Viza masalalarini yengillashtirish toʻgʻrisida
09.07.1995
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Turkiya Jumhuriyati Hukumati oʻrtasida
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Turkiya Jumhuriyati Hukumati, bundan keyin “Tomonlar” deb ataluvchilar,
ikkala davlat oʻrtasidagi doʻstona munosabatlar va hamkorlikka koʻmaklashishni istagan holda;
bir-birining hududida ikki davlat fuqarolarining harakat qilishi ikkala mamlakat xalqlari oʻrtasida oʻzaro tushunishga koʻmaklashishini tan olib;
1961-yil 18-apreldagi diplomatik aloqalar toʻgʻrisidagi Vena Konvensiyasining, 1963-yil 24-apreldagi Konsullik aloqalar toʻgʻrisida Vena Konvensiyasining, 1994-yil 23-iyundagi Oʻzbekiston Respublikasi va Turkiya Jumhuriyati oʻrtasidagi Konsullik Konvensiyasining qoidalariga qatʼiy amal qilishga oʻz burchlarini tasdiqlab;
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Tomonlar, viza hujjatlarini rasmiylashtirish masalalarini mumkin boʻlgan eng qisqa vaqt ichida koʻrib chiqib, natijasini bir-birlariga bildiradilar.
2-modda
Tomonlar, kuyida koʻrsatilgan shaxslarning vizalarini ikki kundan ortiq kechiktirmay beradilar:
Prezidentlar;
Bosh vazirlar, vazirlar;
Parlament deputatlari;
davlat delegatsiya aʼzolari;
yuqorida koʻrsatilgan shaxslarning rafiqalari;
diplomatik kurʼyerlar.
3-modda
Tomonlar bir-birlarining davlatlaridagi diplomatik va konsullik vakolatxonalariga yuborilgan diplomatik maʼmuriy va texnik xodimlarning va ularning oila aʼzolarining viza soʻrovlarini uch ish kunida koʻrib chiqib, natijasini bildiradilar.
4-modda
Tomonlar vazir oʻrinbosarlari, hukumatlar delegatsiyalari va komissiyalari aʼzolari, savdo va sanoat palatasi vakillari, ishbilarmonlar, bank va shirkat vakillari, sport musobaqalari, madaniy, festival va konsert programmasi ishtirokchilarining viza soʻrovlariga koʻpi bilan besh ish kuni ichida javob beradilar.
5-modda
Tomonlar, 30 (oʻttiz) kunlik muddatdan oshmagan tashriflarni oʻz ichiga olgan turistik viza soʻrovlari bilan 15 (oʻnbesh) kundan oshmagan tranzit viza soʻrovlarining natijasini koʻpi bilan yetti ish kuni ichida bildiradilar.
6-modda
Tomonlar, jamoatchilik tashkilotlari va organlari huzuriga 30 kundan oshiq muddatga keluvchilarning va taklif qilinganlar viza soʻrovlarining natijasini besh ish kuni ichida, xususiy tashkilotlar huzuriga 30 kundan oshiq muddatga keluvchilarning va taklif qilinganlarning viza soʻrovlarining natijasini esa mumkin boʻlgan eng qisqa vaqt ichida bildiradilar.
7-modda
Ishlash va oʻqish maqsadidagi kirish vizalari va koʻp martalik kirish vizalari har safar alohida koʻrib chiqiladi va faqat lozim koʻrilgan hollarda beriladi.
8-modda
Samolyot ekipajlari va xalqaro transport bilan shugʻullanuvchi tashkilotlarda ishlaydigan yuk mashinasi va avtobus haydovchilariga bir yillik koʻp martalik kirish vizasi mumkin boʻlgan eng qisqa vaqt ichida beriladi.
9-modda
a) Har bir Tomon diplomatik aloqalar toʻgʻrisidagi Vena Konvensiyasining 26-moddasiga, Konsullik aloqalari toʻgʻrisidagi Vena Konvensiyasining 34-moddasiga, Oʻzbekiston Respublikasi va Turkiya Jumhuriyati oʻrtasidagi Konsullik Konvensiyasining 30-moddasiga muvofiq boshqa Tomon diplomatik va konsullik missiyalarining hamma xodimlarining davlatlar hududida oldindan xabar bermasdan va ruxsat olmasdan cheklanmagan tarzda erkin harakat qilishini taʼminlaydilar.
b) Kirishni cheklash yoki taqiqlash faqat maxsus obyektlarga yoki harbiy bazalarga, shuningdek, davlat xavfsizligi nuqtai nazaridan yoki bemalol kirish uchun yopiq boʻlgan boshqa obyektlarga taalluqli boʻladi.
v) Tomonlar Oʻzbekiston va Turkiyaning boshqa fuqarolariga ham ikki davlatning butun hududida cheklanmagan erkin harakat qilishni taʼminlaydilar.
g) Ushbu moddaning b-bandi har bir Tomonning diplomatik va konsullik vakillariga boʻlgani kabi boshqa kategoriyadagi fuqarolariga nisbatan ham qoʻllaniladi.
d) Tomonlarning hududlariga kirishlar xalqaro darvozalardan amalga oshiriladi.
10-modda
Ushbu Bitim Tomonlarning uchinchi davlatlarga nisbatan qabul qilgan majburiyatlariga taʼsir qilmaydi va ularga qarshi qaratilmaydi.
11-modda
Tomonlar rasmiy pasport egalariga bepul viza berish toʻgʻrisida kelishib oldilar.
12-modda
1. Ushbu Bitim imzolangan vaqtdan 30 kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
2. Ushbu Bitim aniq boʻlmagan muddatga tuzildi.
3. Tomonlardan har biri ushbu Bitimni yozma ravishda xabar berish yoʻli bilan bekor qilishi mumkin. Ushbu holda Bitim boshqa Tomon bekor qilish toʻgʻrisidagi xabarni olgandan uch oy oʻtganidan soʻng oʻz kuchini yoʻqotadi.
Toshkent shahrida, 1995-yil 9-iyulda, ikki nusxada, har biri oʻzbek va turk tillarida tuzildi, bunda ikkala matn ham bir xil yuridik kuchga ega.
(imzolar)
