Rossiya korxonalari bilan Oʻzbekiston Respublikasi korxonalarining 1992-1993-yillardagi kreditlar va kooperatsiyalashgan tarzda mahsulot yetkazib berganlik uchun hisob-kitoblari bilan bogʻliq masalalar toʻgʻrisida (632-I-son)
01.05.1998
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining
Qarori
Oliy Majlis Rossiya korxonalari bilan Oʻzbekiston Respublikasi korxonalarining 1992-1993-yillardagi kreditlar va kooperatsiyalashgan tarzda mahsulot yetkazib berganlik uchun hisob-kitoblari yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi oʻrtasidagi Bitimlarni oʻrganish yuzasidan 1998-yil 13-martda Oliy Majlisning Kengashi tomonidan maxsus tuzilgan komissiyaning xulosasini koʻrib chiqib, shuni taʼkidlaydiki, SSSR parchalanib ketganidan keyin sobiq Sovetlar mamlakati hududida 1992-yilning boshlarida Oʻzbekiston Respublikasi bilan Rossiya Federatsiyasining xoʻjalik yurituvchi subyektlari oʻrtasidagi hisob-kitoblarni yagona pul birligi — rublda sobiq SSSR Davlat banki belgilagan qoidalar boʻyicha amalga oshirish davom ettirildi.
MDH qatnashchilari boʻlmish davlatlarning boshliqlari 1992-yil 15-mayda tuzilgan “Mustaqil Davlatlar hamdoʻstligi qatnashchilari boʻlmish mamlakatlarning xoʻjalik tashkilotlari oʻrtasidagi hisob-kitoblar yaxshilanishini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Bitim asosida hisob-kitoblarni davlatlarning markaziy (milliy) banklari muassasalari avizoni tasdiqlashi sharti bilan amalga oshirish tartibini tasdiqladilar.
Xalqaro shartnomalar huquqi toʻgʻrisidagi Vena konvensiyasining 26-moddasini va MDH qatnashchilari boʻlmish davlatlar boshliqlarining 1992-yil 15-mayda tuzilgan pul-kredit siyosatini kelishilgan holda amalga oshirishni nazarda tutuvchi Bitimi normalarini buzib, Rossiya Federatsiyasi Markaziy banki 1992-yil 1-iyuldan boshlab Rossiya va Oʻzbekistonning xoʻjalik yurituvchi subyektlari oʻrtasidagi barcha hisob-kitoblarni Rossiya Federatsiyasi va Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banklarining vakillik hisobvaraqlari orqali amalga oshirish toʻgʻrisida bir tomonlama tartibda qaror qabul qildi. Natijada Rossiya Federatsiyasining naqd pulsiz rubl oboroti Oʻzbekiston Respublikasining naqd pulsiz rubl oborotidan sunʼiy ravishda ajratib qoʻyildi.
MDH qatnashchilari boʻlmish davlatlar boshliqlarining 1992-yil 9-oktabrdagi “Rubl muomalasining har qanday cheklanishiga yoʻl qoʻyilmaydi” degan qoidani nazarda tutuvchi “Rublni qonuniy toʻlov vositasi sifatida saqlab qolgan davlatlarning yagona pul tizimi hamda kelishilgan pul-kredit va valyuta siyosati toʻgʻrisida”gi Bitimi normalariga qaramay, Rossiya Markaziy banki tomonidan joriy etilgan hisob-kitob qilish tartibi bekor qilinmadi.
Shu bilan birga Rossiya tarafidan pul-kredit va valyuta siyosati sohasida MDH qatnashchilari boʻlmish boshqa mamlakatlarning manfaatlariga dahl qiluvchi va hamkorlikning teng huquqli boʻlmagan shartlarini keltirib chiqaruvchi qonun hujjatlari qabul qilish yuzasidan bir tomonlama chora koʻrildi.
Bunday bir tomonlama harakatlar Oʻzbekiston korxonalarini Rossiya korxonalariga nisbatan teng huquqli boʻlmagan sharoitga solib qoʻydi va bu bilan ilgari mahsulot yetkazib berish toʻgʻrisida oʻzaro tuzilgan shartnomalar qoʻpol ravishda buzildi.
