Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining oliy harbiy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (2658-son)
05.03.2015
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MUDOFAA VAZIRLIGINING
buyrugʻi
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2015-yil 5-martda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2658]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 3-iyundagi 141-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi oliy harbiy taʼlim muassasalariga tanlash tartibi va qabul qilish qoidalari toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining oliy harbiy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir Q. BERDIYEV
Toshkent sh.,
2015-yil 2-fevral,
72-son
Oʻzbekiston Respublikasi mudofaa vazirining 2015-yil 2-fevraldagi 72-sonli buyrugʻiga ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining oliy harbiy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Taʼlim toʻgʻrisida”gi va “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat toʻgʻrisida”gi qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 3-iyundagi 141-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi oliy harbiy taʼlim muassasalariga tanlash tartibi va qabul qilish qoidalari toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining oliy harbiy taʼlim muassasalariga (bundan buyon matnda oliy harbiy taʼlim muassasalari deb yuritiladi) oʻqishga qabul qilish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Oliy harbiy taʼlim muassasalariga nomzodlarni oʻqishga qabul qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlangan Butlash rejasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi mudofaa vazirining oliy harbiy taʼlim muassasalariga qabul oʻrinlarini ajratish toʻgʻrisidagi buyrugʻiga asosan amalga oshiriladi.
Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashga munosib hissa qoʻshgan, xizmat yoki ilmiy faoliyatida yuqori natijalarga erishgan ichki ishlar organlarining amaldagi xodimlari farzandlariga oliy harbiy taʼlim muassasalariga kirish uchun kursantlarni qabul qilishning umumiy sonidan besh foizli kvota ajratiladi.
2. Oliy harbiy taʼlim muassasalari kursantlari kontingentini sifatli butlash uchun:
harbiy-professional yoʻnalish;
dastlabki tanlash;
harbiy-professional tanlash;
test sinovlarini nazarda tutuvchi kompleks bosqichma-bosqich tanlash amalga oshiriladi.
3. Oliy harbiy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirish uchun nomzodlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 12-sentabrdagi PQ-4447-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining harbiy xizmatni oʻtash tartibi toʻgʻrisidagi nizomda belgilangan talablarga javob berishi zarur.
4. Harbiy xizmatchilarni oliy harbiy taʼlim muassasalari va Serjantlarni tayyorlash maktablarida oʻqitishga sarflangan budjet mablagʻlarini davlatga undirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga (roʻyxat raqami 2024, 2009-yil 27-oktabr) asosan, nomzodlar, ularning ota-onalari oliy harbiy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirishidan oldin bilim yurti rahbariyati tomonidan oʻqishni tamomlagach dastlabki kontrakt talablarini bajarmaganligi sababli, zaxiraga boʻshatilishi, shartnomaning muddatidan ilgari bekor qilinishi yoki sodir etgan jinoyati uchun ozodlikdan mahrum etilishi holatlarida moddiy masʼulligi toʻgʻrisida mazkur Nizomning 1-ilovasiga muvofiq shaklda yozma ravishda ogohlantiriladi.
5. Oliy harbiy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish uchun Oʻzbekiston Respublikasi mudofaa vazirining buyrugʻi bilan oliy harbiy taʼlim muassasalari qabul komissiyalari (bundan buyon matnda qabul komissiyalari deb yuritiladi) tuziladi va ularning tarkibi tasdiqlanadi.
6. Qabul komissiyalariga oliy harbiy taʼlim muassasasining boshligʻi rahbarlik qiladi. Qabul komissiyalari tarkibiga Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining tegishli tarkibiy tuzilmalarining mutaxassislari kiritiladi.
Qabul komissiyalari qabul yilining 10-martidan 1-sentabriga qadar faoliyat yuritadi.
7. Qabul komissiyasi raisi — oliy harbiy taʼlim muassasasi boshligʻi:
qabul komissiyasining ishini tashkillashtiradi;
qabul komissiyasining vazifalarini belgilaydi;
kichik komissiyalar tarkibini shakllantiradi va tasdiqlaydi;
kichik komissiyalar faoliyatini muvofiqlashtiradi va nazorat qiladi.
Qabul komissiyasi raisi — oliy harbiy taʼlim muassasasi boshligʻi oʻziga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun oʻz vakolati doirasida buyruqlar qabul qiladi.
8. Qabul komissiyasi tarkibida quyidagi kichik komissiyalar tuziladi:
nomzodlarning hujjatlarini oʻrganish boʻyicha kichik komissiya;
individual-psixologik oʻrganish boʻyicha kichik komissiya;
nomzodlarning umumjismoniy tayyorgarlik koʻrganligini baholash boʻyicha kichik komissiya;
psixofiziologik oʻrganish boʻyicha kichik komissiya;
nomzodlarning umumtaʼlim fanlarini bilish darajasini aniqlash uchun yozma imtihon oʻtkazish boʻyicha kichik komissiya;
kompyuter texnikasini va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini egallab olganlik darajasini tekshirish boʻyicha kichik komissiya.
9. Oliy harbiy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirishni xohlagan fuqarolar oʻzlarining yashash joyidagi mudofaa ishlari boʻyicha boʻlimlarga mazkur Nizomning 2-ilovasiga muvofiq shakldagi ariza bilan, harbiy xizmatchilar oʻz xizmat oʻtash joyiga mazkur Nizomning 3-ilovasiga muvofiq shakldagi bildirgi bilan murojaat qiladi.
10. Oliy harbiy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirish uchun arizalar (bildirgilar) qabul yilining 1-fevralidan 1-apreliga qadar qabul qilinadi.
11. Oliy harbiy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirishni xohlagan nomzodlar tomonidan mudofaa ishlari boʻyicha boʻlimlarga quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
ariza (bildirgi);
pasport nusxasi;
tugʻilganlik haqida guvohnoma nusxasi;
chaqiriluvchining qayd etilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomasi yoki harbiy guvohnomasi;
nomzod tomonidan qoʻlda yoki kompyuterda yozilgan tarjimai hol;
anketa;
oʻqish, ish yoki xizmatni oʻtash joyidan (agar oʻqiyotgan, ishlayotgan yoki xizmatni oʻtayotgan boʻlsa) tavsifnoma hamda maʼlumotnoma;
ota-onasining oliy harbiy taʼlim muassasasiga oʻqishga kirishiga rozilik xati;
maʼlumoti toʻgʻrisidagi (umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, boshlangʻich professional, oʻrta professional, oʻrta maxsus professional) hujjatlar (asli va nusxasi) hamda reyting daftarchasi (baholar tabeli) nusxasi;
oliy harbiy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirishda imtiyozlardan foydalanish huquqini tasdiqlovchi hujjatlar (asli va nusxasi);
3 x 4 sm oʻlchamdagi 6 ta fotosurat (bosh kiyimsiz va burchaksiz) hamda 4,5 x 6 sm oʻlchamdagi 4 ta fotosurat (bosh kiyimsiz);
Nomzoddan ayrim hujjatlarga aniqlik kiritish uchun qoʻshimcha ravishda zarur hujjatlar va maʼlumotlar talab qilinishi yoki tegishli tashkilotlardan soʻrab olinishi mumkin.
