Taʼlim sohasidagi hamkorlik toʻgʻrisida
16.01.1996
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Turkmaniston Hukumati oʻrtasida
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Turkmaniston Hukumati, bundan keyin “Ahdlashuvchi Tomonlar” deb ataluvchilar,
ikkala davlat xalqlari oʻrtasidagi anʼanaviy doʻstlik munosabatlarini eʼtiborga olishib,
Oʻzbekiston Respublikasi va Turkmaniston oʻrtasida taʼlim sohasidagi hamkorlikni bundan buyon ham rivojlantirish hamda mustahkamlashga boʻlgan intilishni ifodalashib,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar ikkala Tomonning davlat taʼlimni boshqarish tegishli organlari oʻrtasida hamkorlikni rivojlantirishga koʻmaklashadilar.
2-modda
Ahdlashuvchi Tomonlarning har biri ikkinchi Tomonning fuqarolariga taʼlim olishda oʻz fuqarolari bilan teng huquqni va uning erkinligini kafolatlaydi, ona tilida taʼlim olish uchun shart-sharoitlar yaratishga koʻmaklashadi.
3-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar taʼlim tizimini takomillashtirishda Oʻzbekiston Respublikasi hududida yashayotgan turkman millatidagi va Turkmaniston hududida yashayotgan oʻzbek millatidagi shaxslar uchun darsliklar va oʻquv-uslubiy adabiyotlar yaratishda oʻzaro yordam beradilar.
4-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar taʼlim muassasalari oʻrtasida toʻgʻridan toʻgʻri sheriklik munosabatlarini rivojlantirishga, mazkur sohadagi rivojlanish masalalari boʻyicha axborotlar almashishga, shuningdek kadrlar tayyorlash ishlarida hamkorlik qilishga koʻmaklashadilar.
5-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar 1993-yilning 1-yanvarigacha berilgan taʼlim, ilmiy darajalar va unvonlar toʻgʻrisidagi hujjatlarning, malaka shahodatnomalari va diplomlarining ekvivalentliligini tan oladilar hamda yangidan berilgan hujjatlarni oʻzaro tan olish boʻyicha nizomlar ishlab chiqadilar.
6-modda
Taʼlim sohasidagi hamkorlikning aniq shakl va shartlari ikkala Tomonning davlat taʼlimni boshqarish tegishli organlari oʻrtasidagi alohida bitimlar bilan tartibga solib boriladi.
7-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar, zarurat boʻlganda, mazkur Bitimni amalga oshirish va Tomonlarning hamkorlik qilishi boʻyicha tavsiyalar tayyorlash uchun qoʻshma komissiya tuzishlari mumkin.
8-modda
Mazkur Bitim imzolangan kundan boshlab kuchga kiradi, besh yil davomida amal qiladi va tegishli muddat tugashidan kamida olti oy muqaddam Ahdlashuvchi Tomonlardan birortasi ham Bitimning amal qilishini toʻxtatish toʻgʻrisidagi oʻz niyatidan ikkinchi Ahdlashuvchi Tomonni yozma ravishda xabardor qilmasa, uning amal qilish muddati keyingi besh yillik davrlarga oʻz-oʻzidan uzayadi.
1996-yil 16-yanvarda,Chorjoʻy shahrida, ikki nusxada, har biri oʻzbek,turkman va rus tillarida tuzildi, barcha matnlar bir xil kuchga ega. Bitimni talqin qilishda kelishmovchiliklar paydo boʻlgan taqdirda rus tilidagi matn asosiy hisoblanadi.
(imzolar)
