Standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish sohasidagi hamkorlik toʻgʻrisida
16.01.1996
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Turkmaniston Hukumati oʻrtasida
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Turkmaniston hukumati bundan keyin “Tomonlar” deb ataluvchilar,
ikkala davlat oʻrtasida tarixan qaror topgan munosabatlarni eʼtiborga olishib,
iqtisodiy va savdo munosabatlaridagi texnikaviy toʻsiqlarni bartaraf etish, mahsulotning mos kelishini, oʻzaro almashinuvchanligini, uning inson hayoti va salomatligi, atrof-muhitni muhofaza qilish uchun xavfsizligini taʼminlash maqsadida,
standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish sohasida hamkorlikni rivojlantirishni istashib, bunda xalqaro tashkilotlar tomonidan ushbu sohada qabul qilingan prinsiplar va normalardan kelib chiqishib,
Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi hukumat boshliqlari tomonidan 1992-yil 13-martda imzolangan standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish sohasida kelishilgan siyosat oʻtkazish toʻgʻrisidagi Bitim qoidalariga amal qilishib,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Tomonlar standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish sohasida hamkorlikni rivojlantiradilar va mustahkamlaydilar, chunonchi: standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish milliy tizimlarini xalqaro tashkilotlar tomonidan ushbu sohada qabul qilingan tizimlar bilan birxillashtiradilar.
2-modda
Tomonlar, zarurat boʻlganda, Oʻzbekiston davlat standartlarini Turkmaniston hududida va tegishli ravishda, Turkmaniston davlat standartlarini Oʻzbekiston Respublikasi hududida qoʻllashga koʻmaklashadilar.
Tomonlar, zarurat boʻlganda, standartlar va boshqa normativ hujjatlarni ishlab chiqish hamda qoʻllash masalalari boʻyicha bir-biriga tashkiliy, metodik va amaliy yordam koʻrsatadilar.
3-modda
Tomonlar sertifikatsiyalash boʻyicha organlarni, sinov laboratoriya-(markaz)larini, sinash va sertifikatlashtirish natijalarini, “Oʻzdavstandart” hamda “Turkmanboshdavinspeksiya” tomonidan qoʻshimcha ravishda kelishilgan shartlar boʻyicha oʻzaro yetkazib beriladigan mahsulotlar sertifikatlarini va muvofiqlik belgilarini oʻzaro tan oladilar.
Tomonlar milliy tizimlarda akkreditatsiya qilish moʻljallanayotgan sertifikatlashtirish boʻyicha organlar, sinov laboratoriyalari roʻyxati toʻgʻrisidagi axborotlar bilan muntazam almashinib turadilar va ularni akkreditatsiya qilishda qatnashishlari mumkin.
4-modda
Tomonlar sertifikatlashtirish xalqaro tizimlarida mustaqil ravishda qatnashadilar. Ushbu Bitim Tomonlarning sertifikatlashtirish xalqaro tizimlari qoidalaridan kelib chiqadigan huquq va majburiyatlariga daxl qilmaydi.
5-modda
Tomonlar:
modda va materiallar tarkibi va xossalarining standart namunalarini, moddalar va materiallarning fizik konstantlari va xossalari toʻgʻrisidagi standart spravochnik maʼlumotlarni, sinovlar va turlarni tasdiqlash, metrologik attestatsiyalar, oʻlchov vositalarini tekshirish va kalibrlash natijalarini, davlatlarda tasdiqlangan kattalik birliklarining davlat etalonlarini oʻzaro tan oladilar;
davlatlarda akkreditatsiya qilingan sinov, tekshirish, kalibrlash va oʻlchash laboratoriya(markaz)larini, sertifikatlashtirish organlarini, oʻzaro yetkazib beriladigan oʻlchov vositalarining sertifikatlarini va muvofiqlik belgilarini tan oladilar.
6-modda
Tomonlar kadrlar tayyorlash va malakasini oshirishda, mutaxassislar almashishda, korxonalar, tadbirkorlar, jamoat tashkilotlari oʻrtasidagi normativ-texnik hujjatlarni tayyorlashda, metrologiya va sertifikatlashtirishga doir ishlarni tashkil etish boʻyicha toʻgʻridan toʻgʻri aloqalar oʻrnatishda oʻzaro hamkorlik qiladilar hamda ushbu oʻzaro hamkorlik uchun qulay shart-sharoitlar yaratadilar.
7-modda
Tomonlar standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish boʻyicha turli xalqaro tashkilotlarda hamkorlik qiladilar, Tomonlardan biri aʼzo boʻlgan xalqaro tashkilotlarda qatnashish yoki ularga aʼzo boʻlib kirishda oʻzaro bir-birlarini qoʻllab-quvvatlaydilar.
Tomonlar oʻzlari aʼzo boʻlgan standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish boʻyicha xalqaro tashkilotlardagi ishlar toʻgʻrisida bir-birini xabardor qilib turadilar, soʻrovlar boʻyicha xalqaro standartlar matnlari bilan bir-birini belgilangan tartibda oʻzaro taʼminlab turadilar.
Tomonlar, agar ularning maxfiy tusdaligidan Tomonlardan biri xabardor qilingan boʻlsa, olingan hujjatning va ushbu Bitim doirasida amalga oshiriladigan ishlar toʻgʻrisidagi axborotning hamda erishilgan ilmiy-texnikaviy natijalarning maxfiyligini taʼminlaydilar.
8-modda
Hamkorlik davomida Tomonlardan biri olgan ilmiy-texnikaviy axborot uchinchi tomonga faqat ushbu axborot bergan Tomonning roziligi bilangina berilishi mumkin.
9-modda
Ushbu Bitimning qoidalari zarurat boʻlganda “Oʻzdavstandart” va “Turkmanboshdavinspeksiya” oʻrtasida tuziladigan qoʻshimcha bitimlar va (yoki) protokollar bilan aniqlashtirilishi mumkin.
10-modda
Ushbu Bitim Tomonlar standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish sohasida ilgari tuzishgan shartnomalardan kelib chiqadigan majburiyatlarga daxl qilmaydi.
Ushbu Bitimni bajarish va talqin qilish bilan bogʻliq bahslar muzokaralar yoʻli bilan hal etiladi.
11-modda
Ushbu Bitim imzolangan kundan boshlab kuchga kiradi, besh yil mobaynida amal qiladi va agar Tomonlardan biri oʻzining mazkur Bitimning amalda boʻlishini toʻxtatish toʻgʻrisidagi niyatidan boshqa Tomonni Bitimning navbatdagi amalda boʻlish davri tugagungacha olti oydan kechikmay yozma ravishda xabardor qilmasa, uning amalda boʻlish muddati oʻz-oʻzidan uzayadi.
1996-yil 16-yanvarda, Chorjoʻy shahrida, oʻzbek, turkman, rus tillarida, ikki asl nusxada tuzildi, barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Mazkur Bitimni talqin qilish uchun rus tilidagi matndan foydalaniladi.
(imzolar)