Nomzodlar tomonidan hujjatlarni taqdim etishda pasport, tugʻilganlik haqida guvohnoma, chaqiriluvchining qayd etilganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma yoxud chaqiriluvchining harbiy guvohnomasi shaxsan koʻrsatiladi.
12. Oliy harbiy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirishni xohlagan harbiy xizmatchilar tomonidan oʻz xizmat oʻtash joyiga mazkur Nizomning 11-bandida nazarda tutilgan hujjatlar bilan birga qoʻshimcha ravishda quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
oliy harbiy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirishga tavsiyalovchi hujjatlar (muddatli harbiy xizmatni oʻtayotgan harbiy xizmatchilarga — harbiy boʻlinmaning umumiy yigʻilishi bayonnomasidan koʻchirma, kontrakt boʻyicha harbiy xizmatchilarga esa — harbiy qismning attestatsiya komissiyasi yigʻilish bayonnomasidan koʻchirma);
harbiy qismlar (muassasalar) va boʻlinmalarning komandirlari (boshliqlari) tomonidan berilgan iltimosnoma.
13. Tegishli shakl boʻyicha ruxsatnomani kelishish uchun zarur boʻlgan materiallar belgilangan tartibda rasmiylashtiriladi.
14. Mudofaa ishlari boʻyicha boʻlimlar, boshqarmalar, qoʻshilmalar va harbiy qismlar (muassasalar) hamda oliy harbiy taʼlim muassasalari Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 3-iyundagi 141-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi oliy harbiy taʼlim muassasalariga tanlash tartibi va qabul qilish qoidalari toʻgʻrisidagi nizomda nazarda tutilgan harbiy-professional yoʻnalish boʻyicha vazifalarning amalga oshirilishi uchun masʼuldir.
2-bob. Dastlabki tanlash tadbirlarini tashkil etish va oʻtkazish
15. Dastlabki tanlash davomida quyidagi tadbirlar tashkil etiladi va oʻtkaziladi:
hujjatlarni toʻplash va oʻrganish;
yakka tartibda suhbatlashish;
individual-psixologik oʻrganish;
umumjismoniy tayyorgarlik koʻrganligini baholash;
tibbiy koʻrikdan oʻtkazish.
16. Dastlabki tanlash tadbirlari ikki bosqichda oʻtkaziladi.
Birinchi bosqich fuqaro yoshlar uchun — tuman (shahar) mudofaa ishlari boʻyicha boʻlimlarda, harbiy xizmatchilar uchun — oʻz xizmat oʻtash joyida 1-fevraldan 31-martga qadar amalga oshiriladi hamda ushbu bosqichda quyidagi tadbirlar tashkil etiladi va oʻtkaziladi:
hujjatlarni toʻplash va oʻrganish;
yakka tartibda suhbatlashish;
birlamchi tibbiy koʻrikdan oʻtkazish.
Ikkinchi bosqich fuqaro yoshlar va harbiy xizmatchilar uchun mudofaa ishlari boʻyicha boshqarmalarda 1-apreldan 31-mayga qadar amalga oshiriladi hamda ushbu bosqichda quyidagi tadbirlar tashkil etiladi va oʻtkaziladi:
individual-psixologik oʻrganish;
umumjismoniy tayyorgarlik koʻrganligini baholash;
takroriy tibbiy koʻrikdan oʻtkazish.
17. Dastlabki tanlash tadbirlarida ishtirok etadigan nomzodlarning soni cheklanmaydi.
18. Nomzodlarning hujjatlarini toʻplash va oʻrganish ishlari dastlabki tanlash tadbirlarining birinchi bosqichi yakunlangunga qadar (31-martga qadar) amalga oshiriladi.
19. Yakka tartibdagi suhbat fuqaro yoshlar bilan — tuman (shahar) mudofaa ishlari boʻyicha boʻlimlar boshliqlari tomonidan, harbiy xizmatchilar bilan — harbiy qismlar (muassasalar), boʻlinmalarning komandirlari tomonidan oʻtkaziladi. Bunda yakka tartibdagi suhbat nomzod ariza (bildirgi) bilan murojaat qilgan kundan boshlab 10 kun ichida oʻtkaziladi. Yakka tartibdagi suhbat natijasi boʻyicha mazkur Nizomning 4-ilovasiga muvofiq shaklda yakka tartibdagi suhbat varaqasi toʻldiriladi.
20. Nomzodlarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 25-dekabrdagi PQ-4076-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida tinchlik va urush davrida tibbiy koʻrikdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi nizomga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida tinchlik va urush davrida tibbiy koʻrikdan oʻtkazishni tashkil etish va amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga (roʻyxat raqami 3147, 2019-yil 3-aprel) muvofiq amalga oshiriladi.
21. Nomzodlarni birlamchi tibbiy koʻrikdan oʻtkazish mudofaa ishlari boʻyicha tuman (shahar) boʻlimlari huzuridagi tibbiy komissiyalar tomonidan amalga oshiriladi va 1-fevraldan 31-martga qadar davom etadi. Harbiy xizmatchilarni birlamchi tibbiy koʻrikdan oʻtkazish harbiy tibbiy muassasalarning harbiy vrachlik komissiyalari tomonidan amalga oshiriladi.
22. Nomzodlarni takroriy tibbiy koʻrikdan oʻtkazish mudofaa ishlari boʻyicha boshqarmalar huzuridagi tibbiy komissiyalar tomonidan amalga oshiriladi va 1-apreldan 20-mayga qadar davom etadi, harbiy xizmatchilar bundan mustasno.
23. Sogʻligʻining holatiga koʻra oliy harbiy taʼlim muassasasida oʻqishga yaroqsiz deb hisoblangan va tibbiy komissiyaning ushbu xulosasiga norozi boʻlgan nomzodlar nazorat tibbiy koʻrikdan viloyatlar muqobil tibbiy komissiyalarida 1-maydan 31-mayga qadar oʻtishlari mumkin.
24. Tibbiy koʻrikdan oʻtkazish natijalari boʻyicha sogʻligʻiga koʻra nomzodning oliy harbiy taʼlim muassasasida oʻqishga yaroqliligi darajasi toʻgʻrisida xulosa chiqariladi. Mazkur xulosa nomzodning shaxsiy hujjatlari yigʻma jildiga qoʻshib qoʻyiladi.
