Havo qatnovi toʻgʻrisida
14.07.1995
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Vyetnam Sotsialistik Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Vyetnam Sotsialistik Respublikasi Hukumati (bundan buyon matnda “Ahdlashuvchi Tomonlar” deb ataluvchilar);
1944-yilning 7-dekabrida Chikagoda imzolash uchun ochilgan Xalqaro Fuqaro Aviatsiyasi toʻgʻrisidagi Konvensiyaning aʼzolari boʻlgani holda;
Yuqorida koʻrsatib oʻtilgan Konvensiyaga qoʻshimcha ravishda, oʻzlarining tegishli hududlari oʻrtasida va hududlaridan tashqarida havo qatnovini yoʻlga qoʻyish maqsadida Bitim tuzish istagida,
Quyidagilar xususida ahdlashib oldilar:
1-modda Atamalar
Agar matnda boshqa mazmun koʻzda tutilmagan boʻlsa, ushbu Bitim va uning Ilovasi maqsadlari yoʻlida:
a) “Konvensiya” atamasi 1944-yilning yettinchi dekabrida Chikagoda imzolash uchun ochilgan Xalqaro Fuqaro Aviatsiyasi toʻgʻrisidagi Konvensiyani anglatadi va u, berilgan har qanday vaqtda Ahdlashuvchi Tomonlar uchun tuzatish va ilovalar amalda kuchga ega ekanligi inobatga olinib, quyidagilarni oʻz ichiga oladi: i) har ikkala Ahdlashuvchi Tomon qay darajada eʼtirof etishini eʼtiborga olib, uning 94 a)-moddasiga binoan kuchga kirgan har qanday tuzatishni; va, ii) Konvensiyaning 90-moddasiga muvofiq ravishda tasdiqlangan har qanday Ilova va unga kiritilgan tuzatishni;
b) “aviatsiya maʼmurlari” atamasi Oʻzbekiston Respublikasiga nisbatan Fuqaro Aviatsiyasi Bosh direktorini, Vyetnam Sotsialistik Respublikasiga nisbatan esa, Vyetnam Fuqaro Aviatsiyasi Maʼmuriyati — Transport vazirligini yoki, har qanday holda, yuqorida uqtirib oʻtilgan maʼmurlar bajaradigan vazifalarni yoki shuning singari vazifalarni amalga oshirish vakolati berilishi mumkin boʻlgan har qanday shaxs yoki tashkilotni anglatadi;
c) “tayinlangan aviakorxona” atamasi ushbu Bitimning 4-moddasiga muvofiq tayinlangan va vakolat berilgan aviatsiya korxonasini anglatadi;
d) “Hudud” atamasi Davlatga nisbatan shu Davlat muxtoriyati ostida belgilangan yer hududlari (asosiy yer hududi va orollar), ichki suvlar va unga tutashgan hududiy suvlar hamda ular ustidagi samoviy kenglikni anglatadi;
e) “havo qatnovi”, “xalqaro havo qatnovi”, “aviakorxona” va “notijoriy maqsadlarda toʻxtash” atamalari ularga Chikago Konvensiyasining 96-moddasida tegishli ravishda belgilangan maʼnolarni anglatadi;
f) “ushbu Bitim” atamasi uning Ilovasi va unga yoki ushbu Bitimga kiritilgan har qanday tuzatishlarni anglatadi;
g) “foydalanish qiymatlari” atamasi havo kemasi, uning ekipaji, yoʻlovchilar va yukka tegishli xizmatlar va xizmat koʻrsatish vositalarini oʻz ichiga olgani holda, tayyoragoh mulki yoki xizmat koʻrsatish vositalaridan yoki havo navigatsiyasi vositalaridan foydalanish uchun aviakorxonalardan tegishli maʼmurlar tomonidan olinadigan yoki olinish uchun ruxsat berilgan qiymatlarni anglatadi;
h) “tarif” atamasi yoʻlovchilar va yuk tashish uchun toʻlanadigan qiymatni va oʻsha qiymatlar qoʻllaniladigan qoidalarni anglatib, u oʻz ichiga vakillik va boshqa qoʻshimcha xizmatlar uchun toʻlanadigan vositachilik haqini oladi, biroq pochtami tashish uchun toʻlanadigan xizmat haqi yoki qoidalari bundan mustasnodir;
i) “belgilangan yoʻnalishlar” atamasi istalgan Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasi amalga oshirishi uchun ushbu Bitim Ilovasida belgilangan yoʻnalishlarni anglatadi;
k) “kelishilgan qatnovlar” atamasi ushbu Bitimning qoidalariga muvofiq ravishda uning Ilovasida belgilangan yoʻnalishlardagi, tayinlangan avikorxona amalga oshirishi mumkin boʻlgan havo qatnovini anglatadi.
2-modda Chikago konvensiyasining qoʻllanilishi
Chikago Konvensiyasi xalqaro havo qatnovlarida qoʻllanishga molik boʻlganligi bois, ushbu Bitimning qoidalari uning qoidalariga asos boʻladi.
3-modda Huquqlarning berilishi
1. Har bir Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasiga uning xalqaro havo qatnovlariga tegishli boʻlgan quyidagi huquqlarni beradi:
a) uning hududidan qoʻnmagan holda uchib oʻtish huquqini;
b) uning hududida notijoriy maqsadlarda qoʻnish huquqini.