Shunga qaramay, Oʻzbekiston Hukumati bu masalada prinsipiallikka bormadi. Modomiki, mahsulot yetkazib berish toʻgʻrisidagi shartnomalar ikkala davlatning korxonalari oʻrtasida imzolanganligiga va bunda Oʻzbekiston hukumati aslo javobgar taraf sifatida oʻrin tutmaganligiga qaramay, Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarining xoʻjalik yurituvchi subyektlarining majburiyatlari yuzasidan davlat javobgar boʻlmasligi nazarda tutilgan talablari inobatga olinmay, ikki mamlakat xoʻjalik yurituvchi subyektlarining 1992-1993-yillardagi savdo-iqtisodiy munosabatlari natijasida hosil boʻlib qolgan Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining Rossiya Federatsiyasi Markaziy bankidagi vakillik hisobvaragʻi boʻyicha (texnikaviy kredit shaklidagi) qarz Rossiya Federatsiyasining Oʻzbekiston Respublikasiga bergan davlat krediti etib qayta rasmiylashtirildi. Bu haqda 1993-yil 19-mayda va 1993-yil 15-oktabrda Oʻzbekiston Respublikasi bilan Rossiya Federatsiyasi Hukumatlari va Markaziy banklari oʻrtasida Bitimlar tuzilgan edi.
Mazkur Bitimlarning mazmunidan Rossiya korxonalari Oʻzbekiston Respublikasi korxonalariga yetkazib bergan mahsulot haqini toʻlash boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi hukumatining bir tomonlama majburiyati kelib chiqadi, ayni paytda Rossiya Federatsiyasi hukumati uqtirib oʻtilgan mahsulot yetkazib berish yuzasidan oʻz zimmasiga shartnomaviy-huquqiy javobgarlik olmagan.
Yuqorida aytib oʻtilgan Bitimlar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasida tasdiqlatib olishdan iborat davlatning ichki rasmiy tartibotidan oʻtkazilmagan. Shunga qaramay, Oʻzbekiston Respublikasining Rossiya Federatsiyasidagi Elchixonasi tomonidan 1993-yil 9-iyulda Rossiya tarafiga 1993-yil 19-mayda tuzilgan Bitim 1993-yil 1-iyuldan eʼtiboran kuchga kirishi toʻgʻrisidagi xabarnoma berilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Rossiya Federatsiyasi Hukumati oʻrtasida 1997-yil 14-martda tuzilgan Rossiya Federatsiyasi tomonidan berilgan davlat kreditlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining qarzlarini restrukturizatsiyalash toʻgʻrisidagi Bitim uning 9-moddasida mazkur Bitimning kuchga kirishi uchun Taraflar oʻz davlatlarining ichki tartibotlarini amalga oshirganliklari toʻgʻrisida bir-birlarini xabardor qilishlarini nazarda tutuvchi talablari Taraflar tomonidan bajarilmaganligi munosabati bilan kuchga kirmagan hisoblanadi.
Yuqorida koʻrsatib oʻtilgan hujjatlar Oʻzbekiston Respublikasi Parlamentida hamda, 1993-yil 19-maydagi Bitimdan boshqalari, Rossiya Federatsiyasi Parlamentida ratifikatsiyadan oʻtmadi.
1993-yil 15-oktabrdagi va 1997-yil 14-martdagi Bitimlarda nazarda tutilgan majburiyatlar boʻyicha foizlar toʻlash gʻayriqonuniy amalga oshirilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qaror qiladi:
1. Quyidagilar gʻayriqonuniy deb topilsin:
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Rossiya Federatsiyasi Hukumati oʻrtasida 1992-yilning va 1993-yil yanvar — aprel oylarining yakunlari boʻyicha texnikaviy kreditlar yuzasidan qarzlarni Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatiga davlat krediti etib qayta rasmiylashtirish toʻgʻrisida 1993-yil 19-mayda tuzilgan Bitim;
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Rossiya Federatsiyasi Hukumati oʻrtasida 1993-yildagi texnikaviy kreditlar boʻyicha qarzlarni Oʻzbekiston Respublikasi hukumatiga davlat krediti etib qayta rasmiylashtirish toʻgʻrisida 1993-yil 15-oktabrda tuzilgan Bitim;
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Rossiya Federatsiyasi Hukumati oʻrtasida Rossiya Federatsiyasi tomonidan berilgan davlat kreditlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi qarzlarini restrukturizatsiya qilish toʻgʻrisida 1997-yil 14-martda tuzilgan Bitimning 1993-yil 19-may va 1993-yil 15-oktabrdagi Bitimlarda nazarda tutilgan qarzlarni restrukturizatsiyalashga doir qismi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga koʻrsatib oʻtilgan Bitimlar yuzasidan toʻlovlarni toʻxtatish hamda ushbu masalalarni tartibga solish uchun Rossiya Federatsiyasi Hukumatiga murojaat etish topshirilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Raisi E. XALILOV
Toshkent sh.,
1998-yil 1-may,
632-I-son
