Soliq qonunchiligiga rioya qilish masalalarida hamkorlik va oʻzaro yordam koʻrsatish toʻgʻrisida
21.09.2000
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Turkmaniston Hukumati oʻrtasida
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Turkmaniston Hukumati, bundan keyin “Tomonlar” deb ataluvchilar,
soliq qonunchiligiga rioya qilish masalalarida xalqaro hamkorlik qilish va oʻzaro yordam koʻrsatish, shu jumladan soliq huquqbuzarliklarining oldini olish, ochib tashlash va toʻxtatish bilan bogʻliq vazifalarning samarali hal etish muhimligidan kelib chiqib va shu maqsadda bir-birlariga mumkin qadar kengroq koʻmak koʻrsatishni istab,
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashib oldilar:
1-modda Atamalar
Ushbu Bitimdagi atamalar quyidagi maʼnoda qoʻllanadi:
“soliq qonunchiligi” — soliq turlari va ushbu Tomon hududida ularni undirish tartibini belgilovchi hamda soliq majburiyatlarining vujudga kelishi, oʻzgarishi va tugatilishi bilan bogʻliq munosabatlarni boshqaruvchi huquqiy meʼyorlar majmui;
“soliq qonunchiligini buzish” — Tomonlar davlatlarining milliy qonunlarida soliq toʻlovchilarning budjet oldidagi majburiyatlarini bajarmaslik yoxud masʼuliyatsizlik bilan bajarishda yuridik javobgarlikni ifodalovchi gʻayriqonuniy harakat yoki harakatsizlik;
“vakolatli organlar”:
Oʻzbekiston Respublikasiga nisbatan — Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi;
Turkmanistonga nisbatan — Turkmanistonning Davlat soliq bosh xizmati;
“soʻrayotgan vakolatli soliq organi” — soliq qonunchiligiga rioya qilish masalalarida koʻmak koʻrsatish toʻgʻrisida soʻrov (bundan keyin — koʻmak toʻgʻrisida soʻrov deb ataladi) berayotgan Tomon davlatining vakolatli soliq organi;
“soʻralayotgan vakolatli soliq organi” — koʻmak toʻgʻrisida soʻrovolgan Tomonning vakolatli soliq organi.
2-modda Bitimni qoʻllash sohasi
Tomonlar vakolatli soliq organlari orqali soliq qonunchiligining zarur boʻlgan ijrosini taʼminlash maqsadida quyidagi sohalarda bir-birlariga oʻzaro yordam koʻrsatadilar:
soliq qonunchiligi buzilishining oldini olishda;
koʻmak toʻgʻrisidagi soʻrovga binoan yoki tashabbuskorlik tartibida soliq toʻlovchilar tomonidan soliq qonunchiligiga rioya qilinishi toʻgʻrisida maʼlumot taqdim etishda;
milliy soliq tizimlari va soliq qonunchiligidagi mavjud oʻzgarishlar toʻgʻrisida maʼlumot taqdim etishda;
Tomonlar davlatlarining soliq organlari ishini taʼminlovchi kompyuter tizimini yaratish va ishlashida;
soliq toʻlovchilar bilan ishlashni tashkil etishda;
xodimlarni oʻqitish va mutaxassislar bilan ishlash sohasida;
hamkorlikda harakat qilishni talab etuvchi boshqa masalalarda.
Ushbu Bitim qoidalari Tomonlar tarafidan imzolangan boshqa bitimlarga muvofiq vakolatli soliq organlarining hamkorligiga toʻsqinlik qilmaydi.
3-modda Koʻmak toʻgʻrisidagi soʻrovning shakli va mazmuni
Koʻmak toʻgʻrisidagi soʻrov, uning koʻrib chiqilishi uchun zarur boʻlgan hujjatlar ilova etilgan holda, yozma ravishda yuboriladi. Favqulodda holatlarda koʻmak toʻgʻrisidagi soʻrov mumkin qadar keyinchalik qisqa muddatlarda yozma ravishda tasdiqlanishi sharti bilan ogʻzaki ravishda berilishi ham mumkin.
