Daromadlarga ikkiyoqlama soliq, solinishining oldini olish hamda daromad va mulk soliqlarini toʻlashdan bosh tortishni bartaraf qilish toʻgʻrisida
11.01.1995
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Polsha Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Polsha Respublikasi Hukumati,
daromadlarga ikkiyoqlama soliq solinishining oldini olish hamda daromad va mulk soliqlarini toʻlashdan bosh tortishni bartaraf qilish toʻgʻrisida bitim tuzish istagini bildirib,
kuyidagilar toʻgʻrisida ahdlashdilar:
1-modda Qoʻllanish doirasi
Mazkur Bitim Ahdlashayotgan davlatlarning biri yoki har ikkisining rezidenti boʻlgan shaxslarga nisbatan qoʻllaniladi.
2-modda Bitim tatbiq etiladigan soliqlar
1. Mazkur Bitim Ahdlashayotgan Davlat yoki mahalliy hokimiyatlar nomidan olinayotgan daromad va mulk soliqlariga nisbatan, ularni undirish uslubidan qatʼi nazar, tatbiq etiladi.
2. Daromad va mulk soliqlariga umumiy daromaddan yoki daromadning bir qismidan olinadigan barcha soliqlar, shu jumladan koʻchar va koʻchmas mulkni sotishdan olingan daromadlardan hamda korxonalar tomonidan toʻlanadigan ish haqi yoki mukofotlarning umumiy summasidan olinadigan soliqlar kiradi.
3. Ushbu Bitim tatbiq qilinadigan soliqlar xususan quyidagilardir:
a) Oʻzbekiston Respublikasiga nisbatan:
(i) korxonalar, birlashmalar va tashkilotlar daromadi (foydasi)dan olinadigan soliq;
(ii) Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolaridan, ajnabiy fuqarolardan va fuqaroligi boʻlmagan shaxslardan olinadigan daromad soligʻi;
(iii) mol-mulk soligʻi;
(bundan keyin “Oʻzbekiston soliqlari” deb ataladi);
b) Polsha Respublikasiga nisbatan:
(i) yuridik shaxslardan olinadigan daromad soligʻi;
(ii) jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi;
(bundan keyin “Polsha soliqlari” deb ataladi);
4. Ushbu Bitim Ahdlashayotgan Davlatlarning har biri tomonidan imzolangandan soʻng kelajakda olinadigan amaldagi soliqlarga qoʻshimcha yoki ular oʻrniga kiritilgan har qanday munosib, yoki aslida oʻxshash soliqlarga nisbatan ham qoʻllaniladi. Ahdlashayotgan Davlatlarning vakolatli tashkilotlari oʻz soliq qonunchiligida boʻlgan barcha tub oʻzgarishlar haqida bir-birlarini xabardor qiladilar.
3-modda Umumiy taʼriflar
1. Ushbu Bitimning maqsadlari uchun, agar matnning mazmunidan ega maʼno chiqmasa:
a) “Oʻzbekiston” atamasi Oʻzbekiston Respublikasini bildiradi va jugʻrofiy maʼnoda qoʻllanilganda xalqaro qonunchilik hamda Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq yer osti boyliklari va tabiiy resurslardan foydalanishga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi oʻz huquqlarini amalga oshirishi mumkin boʻlgan zona hisoblanadigan hududini, ichki suv havzalarini, ular tepasidagi havo kengligini anglatadi;
b) “Polsha” atamasi jugʻrofiy maʼnoda Polsha Respublikasi hududini, shu jumladan Polshaning ichki qonunlariga muvofiq va xalqaro huquqqa binoan Polsha dengiz tubiga, dengiz tubining yer ostiga va uning tabiiy resurslariga nisbatan oʻzining mustaqil huquqlarini amalga oshirishi mumkin boʻlgan uning hududiy suvlaridan tashqarida joylashgan har bir hududini anglatadi;
s) “shaxs” atamasi jismoniy shaxsni, kompaniya yoki shaxslarning har qanday umumlashmasini anglatadi.
d) “kompaniya” atamasi korporativ tuzilma hisoblangan har qanday shaxsni yoki soliqqa tortish maqsadlarida shunday korporativ tuzilma sifatida oʻz maqomiga ega boʻlgan Ahdlashayotgan Davlatlar qonunlariga muvofiq koʻrib chiqiladigan har qanday sherikchilik, qoʻshma korxona yoki boshqa tuzilmalarni anglatadi;
e) “Ahdlashayotgan Davlatning korxonasi” va “oʻzga Ahdlashayotgan Davlatning korxonasi” atamalari oʻz oʻrni bilan Ahdlashayotgan Davlat rezidenti boshqaruvi ostida ish yuritayotgan korxonani va oʻzga Ahdlashayotgan Davlatning rezidenti boshqaruvi ostida ish yuritayotgan korxonani anglatadi;
f) “xalqaro yuk tashish” atamasi Ahdlashayotgan Davlatlardan birining korxonasi tomonidan foydalanilgan dengiz, havo kemalari, temir yoʻl yoki avtomobil transportida har qanday tashishni anglatadi; dengiz, havo kemalari, temir yoʻl yoki avtomobil transporti vositalarining boshqa Ahdlashayotgan Davlat hududida joylashgan punktlar oʻrtasida foydalanilishi bundan mustasno;
g) “vakolatli tashkilot” atamasi Oʻzbekiston Respublikasiga nisbatan — Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasini anglatadi; Polsha Respublikasiga nisbatan — Moliya vazirini yoki uning vakolatli soliq qoʻmitasini anglatadi;
h) “milliy shaxs” atamasi Ahdlashayotgan Davlat fuqaroligiga ega boʻlgan har qanday jismoniy shaxsni, shuningdek Ahdlashayotgan Davlatning amaldagi qonunlariga muvofiq oʻz maqomini olgan har qanday yuridik shaxs, hamjamiyat, assotsiatsiya yoki tuzilmani anglatadi;
i) “Ahdlashuvchi Davlat va boshqa Ahdlashuvchi Davlat” atamasi matnga muvofiq Oʻzbekiston yoki Polsha davlatlarini bildiradi.
2. Ushbu Bitimni Ahdlashayotgan Davlat qoʻllaganda har qanday unda belgilanmagan ibora, agar matn mazmuni oʻzga maʼnoni talab qilmasa, qaysi Ahdlashayotgan Davlatning soligʻiga nisbatan ushbu Bitim qoʻllanilayotgan boʻlsa, oʻsha Davlatning qonunlariga koʻra qabul qilinadi.
4-modda Rezident
1. Ushbu Bitimning maqsadlari yuzasidan “Ahdlashayotgan Davlatning rezidenti” atamasi mazkur Davlatning qonunchiligi boʻyicha oʻzining turar joyi, doimiy istiqomat qilishi, boshqaruv tizimining qayerda joylashgani, huquqiy shaxs sifatida roʻyxatdan oʻtgan joyi, yoki oʻzga asli mazmunda shunga oʻxshash mezonlarga koʻra mazkur Davlatda soliq toʻlovchi hisoblangan shaxsni anglatadi; mazkur ibora faqatgina ushbu Ahdlashayotgan Davlatdagi manbalardan daromad olayotgan yoki ushbu Davlatdagi mulk qiymatining oʻsishidan daromad olayotgan shaxslarni oʻz ichiga qamramaydi. Ibora, shuningdek, Ahdlashayotgan Davlat Hukumatini yoki uning maʼmuriy boʻlinmalari, mahalliy Hokimiyat organlarini oʻz ichiga oladi.
