Suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha hamkorlik toʻgʻrisida
16.01.1996
Oʻzbekiston Respublikasi bilan Turkmaniston oʻrtasida
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasi va Turkmaniston, keyingi oʻrinlarda “Tomonlar” deb ataluvchilar,
doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik munosabatlariga amal qilib,
davlatlararo daryolar resurslaridan va boshqa suv manbalaridan birgalikda foydalanish, suv masalalarini hal etishda iqtisodiy tazyiq va tazyiq koʻrsatishning boshqa usullarini qoʻllashdan voz kechish zarurligini tasdiqlab,
suv muammolarining oʻzaro bogʻliqligini va suv resurslaridan oqilona foydalanish uchun javobgarlikni tan olib,
Orol dengiziga suv tushishi koʻpayishiga alohida ahamiyat berib,
oʻzaro manfaatlarni hurmat qilishni va suv xoʻjaligi masalalarini kelishuv orqali tartibga solishni anglab,
yaxshi qoʻshnichilik va hamkorlik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlashga intilib,
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashdilar:
1-modda
Tomonlar Turkmaniston tomonidan Oʻzbekiston Respublikasiga suv xoʻjaligi obyektlari sifatida berilgan yer uning mutlaq mulki ekanligini tan oladilar.
2-modda
Tomonlar Qarshi va Amu-Buxoro kanallari, Tuyamoʻyin suv omborining Turkmaniston hududida joylashgan barcha suv xoʻjaligi obyektlari va tashkilotlari Oʻzbekiston Respublikasi mulki ekanligini tan oladilar.
3-modda
Tomonlar Qarshi, Amu-Buxoro kanallari, Tuyamoʻyin gidrouzeli uchun yerlar hamda amalda foydalanilayotgan boshqa suv xoʻjaligi obyektlari va davlatlararo suv tizimlari haqini toʻlab foydalanish shartlarida berilganligiga kelishdilar.
Haqini toʻlash tartibi va shartlari Tomonlar hukumatlari oʻrtasida tuziladigan bitim asosida belgilanadi, ushbu bitim mazkur Bitimning ajralmas qismi hisoblanadi va mazkur Bitim imzolangandan soʻng bir oy davomida tuziladi.
4-modda
Tomonlar oʻz hududlarida joylashgan davlatlararo suv xoʻjaligi obyektlaridan normal foydalanishni taʼminlash yuzasidan zarur saʼy-harakatlarni amalga oshiradilar.
5-modda
Tomonlar ikkinchi Tomon hududida joylashgan korxonalar va tashkilotlar, shu jumladan davlatlararo ahamiyatga ega boʻlgan suv xoʻjaligi obyektlaridan foydalanish bilan bogʻliq boʻlgan korxonalar va tashkilotlar oʻz faoliyatlarini oʻzlari hududida joylashgan Tomonlarning xalqaro normalari va qonunlariga muvofiq amalga oshirishiga kelishdilar.
6-modda
Tomonlar (Kerki suv oʻlchash posti stvoridagi oqimga tenglashtirilgan) Amudaryo oqimi suvini taqsimlashni teng ulushlarda (ellik foizdan) belgiladilar hamda oʻz ulushlaridan proporsional ravishda Orol dengiziga oqizishga, shuningdek yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, davlatlararo kollektorlarni rekonstruksiya qilish va ulardan foydalanish, sugʻorish sistemalaridan foydalanishning texnik masalalarini hal etish, suvni ajratib olish va oqova suv traktlari qurilishi tadbirlarini birgalikda amalga oshirishga ahdlashdilar.
7-modda
Tomonlar Amu-Buxoro, Qarshi, Soveteb, Toshhovuz, Toshsoqa, Qilichboy, Shovot-Gʻazavot suv sistemalaridan foydalanish tufayli kelib chiqadigan oʻzanning buzilishiga va atrofdagi hududlarni suv bosib ketishiga yoʻl qoʻymaslik choralarini amalga oshirishga kelishdilar.
Qirgʻoqni muhofaza qiluvchi doimiy inshootlar qurilishi tugallangunga qadar tomonlarning kelishuvi boʻyicha har yili suv olish uchastkalarida va yuqorida aytib oʻtilgan kanallar trassalarida suv yuvib ketishidan va atrofdagi joylarni suv bosishidan himoya qilish boʻyicha vaqtinchalik oʻzanni toʻgʻrilash ishlari olib boriladi.
8-modda
Tomonlar Turkmaniston hududidan oʻtuvchi Dareliq va Ozerniy kollektorlari boʻylab joylashgan yerlarni suv bosishiga qarshi, yuqorida aytib oʻtilgan kollektorlarni drenaj oqimining hajmiga proporsional xarajatlar bilan rekonstruksiyalash va foydalanishga oid zarur saʼy-harakatlarni amalga oshiradilar.
9-modda
Tomonlar ilgari erishilgan ahdlashuvlarga muvofiq Amudaryoning har ikkala qirgʻogʻidan drenaj suvlar tashlanishini 1999-yildan boshlab toʻxtatishga, bunday zaruriyat paydo boʻlgan taqdirda masalalarni tomonlarning alohida kelishuviga koʻra hal etishga ahdlashdilar.
10-modda
Tomonlar oʻzaro kelishuvga muvofiq mazkur Bitimga zarur oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritishlari mumkin, bu oʻzgartirish va qoʻshimchalar tegishli protokollar bilan rasmiylashtiriladi hamda mazkur Bitimning ajralmas qismi hisoblanadi.
11-modda
Mazkur Bitim imzolangan paytdan boshlab kuchga kiradi va muddatsiz amal qiladi.
1996-yil 16-yanvarda, Chorjoʻy shahrida, har biri oʻzbek, turkman va rus tillarida boʻlgan ikki nusxada tuzildi, barcha matnlar bir xil kuchga egadir.
(imzolar)
