Xalqaro daryoda yoʻlovchi va yuk aloqasi toʻgʻrisida
27.11.1996
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Turkmaniston Hukumati oʻrtasida
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Turkmaniston Hukumati, keyingi oʻrinlarda “Tomonlar” deb ataluvchilar,
ikki tomonlama doʻstona munosabatlarni 1996-yil 16-yanvardagi Oʻzbekiston Respublikasi va Turkmaniston oʻrtasida doʻstlik, hamkorlik va oʻzaro yordam toʻgʻrisidagi Shartnoma ruhida mustahkamlash va rivojlantirishga ikki tomonlama intilishga asoslanib,
teng huquqlilik va oʻzaro foyda olish asosida savdo va iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirishga koʻmaklashishni istab,
har ikki davlat oʻrtasida va ular hududlari orqali tranzit tarzda xalqaro daryoda yoʻlovchi va yuk tashishni yengillashtirish va tartibga solish maqsadlarida,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishdilar:
1-modda
Ushbu Bitim qoidalari ikki davlatdan birining hududida roʻyxatga olingan daryo transport vositalari bilan Oʻzbekiston Respublikasi va Turkmaniston oʻrtasida bevosita yoʻnalishda, ular hududlari boʻyicha tranzit tarzda, shuningdek uchinchi davlatlarga va uchinchi davlatlardan bajariladigan yoʻlovchilar, yuk va harbiy tashishlarga, shuningdek suzuvchi vositalar va obyektlarni shatakka olishga nisbatan qoʻllanadi.
Ushbu Bitim tegishli Tomon uchun amal qiladigan daryoda yuk va yoʻlovchilar tashish sohasidagi boshqa ikki tomonlama va koʻp tomonlama bitimlar qoidalaridan kelib chiqadigan Tomonlarning huquq va majburiyatlariga taalluqli boʻlmaydi.
2-modda
Ushbu Bitim maqsadlari uchun ushbu atamalar quyidagilarni bildiradi:
“kema” — qurilgan va yoʻlovchilar, yuklarni tashish, shatakka olish hamda yuklarni qayta yuklashga qoʻllanadigan va ikki davlatdan biri hududida roʻyxatga olingan har qanday daryo transport vositasi, oʻziyurar yoki oʻzi yurmaydigan, shatakchi va jihozga boy daryo transport vositasi, suzuvchi kran, suzuvchi dok, debarkader va suzuvchi prichaldir; biroq bu atama harbiy kemalar, baliq ovlash, gidrogeografik va ilmiy-texnik kemalarni bildirmaydi, ularning oʻtishi Tomonlarning tegishli vakolatli maʼmurlari tomonidan har bir alohida holda koʻrib chiqiladi va ruxsat etiladi;
“tashuvchi” — Oʻzbekiston Respublikasida yoki Turkmanistonda asosiy manzilga ega boʻlgan har qanday jismoniy yoki yuridik shaxs, u kema roʻyxatga olingan davlatda amal qiladigan milliy qonunlarga muvofiq xalqaro yoʻlovchilar yoki yuk tashishlarni tijorat asosida yoki oʻz hisobidan bajarish vakolatiga ega;
“kema ekipaji” — qatnov vaqtida kema bortida kemadan foydalanish yoki unda xizmat koʻrsatish bilan bogʻliq majburiyatlarni bajarish bilan haqiqatan band boʻlgan va kema roliga kiritilgan shaxslar;
“yuk” — har qanday tovarlar, turli xil buyumlar va narsalar, shu jumladan oʻrash va joylarni yiriklashtirish vositalari;
“bevosita yoʻnalish” — Tomonlar davlatlari hududlarida joylashgan, uchinchi mamlakatlar hududiy suvlaridan oʻtmaydigan joʻnatish punktlari va borish punktlari oʻrtasida yuklar va yoʻlovchilarni tashish;
“tranzit yoki tranzit yoʻnalishi” — bir Tomon davlati hududida joylashgan joʻnatish/borish punktlari va uchinchi mamlakatlarga borish/joʻnatish punktlari oʻrtasida ikkinchi Tomon davlati hududiy suvlaridan oʻtib yuklar va yoʻlovchilar tashish;
“hududiy suvlar” — Tomonlarning davlatlari har birining suv sathi, ular ustidan davlat oʻz suveren huquqlarini amalga oshiradi hamda xalqaro huquq va milliy qonunlarga muvofiq oʻz yurisdiksiyasini oʻtkazadi;
“vakolatli organ” — Tomon ushbu Bitim qoidalarini roʻyobga chiqarishni amalga oshirish vakolatini bergan daryodagi kemalar qatnovi sohasidagi faoliyatni boshqaruvchi davlat organi.
