotlarning roʻyxatlarini, mahsulot (xizmat koʻrsatish) taʼminotining nomenklaturasi va hajmlarini belgilab beradi.
8-modda
Sanoat kooperatsiyasi boʻyicha tarmoqlar va tarmoqlararo bitimlar ular asosida Ahdlashuvchi Tomonlar davlatlarining korxonalari oʻrtasida tuziladigan va mahsulotlarni bojxona rasmiylashtiruvi hamda Ahdlashuvchi Tomonlar davlatlarining bojxona chegarasidan oʻtkazish uchun asos boʻladigan shartnomalar (kontraktlar) tuzish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
Ishlab chiqarish kooperatsiyasi doirasida yetkazib beriladigan mahsulotlar (xizmatlar) deklaratsiyasi Ahdlashuvchi Tomonlar davlatlarining bojxona organlariga ularning hisob-kitobini qiladigan qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
9-modda
Tomonlar eksport va import bojlari, soliqlar, aksiz soligʻi va kooperatsiya yoʻli bilan va qayta ishlashning bojxona rejimlari doirasida yetkazib beriladigan tovarlar hamda koʻrsatiladigan xizmatlar boʻyicha miqdoriy cheklovlarni qoʻllamaslikni oʻz zimmalariga oladilar.
Koʻrsatilgan mahsulotlarni (xizmatlar) bojxona rasmiylashtiruvidan oʻtkazish uchun yigʻimlar Ahdlashuvchi Tomonlarning davlatlari qonun va qoidalariga muvofiq umumiy shartlar asosida undiriladi.
10-modda
Qayta ishlashga berilgan xomashyodan kooperatsiya yoʻli bilan ishlab chiqarilgan mahsulotlarni yetkazib berish Ahdlashuvchi Tomonlar davlatlarining qayta ishlashga berilgan xomashyo operatsiyalari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
11-modda
Ishlab chiqarish kooperatsiyasi doirasida yetkazib beriladigan mahsulotlar, shuningdek, xomashyo, materiallar va butlovchi qismlar ishlab chiqarish kooperatsiyasida ishtirok etuvchi davlatlarning vakolatli organining tegishli yozma roziligisiz uchinchi mamlakatlarga, jumladan, xorijiy jismoniy va yuridik shaxslarga yoki xalqaro tashkilotlarga qayta eksport qilinmaydi.
12-modda
Sanoat sohasidagi integratsion jarayonlarni rivojlantirish maqsadida Ahdlashuvchi Tomonlar korxonalar va tarmoqlar oʻrtasidagi kooperatsion aloqalarni tartibga solish boʻyicha xoʻjalik yurituvchi subyektlarga nisbatan oʻz mamlakatlarining milliy qonunchiligi normalarini muvofiqlashtirish va yaqinlashtirish boʻyicha izchil ishlarni amalga oshirishga kelishib oldilar.
13-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar, zarur hollarda, yuqori texnologiyali sohalar va eksportga yoʻnaltirilgan tarmoqlardagi hamkorlikni rivojlantirish hamda import oʻrnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishni ragʻbatlantiruvchi kreditlar va investitsiyalar berish shartlarini kelishib oladilar.
14-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar quyidagi muammolarni birgalikda oʻrganishni tashkil etadi:
marketing, lizing tadqiqotlarini oʻtkazish va koʻrgazmalar tashkil etish, xizmatlar koʻrsatish;
davlatlari oʻrtasida hamkorlar topish, shartnomalar (kontraktlar) tayyorlash, tuzish va ijro etishda yordam koʻrsatadigan zamonaviy axborot kommunikatsiyalarini rivojlantirish;
mutaxassislar tayyorlash boʻyicha birgalikdagi faoliyatni amalga oshirish.
15-modda
Mazkur Bitim Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasida tuzilgan bitim bilan oʻzgartirilishi yoki toʻldirilishi mumkin.
16-modda
Mazkur Bitimni sharhlash va qoʻllash bilan bogʻliq nizolar, avvalo, Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasidagi maslahatlashuv va muzokaralar orqali hal etiladi.
17-modda
Mazkur Bitim Ahdlashuvchi Tomonlar tarafidan Bitim kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan davlat ichki protseduralari bajarilganligi haqida soʻnggi yozma xabarnoma diplomatik kanallar orqali olingan sanadan boshlab kuchga kiradi va nomuayyan muddatda kuchda qoladi.
Mazkur Bitimning amal qilishi Ahdlashuvchi Tomonlardan birining boshqa Ahdlashuvchi Tomonga Bitim amal qilishini tugatish niyati toʻgʻrisidagi tegishli yozma xabarnomasining olgan sanadan boshlab 6 oydan soʻng tugatiladi.
1994-yil 6 sentabrda Toshkent shahrida har biri ukrain, oʻzbek, va rus tillarida boʻlgan ikki asl nusxada imzolandi va bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.
(imzolar)