25. Sogʻligʻining holatiga koʻra oliy harbiy taʼlim muassasasida oʻqishga yaroqsiz deb hisoblangan nomzodlar harbiy-professional tanlash tadbirlariga qoʻyilmaydi.
26. Nomzodlar bilan individual-psixologik oʻrganish tadbirlari qabul komissiyasi raisi tomonidan tasdiqlangan reja-jadval asosida mudofaa ishlari boʻyicha boshqarmalarda qabul komissiyasi tarkibiga kiritilgan mutaxassis-psixologlar tomonidan ularni psixologik test sinovidan oʻtkazish yoʻli bilan mazkur Nizomning 5-ilovasida keltirilgan metodikaga muvofiq 1-apreldan 20-mayga qadar oʻtkaziladi.
27. Psixologik test sinovi natijalari boʻyicha quyidagi xulosalar chiqariladi:
oliy harbiy taʼlim muassasasiga kirish uchun tavsiya etiladi;
oliy harbiy taʼlim muassasasiga kirish uchun tavsiya etilmaydi.
28. Psixologik test sinovi natijalari boʻyicha oliy harbiy taʼlim muassasasiga kirish uchun tavsiya etilmagan nomzodlar dastlabki tanlashning keyingi tadbirlariga qoʻyilmaydi.
29. Nomzodlarning umumjismoniy tayyorgarligi darajasini baholash qabul komissiyasi raisi tomonidan tasdiqlangan reja-jadval asosida mudofaa ishlari boʻyicha boshqarmalar boshliqlari belgilagan joylarda qabul komissiyasi tarkibiga kiritilgan mutaxassislar tomonidan mazkur Nizomning 6-ilovasida keltirilgan metodikaga muvofiq 1-apreldan 20-mayga qadar oʻtkaziladi.
30. Umumjismoniy tayyorgarlik darajasi boʻyicha belgilangan talablarga javob bermagan nomzodlar dastlabki tanlashning keyingi tadbirlariga qoʻyilmaydi.
31. Dastlabki tanlash tadbirlaridan muvaffaqiyatli oʻtgan nomzodlarning shaxsiy hujjatlari yigʻma jildi toʻliq rasmiylashtirilgandan soʻng tegishli mudofaa ishlari boʻyicha boshqarmalar va harbiy qismlar (muassasalar) tomonidan 20-iyunga qadar tegishli oliy harbiy taʼlim muassasalariga yuboriladi.
3-bob. Nomzodlar bilan harbiy-professional tanlash tadbirlarini oʻtkazish
32. Qabul komissiyasi tomonidan har yili 1-iyunga qadar harbiy professional-tanlash tadbirlarini oʻtkazish muddatlari belgilangan reja-jadval ishlab chiqilib, qabul komissiyasi raisi tomonidan tasdiqlanadi va mudofaa ishlari boʻyicha boshqarmalarga yuboriladi.
33. Mudofaa ishlari boʻyicha boshqarmalar va harbiy qismlar (muassasalar) nomzodlarni reja-jadvalga muvofiq harbiy-professional tanlash tadbirlarini oʻtkazish muddatlari bilan tanishtiradi va ularni belgilangan muddatlarda tegishli oliy harbiy taʼlim muassasalariga toʻliq holda yetib kelishlarini taʼminlaydi.
34. Harbiy-professional tanlash tadbirlari iyun oyida oliy harbiy taʼlim muassasalarida oʻtkaziladi.
35. Harbiy-professional tanlash davomida quyidagi tadbirlar tashkil etiladi va oʻtkaziladi:
hujjatlarni oʻrganish;
psixofiziologik oʻrganish;
tibbiy koʻrikdan oʻtkazish;
kompyuter texnikasini va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini egallab olganlik darajasini tekshirish;
umumtaʼlim fanlarini bilish darajasini aniqlash boʻyicha yozma imtihon (bundan buyon matnda yozma imtihon deb yuritiladi).
37. Oliy harbiy taʼlim muassasasi qabul komissiyasi tarkibidagi nomzodlarning hujjatlarini oʻrganish kichik komissiyasi hujjatlarni oʻrganishda oliy harbiy taʼlim muassasasiga taqdim etilgan shaxsiy hujjatlar yigʻma jildlarini roʻyxatga oladi hamda ularning belgilangan talablarga muvofiqligini tekshiradi.
38. Psixofiziologik oʻrganish mazkur Nizomning 7-ilovasida keltirilgan metodikaga muvofiq qabul komissiyasi tarkibidagi psixofiziologik oʻrganish boʻyicha kichik komissiya mutaxassislari tomonidan oʻtkaziladi.
Psixofiziologik oʻrganish maxsus avtomatlashtirilgan psixofiziologik komplekslar yordamida amalga oshiriladi.
39. Tibbiy koʻrikdan oʻtkazish Oʻzbekiston Respublikasi mudofaa vazirining buyrugʻi bilan tasdiqlanadigan tibbiyot mutaxassislaridan maxsus shakllantiriladigan harbiy-tibbiy komissiya tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 25-dekabrdagi PQ-4076-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida tinchlik va urush davrida tibbiy koʻrikdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi nizomga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida tinchlik va urush davrida tibbiy koʻrikdan oʻtkazishni tashkil etish va amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga (roʻyxat raqami 3147, 2019-yil 3-aprel) muvofiq oʻtkaziladi.
40. Tibbiy koʻrikdan oʻtkazish natijalari boʻyicha sogʻligʻining holatiga koʻra nomzodning oliy harbiy taʼlim muassasasida oʻqishga yaroqliligi darajasi toʻgʻrisida xulosa chiqariladi.
41. Sogʻligʻining holatiga koʻra oliy harbiy taʼlim muassasasida oʻqishga yaroqsiz deb hisoblangan nomzodlar harbiy-professional tanlashning keyingi tadbirlariga qoʻyilmaydi.
43. Nomzodning kompyuter texnikasi va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini egallab olganlik darajasini tekshirish kompyuter texnikasini va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini egallab olganlik darajasini tekshirish boʻyicha kichik komissiya tomonidan mazkur Nizomning 9-ilovasida keltirilgan metodikaga muvofiq amalga oshiriladi.
431. Yozma imtihon ushbu imtihonni oʻtkazishga masʼul boʻlgan kichik komissiya tomonidan qabul yilining 25-iyuniga qadar mazkur Nizomning 10-ilovasida keltirilgan metodikaga muvofiq oʻtkaziladi.
44. Nomzodlarni tanlash tadbirlarini oʻtkazishning shaffofligi hamda xolisligini taʼminlash maqsadida psixofiziologik oʻrganish, kompyuter texnikasini va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini egallab olganlik darajasini tekshirish va yozma imtihon oʻtkazish jarayoni videokuzatuv tizimida qayd qilinadi.
