Fuqarolarning oʻzaro kelib-ketish shartlari toʻgʻrisida
12.10.2000
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Ukraina Vazirlar Mahkamasi oʻrtasida
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Ukraina Vazirlar Mahkamasi, bundan keyin “Tomonlar” deb ataluvchilar,
ikki davlat va ularning xalqlari oʻrtasidagi doʻstona munosabatlarni yanada rivojlantirish maqsadida,
ikki davlat fuqarolarining oʻzaro kelib-ketish rejimini tartibga solish niyatida,
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashib oldilar:
1-modda
Bir Tomon davlatining fuqarolari boshqa Tomon davlati hududiga ushbu Bitim ilovasida koʻrsatib oʻtilgan hujjatlar boʻyicha ayni davlatda amal qiladigan boʻlib turish va propiska (roʻyxatdan oʻtish) qoidalariga amal qilgan holda kirishlari, undan chiqishlari, tranzit oʻtishlari va unda boʻlishlari mumkin.
2-modda
Bir Tomon davlatining fuqarolari boshqa Tomon davlati hududiga chegaralardagi xalqaro qatnovlar uchun ochilgan oʻtkazish punktlari orqali kirishlari, chiqishlari va tranzit oʻtishlari mumkin.
3-modda
Bir Tomon davlatining fuqarosi ushbu Bitim Ilovasida koʻrsatilgan hujjatini boshqa Tomon davlati hududida yoʻqotib qoʻysa, u boʻlib turgan mamlakatning vakolatli organlari uning oʻzi fuqarosi boʻlgan davlatga qaytish maqsadida haqiqiy hujjat olishi uchun hujjatni yoʻqotib qoʻyganligi toʻgʻrisidagi arizasini tasdiqlaydilar.
4-modda
1. Tomonlar ushbu Bitim kuchga kirguniga qadar diplomatik kanallar orqali ushbu Bitim Ilovasida koʻrsatilgan hujjatlar namunasini almashlaydilar.
2. Yangi hujjatlar joriy etiladigan yoki ushbu Bitim Ilovasida koʻrsatilgan hujjatlarga oʻzgartish kiritiladigan boʻlsa Tomonlar yangi hujjatlar joriy etilishi yoki amaldagi hujjatlarga oʻzgartishlar kiritilishidan kamida oʻttiz kun avval diplomatik kanallar orqali bir-birlarini xabardor qiladilar va yangi yoki oʻzgartirilayotgan hujjatlar namunalarini taqdim etadilar.
3. Tomonlar chet el fuqarolarining kelishlari, ketishlari, boʻlib turishlari tartibi toʻgʻrisida amaldagi qonunlar yuzasidan axborot va ushbu sohadagi boshqa maʼlumotlarni almashlaydilar.
5-modda
1. Tomonlardan har biri, agar davlat xavfsizligini, jamoat tartibini yoki aholi salomatligini saqlashni taʼminlash uchun zarur boʻlsa, toʻlaligicha ushbu Bitim yoki undagi ayrim qoidalar amal qilishini toʻxtatib turishi mumkin.
2. Tomonlar bir-birlariga oldindan, biroq shunday choralar koʻrilishi toʻgʻrisida qaror chiqarilganidan soʻng uzogʻi bilan 72 soat ichida diplomatik kanallar orqali xabar beradilar.
6-modda
Ushbu Bitimni qoʻllash natijasida kelib chiqadigan nizolar Tomonlar oʻrtasida maslahatlashuv va muzokaralar orqali hal etiladi.
7-modda
Tomonlar oʻzaro kelishuvga koʻra ushbu Bitimga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritishlari mumkin. Ular ushbu Bitim 8-moddasining 1-bandida koʻzda tutilgan tartibda kuchga kirgach, uning tarkibiy qismi hisoblanadi.
8-modda
1. Ushbu Bitim cheklanmagan muddatga tuzilgan va Tomonlar nota almashish orqali ushbu Bitimni kuchga kiritish uchun zarur davlat ichki protseduralarini bajarganliklari toʻgʻrisida bir-birlarini xabardor etganlaridan soʻng oʻttizinchi kuni kuchga kiradi.
2. Ushbu Bitim Tomonlardan biri boshqa Tomonga tegishli nota yoʻllagan sanadan keyin toʻqson kun oʻtgach amal qilishdan toʻxtaydi.
Toshkent shahrida, 2000-yil 12-oktabrda ikki nusxada, har biri oʻzbek, ukrain va rus tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Ushbu Bitim qoidalarini talqin qilishda rus tilidagi matndan foydalaniladi.
(imzolar)
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Ukraina Vazirlar Mahkamasi oʻrtasida fuqarolarning oʻzaro kelib-ketish shartlari toʻgʻrisidagi Bitimga ILOVA
Bir Tomon davlati fuqarolarining boshqa Tomon davlati hududiga kelishlari, ketishlari va unda yurishlari uchun zarur hujjatlar
ROʻYXATI
1. Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari uchun
1.1. Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining pasporti;
1.2. diplomatik pasport;
1.3. havo kemasi ekipaji aʼzosining uchish guvohnomasi (uchish topshiriqnomasida yozuv boʻlgan taqdirda);
1.4. Oʻzbekiston Respublikasiga qaytish guvohnomasi (faqat Oʻzbekiston Respublikasiga qaytish uchun);
1.5. 16 yoshga toʻlmagan bolalarning tugʻilganligi toʻgʻrisida guvohnoma (ularning qonuniy vakillari kuzatuvidagina);
2. Ukraina fuqarolari uchun
2.1. Ukraina fuqarosining chet elga chiqish uchun pasporti;
2.2. diplomatik pasport;
2.3. xizmat pasporti;
2.4. bolaning yoʻl hujjati;
2.5. havo kemasi ekipaji aʼzosining uchish guvohnomasi (uchish topshiriqnomasida yozuv boʻlgan);
2.6. dengizchining shaxsiy guvohnomasi (kema roli yoki undan koʻchirma mavjud boʻlgan taqdirda);
2.7. Ukrainaga qaytish guvohnomasi (faqat Ukrainaga qaytish uchun);
2.8. 16 yoshga toʻlmagan bolalarning tugʻilganligi toʻgʻrisida guvohnoma (ularning qonuniy vakillari kuzatuvidagina);
Ilova:
1. Oʻzbekiston Respublikasining voyaga yetmagan (16 yoshga toʻlmagan) fuqarolari chegaralarni oʻz ota-onalari yoki ularning qonuniy vakillari kuzatuvida kesib oʻtadilar. Ularning pasportida ular toʻgʻrisida belgilangan tartibda maʼlumotlar darj etilgan boʻlishi kerak.
2. Ukrainaning voyaga yetmagan (18 eshga toʻlmagan}, chet elga chiqish uchun hujjatlari boʻlmagan fuqarolari chegaralarni oʻz ota-onalari yoki ularning qonuniy vakillari kuzatuvida kesib oʻtadilar. Ularning pasportida ular toʻgʻrisida belgilangan tartibda maʼlumotlar darj etilgan boʻlishi kerak.
3. Ushbu Ilovaning 1.5 va 2.8-bandlarida koʻrsatilgan hujjatlar boshqa Tomon davlati hududiga kirish-chiqish, tranzit oʻtish va unda boʻlish uchun 2001-yilning 31-dekabriga qadar qoʻllanadi.