2. Agar 1-band mazmuniga muvofiq shaxs Ahdlashayotgan Davlatlarning har ikkisining rezidenti boʻlsa, uning maqomi quyidagi tarzda belgilanadi:
a) bu shaxs qulay yashashi mumkin boʻlgan doimiy uyi joylashgan Ahdlashayotgan Davlatning rezidenti hisoblanadi; agar u har ikki Ahdlashayotgan Davlatda qulay yashashi mumkin boʻlgan doimiy uyga ega boʻlsa, shaxsiy va iqtisodiy aloqalari eng chuqur boʻlgan (hayotiy manfaatlar markazi) Ahdlashayotgan Davlatning rezidenti hisoblanadi;
b) agar uning hayotiy manfaatlar markazini aniqlab boʻlmasa yoki Ahdlashayotgan Davlatlarning hech birida qulay yashashi mumkin boʻlgan doimiy uyi boʻlmasa, u odatda yashaydigan Davlatining rezidenti hisoblanadi:
c) agar u odatda har ikki Ahdlashayotgan Davlatda tursa yoki ularning hech birida turmasa, u Ahdlashayotgan Davlatlarning qay birining fuqarosi boʻlsa, shu Ahdlashayotgan Davlatning rezidenti hisoblanadi;
d) agar shaxs Ahdlashayotgan Davlatlarning har ikkisining rezidenti deb qaralsa yoki Davlatlarning hech birining rezidenti boʻlmasa, Ahdlashayotgan Davlatlarning vakolatli tashkilotlari bu masalani oʻzaro kelishuv yoʻli bilan hal qiladilar;
e) bu shaxs ikki Davlatdan birining milliy shaxsi hisoblanmasa, unda Ahdlashayotgan Davlatlarning vakolatli organlari maslahatlashish orqali mazkur Bitim maqsadlarida ushbu shaxs Ahdlashayotgan Davlatlarning qaysi birining rezidenti boʻlib hisoblanishini aniqlashga harakat qiladi.
3. Agar 1-band mazmuniga muvofiq jismoniy shaxs boʻlmagan shaxslar Ahdlashayotgan Davlatlarning har ikkisining rezidenti boʻlsa, u rahbar tizimining amalda joylashgan Ahdlashayotgan Davlat rezidenti hisoblanadi.
5-modda Doimiy muassasa
1. Mazkur Bitim maqsadlari uchun “doimiy muassasa” iborasi Ahdlashayotgan Davlatning korxonasi ikkinchi Ahdlashayotgan Davlatda u orqali toʻliq yoki qisman tadbirkorlik faoliyatini olib boradigan doimiy faoliyat joyini bildiradi.
2. “Doimiy muassasa” iborasi, xususan, quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
a) boshqaruv organi;
b) boʻlim;
c) ofis;
d) fabrika:
e) ustaxona:
f) ruda koni, neft va gaz koni, karyer yoki tabiiy resurslar olinadigan har qanday boshqa joy.
3. Qurilish maydonchasi yoki montaj qilish yoki yigʻish obyekti ular bilan bogʻliq ishlar davomiyligi 6 oydan oshib ketadigan taqdirda “doimiy muassasa” iborasi ularni ham oʻz ichiga oladi. Ushbu ishlar amalga oshiriladigan Ahdlashayotgan Davlatning vakolatli tashkilotlari favqulodda holatlarda mazkur ishlarni bajarayotgan shaxsning iltimosi asosida bunday ishlarning davomiyligi 6 oydan ortiq (biroq 12 oydan ortiq boʻlmagan) hollarda bunday faoliyatni doimiy muassasani tashkil qiladigan faoliyat sifatida qaramasliklari mumkin.
4. Ushbu moddaning avvalgi qoidalariga qaramay, quyidagi faoliyat turlarini “doimiy muassasa” iborasi oʻz ichiga olmaydi:
a) inshootlardan shu korxonaga tegishli tovarlar yoki mahsulotlarni faqat saqlash, namoyish qilish va yetkazib berish maqsadlarida foydalanish;
b) shu korxonaga tegishli tovarlar yoki mahsulotlar zaxirasini faqat saqlash, namoyish qilish yoki yetkazib berish maqsadlarida ushlab turilishi;
c) shu korxonaga tegishli tovarlar yoki mahsulotlar zaxirasini faqat boshqa korxona tomonidan qayta ishlov berilishi maqsadlarida ushlab turilishi;
d) doimiy faoliyat joyini faqat tovarlar yoki mahsulotlar sotib olish yoki mazkur korxona uchun axborot yigʻish maqsadlari uchun ushlab turilishi;
e) doimiy faoliyat joyini ushbu korxona uchun faqat boshqa har qanday tayyorgarlik yoki yordamchi xarakterdagi faoliyatni amalga oshirish maqsadlari yoʻlida ushlab turilishi;
f) doimiy faoliyat joyini faqat “a” — “e” bandchalarida eslatib oʻtilgan faoliyat turlarining har qanday majmuasida amalga oshirish uchun bu faoliyat turlari doimiy faoliyat joyi ishining asosiy mazmuni boʻlgani holda ushlab turilishi.
5. 1 va 2-bandlardagi qoidalarga qaramay, agar biron 7-bandda koʻrsatilgan mustaqil maqomli agentdan oʻzga boʻlgan shaxs Ahdlashayotgan Davlatlarning birida oʻzga Ahdlashayotgan Davlatdagi korxonaning nomidan ish yuritsa va korxona nomidan Bitimlar tuzish huquqiga ega boʻlsa va huquqlardan odatda foydalansa, bu korxona ushbu Ahdlashayotgan Davlatda doimiy vakolatxonaga uning uchun shaxs tomonidan koʻrsatilgan xizmat doirasida ega deb hisoblanadi, lekin ushbu shaxsning faoliyati Bitimning 4-bandida koʻrsatilgan faoliyat bilan cheklanib qolsa va bu faoliyat doimiy faoliyat joyi orqali amalga oshirilgan taqdirda ham bu joyni ushbu bandning qoidalariga asosan doimiy vakolatxonaga aylantirmaydi.
6. Mazkur moddaning bundan oldingi qoidalariga qaramay Ahdlashayotgan Davlatning sugʻurta korxonasi, takroriy sugʻurta hollardan tashqari, agar u oʻzga davlat hududida sugʻurta mukofotlarini yigʻsa yoki 7-bandga taalluqli mustaqil mavqeli agentdan oʻzga shaxs orqali u yerda boʻlishi mumkin xatardan sugʻurta qilsa oʻzga Ahdlashayotgan Davlatda doimiy muassasaga ega deb hisoblanadi.
7. Korxona, agar u oʻzga Ahdlashayotgan davlatda broker, komissioner yoki har qanday boshqa mustaqil maqomli agent orqali tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirsa, bu shaxslar oʻzining odatdagi faoliyati chegarasida ish yuritgan taqdirda, oʻzga Ahdlashayotgan Davlatda doimiy muassasaga ega deb qaralmaydi.
8. Ahdlashayotgan Davlatlardan birining rezidenti boʻlgan birlashma (kompaniya) oʻzga Ahdlashayotgan Davlatning rezidenti boʻlgan birlashma tomonidan nazorat qilish yoki nazoratni oʻzga Davlat kompaniyasi ustidan yuritish yoki mazkur kompaniya oʻzga Davlatda tijorat faoliyatini amalga oshirish (doimiy muassasa orqali yoki boshqa tarzda) fakti oʻz-oʻzidan bu kompaniyalarning birini boshqasi uchun doimiy muassasaga aylantirib qoʻymaydi.
6-modda Qoʻzgʻalmas mulkdan olinadigan daromad (foyda)lar
1. Ahdlashayotgan Davlatlardan birining rezidenti tomonidan oʻzga Ahdlashayotgan Davlatda joylashgan qoʻzgʻalmas mulkdan olingan daromadi (qishloq va oʻrmon xoʻjaligidan olinadigan daromad ham shu jumlaga kiradi) shu oʻzga Davlatda ham soliqqa tortilishi mumkin.
2. “Qoʻzgʻalmas mulk” iborasi koʻrib chiqilayotgan mulk joylashgan Ahdlashayotgan Davlat qonunchiligida ifodalangan tushuncha boʻyicha qabul qilinadi. Har qanday holda ham ushbu ibora yer ustidagi mulk haqidagi qonunchilikka asosan haq-huquqi belgilangan qoʻzgʻalmas mulkka tegishli boʻlgan mulkni, chorva mollari, qishloq xoʻjaligi va oʻrmon xoʻjaligi vositalari, har qanday baliq tutish moslamalarini qoʻzgʻalmas mulk natijasi boʻlgan atrof mulkni (uzufrukt), ishlatganlik uchun badal sifatida toʻlanadigan oʻzgaruvchan va qatʼiy belgilangan toʻlovlarga boʻlgan huquq yoki ishlashga minerallar joylashgan yerga va boshqa tabiiy resurslarga boʻlgan huquqni oʻz ichiga qamraydi; lekin kemalar, havo kemalari, temir yoʻl va avtomobil transporti vositalari qoʻzgʻalmas mulk sifatida qaralmaydi.
3. “Uzufrukt” atamasi mazkur moddada qoʻllanilganida oʻzga mulkdan va undan olinadigan daromadlardan umrbod foydalanish huquqini anglatadi.