45. Psixofiziologik oʻrganish, kompyuter texnikasini va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini egallab olganlik darajasini tekshirish va yozma imtihon tadbirlarida nomzod tomonidan toʻplangan ballar qabul komissiyasi tomonidan umumlashtiriladi. Nomzodning toʻplagan ballidan kelib chiqib, uni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan oʻtkaziladigan test sinovlarini topshirishga qoʻyish yoki qoʻymaslik toʻgʻrisida qaror qabul qilinadi.
Bunda, harbiy-professional tanlash tadbirlarida toʻplanishi mumkin boʻlgan maksimal ballning 50 foizi yoki undan yuqori ball toʻplagan nomzodlar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan oʻtkaziladigan test sinovlarini topshirishga qoʻyiladi.
46. Qabul komissiyasi tomonidan qabul yilining 30-iyuniga qadar harbiy-professional tanlash tadbirlarining yakunlari boʻyicha mazkur Nizomning 10a-ilovasiga muvofiq shaklda qaydnoma rasmiylashtiriladi va yakuniy natijalar shu kunning oʻzida nomzodlarga eʼlon qilinadi.
461. Psixofiziologik oʻrganish, kompyuter texnikasini va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini egallab olganlik darajasini tekshirish va yozma imtihon natijalaridan norozi boʻlgan nomzodlarning shikoyatlari qabul komissiyasi raisining buyrugʻi bilan harbiy-professional tanlash boʻyicha komissiyalar ishida qatnashmagan mutaxassislardan shakllantiriladigan apellatsiya komissiyasida koʻrib chiqiladi.
462. Shikoyatlar apellatsiya komissiyasiga natijalar eʼlon qilingan kundan boshlab ikki ish kuni ichida taqdim etilishi mumkin. Apellatsiya komissiyasi taqdim etilgan shikoyatlarni ular tushgan kundan boshlab ikki ish kuni ichida murojaat qilgan nomzod xohishiga koʻra, uning ishtirokida koʻrib chiqadi.
463. Apellatsiya komissiyasi tomonidan shikoyatlarni koʻrib chiqishda harbiy-professional tanlash tadbirlarining toʻgʻri oʻtkazilganligi, savollarning toʻgʻri tuzilganligi, javoblarning xolis tekshirilganligi va toʻgʻri baholanganligi oʻrganiladi va uning natijasi boʻyicha apellatsiya komissiyasi aʼzolarining oddiy koʻpchilik ovozi bilan quyidagi qarorlardan biri qabul qilinadi:
nomzodning shikoyatini qanoatlantirish toʻgʻrisida;
natijalarni oʻzgarishsiz qoldirish va shikoyatni qanoatlantirishni rad etish toʻgʻrisida.
Ovozlar nisbati teng boʻlganda apellatsiya komissiyasi raisining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi. Tegishli qaror darhol nomzodga yetkaziladi.
Apellatsiya komissiyasi qarorlari yuzasidan belgilangan tartibda shikoyat qilinishi mumkin.
47. Test sinovlari Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 3-iyundagi 141-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi oliy harbiy taʼlim muassasalariga tanlash tartibi va qabul qilish qoidalari toʻgʻrisidagi nizom hamda Oliy harbiy taʼlim muassasalarida test sinovlarini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga (roʻyxat raqami 2477, 2013-yil 12-iyul) muvofiq oʻtkaziladi.
48. Umumtaʼlim muassasalarida boshqa chet tili (ispan, arab, fors, dari, hind, urdu, xitoy, koreys, uygʻur va boshqa tillar) boʻyicha oʻqigan taqdirda nomzod test sinovlari oʻrniga Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 3-iyundagi 141-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi oliy harbiy taʼlim muassasalariga tanlash tartibi va qabul qilish qoidalari toʻgʻrisidagi nizomning 3-ilovasida nazarda tutilgan tartibda oliy harbiy taʼlim muassasalarida yagona koʻp balli imtihon tizimi boʻyicha chet tilidan imtihon topshiradi. Yagona koʻp balli imtihon tizimi boʻyicha chet tilidan oʻtkazilgan imtihon mazkur Nizomning 11-ilovasida nazarda tutilgan mezonlarga asosan baholanadi.
4-bob. Oliy harbiy taʼlim muassasasiga qabul qilish
49. Oliy harbiy taʼlim muassasasiga qabul qilish Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 3-iyundagi 141-sonli qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi oliy harbiy taʼlim muassasalariga tanlash tartibi va qabul qilish qoidalari toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq amalga oshiriladi.
50. Oliy harbiy taʼlim muassasasining qabul komissiyasi 10-iyulda nomzodlarni oʻqishga qabul qilish masalasini koʻrib chiqadi va mazkur Nizomning 12-ilovasiga muvofiq shakldagi protokolni rasmiylashtiradi. Mazkur protokol nomzodlarni oliy harbiy taʼlim muassasasiga oʻqishga qabul qilish toʻgʻrisidagi buyruqlarni rasmiylashtirish uchun asos hisoblanadi.
51. Oliy harbiy taʼlim muassasasiga oʻqishga qabul qilingan harbiy xizmatchilarga oʻz xizmat oʻtash joylariga taqdim etish uchun ularning oʻqishga qabul qilinganligi boʻyicha buyruqdan koʻchirma beriladi.
52. Test sinovlari natijasi boʻyicha berilgan apellatsiya shikoyatlari Oliy harbiy taʼlim muassasalarida test sinovlarini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga (roʻyxat raqami 2477, 2013-yil 12-iyul) muvofiq koʻrib chiqiladi.
5-bob. Yakuniy qoidalar
53. Oliy harbiy taʼlim muassasasining qabul komissiyasi nomzodlar belgilangan qoidalarga, harbiy va xizmat intizomiga rioya qilmagan taqdirda ularni oʻqishga qabul qilish boʻyicha tanlashning istalgan bosqichida chetlatish huquqiga ega.
54. Oliy harbiy taʼlim muassasasiga oʻqishga kirmagan nomzodlarning shaxsiy hujjatlari yigʻma jildlari test sinovlari natijalari eʼlon qilingan kundan eʼtiboran 5 kun ichida tegishli mudofaa ishlari boʻyicha boʻlimlar va harbiy qismlarga (muassasalarga) qaytarib yuboriladi.
55. Nomzodni oʻqishga qabul qilish uchun asos boʻlgan hujjatlar tegishli oliy harbiy taʼlim muassasasida saqlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining oliy harbiy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining oliy harbiy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining oliy harbiy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining oliy harbiy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 4-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining oliy harbiy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 5-ILOVA
Individual-psixologik oʻrganish
METODIKASI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Individual-psixologik oʻrganish nomzodlarni mazkur Metodikada belgilangan tartibda psixologik test sinovidan oʻtkazish orqali amalga oshiriladi.