Soʻrovning haqiqiyligi yoki mazmuniga shubha tugʻilgan hollarda soʻralayotgan vakolatli soliq organi uni yozma ravishda qaytadan tasdiqlashni soʻrashi mumkin.
Koʻmak toʻgʻrisidagi soʻrovda quyidagilar koʻrsatilishi lozim:
soʻrayotgan vakolatli soliq organining nomi;
soʻralayotgan vakolatli soliq organining nomi;
soʻrovning maqsadi va sababi;
soʻrovdagi soliq toʻlovchining rekvizitlari;
soʻrov va u bilan bogʻliq boʻlgan yuridik holat mazmunining qisqacha bayoni.
Soʻralayotgan vakolatli soliq organi koʻmak toʻgʻrisidagi olingan soʻrov boʻyicha qoʻshimcha maʼlumot talab qilish huquqiga ega.
4-modda Koʻmak toʻgʻrisidagi soʻrovni bajarish tartibi
Vakolatli soliq organlari milliy qonunlariga muvofiq va oʻz vakolatlari doirasida bir-birlariga koʻmak koʻrsatadilar.
Soʻrayotgan vakolatli soliq organi uning iltimosiga koʻra, koʻmak toʻgʻrisidagi soʻrovni ijro etishda amalga oshiriladigan harakatlarni oʻtkazish vaqti va joyi toʻgʻrisida xabardor qilinishi mumkin.
Koʻmak toʻgʻrisidagi soʻrov soʻralayotgan vakolatli soliq organi tomonidan bajarilishi mumkin boʻlmasa, soʻrov tushgan kundan boshlab soʻnggi oy mobaynida bu haqda koʻmak toʻgʻrisidagi soʻrovning bajarilmasligi sababini koʻrsatgan holda soʻrayotgan vakolatli soliq organini yozma ravishda xabardor qiladi.
Agar koʻmak toʻgʻrisidagi soʻrovni bajarish milliy qonunlarga zid kelsa, uni ijro etish rad qilinishi mumkin.
Soʻralayotgan vakolatli soliq organi oʻz davlati hududida koʻmak toʻgʻrisidagi soʻrovni bajarish bilan bogʻliq barcha xarajatlarni qoplaydi. Qoʻshimcha xarajatlarni talab etadigan soʻrov olingan paytda uni moliyaviy taʼminlash masalasi vakolatli soliq organlarining oʻzaro kelishuviga koʻra koʻrib chiqiladi.
5-modda Taqdim etiladigan maʼlumotning mazmuni
Vakolatli soliq idoralari oʻz tashabbusiga yoki koʻmak toʻgʻrisidagi soʻrovga koʻra bir-birlariga quyidagilarga taalluqli maʼlumotlarni taqdim etadilar:
boshqa Tomon davlatining korxonalari, ularning shuʼbalari va vakolatxonalarining roʻyxatdan oʻtganligi, jumladan ularning joylashgan joyi, tobeligi, mulk shakli va boshqalar;
Tomonlar davlatining yuridik va jismoniy shaxslari tomonidan davlat va tijorat banklarida hisoblar ochilishi, shuningdek ulardagi mavjud pul mablagʻlarining harakati;
bir Tomon davlati soliq toʻlovchilari tomonidan boshqa Tomon davlati hududida olingan barcha daromad turlari va soliqqa tortish obyektlari, toʻlangan soliq summalari hamda soliqqa tortish bilan bogʻliq boʻlgan boshqa masalalar.
6-modda Hujjatlar va boshqa materiallarni taqdim etish
Soʻralayotgan vakolatli soliq organi koʻmak toʻgʻrisidagi soʻrovga koʻra koʻmak toʻgʻrisidagi soʻrovni bajarish uchun zarur boʻlgan meʼyoriy aktlar, hujjatlarning tasdiqlangan nusxalari va boshqa materiallarni taqdim etadi.
Nusxalar vakolatli shaxs imzosi va soʻralayotgan vakolatli soliq organining muhri bilan tasdiqlanadi.
Tasdiqlangan hujjatlar tergov ishlari uchun yetarli boʻlmagan hollarda hujjatlarning asl nusxalari va boshqa materiallar talab qilinishi mumkin. Berilgan hujjatlarning asl nusxalari va boshqa materiallar kelishilgan muddatlarda qaytarilishi shart.