4. Yuqoridagi l-band qoidalari qoʻzgʻalmas mulkdan toʻgʻridan toʻgʻri foydalanish, ijaraga berish yoki oʻzga har qanday shaklda foydalanib olingan daromadga nisbatan qoʻllaniladi.
5. Yuqoridagi 1 va 3-band qoidalari, shuningdek korxonaning qoʻzgʻalmas mulkdan olgan daromadiga va mustaqil xususiy xizmatlarni amalga oshirishda ishlatiladigan qoʻzgʻalmas mulkdan olgan daromadlariga ham qoʻllaniladi.
7-modda Tadbirkorlik faoliyatidan olinadigan foyda
1. Ahdlashayotgan Davlat korxonasi tomonidan ikkinchi bir Ahdlashayotgan Davlatda olingan foyda ana shu ikkinchi bir Ahdlashayotgan Davlatda soliqqa tortiladi, agar u faqat oʻsha yerda joylashgan doimiy muassasa orqali yoki faqat quyidagilarga tegishli boʻlgan sohalardagina olingan boʻlsa:
a) agar bu foyda ushbu doimiy muassasaning faoliyatiga tegishli boʻlsa;
b) doimiy muassasa orqali sotilayotgan tovar yoki mahsulotlar bilan bir xil yoki bir-biriga oʻxshash tovarlar va mahsulotlarning ushbu oʻzga Davlatdagi savdosiga tegishli boʻlsa;
c) ushbu oʻzga Davlatda amalga oshiriladigan shu kabi shunday doimiy muassasa orqali amalga oshiriladigan tadbirkorlik faoliyati bilan bir xil yoki bir-biriga oʻxshash boshqa tijorat faoliyatiga tegishli boʻlsa.
2. 3-band qoidalarini inobatga olgan holda biron Ahdlashayotgan Davlatning korxonasi oʻzga Ahdlashayotgan Davlatda tijorat faoliyatini u yerda joylashgan doimiy vakolatxona orqali amalga oshirayotgan boʻlsa, har bir Ahdlashayotgan Davlatda bunday doimiy vakolatxonaga u xizmat koʻrsatayotgan korxonadan alohida va mustaqil harakat qilib bunday sharoitlarda shunday va shunga oʻxshash faoliyat koʻrsatganda topishi mumkin boʻlgan daromad mansub deb bilinadi.
3. Doimiy vakolatxona daromadini aniqlashda mazkur doimiy vakolatxona faoliyati maqsadlari uchun sarflangan xarajatlarni chiqarib tashlashga yoʻl qoʻyiladi, doimiy vakolatxona joylashgan Davlatda yoki har qanday oʻzga yerda faoliyati maqsadlari uchun sarflangan boshqaruv va umumiy maʼmuriy xarajatlar ham shunga kiradi.
Doimiy muassasaning uning bosh muassasasi yoki rezidentning boshqa muassasalardan istalgan bittasiga toʻlangan yigʻimlar yoki patentdan yoxud boshqa huquqlardan foydalanganlik uchun shunga oʻxshash boshqa toʻlovlar toʻlash yoʻli bilan yoki koʻrsatilgan aniq xizmatlar uchun komission toʻlovlar toʻlash yoʻli bilan, yoki menejmentlik uchun, yoki doimiy muassasaga berilgan qarz summasiga foizlar toʻlash yoʻli bilan rezidentning boshqa har qanday muassasalariga toʻlangan summalarni chegirib tashlashishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
4. Ahdlashayotgan Davlatda korxona foydasining umumiy summasini uning turli boʻlinmalariga mutanosib tarzda taqsimlash negizida doimiy muassasaga tegishli foydani belgilash oddiy hol ekanligiga qaramay, 2-banddagi, hech narsa Ahdlashayotgan Davlatga soliqqa tortiladigan foydani shunday taqsimot vositasida aniqlashga xalaqit bermaydi; tanlangan taqsimot uslubi ushbu moddaga tegishli tamoyillarga munosib natijalar berishi lozim.
5. Doimiy vakolatxona tomonidan korxona uchun faqat tovarlar yoki mahsulotlar xarid qilish asosida doimiy vakolatxona hisobiga biron-bir foyda yozilmaydi.
6. Avvalgi bandlar maqsadlari uchun doimiy muassasaga mansub daromad, agar boshqasi uchun salmoqli va yetarli sabablar boʻlmasa, har yili bir xil uslubda aniqlanadi.
7. Agar daromad mazkur Bitimning boshqa moddalarida alohida aytib oʻtilgan daromad turlarini qamrab oladigan boʻlsa, mazkur moddalar qoidalariga ushbu modda qoidalari taʼsir etmaydi.
8-modda Xalqaro transport
1. Ahdlashayotgan Davlatlardan birining korxonasining xalqaro tashishlarda kemalar, samolyotlar, temir yoʻl yoki avtomobil transporti vositalarini foydalanishdan olgan daromadiga faqat shu Davlatda soliq solinadi.
2. Mazkur modda maqsadlari uchun xalqaro tashishlarda kemalar, samolyotlar, temir yoʻl va avtomobil transporti vositalarini foydalanishdan olinadigan daromadlar quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
a) kemalarni, samolyotlarni, temir yoʻl va avtomobil transporti vositalarini ijaraga berishdan olingan daromad;
va
b) yuk va tovarlarni tashish uchun ishlatiladigan konteynyerlarni (treylyerlar va konteynyerlarni tashish uchun ishlatiladigan yordamchi uskunalar ham shu jumladan) foydalanish, saqlash va ijaraga berishdan olingan daromadlar;
bunday foydalanish, saqlash yoki ijaraga berish kemalar, samolyotlar, temir yoʻl va avtomobil transporti vositalaridan xalqaro tashishda foydalanishning doimiy turi boʻlmagan taqdirda.
3. Shuningdek, 1 va 2-banddagi qoidalar transport vositalaridan foydalanish boʻyicha xalqaro tashkilotlarda yoki qoʻshma korxonalarda, pulda (umumiy jamgʻarmada) ishtirok etishdan olgan foydalariga ham qoʻllaniladi.
4. 7-modda qoidalariga qaramay, avtomobil yoki temir yoʻl transportini faoliyat turi sifatida ishlatadigan Ahdlashayotgan Davlat korxonalarining:
a) yoʻlovchilar yoki mulklarni boshqa Ahdlashayotgan Davlat hududidan tashqaridagi punkt bilan boshqa har qanday punkt oʻrtasida tashishdan yoki
v) yoʻlovchilar yoki mulklarni boshqa Ahdlashayotgan Davlat hududidan tashqaridagi punkt bilan boshqa har qanday punkt oʻrtasida tashishda foydalaniladigan avtomobil transporti vositalari (shu jumladan, treylyerlar)ni yoki temir yoʻl harakatdagi sostavlarini yollashga berishdan oladigan foydasi ushbu boshqa Davlatda soliqqa tortishdan ozod qilinadi.
9-modda Birlashgan korxonalar
1. Agar:
(a) Ahdlashayotgan Davlatning korxonasi oʻzga Ahdlashayotgan davlat korxonasini boshqarishda, nazorat qilishda yoki uning kapitalida bevosita yoki bilvosita qatnashsa,
yoki
b) oʻsha shaxslar Ahdlashayotgan Davlatlarning unisining ham korxonasini, bunisining ham korxonasini boshqarishda, nazorat qilishda yoki uning kapitalida bevosita yoki bilvosita qatnashsa, ikki korxona oʻrtasida ularning tijorat va moliyaviy munosabatlarida mutlaqo mustaqil boʻlgan korxonalar oʻrtasida boʻladigandan farqli sharoitlar barpo etilsa yoki belgilansa, ularning birortasiga hisoblanishi mumkin boʻlgan, lekin yuqoridagi sharoitlar tufayli hisoblanmagan har qanday foyda Ahdlashayotgan Davlat tomonidan ushbu korxona foydasiga qoʻshilishi va tegishli ravishda soliqqa tortilishi mumkin.