2. Psixologik testlar, ularning javoblari, baholash mezonlari va javoblar blanklari oliy harbiy taʼlim muassasalardagi oʻqishning oʻziga xosligi hisobga olingan holda qoida tariqasida, har uch yilda bir marotaba Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining Ijtimoiy-psixologik tadqiqotlar markazi tomonidan qayta ishlab chiqilib, Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tomonidan tasdiqlanadi hamda har yili psixologik test sinovlari boshlangunga qadar individual-psixologik oʻrganish boʻyicha kichik komissiya raisiga yuboriladi.
3. Psixologik testlar, ularning javoblari, baholash mezonlari va javoblar blanklari individual-psixologik oʻrganish boʻyicha kichik komissiya raisida saqlanadi va u testlar va javoblarining oshkor boʻlib ketmasligi uchun masʼul hisoblanadi.
4. Dastlab nomzodlar individual-psixologik oʻrganish boʻyicha kichik komissiya tarkibiga kiritilgan mutaxassislar tomonidan individual-psixologik oʻrganishni oʻtkazish tartibi, shuningdek har bir vazifa boʻyicha tayyorlangan testlarni yechganlik uchun nazarda tutilgan baholash mezonlari bilan tanishtiriladi hamda tegishli yoʻl-yoʻriqlar beriladi.
2-bob. Individual-psixologik oʻrganishni oʻtkazish
5. Individual-psixologik oʻrganish yakka tartibda yoki guruh boʻlib oʻtkazilishi mumkin.
6. Individual-psixologik oʻrganish guruh boʻlib oʻtkazilganda, xonada nomzodlar 40 nafardan ortiq boʻlmasligi zarur.
7. Individual-psixologik oʻrganish davomida nomzodlarga bir nechta vazifa boʻyicha psixologik testlar beriladi.
8. Psixologik testlar nomzodlarning quyidagi individual-psixologik xususiyatlarini aniqlashga yoʻnaltiriladi:
aql zakovati, umumiy intellektual salohiyati va xotirasi;
mantiqiy fikrlashi, ziyrakligi, tafakkur shakllarining rivojlanganlik darajasi, fikrlash tezligi va tahlil qilish qobiliyatlari;
shaxsiga xos individual xususiyatlari, kirishimliligi, psixik turgʻunligi, samimiyligi;
kasbni tanlashining maqsadi va maqsadining barqarorligi.
9. Psixologik test boshlangunga qadar nomzodning sogʻligʻi surishtiriladi. Oʻzini yomon his qilayotganidan shikoyat qilgan nomzodlar oʻrganishga qoʻyilmaydi. Bunday holatda dalolatnoma tuziladi va unga keyingi individual-psixologik oʻrganishdan oʻtish uchun qayta ruxsat beriladi.
10. Javoblar varaqasining toʻgʻri toʻldirilishi uchun nomzod shaxsan javobgar hisoblanadi.
11. Psixologik test sinovlari oʻtkaziladigan xonaga mikrokalkulyator, lugʻat, jadval, kitob, uyali telefon, kompyuter, telekommunikatsiya vositalari olib kirish va ulardan foydalanish taqiqlanadi.
12. Psixologik test oʻtkazish vaqtida oʻrganish oʻtkazayotgan shaxslar nomzodlarni uzluksiz ravishda kuzatib turadi.
13. Barcha topshiriqlar bajarib boʻlingandan soʻng, nomzodlar javoblar blankalarini oʻrganish oʻtkazayotgan mutaxassislardan biriga topshiradi. Oʻrganish oʻtkazgan mutaxassislar javoblar blanklarini qabul qilishda ularning toʻgʻri toʻldirilganligiga eʼtibor berishi zarur.
14. Vazifalarning barchasini muvaffaqiyatli topshirgan nomzod oliy harbiy taʼlim muassasasiga kirish uchun tavsiya etiladi hamda unga dastlabki tanlashning keyingi tadbirlarida ishtirok etish uchun ruxsat beriladi.
15. Vazifalarni muvaffaqiyatli topshira olmagan nomzodning takroriy test sinovlaridan oʻtishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
3-bob. Yakuniy qoidalar
16. Individual-psixologik oʻrganish sinovlarini topshirgan nomzodlarga qaydnoma rasmiylashtiriladi.
17. Mazkur qaydnomada nomzodlar tomonidan toʻplangan ballar va individual-psixologik oʻrganish boʻyicha xulosa aks ettiriladi.
18. Qaydnoma individual-psixologik oʻrganish boʻyicha kichik komissiya raisi va aʼzolari tomonidan imzolanadi.
19. Individual-psixologik oʻrganish natijalaridan norozi boʻlgan nomzod, unga nisbatan berilgan xulosani asoslantiruvchi maʼlumot bilan tanishish huquqiga ega.
Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining oliy harbiy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 6-ILOVA
Umumjismoniy tayyorgarlik darajasini baholash
METODIKASI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Nomzodlarning umumjismoniy tayyorgarligi darajasi ularning mazkur Metodikada nazarda tutilgan tegishli mashqlarni bajarishini tekshirish orqali baholanadi.
2. Nomzodlarga dastlab mashqlarni bajarishga qoʻyiladigan talablar va mezonlar hamda mashqlarni bajarish tartibi nomzodlarning umumjismoniy tayyorgarlik koʻrganligini baholash boʻyicha kichik komissiyasi tarkibiga kiritilgan mutaxassislar tomonidan tushuntiriladi.
3. Nomzodlar umumjismoniy tayyorgarlik darajasini baholash tadbirlariga:
fuqaro yoshlar sport kiyimida;
harbiy xizmatchilar harbiy kiyimda kelishlari lozim.
4. Nomzodlar quyidagi mashqlarni bajaradi:
turnikda tortilish;
100 metrga yugurish;
3000 metrga yugurish.
5. Mashqlar oraligʻida nomzodlarga dam olish uchun kamida 10 daqiqa vaqt beriladi.
6. Belgilangan mashqlarni uzrsiz sabablarga koʻra topshirmagan yoxud topshirishdan bosh tortgan nomzodlar qoniqarsiz baholanadi.
2-bob. Mashqlarni bajarishga qoʻyiladigan talablar va mezonlar
7. Turnikda tortilish mashqini bajarishda:
bosh barmoq poya ichkarisidan ushlanadi, tana biroz rostlanadi, tizza boʻgʻimi toʻgʻirlanadi, oyoq uchlari choʻziladi, tovonlar birlashtiriladi;
iyak turnik poyasidan oʻtgunga qadar qoʻllar bukiladi;
harakat toʻliq amalga oshirilishi bilan dastlabki holatga qaytiladi (osilish holati 1 — 2 soniya davom etadi).