Materiallar ushbu materiallarni talqin qilish va foydalanishda zarur boʻladigan qoʻshimcha yordamchi materiallar bilan kompyuterlashtirilgan maʼlumot koʻrinishida taqdim etilishi mumkin.
7-modda Maʼlumotlarni berish tartibi
Koʻmak toʻgʻrisidagi soʻrovlar, hujjatlar, materiallar va boshqa maʼlumotlar vakolatli soliq idoralarining oʻzaro kelishuviga koʻra belgilangan tartibda beriladi.
Koʻmak koʻrsatish vakolatli soliq idoralarining rahbarlari tomonidan belgilangan rasmiy mansabdor shaxslarning toʻgʻridan toʻgʻri aloqalari doirasida amalga oshiriladi.
8-modda Soliqlarni yigʻishda koʻmaklashish
Tomonlarning vakolatli soliq organlari Oʻzbekiston Respublikasi va Turkmanistonning vakolatli soliq organlari oʻrtasida tuziladigan soliq yigʻishda yordam koʻrsatish mexanizmi toʻgʻrisidagi shartnomaga muvofiq soliqlarni yigʻishda bir-birlariga koʻmak koʻrsatish majburiyatini oladilar.
9-modda Maʼlumotlarning maxfiyligiga rioya qilish
Maʼlum boʻlgan soliq toʻlovchilarga taalluqli maʼlumotlar maxfiy hisoblanadi va Tomonlar davlatlarining mahalliy qonunchiliklariga muvofiq hamda soʻralayotgan vakolatli organning talabiga binoan himoya rejimi bilan taʼminlanadi.
Olingan maʼlumotlar Tomonlar tarafidan faqatgina ushbu Bitimda nazarda tutilgan maqsadlarda, shu jumladan maʼmuriy yoki sud ishlarida foydalanilishi mumkin.
10-modda Bitimni ijro etish
Tomonlar ushbu Bitimni talqin qilish yoki qoʻllashda vujudga kelishi mumkin boʻlgan bahsli masalalarni hal etishda oʻzaro kelishuvga erishishga harakat qiladilar.
Tomonlar, zarur boʻlsa, ushbu Bitimni bajarishni baholash va unga oʻzgartishlar kiritishning maqsadga muvofiqligi yuzasidan maslahatlashuv oʻtkazadilar. Bunday maslahatlashuvlarning muddati Tomonlarning kelishuviga koʻra qoʻshimcha ravishda aniqlanadi.
Tomonlar ushbu Bitim qoidalarini amalda qoʻllash uchun alohida masalalar boʻyicha qoʻshimcha bitimlar tuzishlari mumkin.
Ushbu Bitim uni imzolash paytigacha Tomonlar oʻrtasida mavjud boʻlgan yordam koʻrsatish amaliyotini cheklamaydi va Tomonlar oʻrtasida oʻz oʻrniga ega boʻlgan hamkorlikning barcha shakllari va metodlarini yoʻqotmaydi.
Tomonlarning oʻzaro kelishuviga koʻra ushbu Bitimga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin. Ular alohida bayonnomalar tarzida rasmiylashtiriladi va ushbu Bitimning ajralmas qismi hisoblanadi.
Ushbu Bitim Tomonlar ishtirokchisi boʻlgan boshqa xalqaro shartnomalardan kelib chiqadigan majburiyatlarga daxl qilmaydi.
11-modda Bitimning kuchga kirishi va toʻxtatilishi
Ushbu Bitim imzolangan paytdan boshlab kuchga kiradi va Tomonlardan biri boshqa Tomonga uning harakatini toʻxtatish toʻgʻrisida xabarnoma bergan kundan boshlab olti oy oʻtgach xabarnoma bergan kundan boshlab olti oy oʻtgandan soʻng oʻz faoliyatini toʻxtatadi.
Ashxobod shahrida 2000-yil 21-sentabrda ikki nusxada, har biri oʻzbek, turkman va rus tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Ushbu Bitim qoidalarini talqin qilishda rus tilidagi matndan foydalaniladi.
(imzolar)
