Temir yoʻl transportida tranzit tashishni tartibga solish sohasida hamkorlik qilish toʻgʻrisida
21.09.2000
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Turkmaniston Hukumati oʻrtasida
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Turkmaniston Hukumati, bundan keyin “Tomonlar” deb ataluvchilar,
yuklarni tashish ham Tomonlar oʻrtasida, ham boshqa davlatlar oʻrtasida favqulodda muhimligini tan olgan holda,
davlatlarning temir yoʻl transportini muvofiqlashtirish va qoʻshma faoliyatining ahamiyatini tan olib,
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashib oldilar:
1-modda
Tomonlar oʻz davlatlari hududida va hududlaridan yuklarni tranzit qilish uchun bir-birlariga qulay sharoitlarni taʼminlashni oʻzarolik asosida ahdlashib oldilar.
2-modda
Tomonlar ularning davlatlari hududida turgan yuklarni temir yoʻl tarmogʻi orqali tashish, jumladan boshqa davlatlarga tranzit qilishda amaldagi qonun va qoidalar doirasida harakatlanuvchi sostavni qarshiliksiz oʻtkazishni taʼminlaydilar, shuningdek tuzatishning planli koʻrinishlarida boruvchi vagon va lokomotivlarning oʻtishini taʼminlaydilar.
3-modda
Tomonlar muvofiqlashtirilgan tarifli siyosatini amalga oshiradilar. Farap-Chingeldi va Farap-Turkmanboshi stansiyalari oʻrtasidagi uchastkalar hududlari boʻylab Tomonlarning eksport-import yuklarini tranzit bilan tashishni, shuningdek ular uchun haq toʻlash Tomonlarning amaldagi normativ hujjatlari asosida tashish paytida amalga oshiriladi.
Ushbu moddaning birinchi xatboshisida koʻrsatib oʻtilgan uchastkalarda qoʻshimcha tranzit yuk oqimini jalb etish maqsadida, Tomonlar oʻz vakolatli organlariga, Tomonlarning vakolatli organlari oʻrtasida tegishli bitimni imzolash yoʻli bilan bir xil hajmdagi yuklarni tranzit tashishda amal qiluvchi 50 foizli imtiyozli tashish tarifini qoʻllashni topshiradilar.
4-modda
Ushbu Bitim maqsadlarida quyidagilar Tomonlarning vakolatli organlari boʻladilar:
Oʻzbekiston Respublikasi nomidan — “Oʻzbekiston temir yoʻllari” Davlat aksiyadorlik temir yoʻl kompaniyasi;
Turkmaniston nomidan — “Turkmendemirelleri” Boshqarmasi.
5-modda
Yuklarni tranzit tashishni yengillashtirish maqsadida, Tomonlarning bojxona organlari oʻzaro maslahatlashuvlardan soʻng Tomonlarning milliy qonun va qoidalariga muvofiq kirish hamda chiqish punktlarida oʻrnatilganlarni qoʻllash uchun lozim boʻlgan yagona bojxona marosimlarni belgilaydilar.
6-modda
Tomonlar xizmat koʻrsatuvchi personal xavfsizligi, tranzit yuk va harakatdagi sostavning butunligini taʼminlash boʻyicha zarur choralar koʻradilar.
7-modda
Ushbu Bitim imzolangan sanadan kuchga kiradi.
Ushbu Bitim besh yilga tuziladi. Tomonlardan biri boshqa Tomonni uning faoliyatini tugatish toʻgʻrisida oʻz niyatini kamida olti oy ilgari yozma xabardor qilmagunicha amal qiladi.
Tomonlardan biri buning aksi toʻgʻrisida xabardor qilmasa, ushbu Bitimning faoliyati oʻz-oʻzidan keyingi besh yillik muddatlarga uzayadi.
Ashxobod shahrida 2000-yil 21-sentabrda ikki asl nusxada, har biri oʻzbek, turkman va rus tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga egadir.
Ushbu Bitim qoidalarini talqin qilishda rus tilidagi matndan foydalaniladi.
(imzolar)