2. Qachonki, Ahdlashayotgan Davlat mazkur Davlatning korxonasi foydasiga oʻzga Ahdlashayotgan Davlat korxonasining ana shu oʻzga Ahdlashayotgan Davlatda soliqqa tortilgan foydasini qoʻshib va tegishli ravishda soliqqa tortsa va shu alfozda qoʻshilgan foyda, birinchi aytilgan korxonaga hisoblanishi mumkin boʻlgan foyda boʻlsa, agar ikki korxona oʻrtasidagi munosabatlar mustaqil korxonalar oʻrtasidagi munosabatlardek boʻlsa, bunda mazkur oʻzga Davlat ushbu foydadan olinadigan soliq miqdoriga tegishli munosiblikni kiritishi shart. Bunday munosiblikni belgilashda ushbu Bitimning boshqa qoidalari koʻrib chiqilishi lozim, Ahdlashayotgan Davlatlarning vakolatli tashkilotlari esa zarur boʻlgan taqdirda bir-birlari bilan maslahatlashadilar.
10-modda Dividendlar
1. Ahdlashayotgan Davlatlardan birining rezidenti boʻlgan kompaniya tomonidan oʻzga Ahdlashayotgan Davlat rezidentiga toʻlangan dividendlar ana shu oʻzga Davlat tomonidan soliqqa tortilishi mumkin.
2. Biroq bunday dividendlar ularni toʻlayotgan kompaniya qaysi Ahdlashayotgan Davlatning rezidenti boʻlsa, mazkur Davlatning qonunlariga binoan ham soliqqa tortilishi mumkin, ammo dividendlarni oluvchi daromadli dividendlar egasi boʻlsa va mazkur oʻzga Ahdlashayotgan Davlatdagi dividendlar yuzasidan soliqqa tortilishi kerak boʻlsa, soliqning miqdori:
a) agar benefitsiar (dividendlarning manfaatdor egasi) dividendlar toʻlayotgan kompaniyaning eng kamida 20 foiz ovozlarini bevosita yoki bilvosita nazoratda tutsa, dividendlar umumiy hajmining 5 foizidan;
b) boshqa barcha hollarda dividendlar yalpi summasining 15 foizidan oshmasligi kerak.
Ahdlashayotgan Davlatlarning vakolatli organlari oʻzaro kelishuvga binoan bunday cheklashlarni qoʻllash usullarini tuzadilar.
Bu band dividendlar toʻlanadigan foyda masalasida kompaniyani soliqqa tortishga taalluqli emas.
3. “Dividendlar” iborasi mazkur moddada qoʻllanilganda, aksiyalardan yoki aksiyalarni foydalanganlikdan yoki togʻ-kon sanoati aksiyalari, taʼsischilar aksiyalari huquqlarini foydalanganlikdan olinadigan yoki qarz talablari boʻlmagan, foydada ishtirok etish huquqini beruvchi boshqa huquqlardan olinadigan daromadni, shuningdek foydani taqsimlovchi kompaniya rezident boʻlgan Davlatning qonunlariga muvofiq, aksiyalardan olinadigan daromad kabi soliqlarni tartibga solishga taalluqli boʻlgan boshqa korporativ huquqlardan olinadigan daromadni anglatadi.
4. Agar benefitsiar Ahdlashayotgan Davlatning rezidenti boʻlgani holda dividendlarni toʻlayotgan birlashma rezidenti boʻlgan oʻzga Ahdlashayotgan Davlatda oʻz faoliyatini unda joylashgan doimiy muassasasi orqali amalga oshirsa yoki ushbu oʻzga Davlatda u yerda joylashgan doimiy bazadan mustaqil xususiy xizmatlar koʻrsatsa va xolding (dividendlar unga nisbatan toʻlanadi) aslida shu doimiy muassasa yoki doimiy baza bilan bogʻliq boʻlsa mazkur moddaning 1 va 2-bandlaridagi qoidalar qoʻllanilmaydi. Bunday holda sharoitga qarab mazkur Bitimning 7-moddasi yoki 14-moddasi qoidalari qoʻllaniladi.
5. Agar Ahdlashayotgan Davlatning rezidenti boʻlgan kompaniya oʻzga Ahdlashayotgan Davlatdan foyda yoki daromad olayotgan boʻlsa, bu oʻzga Ahdlashayotgan Davlat kompaniya toʻlayotgan dividendlardan soliq olmasligi mumkin, ana shu oʻzga Davlat rezidentiga toʻlanadigan bunday dividendlar yoki xolding (shu oʻzga Ahdlashayotgan Davlatda joylashgan doimiy muassasa yoki doimiy baza bilan haqiqatda bogʻliq boʻlgan hollar bundan mustasno) va birlashmaning taqsimlanmagan foydasidan olinadigan soliqlar olinmaydi, hatto-ki toʻlanayotgan dividendlar yoki taqsimlanmagan foyda ana shu oʻzga Davlatda toʻla yoki qisman hosil boʻlgan foyda yoki daromaddan tashkil topgan boʻlsa ham.
6. Mazkur Bitimdagi hech narsa Ahdlashayotgan Davlatning ushbu Davlatdagi doimiy muassasaning kompaniyasi foydasiga ushbu Davlat rezidenti hisoblanadigan kompaniya foydasidan undiriladigan soliqqa qoʻshimcha ravishda maxsus soliq belgilashiga toʻsqinlik qiladigan hol sifatida talqin qilinmasligi kerak, lekin bunda shunday har qanday soliq oldingi yillarda ana shunday qoʻshimcha soliqqa tortilmagan bunday foyda hajmining 5 foizidan ortiq boʻlmaydi. Ushbu maqsad uchun foyda doimiy muassasa joylashgan Ahdlashayotgan Davlatda undiriladigan mazkur bandda tilga olingan maxsus soliqdan oʻzgacha boʻlgan barcha soliqlarni hisoblab chiqqandan soʻng aniqlanadi.
11-modda Foizlar
1. Ahdlashayotgan Davlatlarning birida hosil boʻlgan va oʻzga Ahdlashayotgan Davlatning rezidentiga toʻlanadigan foizlar ana shu oʻzga Davlatda soliqqa tortilishi mumkin.
2. Ammo bunday foizlar hosil boʻlgan mazkur Ahdlashayotgan Davlatda shu Davlatning qonunlariga binoan ham soliqqa tortilishi mumkin, ammo dividendlarni oluvchi benefitsiar (dividendlarning manfaatdor egasi) boʻlsa soliqning miqdori dividendlar umumiy hajmining 10 foizidan oshmasligi kerak. Ahdlashayotgan Davlatlarning vakolatli tashkilotlari oʻzaro kelishuvga muvofiq bunday cheklashlarni qoʻllash usulini taʼsis qiladilar.
3. Mazkur moddaning 2-band qoidalariga qaramay, Ahdlashayotgan Davlatda vujudga keladigan foizlar shu Ahdlashayotgan Davlatda soliqdan ozod qilinadi, qachonki:
a) aslida foizlar egasi boshqa Ahdlashayotgan Davlat Hukumati yoki mahalliy hokimiyat organlari, yoxud shu Hukumatning har qanday boshqa organi yoki mahalliy hokimiyat organlari boʻlsa;
b) aslida foizlar egasi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki yoki Polsha Respublikasi Milliy banki (Ahdlashayotgan Davlat “banklari banki”), davlat eksport va import kreditlarini kafolatlovchi tashkilot yoki shu kabi Ahdlashayotgan davlat qonunlariga muvofiq belgilangan tegishli huquqli boshqa tashkilotlar boʻlsa.
4. “Foizlar” iborasi mazkur Bitimda qoʻllanilganda qarzdor foydasida qatnashishga huquq beradigan yoki bermaydigan, badal bilan taʼminlangan yoki taʼminlanmagan har qanday turdagi qarz talablaridan olinadigan daromadni va, xususan, hukumat qimmatbaho qogʻozlari, obligatsiyalar va qarz majburiyatlaridan olinadigan daromadni bildiradi. Oʻz vaqtida toʻlanmagan toʻlovlar uchun jarimalar ushbu modda maqsadlarida foizlar sifatida koʻrib chiqilmaydi.
5. Agar foizlar benefitsiari Ahdlashayotgan Davlatlardan birining rezidenti boʻla turib, doimiy muassasasi orqali foizlar hosil boʻlayotgan oʻzga Ahdlashayotgan Davlatda tijorat faoliyati olib borayotgan boʻlsa, yoki mazkur oʻzga Davlatda joylashgan doimiy bazasidan mustaqil shaxsiy xizmatlar koʻrsatgan yoki koʻrsatayotgan boʻlsa va foizlar toʻlanayotgan qarz talabnomalari shunday doimiy vakolatxonaga yoki doimiy bazaga haqiqatan mansub boʻlsa, 1 va 2-band qoidalari qoʻllanilmaydi. Bu holda sharoitga qarab mazkur Bitimning 7-moddasi yoki 14-moddasi qoidalari qoʻllaniladi.