2. Har bir Ahdlashuvchi Tomon ikkinchi bir Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasiga ushbu Bitimga Ilova qilib kiritilgan Parvozlar jadvalining tegishli Boʻlimida koʻrsatilgan xalqaro havo qatnovini amalga oshirish maqsadida bundan buyon ushbu Bitim matnida belgilangan huquqlarni beradi. Belgilangan yoʻnalishlar boʻyicha parvozlarni amalga oshirish vaqtida har bir Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasi ushbu moddaning 1-bandida belgilangan huquqlarga qoʻshimcha ravishda boshqa Ahdlashuvchi Tomonning hududida ikkinchi bir Ahdlashuvchi Tomonning hududiga borish uchun moʻljallangan yoʻlovchilar va, pochtani oʻz ichiga olgan holda, alohida yoki qoʻshma holatda, yuk olish va tushirish maqsadida ushbu Bitim Parvozlar jadvalining oʻshal yoʻnalishi boʻyicha boshqa Ahdlashuvchi Tomonning hududida belgilangan manzillarda qoʻnish huquqidan foydalanishi mumkin.
3. Ushbu modda 2-bandining hech qaysi bir qoidasi bir Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasiga haq yoki mukofot evaziga boshqa bir Ahdlashuvchi Tomonning hududida boshqa Ahdlashuvchi Tomonning boshqa bir manziliga borish uchun moʻljallangan yoʻlovchi va, pochtani oʻz ichiga olgan holda, yuk tashish huquqini beradi deb qaralmasligi lozim.
4. Basharti, Ahdlashuvchi Tomonlardan birining tayinlangan aviakorxonasi qurolli ixtilof, siyosiy tartibsizliklar yoki chiqishlar yoxud maxsus yoki gʻayrioddiy vaziyatlar oqibatida oʻzining doimiy yoʻnalishi boʻyicha parvozlarni amalga oshirish imkoniyatiga ega boʻlmasa, ikkinchi Ahdlashuvchi Tomon tegishli yoʻnalishlarni qayta tashkil etish yoʻli bilan ana shunday yoʻnalishlar boʻyicha havo yoʻllaridan foydalanish uchun oʻzining barcha imkoniyatlarini ishga soladi.
4-modda Aviakorxonalarni tayinlash va parvozga doir vakolat
1. Har bir Ahdlashuvchi Tomon Ilovada belgilangan yoʻnalishlar boʻyicha kelishilgan qatnovlarni amalga oshirish maqsadlarida bir aviakorxonani tayinlash va bunday tayinlashni bekor qilish yoki almashtirish huquqiga ega boʻladi.
2. Bunday tayinlash toʻgʻrisidagi xabarni olganidan keyin boshqa Ahdlashuvchi Tomon ushbu moddaning 3 va 4-bandi qoidalariga muvofiq ikkinchi Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasiga parvozlarni amalga oshirish uchun darhol tegishli ruxsatnoma beradi.
3. Bir Ahdlashuvchi Tomonning aviatsiya maʼmurlari boshqa Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasidan ushbu maʼmurlar tomonidan xalqaro havo yoʻllaridan foydalanish chogʻida Chikago Konvensiyasining qoidalariga muvofiq ravishda yuqoridagi maʼmurlar tomonidan odatda va oqilona qoʻllaniladigan qonunlar va qoidalarda koʻrsatilgan shartlarni bajarishga qodir ekanligini isbotlovchi dalillarni talab qilishga haqlidir.
4. Ahdlashuvchi Tomonlardan har biri boshqa Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasiga ustun darajada egalik qilish va uning ustidan haqiqiy nazorat oʻrnatish huquqi aviakorxonani tayinlagan Ahdlashuvchi Tomonga yoki uning fuqarolariga qarashli ekanligini isbotlovchi dalillarga ega boʻlmagan holda boshqa Ahdlashuvchi Tomon ushbu moddaning 2-bandida koʻrsatilgan parvozlarga ruxsat berishni rad etishi yoki tayinlangan aviakorxona ushbu Bitimning 3-modda 2-bandida koʻrsatilgan huquqlardan foydalanish chogʻida bajarilishi zarur deb hisoblaydigan shartlar ijro etilishini talab qilish huquqiga egadir.
5. Shu yoʻl bilan aviakorxona taʼminlanganidan va vakolatga ega boʻlganidan soʻng kelishilgan havo qatnovlarini amalga oshirishni boshlashi mumkin, basharti, aviakorxona ushbu Bitimga muvofiq ravishda uning qoidalariga rioya qilayotgan boʻlsa.
5-modda Parvozga doir ruxsatnomani bekor qilish yoki toʻxtatib qoʻyish
1. Har bir Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasi parvozga doir vakolatini bekor qilish yoki ushbu Bitimning 3-modda 2-bandida belgilangan huquqlardan foydalanishini toʻxtatib qoʻyish yoki oʻsha huquqlardan foydalanish chogʻida oʻzi zarur deb bilgan quyida keltirilgan shartlar bajarilishini talab qilish huquqiga egadir:
a) aviakorxonaga ustun darajada egalik qilish yoki uning ustidan haqiqiy nazorat qilish huquqi ushbu aviakorxonani tayinlagan Ahdlashuvchi Tomonga yoki oʻsha Ahdlashuvchi Tomonning fuqarolariga tegishli ekanligiga ishonch hosil qilmagan har qanday holda; yoki
b) oʻsha aviakorxona huquqlarni bergan Ahdlashuvchi Tomonning odatda va oqilona tatbiq etiladigan qonun va qoidalariga rioya etmagan har qanday holda; yoki
c) agar tayinlangan aviakorxona ushbu Bitimda belgilangan qoidalarga muvofiq ravishda parvozlarni qaysidir yoʻl bilan amalga oshirolmayotgan boʻlsa.
