Elchixonalar faoliyati bilan bogʻliq boʻlgan masalalarni oʻzaro tartibga solish toʻgʻrisida
08.04.2003
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Ukraina Hukumati oʻrtasidagi Bitimga
Bayonnoma
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Ukraina Hukumati (Ukraina Vazirlar Mahkamasi), bundan keyin “Tomonlar” deb ataluvchilar,
1995-yil 20-iyun kuni Toshkentda imzolangan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Ukraina Hukumati oʻrtasida elchixonalar faoliyati bilan bogʻliq boʻlgan masalalarni oʻzaro tartibga solish toʻgʻrisidagi Bitim (bundan keyin “Bitim” deb ataladi) qoidalariga amal qilgan holda,
1961-yil 18-apreldagi Diplomatik munosabatlar toʻgʻrisidagi Vena konvensiyasi qoidalaridan kelib chiqib,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1. Ukraina Hukumati Kiyev shahri, Vladimir koʻchasi, 16 manzil boʻyicha joylashgan umumiy maydoni 2885,8 kvadrat metrdan iborat boʻlgan binolar majmuasini, 1789,0 kvadrat metrdan iborat boʻlgan yer maydoni bilan birga Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatiga beradi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati Toshkent shahri, Y. Gʻulomov koʻchasi, 68 manzil boʻyicha joylashgan umumiy maydoni 3077,8 kvadrat metrdan iborat boʻlgan binolar majmuasini, 4168,0 kvadrat metrdan iborat boʻlgan yer maydoni bilan birga Ukraina Hukumatiga beradi.
3. Tomonlar ushbu Bayonnomaning 1 va 2-bandlarida koʻrsatilgan binolar majmuasi va yer maydonlarini bir-birlariga ijara haqini toʻlamaslik sharti asosida beradilar.
4. Ushbu Bayonnomaning 1 va 2-bandlarida koʻrsatilgan binolar majmuasi va yer maydonlaridan foydalanish bilan bogʻliq ushbu Bayonnomada koʻrsatib oʻtilmagan barcha masalalar yigirma besh yilga tuziladigan ijara shartnomalarida koʻzda tutiladi. Koʻrsatilgan muddat kelishuvga muvofiq uzaytirilishi mumkin.
5. Ushbu Bayonnoma Bitimning ajralmas qismi boʻlib hisoblanadi va Tomonlar zarur boʻlgan barcha davlat ichki tartibotlarini bajarganliklari toʻgʻrisidagi bildirishnomalar bilan almashilgan kundan kuchga kiradi.
Kiyev shahrida 2003-yil 8-aprelda ikki nusxada, har biri oʻzbek, ukrain va rus tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil yuridik kuchga ega.
Ushbu Bayonnoma qoidalarini talqin qilish maqsadida rus tilidagi matn asosiy deb hisoblanadi.
(imzolar)