6. Foizlarni toʻlovchi Ahdlashayotgan Davlatning rezidenti yoki shu Davlatning oʻzi, mahalliy hokimiyat boʻlsa, foizlar mazkur Davlatda hosil boʻlgan deb hisoblanadi. Lekin foizlarni toʻlovchi shaxs, Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti boʻlishi yoki boʻlmasligidan qatʼi nazar, Ahdlashayotgan Davlatda doimiy muassasaga ega boʻlib shu tufayli foizlarni toʻlash majburiyati vujudga kelgan boʻlsa, bunday holda foizlar doimiy muassasa yoki doimiy baza joylashgan Ahdlashayotgan Davlatda vujudga kelgan deb hisoblanadi.
7. Agar toʻlovchi va amalda foizlar huquqiga ega boʻlgan shaxs (benefitsiar) oʻrtasida yoki ular ikkalasi va qandaydir oʻzga shaxs oʻrtasidagi alohida munosabatlar oqibatida qarz talabnomasi nisbatan toʻlanayotgan foizlar miqdori toʻlovchi va amalda foizlar huquqiga ega shaxs oʻrtasida kelishilgan miqdordan oshiq boʻlsa, bunday munosabatlar yoʻq boʻlgan taqdirda mazkur modda qoidalari faqat oxirgi eslatilgan miqdorga nisbatan qoʻllaniladi. Bunday holda toʻlovning ortiqcha qismidan mazkur Bitimning boshqa qoidalari inobatga olingan holda, har bir Ahdlashayotgan Davlat qonunchiligiga muvofiq yana soliq olinadi.
12-modda Royalti
1. Ahdlashayotgan Davlatlardan birida hosil boʻladigan va oʻzga .Ahdlashayotgan Davlatning rezidentiga shaxsan toʻlanadigan royaltilar ushbu oʻzga Ahdlashayotgan Davlatda soliqqa tortilishi mumkin.
2. Biroq, bunday royaltilar ular hosil boʻlgan Ahdlashayotgan Davlatda va shu Davlat qonunlariga muvofiq soliqqa tortilishi mumkin, ammo bu daromadlarni oluvchi daromadlarning benefitsiar egasi boʻlsa, shu tarzda olinadigan soliq royaltilar yalpi miqdorining 10 foizidan oshib ketmasligi lozim. Ahdlashayotgan Davlatlarning vakolatli tashkilotlari oʻzaro kelishuvga muvofiq bunday cheklashlarni qoʻllash usulini taʼsis qiladilar.
3. “Royalti” iborasi mazkur Bitimda qoʻllanilganda har qanday adabiyot, sanʼat va fan asarlarini, xususan, kinofilmlar hamda radioeshittirish va televideniye yozuvlari va videokassetalar, har qanday patent, tovar belgisi, chizma yoki model, sxema, kompyuter dasturi, maxfiy formula yoki jarayon mualliflik huquqidan foydalanish huquqidan foydalanganlik yoki shu huquqni berganlik uchun, yoki ishlab chiqarish, tijorat yoki ilmiy asbob-uskunalardan foydalanish huquqidan foydalanganlik yoki shu huquqni berganlik uchun yoki ishlab chiqarish, tijorat yoki ilmiy tajribaga mansub axborot uchun mukofot tarzida olingan har qanday koʻrinishdagi toʻlovlarni bildiradi.
4. Ahdlashayotgan Davlatlardan birining rezidenti boʻlib, royaltiga nisbatan amalda huquqqa ega boʻlgan shaxsga nisbatan agar shaxs royalti hosil boʻlayotgan oʻzga Ahdlashayotgan Davlatda u yerda joylashgan doimiy muassasa orqali tijorat faoliyatini yuritayotgan boʻlsa, yoki mazkur oʻzga Davlatda mustaqil xizmatlarni amalga oshirsa, yaʼni u yerda joylashgan doimiy baza orqali yoki royalti toʻlanayotgan mulk amalda shunday doimiy muassasa yoki doimiy bazaga bogʻliq boʻlsa 1 va 2-bandlarning qoidalari qoʻllanilmaydi. Bunday holda mazkur Bitimning 7 yoki 14-moddalari qoidalari qoʻllaniladi.
5. Agar toʻlovchi Ahdlashayotgan Davlatning oʻzi, uning mahalliy hokimiyat organi yoki shu Ahdlashayotgan Davlatning rezidenti boʻlsa, royaltidan olinadigan daromadlar shu Ahdlashayotgan Davlatda hosil boʻlgan deb hisoblanadi. Biroq, agar, royaltini toʻlovchi shaxs Ahdlashayotgan Davlatning rezidentimi, yoʻqmi, Ahdlashayotgan Davlatda royaltini toʻlash majburiyati zimmasiga tushgan doimiy muassasaga ega boʻlsa va bu doimiy muassasa toʻlov xarajatlarini toʻlasa, bunday royalti doimiy muassasa joylashgan shu Ahdlashayotgan Davlatda hosil boʻlgan deb hisoblanadi.
6. Agar toʻlovchi va amalda royalti huquqiga ega shaxs oʻrtasidagi, yoki ularning ikkovi va boshqa shaxs oʻrtasidagi alohida munosabatlar oqibatida royaltining toʻlangan miqdori toʻlovchi va amaldagi shu daromadlar huquqiga ega shaxs oʻrtasida kelishilgan miqdordan oshiq boʻlsa, bunday munosabatlar yoʻq boʻlgan taqdirda, mazkur modda qoidalari faqat oxirgi eslatilgan miqdorga nisbatan qoʻllaniladi. Bunday holda toʻlovning ortiqcha qismiga mazkur Bitimning boshqa qoidalari inobatga olingan holda, har bir Ahdlashayotgan Davlat qonunchiligiga muvofiq yana soliq solinadi.
7. Agar royalti toʻlanadigan huquqlarni yaratish yoki oʻzgaga oʻtkazish bilan bogʻliq boʻlgan har qanday shaxsning asosiy maqsadi yoki asosiy maqsadlaridan biri mazkur moddadan huquqlarni yaratish yoki oʻzgaga oʻtkazish orqali naf orttirish boʻlsa, mazkur moddaning qoidalari qoʻllanilmaydi.
13-modda Mulk qiymatining oʻsishidan olinadigan daromadlar
1. Ahdlashayotgan Davlatlardan birining rezidenti boshqa Ahdlashayotgan Davlatda boʻlgan 6-moddada eslatib oʻtilgan koʻchmas mulkni sotishdan olinadigan mulk qiymatining ortishidan oladigan daromadlariga oʻsha boshqa Ahdlashayotgan Davlatda soliq solinishi mumkin.
2. Ahdlashayotgan Davlatlardan birining korxonasi boshqa Ahdlashayotgan Davlatda ega boʻlgan doimiy muassasa tadbirkorlik mulkining qismini tashkil etuvchi koʻchma mulkni begonalashtirishdan olingan yoki Ahdlashayotgan Davlatlardan birining rezidenti boshqa Ahdlashayotgan Davlatda mustaqil shaxsiy xizmatlarni amalga oshirishida bemalol foydalanishi mumkin boʻlgan doimiy bazaga taalluqli koʻchma mulkni begonalashtirishdan olingan daromadlarga, bunga shu doimiy muassasa (alohida yoki korxona bilan birga) yoki shunday doimiy bazani begonalashtirishdan olingan daromadni ham qoʻshib mana shu boshqa Davlatda soliq solinishi mumkin.
3. Ahdlashayotgan Davlatlardan birining rezidenti Ahdlashayotgan Davlat korxonasi xalqaro yuk tashishlarda foydalanadigan kema yoki samolyot yoki temir yoʻl, avtomobil transporti vositalarini sotishdan olgan daromadlari yoki mana shu transport vositalarini ishlatishda foydalaniladigan koʻchma mulkni sotishdan oladigan daromadlariga faqat ana shu Ahdlashayotgan Davlatdagina soliq solinishi mumkin.
4. Mazkur moddaning 1, 2 va 3-bandlarida aytib oʻtilmagan istalgan boshqa mulkni sotishdan olinadigan daromadlarga soliq solinadi, mulkni sotuvchi shaxs Ahdlashayotgan Davlatning rezidenti boʻlib, mulk qiymatining ortishidan olinadigan daromadlarga mazkur Ahdlashayotgan Davlatda soliq solinishi kerak.