2. Agar huquqlarni bekor qilish, amalda toʻxtatib qoʻyish yoki ushbu moddaning 1-bandi shartlari bajarilishini talab qilish qonun-qoidalarning bundan buyon yana buzilishiga zaruriy ogohlantirish deb topilmasa, bunday huquqlardan boshqa Ahdlashuvchi Tomon bilan maslahatlashuvdan soʻng foydalanish mumkin.
6-modda Kelishilgan yoʻllarda parvozlarni boshqarish uslublari
1. Har ikkala Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonalariga ularning tegishli hududlari oraligʻidagi belgilangan yoʻnalishlar boʻyicha kelishilgan havo qatnovlarini amalga oshirish jarayonida haqqoniy va teng imkoniyatlar hamda hajmdan barobar foydalanish huquqi berilishi lozim.
2. Ahdlashuvchi Tomonlardan har birining tayinlangan aviakorxonasi kelishilgan havo qatnovlarini amalga oshirish jarayonida aynan bir yoʻnalish yoki uning bir qismida undan keyin parvozlarni amalga oshirayotgan boshqa Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonalari parvozlariga ziyon yetkazmaslik uchun uning manfaatlarini ham nazarda tutishi lozim.
3. Ahdlashuvchi Tomonlar tayinlangan aviakorxonalarining amalga oshirayotgan kelishilgan havo qatnovlari belgilangan yoʻnalishlardagi tashuvga boʻlgan ehtiyojlarga yaqin munosabatda boʻlishi va har bir aviakorxona oʻzini tayinlagan Ahdlashuvchi Tomon hududidan kelayotgan yoki unga borish uchun moʻljallangan yoʻlovchilar va yuk, pochtani oʻz ichiga olgani holda, tashuvga boʻlgan ehtiyojni qondirish uchun yetarli hajm taʼminlanishini oʻz oldiga birinchi darajali oqilona vazifa qilib qoʻyishi lozim.
4. Ahdlashuvchi Tomonlarning tayinlangan aviakorxonalari tomonidan kelishilgan havo qatnovlarida taʼminlanadigan umumiy hajm yuqorida uqtirilgan qoidalarga muvofiq ravishda Ahdlashuvchi Tomonlarning aviatsiya maʼmurlari tomonidan parvozlarning boshlanishidan oldin birgalikda belgilanadi.
7-modda Tariflar
1. Kelishilgan har qanday havo qatnovidagi tariflar foydalanishga ketadigan xarajatlar, foydaning oqilona miqdori, aviakorxona tavsiflarini (xizmat va tezlik mezonlarini) va boshqa aviakorxonalarning belgilangan yoʻnalishning har qanday qismi uchun qoʻllaydigan tariflarni oʻz ichiga olgan holda, barcha tegishli omillarni hisobga olib, oqilona meʼyorlarda belgilanadi.
2. Ushbu moddaning 1-bandida uqtirib oʻtilgan tariflar va ularga bogʻliq ravishda qoʻllaniladigan vakillik vositachilik haqlari, imkon qadar, oʻsha yoʻnalish boʻylab toʻliq yoki uning maʼlum bir qismida havo qatnovlarini amalga oshirayotgan boshqa aviakorxonalar bilan maslahatlashuvlar oʻtkazib, manfaatdor aviakorxonalar oʻrtasida belgilangan yoʻnalishlarning har biri uchun kelishilishi lozim. Shu yoʻsinda kelishilgan tariflar Ahdlashuvchi Tomonlarning aviatsiya maʼmurlari oʻrtasida tasdiqlanishi lozim.
3. Basharti-ki, tayinlangan aviakorxonalar ushbu tariflardan istalgan biri boʻyicha kelisha olmasalar yoki boshqa bironta sababga koʻra tarif borasida ushbu moddaning 2-bandi qoidalariga muvofiq ravishda kelishuvga erishilmasa, Ahdlashuvchi Tomonlarning aviatsiya maʼmurlari oʻzaro ahdlashuv asosida tarifni belgilashga harakat qilishlari lozim.
4. Basharti-ki, aviatsiya maʼmurlari ularga ushbu moddaning 2-bandi qoidalari asosida taqdim etilgan har qanday tarifni tasdiqlash borasida kelishuvga erisha olmasalar yoki 3-bandga muvofiq har qanday tarifni belgilash borasida kelishuvga erishilmasa, mazkur bahs ushbu Bitimning 20-moddasi qoidalariga muvofiq ravishda hal etilishi lozim.
5. Ahdlashuvchi Tomonlardan biron birining aviatsiya maʼmurlari tomonidan tasdiqlanmasa, hech qanday tarif kuchga kirmaydi.