Ushbu mashqni bajarishda oyoqlarni kerish, tanani harakatsiz holatda egish hamda oyoqlar bilan siltanma harakatlar qilish taqiqlanadi.
Juft tutilgan oyoqlarni 45° gacha bukishga ruxsat beriladi.
8. Nomzodlarning turnikda tortilish mashqi toʻrt bosqichli tizimda quyidagicha baholanadi:
a) fuqaro yoshlar uchun:
11 marotaba va undan koʻp tortilganda — “aʼlo”;
9-10 marotaba tortilganda — “yaxshi”;
7-8 marotaba tortilganda — “qoniqarli”;
1 — 6 marotaba yoxud umuman tortila olmaganda — “qoniqarsiz” deb baholanadi;
b) harbiy xizmatchilar uchun:
14 marotaba va undan koʻp tortilganda — “aʼlo”;
12-13 marotaba tortilganda — “yaxshi”;
10-11 marotaba tortilganda — “qoniqarli”;
1 — 9 marotaba tortilganda yoxud umuman tortila olmaganda — “qoniqarsiz” deb baholanadi.
9. 100 metrga yugurish mashqi:
yuqori yoki quyi startdan amalga oshiriladi;
stadionning yugurish yoʻlakchasi yoki qattiq qoplamli tekis joylarda oʻtkaziladi.
10. Nomzodlarning 100 metrga yugurish mashqi toʻrt bosqichli tizimda quyidagicha baholanadi:
a) fuqaro yoshlar uchun:
14,4 soniya ichida bajargan taqdirda — “aʼlo”;
14,5 — 14,8 soniyada bajargan taqdirda — “yaxshi”;
14,9 — 15,4 soniyada bajargan taqdirda — “qoniqarli”;
15,5 soniyada va undan koʻp vaqtda bajargan taqdirda — “qoniqarsiz” deb baholanadi;
b) harbiy xizmatchilar uchun:
14,0 soniya ichida bajargan taqdirda — “aʼlo”;
14,1 — 14,4 soniyada bajargan taqdirda — “yaxshi”;
14,5 — 15,2 soniyada bajargan taqdirda — “qoniqarli”;
15,3 soniyada va undan koʻp vaqtda bajargan taqdirda — “qoniqarsiz” deb baholanadi.
11. 3000 metrga yugurish mashqlari stadionning yugurish yoʻlakchalari yoki tekis joylarda, umumiy yoki alohida start berilgan holda oʻtkaziladi. Start va marra chiziqlari bir joyda belgilanishi mumkin.
12. Nomzodlarning 3000 metrga yugurish mashqi toʻrt bosqichli tizimda quyidagicha baholanadi:
a) fuqaro yoshlar uchun:
13,20 daqiqa ichida bajargan taqdirda — “aʼlo”;
13,20 daqiqadan koʻp, biroq 14,0 daqiqagacha bajargan taqdirda — “yaxshi”;
14,0 daqiqadan koʻp, biroq 14,30 daqiqagacha bajargan taqdirda — “qoniqarli”;
14,30 daqiqadan koʻp vaqtda bajargan taqdirda — “qoniqarsiz” deb baholanadi;
b) harbiy xizmatchilar uchun:
12,40 daqiqa ichida bajargan taqdirda — “aʼlo”;
12,40 daqiqadan koʻp, biroq 13,0 daqiqagacha bajargan taqdirda — “yaxshi”;
13,0 daqiqadan koʻp, biroq 13,35 daqiqagacha bajargan taqdirda — “qoniqarli”;
13,35 daqiqadan koʻp vaqtda bajargan taqdirda — “qoniqarsiz” deb baholanadi.
13. Nomzodlarning umumjismoniy tayyorgarlik darajasini baholashda kamida bitta “qoniqarsiz” baho olgan boʻlsa, umumjismoniy tayyorgarlik sinovlaridan “oʻtmagan” deb hisoblanadi.
14. Umumjismoniy tayyorgarlik sinovlaridan oʻtmagan nomzodlarga mashqlarni takroriy bajarishga ruxsat berilmaydi.
3-bob. Yakuniy qoidalar
15. Umumjismoniy tayyorgarlik sinovlarini topshirgan nomzodlarga qaydnoma rasmiylashtiriladi.
16. Mazkur qaydnomada nomzodlar tomonidan bajarilgan mashqlar va ular uchun qoʻyilgan baholar koʻrsatiladi.
17. Qaydnoma nomzodlarning umumjismoniy tayyorgarlik koʻrganligini baholash boʻyicha kichik komissiya raisi va aʼzolari tomonidan imzolanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining oliy harbiy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 7-ILOVA
Psixofiziologik oʻrganish
METODIKASI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Psixofiziologik oʻrganish nomzodning psixofiziologik xislatlari va individual xususiyatlarini aniqlash maqsadida avtomatlashtirilgan psixofiziologik komplekslar (bundan buyon matnda maxsus kompleks deb yuritiladi) yordamida oʻtkaziladi.
2. Nomzodlarni psixofiziologik oʻrganish maxsus kompleks yordamida oʻtkazilishining asosiy tamoyili — nomzodning psixofiziologik xususiyati boʻyicha xulosa qilishda inson omilidan holi boʻlish va subyektivlikdan saqlanish hisoblanadi.
3. Nomzodlarga psixofiziologik oʻrganish oʻtkazishdan oldin mazkur Metodikada nazarda tutilgan psixofiziologik oʻrganish oʻtkazish tartibi, maxsus kompleksning texnik xususiyatlari va xavfsizlik nuqtai nazaridan oʻzini qanday tutishi lozimligi tushuntiriladi hamda tegishli yoʻl-yoʻriqlar beriladi.
2-bob. Psixofiziologik oʻrganishni oʻtkazish va uning xulosasi
4. Psixofiziologik oʻrganish har bir nomzod uchun alohida oʻtkaziladi.
5. Psixofiziologik oʻrganish maxsus jihozlangan xonada oʻtkaziladi.
6. Ushbu xona:
yetarli darajada tabiiy va sunʼiy yoritilgan boʻlishi;
shovqindan himoyalangan boʻlishi;
nomzodga ajratilgan joy qulay boʻlishi lozim.
7. Psixofiziologik oʻrganish oʻtkaziladigan xonaga faqat bir nafar nomzod qoʻyiladi.
8. Kichik komissiya raisi nomzodning shaxsini tasdiqlovchi hujjatini shaxsan tekshirib, uni joyiga oʻtqizadi.
9. Psixofiziologik oʻrganishda nomzodning qoʻllariga maxsus kompleksning elektrodlari ulanadi va mazkur elektrodlar orqali 10 daqiqagacha boʻlgan vaqt davomida kichik quvvatli elektr impulslar uzatiladi.