14-modda Mustaqil shaxsiy xizmatlar
1. Ahdlashayotgan Davlatlardan birining rezidenti kasb xizmatlarini koʻrsatish yoki boshqa mustaqil faoliyatlardan olgan daromadiga faqat mana shu Davlatdagina soliq solinishi mumkin, faqat ikkinchi Ahdlashayotgan Davlatda soliqqa tortilishi mumkin boʻlgan quyidagi holatlardan tashqari:
a) agar u boshqa Ahdlashayotgan Davlatda shu xizmatlarni amalga oshirish uchun barqaror, qulay bazaga ega boʻlsa; bunday paytda shu boshqa Ahdlashayotgan Davlatda, faqat shunday doimiy bazaga kiritiladigan qismigagina soliq solinadi;
b) jismoniy shaxs boshqa Ahdlashayotgan Davlatda jami 12 oylik davr mobaynidagi maʼlum bir davr yoki taqvimiy yilda umumiy miqdorda 120 kundan ortiq yashayotgan boʻlsa, u xolda bunday daromad ham, shuningdek boshqa Ahdlashayotgan Davlatda soliqqa tortilishi mumkin. Faqat bunda ana shu Davlatda koʻrsatilgach xizmatlarga taalluqli boʻlgan daromadlargina soliqqa tortiladi.
2. “Mustaqil shaxsiy xizmatlar” iborasi jumladan ilmiy, adabiy, artistlik, maʼrifiy yoki oʻqituvchilik faoliyatlarini, shuningdek vrachlar, muhandislar, meʼmorlar, stomatologlar va buxgaltyerlar faoliyatini qamrab oladi.
15-modda Yollash bilan bogʻliq shaxsiy xizmatlar
1. Mazkur Bitimning 16, 18 va 19-moddalari qoidalarini hisobga olib Ahdlashayotgan Davlatlardan birining rezidentining yollash boʻyicha oladigan maoshi, ish haqi va yollash munosabati bilan olingan taqdirlash miqdoriga mana shu boshqa Ahdlashayotgan Davlatda soliq solinishi mumkin. Agar yollanma ish shu tariqa bajariladigan boʻlsa, unda shu munosabat bilan olingan ragʻbatlantirish puliga ana shu oʻzga davlatda soliq solinishi mumkin.
2. 1-bandning qoidalariga qaramay, Ahdlashayotgan Davlatlardan birining rezidenti Ahdlashayotgan Davlatlardan boshqasida amalga oshiradigan yollash boʻyicha ish munosabatida oladigan taqdirlash pullariga faqat eslatilgan birinchi Davlatda soliq solinadi, bunda:
a) taqdirlash puli oluvchi boshqa Ahdlashayotgan Davlatda istalgan 12 oylik davr doirasida umumiy majmuiga koʻra 183 kunlik davr yoki davrlar mobaynida boʻlsa; va
b) taqdirlash puli yollovchi tomonidan yoki boshqa Ahdlashayotgan Davlat shaxsi, rezidenti boʻlmagan yollovchi nomidan toʻlansa; va
c) taqdirlash puli boʻyicha xarajatlarni yollovchi boshqa Ahdlashayotgan Davlatda ega boʻlgan doimiy muassasa yoki doimiy baza qilmasa.
3. Mazkur moddaning l va 2-bandlarining qoidalariga qarashmay Ahdlashayotgan Davlatlardan birining rezidenti xalqaro yuk tashishlarda foydalanadigan dengiz, havo, temir yoʻl yoki avtomobil transporti vositalarida yollanma ish boʻyicha oladigan ish haqi va boshqa shu kabi taqdirlashlarga mazkur korxona rezidenti boʻlgan Davlatda soliq solinishi mumkin.
16-modda Direktorlarning gonorarlari
Bir Ahdlashayotgan Davlat rezidenti boʻlgan direktorlarning boshqa Ahdlashayotgan Davlat rezidenti boʻlgan shirkat direktorlari kengashining aʼzosi sifatida oladigan gonorarlari mazkur oʻzga Davlatda soliqqa tortilishi mumkin.
17-modda Sanʼat xodimlari va sportchilar
1. Mazkur Bitimning 14 va 15-moddalari qoidalariga qaramay, Ahdlashayotgan Davlatlardan birining rezidenti boʻlishi teatr, kino, radio yoki televideniye artisti yoki musiqachi kabi sanʼat xodimi sifatida yoki sportchi sifatida ikkinchi Ahdlashayotgan Davlatdagi shaxsiy faoliyati tufayli oladigan daromadiga shu ikkinchi Ahdlashayotgan Davlatda soliq solinishi mumkin.
2. Sanʼat xodimi yoki sportchi amalga oshirgan shaxsiy faoliyatiga daromad sanʼat xodimi yoki sportchining oʻziga emas, boshqa shaxsga yozilsa, mazkur Bitimning 7, 14 va 15-moddalari qoidalariga qaramay, ushbu daromadga sanʼat xodimi yoki sportchi faoliyat koʻrsatgan oʻsha Ahdlashayotgan Davlatda soliq solinishi mumkin.
3. Agar sanʼat xodimlari yoki sportchilarning Ahdlashayotgan Davlatda boʻlishi asosan boshqa Ahdlashayotgan davlat, uning subyektlari yoki mahalliy hokimiyatlari tomonidan mablagʻ bilan taʼminlanayotgan boʻlsa, unda ularning Ahdlashayotgan Davlatdagi faoliyatidan oladigan daromadlariga 1 va 2-bandlarning qoidalari tegishli boʻlmaydi.
Bunday holda ularning daromadlariga mazkur sanʼat xodimi yoki sportchi rezidenti sanalgan Ahdlashayotgan Davlatdagina soliq solinadi.
18-modda Pensiyalar va umrbod renta
1. Ahdlashayotgan Davlatda vujudga keladigan va ularning benefitsiari boʻlgan oʻzga Ahdlashayotgan Davlat rezidentiga toʻlanadigan pensiyalar va umrbod rentaga ushbu Ahdlashayotgan Davlatdagina soliq solinadi.
2. “Umrbod renta” atamasi mazkur Bitim maqsadlarida jismoniy shaxsga uning hayoti mobaynida vaqti-vaqti bilan muayyan bir vaqtda yoki muayyan bir davr mobaynida adekvat va toʻliq kompensatsiya oʻrniga (koʻrsatiladigan xizmatlardan boshqacha boʻlgan) toʻlov toʻlash majburiyati boʻyicha toʻlanadigan belgilangan summani anglatadi.
3. Ahdlashayotgan Davlatda vujudga keladigan va boshqa Ahdlashayotgan Davlat rezidentiga toʻlanadigan alimentlar va boshqa shu kabi toʻlovlarga (bolalarni taʼminlash uchun toʻlovlarni ham qoʻshganda) faqat ana shu Ahdlashayotgan Davlatda soliq solinishi mumkin.
19-modda Hukumatga bogʻliq boʻlgan xizmat
l.a) Ahdlashayotgan Davlatlardan biri yoki uning mahalliy hokimiyatlari tomonidan jismoniy shaxsga mana shu Ahdlashayotgan Davlatga yoki mahalliy hokimiyatlarga toʻlanadigan taqdirlash puliga, pensiya bundan mustasno, faqat mana shu Davlatdagina soliq solinishi mumkin.
b) Mazkur moddaning 2-bandi “a” kichik bandi qoidalariga qaramay bunday pensiya agarda bogʻliq boʻlgan xizmatlar mana shu boshqa Ahdlashayotgan Davlatda amalga oshirilsa va jismoniy shaxs shu boshqa Ahdlashayotgan davlatning rezidenti; yaʼni:
(i) shu Davlat milliy shaxsi boʻlsa, yoki
(ii) faqatgina xizmat koʻrsatish maqsadlarida shu Davlatning rezidenti boʻlmagan boʻlsa faqat ana shu boshqa Ahdlashayotgan Davlatdagina soliq solinadi.
2. a) Ahdlashayotgan Davlatlar yoki maʼmuriy boʻlinmalar yoki hokimiyatning mahalliy organlari tomonidan yoki ular tuzgan fondidan shu davlatga yoki uning maʼmuriy boʻlinmalariga yoki mahalliy hokimiyatlariga koʻrsatgan xizmatlariga nisbatan istalgan shaxsga toʻlanadigan har qanday pensiyaga faqat mana shu Ahdlashayotgan Davlatdagina soliq solinadi.
b) Biroq agar jismoniy shaxs shu Ahdlashayotgan Davlat rezidenti va milliy shaxsi boʻlsa, bunday pensiyaga faqat boshqa Ahdlashayotgan Davlatdagina soliq solinadi.