6. Belgilangan tariflar ushbu moddaning qoidalariga muvofiq ravishda yangi tariflar belgilanguniga qadar kuchda qoladi.
8-modda Bojxona bojlari
1. Har qanday Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasi xalqaro havo qatnovida parvozlarni amalga oshiruvchi havo kemalari barcha bojxona bojlari, davlat yigʻimlari va boshqa shuning singari davlat soliqlaridan ozod qilinadi va ular shundan iborat:
I. yoqilgʻi, moylash mahsulotlari va texnik isteʼmol zaxiralari, shuningdek,
II. havo kemalari zaxiralari (oziq-ovqat, ichimliklar va tamaki mahsulotlarini oʻz ichiga olgan holda, biroq cheklanmagan miqdorda), basharti-ki, ular boshqa Ahdlashuvchi Tomonning hududiga olib kirilgan yoki oʻsha hududda havo kemasiga olingan boʻlsa,
basharti-ki, mazkur buyumlar xalqaro havo qatnovida parvozlarni amalga oshiruvchi havo kemasi tomonidan yoki uning bortida ishlatilgan taqdirdagina.
2. Bir Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasi tomonidan boshqa Ahdlashuvchi Tomonning hududiga olib kirilgan quyida keltirilgan buyumlar ham yuqorida uqtirib oʻtilgan bojlardan ozod qilinadi:
I. yurgizish moslamalarini oʻz ichiga olgani holda ehtiyot qismlar;
II. sozlash, holatni ushlab turish va xizmat koʻrsatish moslamalari va tarkibiy qismlari;
III. maxfiy moslamalar, maxfiy moslamalarning ichiga oʻrnatish uchun moʻljallangan tarkibiy qismlari;
IV. qoʻllanma mahsulotlari va oʻqitish vositalari;
basharti-ki, har bir holda ular havo kemalari ichida ishlatish uchun moʻljallangan boʻlsa yoki manfaatdor aviakorxona tomonidan xalqaro havo qatnovini oʻrnatish yoki faoliyatini ushlab turish bilan bogʻliq boʻlgan, xalqaro tayyoragoh belgilagan mezonlar darajasida boʻlsa.
3. Bojxona bojlari, davlat soliqlari va shuning singari davlat yigʻimlaridan ozod qilish bir Ahdlashuvchi Tomonning hududida boshqa Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasiga (aviakorxonalariga) koʻrsatilgan xizmatlarning qiymatiga tegishli boʻlmasligi lozim.
4. Ushbu moddaning 1-bandida uqtirib oʻtilgan moslamalar va zaxiralar tegishli maʼmurlarning kuzatuvi yoki nazorati ostiga olinishi talab qilinishi mumkin.
9-modda Ijara havo kemasining parvozlari
1. Tayinlangan aviakorxona oʻzining xususiy havo kemalaridan boshqa havo kemalaridan shu oʻrinda keltirilgan havo qatnovlarini amalga oshirishda foydalanishni rejalashtirsa, u quyidagi qoidalar asosida amalga oshiriladi:
a) bunday tashkiliy masalalar biron tashish huquqlariga ega boʻlmagan havo kemalarini ijaraga beruvchi uchinchi Tomonning aviakorxonasiga huquqlardan foydalanishga yoʻl bermasligi lozim;
b) havo kemalarini ijaraga oluvchi aviakorxona tomonidan ishlab topilgan moliyaviy foyda tegishli tayinlangan aviakorxonaning parvozlaridan topilgan foyda yoki zararga bogʻliq boʻlmasligi lozim;
c) har ikki Aviatsiya Maʼmurlari tayinlangan aviakorxonasi tomonidan parvozlarni amalga oshirish uchun ijaraga olingan har qanday havo kemalarining parvozga yaroqlilik muddatining uzaytirilish va parvozlar muvofiqligi hamda havo kemasi holatining mezonlari uchun masʼuliyat har ikki Aviatsiya Maʼmurlarining talablarini qondiradigan darajada belgilanishi lozim.
2. Tayinlangan har qanday aviakorxona ijaraga olingan havo kemalaridan foydalanishda hech qanday taqiqlarga duchor boʻlmasligi lozim, basharti-ki, kuchga kiritilgan har qanday ijaraning tashkiliy masalalari yuqorida uqtirib oʻtilgan qoidalarga rioya etilgan tarzda amalga oshirilsa.
10-modda Guvohnoma va ruxsatnomalarni tan olish
Bir Ahdlashuvchi Tomon bergan va muddati tugamagan parvozga yaroqlilik toʻgʻrisidagi guvohnomalar, vakolati toʻgʻrisidagi guvohnomalar va ruxsatnomalarni belgilangan yoʻnalishlar boʻyicha kelishilgan havo qatnovlarini amalga oshirish maqsadida boshqa Ahdlashuvchi Tomon tan oladi, basharti-ki, mazkur guvohnomalar yoki ruxsatnomalar Konvensiyada belgilangan mezonlarga muvofiq ravishda berilgan yoki kuchga kiritilgan boʻlsa. Har qanday holda ham, har bir Ahdlashuvchi Tomon oʻzining fuqarolariga boshqa Ahdlashuvchi Tomon bergan guvohnoma va ruxsatnomalarni oʻzining hududi ustidan amalga oshiriladigan parvozlar vaqtida tan olishni inkor etish huquqini saqlab qoladi.
