Geodeziya, kartografiya, yer kadastri, yer tuzish hamda yerni masofadan turib zondirlash sohasidagi hamkorlik toʻgʻrisida
16.01.1996
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Turkmaniston Hukumati oʻrtasida
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Turkmaniston Hukumati, bundan keyin “Tomonlar” deb ataluvchilar,
geodeziya, kartografiya va aralash fanlar hamda texnologiyalar sohasidagi oʻzaro hamkorlikni yanada rivojlantirishga intilishib,
kuyidagilar toʻgʻrisida ahdlashdilar:
1-modda
Ushbu Bitim doirasidagi hamkorlik Tomonlarning tegishli tashkilotlarini jalb qilgan holda amalga oshiriladi va quyidagi shakllarga ega boʻlishi mumkin:
a) topografiya — geodeziya va kartografiya hamda yer tuzish ishlarini amalga oshirish;
b) xaritalar, atlaslar va bosma mahsulotlarining boshqa turlari boʻyicha matbaa xizmatlari koʻrsatish;
v) hududlarni aerokosmik suratga olishlarni bajarish va masofadan turib zondirlash maʼlumotlarini ayirboshlash;
g) joy, geoaxborot tizimlari toʻgʻrisidagi raqamli maʼlumotlar banklarini yaratish metodologiyasini ishlab chiqish;
d) Tomonlar davlatlari hududlarini geografik oʻrganilganligiga taalluqli axborotlarni ayirboshlash hamda geografik xaritalarning maʼmuriy-hududiy boʻlinishdagi, geografik obyektlarning nomlaridagi oʻzgarishlar, yoʻl tarmoqlarining rivojlanishi hamda boshqa elementlar bilan bogʻliq mazmunini yangilash;
e) boshqa ilmiy-texnik va ishlab chiqarish axborotlarini ayirboshlash;
j) tajriba-konstruktorlik ishlarini birgalikda bajarish;
z) topografiya-geodeziya yer tuzish, kartografiya tashkilotlari hamda geodeziya, kartografiya va yer tuzish sohasida kadrlar tayyorlashni amalga oshiruvchi oʻquv yurtlari oʻrtasida ish tajribalarni ayirboshlash;
i) geodeziya va kartografiya hamda yer tuzish mutaxassislarini oʻqitish hamda ularning tajriba oʻrganishlarini amalga oshirish.
Bunday hamkorlikning aniq maqsadlari, vazifalari va shartlari Tomonlarning geodeziya va kartografiya xizmatlarini bajaruvchi tashkilotlar tomonidan davlat boshqaruvi tegishli organlari bilan kelishilgan holda aniqlanadi.
Hamkorlik dasturlarini amalga oshirish maqsadida Tomonlar, oʻz davlatlarining amaldagi qonunchilik hujjatlariga hamda Tomonlarning oʻz tasarruflaridagi tashkilotlar oʻrtasida tuzilgan shartnomalarga muvofiq, zarur xomashyolar, asbob-uskunalar, aslaha-anjomlar va tayyor mahsulotlarning davlat chegarasi orqali oʻtishini imkoni boricha osonlashtirish chora-tadbirlarini koʻradilar.
2-modda
Tomonlar 1996-yil mobaynida topografiya-geodeziya, kartografiya va aerokosmik materiallarni ularning hududiy tegishliligi boʻyicha, 1992-yilning 1-yanvaridagi holatiga koʻra, bepul asosda oʻzaro ayirboshlashni (oʻtkazishni) amalga oshiradilar.
Tomonlar hududining bir qismi aks etgan topografik xaritalar asl nusxalarining kopiyasi ikkinchi Tomonga, ularning soʻroviga koʻra, beriladi.
3-modda
Har qaysi Tomon masshtabli xaritalarni yaratish va yangilash boʻyicha topografiya-geodeziya ishlarini oʻz davlati hududi doirasida bajaradi. Oʻz davlati hududi tashqarisida bunday ishlar “Oʻzgeodeziya” va “Turkmangeodeziya” tomonidan oʻz davlatlarining amaldagi qonunchiligiga muvofiq qoʻshimcha ravishda ishlab chiqilgan shartlarga binoan bajariladi.
Ikkala davlat chegarasi boʻylab geodeziya va nivelir tarmoqlarini rivojlantirish Tomonlarning oʻzaro kelishuviga binoan bajariladi.
Topografiya-geodeziya, kosmik suratga olishlar materiallarini, geodeziya ishlarini olib borish uchun boshlangʻich maʼlumotlarni berish “Oʻzgeodeziya” va “Turkmangeodeziya” tomonidan qoʻshimcha ravishda ishlab chiqilgan tartibga binoan bepul asosda amalga oshiriladi.
4-modda
1-moddada qayd etilgan shakllardagi hamkorlikni, shu jumladan axborot ayirboshlashni amalga oshira borishib, Tomonlar, amaldagi qonunchilikka, shuningdek ushbu masala boʻyicha ikki va koʻp tomonlama ahdlashuvlarga muvofiq, Tomonlarning davlat xavfsizligi manfaatlarini hamda davlat sirlari muhofazasini taʼminlash masalalarini oʻzaro hisobga oladilar.
5-modda
Ushbu Bitim doirasidagi hamkorlik Tomonlarning oʻzaro kelishuviga koʻra, shu jumladan kompensatsiya va tijorat asoslarida amalga oshiriladigan geodeziya va kartografiya hamda yer tuzish sohasidagi ixtisoslashtirilgan aloqalarining boshqa shakllariga toʻsqinlik qilmaydi.
6-modda
Ushbu Bitim imzolangan vaqtdan boshlab kuchga kiradi va 5 (besh) yil mobaynida amalda boʻladi. Agar Tomonlarning birortasi ham mazkur Bitimning amalda boʻlishini toʻxtatish toʻgʻrisidagi oʻz niyati haqida ushbu davr oʻtgunga kadar olti oy oldin yozma shaklda maʼlum qilmasa, uning amalda boʻlish muddati keyingi 5 yillik davrlarga oʻz-oʻzidan uzayaveradi.
1996-yil 16-yanvarda, Chorjoʻy shahrida, ikki asl nusxada, har biri oʻzbek, turkman va rus tillarida tuzildi, barcha matnlar bir xil kuchga ega. Ushbu Bitim matnini talqin etishda rus tilidagi matndan foydalaniladi.
(imzolar)