3. Mazkur shartnomaning 15, 16 va 17-moddalari qoidalari Ahdlashayotgan Davlat yoki uning mahalliy hokimiyatlari amalga oshiradigan tadbirkorlik faoliyatlari munosabati bilan koʻrsatiladigan xizmatlarga nisbatan toʻlanadigan taqdirlash pullari va pensiyalariga nisbatan qoʻllanadi.
20-modda Talabalar
Ahdlashayotgan Davlatga kelgunga qadar boshqa Ahdlashayotgan Davlatning hozirda rezidenti hisoblanib turgan yoki boʻlgan va birinchi eslatilgan Davlatda faqat oʻqish yoki maʼlumot olish maqsadlaridagina yashab turgan talaba yoki praktikantning yashash, oʻqish va maʼlumot olish uchun moʻljallangan oladigan toʻlovlari mana shu birinchi eslatilgan Davlatda, agarda bunday toʻlovlar shu Davlat hududidagi manbalardan olib toʻlanadigan boʻlsa, soliq solinmaydi.
21-modda Boshqa daromadlar
1. Ahdlashayotgan davlatlardan birining rezidenti amalda olishga haqli boʻlgan daromad turlari mazkur Bitimning oldingi moddalarida tilga olinmagan, daromadlarga qayerda paydo boʻlishidan qatʼi nazar, faqat mana shu Davlatdagina soliq solinadi.
2. Mazkur moddaning 1-band qoidasi koʻchmas mulkdan olingan daromad hisoblanmaydigan daromadga nisbatan, agarda bunday daromadni oluvchi Ahdlashayotgan Davlat rezidenti boʻla turib, Ahdlashayotgan boshqa Davlatda joylashgan doimiy muassasa orqali tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirsa yoki u yerda doimiy bazani joylashtirib, mustaqil shaxsiy xizmatlarni amalga oshirsa va daromad toʻlanadigan huquq yoki mulk haqiqatan ham bunday doimiy muassasa yoki baza bilan bogʻlangan boʻlsa, qoʻllanmaydi. Bu holatda mazkur Bitimning 7 va 8-moddalari qoidalari qoʻllaniladi.
22-modda Mulk
1. Ahdlashayotgan Davlatlardan birining rezidentiga tegishli boʻlgan va boshqa Ahdlashayotgan Davlatda joylashgan qoʻzgʻalmas mulkka ushbu boshqa Davlatda soliq solinadi.
2. Ahdlashayotgan Davlatlardan birining korxonasining boshqa Ahdlashayotgan Davlatdagi doimiy muassasasining tadbirkorlikka oid mol-mulkining bir qismi boʻlgan koʻchma mulkka yoki Ahdlashayotgan Davlatlardan birining rezidentiga mansub boshqa Ahdlashayotgan Davlatda mustaqil yakka tartibdagi xizmatlarini koʻrsatish uchun lozim boʻlgan mulklarga ushbu boshqa Davlatda soliq solinishi mumkin.
3. Ahdlashayotgan davlat rezidentining mulki boʻlgan va xalqaro tashishlarda foydalaniladigan dengiz, havo kemalari, temir yoʻl va avtomobil transporti sifatidagi mulkka va bunday dengiz, havo kemalari, temir yoʻl yoki avtomobil transporti va konteynyerlardan foydalanish bilan bogʻliq boʻlgan koʻchma mulkka (qaysiki 8-moddaning 2-bandida koʻrsatilgan qoidalar tegishli boʻlgan) faqat ushbu Ahdlashayotgan Davlatda soliq solinadi.
4. Ahdlashayotgan Davlat rezidenti mulkining boshqa barcha elementlariga faqat ushbu Davlatda soliq solinadi.
23-modda Ikkiyoqlama soliqqa tortishni bartaraf etish
1. Ahdlashayotgan Davlatlardan birining rezidenti mazkur Bitim qoidalariga muvofiq boshqa Ahdlashayotgan Davlatda soliqqa tortilishi mumkin boʻlgan daromad olsa va mol-mulkka ega boʻlsa, unda oldin tilga olingan Davlat:
a) ushbu rezidentning daromadidan olinadigan soliqdan boshqa Davlatda toʻlangan daromad soligʻiga teng summani chegirib qolishi;
b) ushbu rezidentning mol-mulk soligʻidan boshqa Davlatda toʻlangan mol-mulk soligʻiga teng summani chegirib qolishi mumkin.
Bunday hisoblar har qanday holda ham vaziyatga qarab boshqa Davlatda soliqqa tortilishi mumkin boʻlgan daromad yoki mulkka taalluqli hisoblar taqdim qilingunga qadar hisoblab chiqiladigan daromad yoki mol-mulkdan olinadigan soliq qismidan ortiq boʻlmasligi kerak.
2. Mazkur Bitimning biron-bir qoidasiga muvofiq Ahdlashayotgan Davlat rezidenti oladigan daromad yoki mulk shu Davlatda soliqdan ozod etilsa, bu Davlat shunga qaramay bu rezidentning daromadi va mol-mulkining qolgan qismini soliqqa tortish summasini hisoblab chiqishda ozod etilgan daromad yoki mulkni eʼtiborga olishi kerak.
3. Mazkur moddaning 1 va 2-bandlari maqsadlarida Ahdlashayotgan Davlat rezidentiga taalluqli boshqa Ahdlashayotgan Davlatda soliq solinishi mumkin boʻlmagan foyda, daromad va mulk qiymatining oʻsishidan olinadigan daromadlar mazkur Bitimga koʻra shu Ahdlashayotgan boshqa davlatdagi manbalardan paydo boʻlgan hisoblanadi.
24-modda Kamsitmaslik
1. Ahdlashayotgan Davlatlardan birining milliy shaxslari boshqa Ahdlashayotgan Davlatda boshqa Davlat fuqarolariga ayni bir xil sharoitlarda yoki solinishi mumkin boʻlgandan ortiq har qanday soliq yoki unga aloqador majburiyatlarga, soliq solishdan koʻra mushkulroq yoki unga aloqador holatlarga duchor qilinmaydilar. Bu qoida, shuningdek, 1-moddaning qoidalaridan qatʼi nazar, (Bitim qoʻllaniladigan shaxslar) bitta yoki har ikkala Ahdlashayotgan davlatning rezidentlari boʻlmagan jismoniy shaxslarga ham tegishlidir.
2. Ahdlashayotgan Davlatlardan birining korxonasi Ahdlashayotgan boshqa Davlatdagi doimiy muassasasining soliq solishi ushbu Ahdlashayotgan boshqa aynan shunday faoliyatini amalga oshiruvchi korxonalariga soliq solishdan koʻra yomonroq boʻlmaydi. Mazkur qoida har bir Ahdlashayotgan Davlatni boshqa Ahdlashayotgan Davlat rezidentiga soliq solish maqsadlarida oʻz rezidentlariga ularning fuqarolik mavqeyi yoki oilaviy sharoiti asosida beradigan har qanday yakka tarkibdagi imtiyozlar, ozod qilishlar yoki chegirmalar berishga majburlovchi tarzida talqin qilinmasligi lozim.
3. Mazkur Bitimning 9-modda l-bandi, 11-modda 6-bandi yoki 12-modda 6-bandi qoidalari qoʻllaniladigan holatlarni istisno qilib va 11-modda 7-bandining qoidasini hisobga olib, Ahdlashayotgan Davlatning korxonasi boshqa Ahdlashayotgan Davlat rezidentiga bunday korxonaning soliq solinadigan foydasini aniqlash maqsadlarida toʻlaydigan foizlar, royalti va boshqa tovonlar goʻyoki birinchi eslatilgan Davlat rezidentiga toʻlangan tarzda chegirib tashlanadi. Xuddi shuningdek, bitta Ahdlashayotgan Davlat korxonasining boshqa Ahdlashayotgan Davlat rezidentiga xar qanday arzlari ushbu korxonaning soliqqa tortiladigan mulkini aniqlash maqsadida birinchi esga olingan Davlat rezidentining qarzlarini hisobga olgandek sharoitda hisob-kitob qilib chiqilishi kerak.