11-modda Xavfsizlik
1. Xalqaro havo qatnovining eng birinchi oʻrindagi qoidasi sifatida fuqaro havo kemalari, ularning yoʻlovchilari va ekipaj aʼzolari xavfsizligi ekanligi ishonchida Ahdlashuvchi Tomonlar fuqaro aviatsiyasi xavfsizligini noqonuniy aralashuv xatti-harakatlaridan himoya qilish borasidagi majburiyatlarini bir-birlari oldida qaytadan tasdiqlaydilar (va, xususan, Chikago Konvensiyasidan kelib chiqadigan oʻz majburiyatlari, Chikago Konvensiyasi va 1963-yil 14-sentabrda Tokioda imzolangan Havo kemalarida sodir etiladigan jinoyatchilik va boshqa harakatlar toʻgʻrisidagi Konvensiya, 1970-yil 16-dekabrda Gaagada imzolangan Havo kemalarini gʻayriqonuniy ravishda egallab olishga qarshi kurash toʻgʻrisidagi Konvensiya, hamda 1971-yil 23-sentabrda Monrealda imzolangan Xalqaro fuqaro aviatsiyasiga qarshi noqonuniy harakatlarga qarshi kurash haqidagi Konvensiya), ular mazkur Bitimning tarkibiy qismini tashkil qiladi.
2. Ahdlashuvchi Tomonlar bir-birlarining iltimosiga koʻra havo kemalarini gʻayriqonuniy tutqun qilish va bunday havo kemalarining, ularning yoʻlovchilari va ekipaj aʼzolari, tayyoragohlar va havo navigatsiyasi vositalariga hamda aviatsiyasi xavfsizligiga qarshi gʻayriqonuniy xatti-harakatlarni bartaraf qilish uchun mumkin boʻlgan barcha yordamni bir-birlariga beradilar.
3. Ahdlashuvchi Tomonlar oʻzaro munosabatlarida oʻzlari qoʻllaydigan, Fuqaro Aviatsiyasi Xalqaro Tashkiloti tomonidan belgilangan va Chikago Konvensiyasiga Ilovalar tariqasida kiritilgan Tavsiya etilgan Qoʻllanmalar, aviatsiya xavfsizligi Mezonlariga muvofiq ish koʻradilar; ular oʻzlari qayd etgan asosiy faoliyat joyi yoki doimiy turar joyi oʻz hududlarida joylashgan havo kemalarining boshqaruvchilaridan yoki xizmatchilari va oʻz hududida joylashgan tayyoragohlarning boshqaruvchilaridan aviatsiya xavfsizligining yuqoridagi qoidalariga muvofiq ish koʻrishlarini talab qiladilar. Mazkur banddagi aviatsiya xavfsizligi Mezonlariga boʻlgan izohot manfaatdor Ahdlashuvchi Tomonlar bayon etgan har qanday tafovutni oʻz ichiga oladi. Har qanday Ahdlashuvchi Tomon har qanday tafovutni bayon etish uchun avvaldan bir-biriga maʼlumot berishi lozim.
4. Ahdlashuvchi Tomonlarning har biri oʻzining hududi doirasida havo kemalarini himoya qilish, yoʻlovchilarni va ular tomonidan olib ketilayotgan buyumlarni tekshirish, ekipaj aʼzolari, yuk (qoʻlda koʻtarib ketilayotgan yuklarni oʻz ichiga olgan holda) va havo kemalarining zaxiralarini chegaradan oʻtish yoki yuklash va tushirish vaqtlarida tegishli nazoratlarni amalga oshirish borasidagi mahsuldor chora-tadbirlar oʻtkazib turilishi uchun ishontiradi va bu chora-tadbirlar har qanday xavf tugʻilishining oldini olishni boshqarib turadi. Ahdlashuvchi Tomonlarning tayinlagan aviakorxonasidan boshqa Ahdlashuvchi Tomonning hududiga kirish, undan chiqish yoki unda boʻlib turgan vaqtida ushbu moddaning 3-bandida belgilangan, boshqa Ahdlashuvchi Tomon talab qilgan aviatsiya xavfsizligi talablariga rioya qilishi talab qilinishiga rozilik beradi. Har bir Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomonning, basharti, aniq tahdid mavjud boʻlsa, oqilona doiralarda xavfsizlikni taʼminlash yuzasidan maxsus chora-tadbirlar koʻrishga doir iltimoslarini ham xayrixohlik bilan qarab chiqadi.
5. Basharti, fuqaro havo kemasini tutqun qilib olish voqeasi sodir boʻlsa yoki uni tutqun qilish tahdidi mavjud boʻlsa yoki havo kemalari, ulardagi yoʻlovchilar va ekipaj aʼzolariga, tayyoragohlar va havo navigatsiyasi vositalarining xavfsizligiga boshqa gʻayriqonuniy xatti-harakatlar bilan tahdid qilinsa, Ahdlashuvchi Tomonlar aloqani yengillatish orqali bir-birlariga turlicha koʻmak beradilar va bunday voqea yoki tahdidga jadal, hamda beshikast barham berishning barcha zarur chora-tadbirlarini koʻradilar.