10. Psixofiziologik oʻrganish davomida nomzod bilan muloqotga kirishishga yoʻl qoʻyilmaydi.
11. Psixofiziologik oʻrganish nomzodning hissiy (somatik), psixoemotsional holati yaxshi boʻlgandagina oʻtkazilishi lozim.
12. Psixofiziologik oʻrganish boshlanishidan oldin oʻzini yomon his qilayotgan yoki sogʻligʻidan shikoyat qilayotgan nomzodlar mazkur tadbirga qoʻyilmaydi. Bunday holatda dalolatnoma tuziladi va nomzodga keyingi guruhlar tarkibida psixofiziologik oʻrganishdan oʻtish uchun qayta ruxsat beriladi.
13. Psixofiziologik oʻrganish vaqtida uni oʻtkazayotgan shaxs nomzodni uzluksiz ravishda kuzatib turadi.
14. Nomzodning psixofiziologik oʻrganish natijasi maxsus kopleksning avtomatik ravishda chiqarib beradigan xulosasi hisoblanadi.
3-bob. Yakuniy qoida
15. Psixofiziologik oʻrganish natijasi (xulosasi) uni oʻtkazgan shaxs tomonidan imzolanadi va oliy harbiy taʼlim muassasasining qabul komissiyasi raisiga topshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining oliy harbiy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 9-ILOVA
Kompyuter texnikasini va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini egallab olganlik darajasini tekshirish
METODIKASI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Nomzodning kompyuter texnikasini va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini (bundan buyon matnda KT va AKT deb yuritiladi) egallab olganlik darajasi kompyuter dasturiga kiritilgan test savollarini berish yoʻli bilan tekshiriladi.
2. Nomzodlarning KT va AKTni egallab olganlik darajasini tekshirishdan oldin ularga mazkur Metodikada nazarda tutilgan tekshirish oʻtkazish tartibi tushuntiriladi hamda tegishli yoʻl-yoʻriqlar beriladi.
3. Test savollari, ularning javoblari oliy harbiy taʼlim muassasalari qabul komissiyalari tarkibidagi kompyuter texnikasini va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini egallab olganlik darajasini tekshirish boʻyicha kichik komissiya tomonidan 1-iyun kuniga qadar ishlab chiqiladi, qabul komissiyasi raisi tomonidan tasdiqlanadi va tegishli kompyuterlar dasturiga kiritiladi.
4. Test savollari va ularning javoblari oshkor qilinmasligi uchun kichik komissiya raisi javobgar hisoblanadi.
2-bob. KT va AKTni egallab olganlik darajasini tekshirish
5. Nomzodga oʻttizta test savoli va ularni yechish uchun bir soat vaqt beriladi. Nomzodga test sinovlarini qayta topshirishga ruxsat berilmaydi.
6. Test sinovlari oʻtkazilayotgan auditoriyaga lugʻat, kitoblar, uyali telefon, kompyuter, telekommunikatsiya vositalari va shpargalkalar olib kirish taqiqlanadi.
7. Test savollarini shakllantirishda umumiy oʻrta, oʻrta maxsus yoki boshlangʻich professional, oʻrta professional va oʻrta maxsus professional taʼlim fan dasturlariga muvofiq keladigan va nomzodning olgan bilimlarini aniqlash imkoniyatini beradigan materiallar tanlanadi.
8. Test savollari quyidagilar boʻyicha tuziladi:
shaxsiy kompyuterdan foydalanish boʻyicha;
idora dasturiy ilovalari (microsoft office dasturi) boʻyicha;
Internet tarmogʻida, lokal va korporativ tarmoqlarda ishlash va tashkiliy texnikadan foydalanish boʻyicha.
9. Test sinovlari natijasi “5” ballik tizimda quyidagicha baholanadi:
26 — 30 ta test savollariga toʻgʻri javob berilgan boʻlsa — 5 ball;
21 — 25 ta test savollariga toʻgʻri javob berilgan boʻlsa — 4 ball;
16 — 20 ta test savollariga toʻgʻri javob berilgan boʻlsa — 3 ball;
11 — 15 ta test savollariga toʻgʻri javob berilgan boʻlsa — 2 ball;
1 — 10 ta test savollariga toʻgʻri javob berilgan boʻlsa — 1 ball;
test savollarining birortasiga ham toʻgʻri javob berilmagan boʻlsa — 0 ball qoʻyiladi.
3-bob. Yakuniy qoida
10. KT va AKTni egallab olganlik darajasini tekshirish natijalari boʻyicha nomzodlarga qaydnoma rasmiylashtiriladi.
11. Mazkur qaydnomada nomzodlar tomonidan test savollariga berilgan toʻgʻri javoblar soni va ular uchun qoʻyilgan ballar koʻrsatiladi.
12. Qaydnoma kompyuter texnikasini va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini egallab olganlik darajasini tekshirish boʻyicha kichik komissiya raisi va aʼzolari tomonidan imzolanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining oliy harbiy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 10-ILOVA
Umumtaʼlim fanlarini bilish darajasini aniqlash boʻyicha yozma imtihon oʻtkazish
METODIKASI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Umumtaʼlim fanlarini bilish darajasini aniqlash boʻyicha yozma imtihon (bundan buyon matnda yozma imtihon deb yuritiladi) nomzodlarni umumtaʼlim fanlarini oʻzlashtirganlik darajasini aniqlash maqsadida nomzodlarning umumtaʼlim fanlarini bilish darajasini aniqlash uchun yozma imtihon oʻtkazish boʻyicha kichik komissiya (bundan buyon matnda kichik komissiya deb yuritiladi) tomonidan mazkur Metodikaga muvofiq oʻtkaziladi.
2. Qabul yilining 1-iyun kuniga qadar oliy harbiy taʼlim muassasalarining qabul komissiyalari (bundan buyon matnda qabul komissiyasi deb yuritiladi) tomonidan yozma imtihon savollari shakllantiriladi va tegishli qabul komissiyasi raisi tomonidan tasdiqlanadi. Yozma imtihon savollari nomzodlarning umumtaʼlim fanlarini oʻzlashtirganlik darajasini aniqlashga qaratilgan boʻlishi lozim.
3. Yozma imtihon savollarini shakllantirishda umumtaʼlim fanlarining dasturlaridan foydalaniladi.
4. Yozma imtihon savollari quyidagi fanlar boʻyicha tayyorlanadi:
matematika;
fizika;
ona tili (adabiyot);
tarix;
geografiya.
5. Savollar toʻplami muhrlangan holda qabul komissiyasi masʼul kotibining seyfida saqlanadi. Masʼul kotib savollarning oshkor qilinmasligi uchun javobgar hisoblanadi.
6. Yozma imtihonga aloqador boʻlgan barcha maʼlumotlar harbiy-professional tanlash tadbirlari boshlanishidan oldin qabul komissiyalari tomonidan oliy harbiy taʼlim muassasalarining rasmiy veb-saytlariga joylashtiriladi.