4. Ahdlashayotgan Davlatlarning korxonalari qaysiki ularning mol-mulklari toʻliq yoki qisman Ahdlashayotgan boshqa Davlatga tegishli boʻlsa yoki bir yoki bir necha rezidentlari tomonidan bevosita yoki bilvosita nazorat qilinsa birinchi eslatilgan Davlatda Ahdlashayotgan birinchi eslatilgan Davlatning shunday korxonalariga solinadigan har qanday soliq yoki unga aloqador holatlar, boshqa yoki soliq solishdan koʻra mushkulroq holatlarga duchor qilinmaydi.
5. 3-band qoidalari Ahdlashayotgan Davlatlarning soliqlardan boʻyin tovlash maqsadidagi operatsiyalar yoki kelishuvlarga toʻsqinlik qilish maqsadida yaratilgan soliqqa tortish toʻgʻrisidagi qonunlari qoidalariga taʼsir qilmaydi.
25-modda Oʻzaro kelishuv tartiblari
1. Agarda Ahdlashayotgan Davlat rezidenti Davlatlardan biri yoki har ikkalasining faoliyati unga mazkur Bitimda nazarda tutilganga muvofiq kelmaydigan soliq solinishiga olib keladi yoki olib kelishi mumkin deb hisoblasa yoki agarda uning holati mazkur Bitimning 24-modda 1-bandiga muvofiq kelsa u mazkur Davlatlarning ichki qonunchiligida nazarda tutilgan himoya vositalaridan qatʼi nazar, arizasini oʻzi rezident boʻlgan Ahdlashayotgan Davlatning vakolati organiga taqdim etishi mumkin. Ariza mazkur Bitim qarorlariga muvofiq soliq solinishiga olib keluvchi harakatlar toʻgʻrisida birinchi bor bildirilgan vaqtdan boshlab uch yil mobaynida berilishi kerak.
2. Bir Ahdlashayotgan Davlatning vakolatli organi uning arizasini asosli deb topsa va uning oʻzi qoniqtiradigan qarorga kela olmasa, masalani Bitimga muvofiq kelmaydigan soliq solinishidan qochish maqsadlarida Ahdlashayotgan boshqa Davlatning vakolatli organi bilan oʻzaro kelishib hal qilishga harakat qiladi. Erishilgan har qanday kelishuv Ahdlashayotgan Davlat ichki qonunchiligida nazarda tutilgan har qanday vaqtincha cheklashlardan qatʼi nazar, bajarilishi kerak.
3. Ahdlashayotgan Davlatning vakolatli organlari Bitimni talqin qilish yoki qoʻllashda yuzaga keladigan har qanday qiyinchilik ikkilanishlarni oʻzaro kelishuv asosida hal qilishga harakat qiladilar. Ular mazkur Bitimda nazarda tutilmagan holatlarda ham ikki tomonlama soliq solinishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadlarida bir-birlari bilan maslahatlashishlari mumkin.
4. Ahdlashayotgan Davlatlarning vakolatli organlari oldingi bandlar maʼnolarini tushunishda hamfikrlikka erishish maqsadlarida bir-birlari bilan bevosita aloqada boʻlib turadilar. Agar kelishuvga erishish uchun ogʻzaki fikr almashishni tashkil qilish maqsadga muvofiq boʻlsa, unda bunday fikr almashuv Ahdlashayotgan Davlatlarning vakolatli organlari vakillaridan iborat komissiyaning majlisi doirasida oʻtqazilishi mumkin.
26-modda Axborot almashish
1. Ahdlashayotgan Davlatlarning vakolatli organlari mazkur Bitim qoidalarini qoʻllanish uchun yoki mazkur Bitim tatbiq etiladigan Ahdlashayotgan Davlatlarning soliqlarga tegishli ichki qonunchiligi ushbu qonunchilikdan mazkur Bitimga zid tushmaydigan darajada foydalanish uchun zarur axborotlar bilan almashib turadilar. Ahdlashayotgan Davlat olayotgan har qanday axborot, mazkur Davlatning ichki qonunlari haqida olingan maʼlumot kabi maxfiy hisoblanadi, hamda faqat aniqlash, olib qoʻyish, majburiy chora koʻrish bilan bogʻliq yoki Bitim tatbiq etiladigan soliqlarga nisbatan qarorlarni ijro etuvchi shaxslar va organlargagina, xususan, sudlar va maʼmuriy organlargagina ochiladi. Bu shaxslar yoki organlar axborotdan faqat shunday maqsadlarda foydalanadilar. Ular ushbu axborotni ochiq sud majlisida yoki yuridik qarorlar qabul qilish chogʻida ochishlari mumkin.
2. Hech qanday holatda ham mazkur modda 1-bandining qoidasi Ahdlashayotgan Davlatlar vakolatli organi zimmasiga quyidagi majburiyatlarni yuklovchi qoida sifatida talqin qilinmaydi:
a) u yoki bu Ahdlashayotgan Davlatlar qonunchiligi yoki maʼmuriy amaliyotiga zid, maʼmuriy choralar oʻtkazish:
b) u yoki bu Ahdlashayotgan Davlatlar qonunchiligiga koʻra yoki odatdagi maʼmuriy amaliyotga muvofiq olinishi mumkin boʻlmagan axborotni taqdim etish:
c) savdo, ishlab chiqarish, tijorat yoki xizmat siri yoki savdo jarayonini fosh etuvchi axborotni yoki ochilishi davlat siyosatiga zid keluvchi axborotni taqdim etish.
27-modda Diplomatik vakolatxonalar xodimlari va konsullik muassasalari xizmatchilari
Mazkur Bitimning hech bir qoidasi diplomatik vakolatxonalari xodimlari va konsullik muassasalari xizmatchilariga xalqaro huquqning umumiy normalari yoki har ikki Ahdlashayotgan Davlatlar oʻrtasidagi maxsus Bitim qoidalariga muvofiq belgilab qoʻyilgan soliq imtiyozlariga daxl qilmaydi.
28-modda Kuchga kirishi
Ahdlashayotgan Davlatlar mazkur Bitimning kuchga kirishi uchun talab qilinadigan zarur ichki davlat tartiblarining tugaganligi toʻgʻrisida bir-birlariga diplomatik yoʻl orqali maʼlum qiladilar. Mazkur Bitim aytib oʻtilgan ogohlantirish berilgan sanadan boshlab kuchga kiradi va
a) mazkur Bitim kuchga kirgan yildan keyingi yilning birinchi yanvaridan boshlab daromad olinadigan manbalardan undiriladigan soliqlarga nisbatan;
b) Bitim kuchga kirgan yildan keyingi taqvimiy yilning birinchi yanvari va bundan keyingi sanadan boshlab har bir soliq solinadigan yil uchun undiriladigan boshqa daromadlar va mol-mulk soliqlariga nisbatan qoʻllanadi.
29-modda Bitimning amal qilishini toʻxtatish
Mazkur Bitim Ahdlashayotgan Davlatlardan biri uning taʼsirini toʻxtatmaguncha oʻz kuchida qoladi. Har bir Ahdlashayotgan Davlat Bitimning taʼsirini Bitim kuchga kirgan sanadan 5 yillik muddat tugagan kundan boshlab istalgan taqvimiy yilning tugashidan kamida 6 oy oldin diplomatik yoʻl orqali xabar berib toʻxtatishi mumkin. Mazkur holatda Bitimning amal qilishi:
a) Bitimni bekor qilish toʻgʻrisidagi bildirish berilgan yildan keyingi taqvimiy yilning yanvaridan boshlab daromadlar olinadigan manbalardan undiriladigan soliqlarga nisbatan;
b) Bitimni bekor qilish toʻgʻrisidagi bildirish berilgan yildan keyingi taqvimiy yilning birinchi yanvari va bundan keyingi sanadan boshlab har bir soliq solinadigan yil uchun undiriladigan boshqa daromadlar va mol-mulk soliqlariga nisbatan toʻxtatiladi.
Tegishli tartibda vakolat berilgan quyidagi imzo chekuvchilar shunga guvohlik berib mazkur Bitimni imzoladilar.
Bitim 1995-yil 11-yanvarda Varshava shahrida ikki nusxada boʻlib, ularning har biri oʻzbek, polyak va rus tillarida tuzildi. Barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Mazkur Bitimning qoidalari talqinida anglashilmovchiliklar yuzaga kelgan hollarda rus tilidagi matn asos uchun qabul qilinadi.
(imzolar)