12-modda Davriy maʼlumotlar qoidasi
Bir Ahdlashuvchi Tomonning aviatsiya maʼmurlari boshqa bir Ahdlashuvchi Tomonning aviatsiya maʼmurlarini ularning talabiga binoan mazkur moddada uqtirib oʻtilgan shu boshqa Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasi belgilangan yoʻnalishlar boʻyicha amalga oshirgan kelishilgan Havo qatnovlari hajmini qaytadan koʻzdan kechirib chiqish nuqtainazaridan oqilona talab qilgan shunday davriy yoki boshqa hisobot tasdiq maʼlumotlari bilan taʼminlashlari lozim. Bunday tasdiq maʼlumotlar oʻsha aviakorxonalar amalga oshirgan kelishilgan havo qatnovidagi tashuv hajmini, tashuvning boshlangʻich manzili va belgilangan manzilini aniqlash uchun talab qilingan barcha axborotni oʻz ichiga olgan boʻlishi lozim.
13-modda Mablagʻlarni oʻtkazish
Har bir tayinlangan aviakorxona mahalliy toʻlovlardan ortgan mahalliy daromadlarni erkin almashlanadigan pul birligiga almashtirish va talab etilganda oʻz mamlakatiga oʻtkazish huquqiga ega boʻladi. Pul birligini almashtirish va oʻtkazishga almashtirish va oʻtkazish uchun daromadlarni topshirilish vaqtida bunday ishlarni amalga oshirish uchun qoʻllanilayotgan mavjud qiymat asosida hech qanday cheklovlarsiz ruxsat berilishi lozim va ular bunday almashuv va oʻtkazishni amalga oshirish uchun banklar tomonidan olinadigan yigʻimlardan boshqa xarajatlarga asos boʻlmasligi lozim. Bunday oʻtkazish tegishli Ahdlashuvchi Tomonning chet el pul birligini almashtirish qoidalariga muvofiq ravishda amalga oshirilishi lozim.
14-modda Aviakorxona vakolatxonasi va sotuvlar
1. Ahdlashuvchi Tomonlardan birining tayinlangan aviakorxonasi ikkinchi Ahdlashuvchi Tomonning hududida oʻz vakillik idoralarini ochish huquqiga egadir. Bunday vakillik idoralari tijoriy, boshqaruvchi va texnik xodimlarni oʻz ichiga olishi mumkin.
2. Ahdlashuvchi Tomonlardan birining tayinlangan aviakorxonasi ikkinchi Ahdlashuvchi Tomonning oʻz hududiga kirishga, istiqomat qilish va ishlashga taalluqli qonun va qoidalariga muvofiq ravishda shu boshqa Ahdlashuvchi Tomonning hududiga havo qatnovini taʼminlash ehtiyoji uchun oʻz boshqaruvchisi, texnik, ishchi xodimlar va boshqa havo qatnovini taʼminlashda zaruriy boʻlgan mutaxassis xodimlarni keltirish va ushlab turish huquqiga egadir.
3. Har bir Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasi ikkinchi bir Ahdlashuvchi Tomonning hududida bevosita yoki vakillari orqali aviatashuv sotuv ishlari bilan mashgʻul boʻlishga huquqli boʻladi. Har bir Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasi aviatashuv hujjatlarini sotishga huquqli boʻladi va har qanday shaxs bunday tashuvni mahalliy yoki erkin almashlanadigan pulga erkin sotib olishga huquqi boʻladi. Har bir tayinlangan aviakorxona bu maqsadlarda oʻzining tashuv hujjatlarini ishlatishga huquqli boʻladi.
15-modda Foydalanish qiymatlari
1. Hech qaysi Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasiga xuddi shuningdek xalqaro havo qatnovlarini amalga oshiruvchi oʻzining aviakorxonasiga belgilangan qiymatlardan yuqori boʻlgan foydalanish qiymatlarini toʻlash uchun belgilamasligi yoki belgilanishiga ruxsat bermasligi lozim.
2. Har bir Ahdlashuvchi Tomon foydalanish qiymatlari borasida oʻzining qiymatlarni belgilovchi vakolatli maʼmurlari va qiymatlarni belgilovchi maʼmurlar tomonidan taʼminlanadigan havo qatnovlari va vositalaridan foydalanuvchi aviakorxonalar oʻrtasida, qoʻllanish joyiga qarab esa, aviakorxonalar vakil tashkilotlari orqali, maslahatlashuvlar oʻtkazib turadi. Foydalanish qiymatlariga kiritiladigan har qanday oʻzgarishlar borasida ularning shunday foydalanuvchilarga ular oʻzlarining bu boradagi fikrlarini mazkur oʻzgarishlar kiritilishidan avvalroq bildira olish imkoniyati darajasida qilib oqilona xabarnoma berishlari lozim.
16-modda Qonunlarning qoʻllanilishi
1. Bir Ahdlashuvchi Tomonning xalqaro havo navigatsiyasini amalga oshirayotgan havo kemasini yoki oʻsha havo kemasining oʻsha hudud doirasidagi parvozi va navigatsiyasini shu havo kemasining oʻz hududiga uchib kelishi, unda boʻlib turishi yoki undan joʻnab ketishini tartibga soluvchi qonun va qoidalari ikkinchi Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasi havo kemalariga nisbatan ham qoʻllaniladi.