7. Yozma imtihon oʻtkazish jarayoni boʻyicha quyidagilar kichik komissiyaning asosiy vazifalari hisoblanadi:
yozma imtihon oʻtkazish jarayonining xolisona va adolatli oʻtishini taʼminlash;
yozma imtihon oʻtkazish uchun bino va xonalarni tayyorlash;
yozma imtihon oʻtkazish bilan bogʻliq barcha zarur sharoitlarni yaratish;
nomzodlarga ularning huquq va majburiyatlarini tushuntirish, shuningdek yozma imtihon natijalari toʻgʻrisida ularga toʻliq maʼlumotlarni taqdim etish.
2-bob. Yozma imtihon oʻtkazish
8. Nomzod yozma imtihonga oʻzining shaxsini tasdiqlovchi hujjatini koʻrsatgan holda kiritiladi.
Yozma imtihon oʻtkaziladigan xonaga lugʻat, kitob, uyali telefon, kompyuter va boshqa telekommunikatsiya vositalari, shpargalkalar olib kirish taqiqlanadi.
9. Nomzodlarga yozma javob berishlari uchun tegishli umumtaʼlim fanlari doirasida tuzilgan 5 ta savol beriladi.
Bunda, nomzod 5 ta savoldan iborat boʻlgan biletlardan birini tanlaydi.
Savollarga yozma javob berish uchun nomzodlarga 60 daqiqa vaqt beriladi.
10. Yozma imtihon alohida jihozlangan va normal koʻrish uchun yetarli darajada yorugʻ boʻlgan xonada oʻtkaziladi.
Bitta xonada bir vaqtning oʻzida yozma imtihon topshiruvchilarning soni 30 nafardan oshmasligi lozim.
11. Imtihon jarayonida nomzodlarning xonadan chiqishlariga yoʻl qoʻyilmaydi, yozma imtihonning barcha savollariga javob yozib boʻlgan va oʻz yozma ishini kichik komissiyaning tegishli aʼzosiga topshirgan nomzodlar bundan mustasno.
Oʻzboshimchalik bilan auditoriyani tark etgan nomzodlar yozma imtihon oʻtkazish tartibini buzgan hisoblanadi va imtihondan chetlashtiriladi. Sogʻligʻining yomonlashishi va boshqa zarur holatlarda imtihon materiallarini qoldirib, kuzatuv ostida auditoriyadan chiqishga ruxsat beriladi.
12. Nomzodlarga yozma imtihonni qayta topshirishga ruxsat berilmaydi.
3-bob. Yozma imtihon natijalarini tekshirish va baholash
13. Yozma imtihon natijalarini tekshirish va baholash kichik komissiya aʼzolari tomonidan kollegial prinsip asosida amalga oshiriladi.
Bunda, 5 ta savol boʻyicha berilgan har bir toʻgʻri javob uchun 1 ball, notoʻgʻri javob uchun esa 0 ball qoʻyiladi. Bunda maksimal 5 ball toʻplanishi mumkin.
14. Yozma imtihonga uzrli sabablarsiz qatnashmagan nomzodlarga ball qoʻyilmaydi.
4-bob. Yakuniy qoida
15. Yozma imtihon topshirgan nomzodlarning yozma ishlari natijalari boʻyicha qaydnoma rasmiylashtiriladi va unga nomzodlar tomonidan berilgan toʻgʻri javoblar soni va ular uchun qoʻyilgan ballar koʻrsatiladi. Qaydnoma kichik komissiyaning barcha aʼzolari tomonidan imzolanadi va shu kunning oʻzida qabul komissiyasi masʼul kotibiga topshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining oliy harbiy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 10a-ILOVA
Harbiy-professional tanlashning yakuniy natijalari boʻyicha
QAYDNOMA
Oliy harbiy taʼlim muassasasi nomi___________________________________________________________________________________. Sana: 20___ yil “___”____________. T/r F.I.O. Psixofiziologik oʻrganish boʻyicha qoʻyilgan ball Kompyuter texnikasini va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini egallab olganlik darajasini tekshirish boʻyicha qoʻyilgan ball Umumtaʼlim fanlarini bilish darajasini aniqlash boʻyicha yozma imtihonda qoʻyilgan ball Umumiy ball Qabul komissiyasi qarori 1. 2. 3. ... Qabul komissiyasi raisi ______________________ ____________________________________________ (imzo) (unvoni va F.I.O.) Qabul komissiyasi aʼzolari: ______________________ ____________________________________________ (imzo) (unvoni va F.I.O.) ______________________ ____________________________________________ (imzo) (unvoni va F.I.O.) ______________________ ____________________________________________ (imzo) (unvoni va F.I.O.) Qabul komissiyasi masʼul kotibi ______________________ ____________________________________________ (imzo) (unvoni va F.I.O.)
Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining oliy harbiy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 11-ILOVA
Yagona koʻp balli imtihon tizimi boʻyicha chet tilidan imtihonni baholash
MEZONLARI
1. Imtihon test sinovlari majmuasida fanning egallagan oʻrnini hisobga olgan holda 75,6 ball yoki 39,6 ball oraligʻida yagona koʻp balli tizim boʻyicha baholanadi.
2. Imtihonda tegishli chet tili boʻyicha nomzodlarga 36 ta test savollari beriladi va ularni yechish uchun 1 soat vaqt ajratiladi.
3. Test sinovlari majmuasida fan boʻyicha 75,6 ball qoʻyilishi nazarda tutilgan boʻlsa, har bir toʻgʻri belgilangan javob uchun 2,1 ball qoʻyiladi.
4. Test sinovlari majmuasida fan boʻyicha 39,6 ball qoʻyilishi nazarda tutilgan boʻlsa, har bir toʻgʻri belgilangan javob uchun 1,1 ball qoʻyiladi.
5. Nomzodning javoblari qabul qilingandan soʻng, komissiya aʼzolari tomonidan har bir nomzod tomonidan berilgan toʻgʻri javobga qarab umumiy ball chiqariladi va natijalari boʻyicha qaydnoma rasmiylashtiriladi.
6. Mazkur qaydnomada nomzodlar tomonidan test savollariga berilgan toʻgʻri javoblar soni va ular uchun qoʻyilgan ballar koʻrsatiladi.
7. Qaydnoma komissiya raisi va aʼzolari tomonidan imzolanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining oliy harbiy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 12-ILOVA
*Izoh: mazkur protokolda tegishli mutaxassislik boʻyicha alohida tanlov oʻtkaziladigan oliy harbiy taʼlim muassasasi qabul komissiyasi tomonidan oʻtkazilgan tanlov natijalari har bir mutaxassislik boʻyicha alohida koʻrsatiladi.
