Elchixonalar faoliyati bilan bogʻliq boʻlgan masalalarni oʻzaro tartibga solish toʻgʻrisida
20.06.1995
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Ukraina Hukumati oʻrtasida
Bitim
Quyida “Tomonlar” deb ataluvchi Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Ukraina Hukumati,
ikkala mamlakat suvereniteti prinsiplari, shuningdek BMT Nizomi prinsiplari va xalqaro huquqning boshqa normalarini tan olgan holda,
hurmat, tenglik va oʻzaro manfaat ruhidagi ikki tomonlama doʻstona munosabatlarni rivojlantirishga intilib,
Oʻzbekiston Respublikasining Kiyev shahridagi va Ukrainaning Toshkentdagi elchixonalari faoliyati bilan bogʻlik masalalarni tartibga solishga oʻzaro intilib, oʻzaro maslahatlashuvlar asosida,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Tomonlar Oʻzbekiston Respublikasining Kiyev shahridagi va Ukrainaning Toshkent shahridagi elchixonalarining faoliyatini taʼminlash masalalarini umumiy manfaatlardan kelib chiqqan holda teng huquqlik asosida hal qiladilar.
2-modda
Tomonlar bir-biriga elchixonalar, elchilar qarorgohlarini joylashtirish uchun umumiy maydoni 3000 kv. m. gacha boʻlgan binolarni, shuningdek xodimlarning yashashlari uchun turar-joylar ajratishni taʼminlaydilar.
3-modda
Tomonlar mazkur Bitimga muvofiq foydalanishga beriladigan barcha bino va yer maydonlari uchun ijara haqidan bir-birlarini ozod qiladilar.
4-modda
Tomonlar elchixonalar xodimlarini diplomatik vakolatxonalar uchun davolash muassasalarida bepul tibbiy xizmat bilan taʼminlashga kafolat beradilar.
5-modda
Mazkur Bitim Tomonlar davlat ichkarisida buning uchun zarur boʻlgan tadbirlarni bajargani toʻgʻrisida bildirishnomalar bilan almashilgan kundan boshlab kuchga kiradi.
Ushbu Bitimga oʻzgartishlar ikkala Tomonning yozma ravishdagi roziligi bilan kiritiladi.
Toshkent shahrida 1995-yil 20-iyunda ikki nusxada, har biri oʻzbek, ukrain va rus tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Ushbu Bitim moddalarini talqin qilishda tafovutlar yuzaga kelganda, rus tilidagi matn asos qilib olinadi.
(imzolar)