2. Ahdlashuvchi Tomonlardan birining oʻz hududiga havo kemalarida tashib keltirilgan yoʻlovchilar, ekipaj, pochta yoki yuk kelishi, unda boʻlib turishi, hamda undan joʻnab ketishini tartibga soluvchi hamda, shuningdek, pasport, bojxona va tibbiy nazorat qonun va qoidalari boshqa Ahdlashuvchi Tomon tayinlangan aviakorxonasining havo kemasiga olingan yoʻlovchilar, ekipaj, yuk va pochtaga ular shu uqtirib oʻtilgan hudud doirasida boʻlgan vaqtida ularga nisbatan qoʻllaniladi.
3. Hech qaysi bir Ahdlashuvchi Tomon oʻzining nazorati ostida boʻlgan bojxona, kirish-chiqish, karantin va shuning singari qoidalarning qoʻllanilishida yoki tayyoragoh, havo qatnovi va birlashtirilgan vositalardan foydalanishda oʻzining aviakorxonasiga yoki boshqa har qanday aviakorxonaga shuning singari xalqaro parvozlarni amalga oshirayotgan boshqa Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasiga berilgandan ustun boʻlgan imtiyozlar berilishiga yoʻl qoʻymaydi.
17-modda Bevosita tranzit
Bir Ahdlashuvchi Tomon hududidan boshqa bir Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasi parvozlarida toʻgʻri tranzit orqali oʻtadigan va bu maqsad uchun tayyoragoh hududidan ajratilgan joyni tark etmaydigan yoʻlovchilar, yuklar va pochta eng ortigʻi bilan birinchi Ahdlashuvchi Tomonning tegishli maʼmurlari tomonidan oʻtkaziladigan yuzaki nazoratga asos boʻla oladi xolos. Toʻgʻri tranzit orqali oʻtadigan yoʻlovchi yuklari va yuklar bojxona bojlarini oʻz ichiga olgani holda, barcha bojlar va soliqlardan ozod qilinadi.
18-modda Ikki tomonlama soliq solish
1. Xalqaro havo qatnovida mashgʻul boʻlgan havo kemasining parvozlaridan tushgan daromad va foydaga faqat oʻsha korxonaning oʻz boshqarma idorasi joylashgan Davlatdagina soliq solinadi.
2. Xalqaro havo qatnovida mashgʻul boʻlgan havo kemalari va oʻsha havo kemalarining parvoziga tegishli boʻlgan harakatdagi mulk tomonidan qoʻyilgan kapitalga faqat oʻsha korxonaning oʻz boshqarma idorasi joylashgan Davlatdagina soliq solinadi.
3. Basharti-ki, Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasida daromad, foyda va kapitalga Ikki tomonlama soliq solishning oldini olish toʻgʻrisida maxsus bitim mavjud boʻlgan taqdirda, shu keyingi Bitim qoidalari ustuvor darajada qoʻllaniladi.
19-modda Maslahatlashuvlar
Har qaysi Ahdlashuvchi Tomon ushbu Bitimning bajarilishi, sharhlanishi, qoʻllanilishi yoki tuzatishlar yoxud ushbu Bitimga amal qilinishi yuzasidan xohlagan vaqtida maslahatlashuvlar oʻtkazishni talab qilishi mumkin. Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasida boshqacha kelishuv boʻlmagan taqdirda, bunday maslahatlashuvlar aviatsiya maʼmurlari oʻrtasida ikkinchi bir Ahdlashuvchi Tomonning maslahatlashuv oʻtkazish toʻgʻrisidagi yozma ravishda yuborgan xabarnomasi olingan kundan boshlab oltmish (60) kun ichida oʻtkazilishi lozim.
20-modda Bahslarga barham berish
1. Ushbu Bitimni talqin qilish yoki qoʻllash yuzasidan Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasida nizo kelib chiqsa, Ahdlashuvchi Tomonlar uni birinchi navbatda oʻzaro muzokaralar orqali hal etishga harakat qilishlari lozim.
2. Basharti, Ahdlashuvchi Tomonlar muzokaralar orqali murosaga kela olmasalar, ular ushbu bahsni hal qilish uchun bir necha shaxs yoki tashkilotning ixtiyoriga oshirishlari mumkin yoki ular bunday tarzda kelisha olmasalar, mazkur bahs Ahdlashuvchi Tomonlardan istalgan birining talabiga binoan har bir Ahdlashuvchi Tomon bittadan tayinlaydigan ikki hakam va ana shu ikki hakam tayinlaydigan yana bir hakamdan iborat, jami uch hakamdan tashkil topadigan hayʼatga topshirilishi mumkin. Har bir Ahdlashuvchi Tomon diplomatik vosita orqali boshqa Ahdlashuvchi Tomonning nizoni uchta hakamdan iborat boʻlgan hakamlar hayʼati orqali hal etish toʻgʻrisidagi talabini olganidan keyin oltmish (60) kun ichida bittadan hakam tayinlaydi va uchinchi hakam belgilangan maxsus muddat mobaynida tayinlanishi lozim yoxud uchinchi hakam belgilangan maxsus muddat mobaynida tayinlanmasa, Ahdlashuvchi Tomonlardan istalgan biri Fuqaro Aviatsiyasi Xalqaro Tashkiloti Kengashi Prezidentidan, vaziyatga qarab, hakamni yoki hakamlarni tayinlashni iltimos qilishi mumkin. Bu hollarda, uchinchi hakam uchinchi Davlatning fuqarosi boʻlishi lozim va hakamlar hayʼatining Prezidenti sifatida ish koʻrishi lozim.
3. Ahdlashuvchi Tomonlar ushbu moddaning 2-bandiga muvofiq chiqarilgan har qanday qarorni bajarish majburiyatini zimmaga oladilar.
4. Milliy hakamlarning xarajatlarini tegishli Ahdlashuvchi Tomonlar koʻtarishlari lozim. Uchinchi hakamning xarajatlari va qiymatlarini oʻz ichiga olgan holda hakamlar hayʼatining boshqa barcha xarajatlari barobar taqsimlanishi lozim.
21-modda Oʻzgarish kiritish
1. Ushbu Bitimga kiritiladigan har qanday oʻzgartirish Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasida notalar almashish yoʻli bilan tasdiqlangan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
2. Yuqoridagi 1-band qoidalariga qaramasdan, Ilovada belgilangan yoʻnalishlarga oʻzgarishlar kiritish Ahdlashuvchi Tomonlarning aviatsiya maʼmurlari oʻrtasida bevosita kelishuv orqali amalga oshiriladi.
22-modda Fuqaro aviatsiyasi xalqaro tashkilotida roʻyxatga olish
Ushbu bitim va unga kiritilgan har qanday oʻzgartirish Fuqaro Aviatsiyasi Xalqaro Tashkilotida roʻyxatga olinishi lozim.
23-modda Bitim amal qilishini toʻxtatish
Ahdlashuvchi Tomonlardan istalgan biri xohlagan vaqtida boshqa Ahdlashuvchi Tomonni ushbu Bitimni amalda toʻxtatish istagida ekanligidan yozma ravishda xabardor qilishi mumkin. Bunday xabarnoma bir vaqtning oʻzida Fuqaro Aviatsiyasi Xalqaro Tashkilotiga ham yuborilishi lozim. Bu holda, xabarnoma yuborilgandan keyin boshqa Ahdlashuvchi Tomon uni olgan kundan keyin oʻn ikki oydan (12) soʻng, basharti, bu muddat ichida bu xabarnoma orqaga qaytarib olinmasa, ushbu Bitim amal qilishdan toʻxtaydi. Boshqa Ahdlashuvchi Tomon xabarnoma olgani toʻgʻrisida maʼlumot boʻlmagan taqdirda, Fuqaro Aviatsiyasi Xalqaro Tashkiloti xabarnoma olganidan keyin oʻn toʻrt (14) kun oʻtgach boshqa Ahdlashuvchi Tomon ushbu xabarnomani olgan deb hisoblaniladi.
24-modda Nomlar
Mazkur Bitim matnida moddalarga berilgan nomlar faqat qulaylik va izohot maqsadlarida kiritilgan va hech qanday bir holda moddalarning talqin qilinishiga salbiy taʼsir koʻrsatmasligi lozim.
25-modda Bitimning kuchga kirishi
Ushbu Bitim Ahdlashuvchi Tomonlar ularning tegishli davlatlarida Bitimlarning kuchga kirishi toʻgʻrisidagi qomusiy ichki tartibotlar bajarilganligi toʻgʻrisida bir-birlarini yozma ravishda xabardor etgan kundan boshlab kuchga kiradi.
Ushbuni tasdiqlab, oʻzlarining tegishli Hukumatlari tomonidan tegishli ravishda vakolatga ega boʻlgan muxtor vakillar mazkur Bitimni imzoladilar.
1995-yilning 14-iyulida Xanoy shahrida oʻzbek, vyetnam va ingliz tillarida ikki asl nusxada tuzildi, har uch tildagi matn bir xil kuchga ega. Talqin qilishda tafovut kelib chiqqan taqdirda, ingliz tilidagi matn ustuvor darajada qoʻllaniladi.
(imzolar)
ILOVA
YOʻNALIShLAR JADVALI
1.1-BOʻLIM
Oʻzbekiston Respublikasi tayinlangan aviakorxonasi tomonidan havo qatnovlari amalga oshiriladigan yoʻnalishlar:
2. 2-BOʻLIM
Vyetnam Sotsialistik Respublikasi tayinlangan aviakorxonasi tomonidan havo qatnovlari amalga oshiriladigan yoʻnalishlar:
Eslatmalar:
1. Yuqorida belgilangan yoʻnalishlardagi har qaysi yoki barcha parvozlarda har qanday yoki bir necha oraliq va/yoki tashqaridagi manzillar Ahdlashuvchi Tomonlardan istalgan birining aviakorxonalari tomonidan tushirib qoldirilishi mumkin, basharti-ki, shartlashilgan qatnovlar aviakorxonani tayinlagan Ahdlashuvchi Tomonning hududida boshlansa yoki unda tugasa.
2. Ahdlashuvchi Tomonlar tayinlangan aviakorxonalarining boshqa Ahdlashuvchi Tomonning hududidagi istalgan manzillar va uchinchi mamlakatlar hududidagi istalgan manzillar oraligʻida amalga oshiriladigan yoʻlovchilar, yuk va pochta tashish huquqi Ahdlashuvchi Tomonlarning aviatsiya maʼmurlari oʻrtasida muhokama qilinadi.