3-modda
Tomonlar davlatlarining kemalari tegishli davlatlar belgilagan qoidalarga rioya etib, xorijiy kemalar kirishi uchun moʻljallangan portlar va pristanlarga kirish, ularda yuk ortish va yuk tushirish operatsiyalarini amalga oshirish, yoʻlovchilarni oʻtkazish va tushirish, shuningdek yonilgʻi, taʼminot buyumlari va oziq-ovqat mahsulotlari zaxiralarini toʻldirish huquqiga ega.
4-modda
Tomonlar ularning vakolatli organlari bergan va kema bortida saqlanadigan kema guvohnomalari asosida kemalarning milliy tegishliligini oʻzaro tan oladilar.
Bir Tomon bergan va tan oladigan kema konstruksiyasi, uning uskunalari, kema ekipajiga taalluqli boʻlgan hujjatlar, shuningdek oʻlchov va registr guvohnomalarini boshqa Tomon ham tan oladi.
5-modda
Kemalar ekipajlari ikkinchi Tomon hududida boʻlgan paytlarida oʻsha joyda amal qiladigan kemachilik qoidalariga, qonunlarga va daryo flotiga taalluqli boʻlgan boshqa meʼyoriy hujjatlarga rioya etishlari kerak.
6-modda
Kemalar Amudaryo boʻylab harakatlanayotganda ularni chegaralarda rasmiylashtirish punktlarda qabul qiluvchi Tomonlar vakolatli organlari belgilagan tartibda amalga oshiriladi.
Tomonlar kemalar va yuklar ular hududidan oʻtayotgan paytda ularning xavfsizligini taʼminlash yuzasidan choralar koʻradilar.
7-modda
Tomonlar suv kemalaridagi bojxona hujjatlari, bojxona tamgʻalari, muhrlar va shtamplarning bosilgan izini va rasmiy belgilarni oʻzaro tan oladilar. Bu kemalardagi yuklar, shuningdek yoʻlovchilar va ularning yuklarini koʻzdan kechirish Tomonlarning milliy qonunlariga muvofiq olib kirish, olib chiqib ketish va tranzit tarzda olib oʻtishga taqiqlangan buyumlar tashilayapti deb hisoblash uchun yetarli asoslar mavjud boʻlgan alohida hollarda amalga oshiriladi.
Yuklarni joʻnatish va u yetib boradigan joylarda bojxonada rasmiylashtirish Tomonlarning milliy qonunlariga muvofiq amalga oshiriladi.
8-modda
Tomonlardan har biri kemalarning oʻz davlati hududiy suvlari boʻylab, shu jumladan ular hududi boʻylab tranzit tarzda, shuningdek uchinchi mamlakatlarga yoki uchinchi mamlakatlardan tashishlarda toʻsqinliksiz oʻtishida yordam koʻrsatadi.
Tomonlar milliy qonunlar va port qoidalari chegarasida daryoda tashishlarni yengillashtirish va jadallashtirish, kemalarni keraksiz ushlab qolishlarga yoʻl qoʻymaslik, bojxona va portlardagi amal qiluvchi boshqa rasmiyatchiliklarni amalga oshirishni tezlashtirish va soddalashtirishning barcha choralarini koʻradilar.
Kemalarni gʻayriqonuniy ushlab qolganlik uchun koʻrilgan xarajatlarni gʻayriqonuniy ushlab qolgan Tomon qoplaydi.
9-modda
Tankyerlardagi va kemalarda oʻrnatilgan hamda ularni tayyorlagan zavod tomonidan koʻzda tutilgan idishlardagi yonilgʻi, shuningdek tashishning tegishli davrida kemaning faoliyat koʻrsatishi uchun talab qilinadigan miqdordagi moylash materiallari olib kirish va olib chiqib ketish uchun bojxona bojlarini toʻlashdan ozod qilinadi.
Mazkur kemalar bilan olib kirilgan va ular bilan birga qaytgan transport faoliyati uchun zarur boʻlgan ehtiyot qismlar, buyumlar va oddiy uskunalarga ham xuddi shunday tartib qoʻllaniladi.
Ikkinchi Tomon davlati hududiga qoʻyilgan kemani taʼmirlash uchun ehtiyot qismlarni olib kirish va olib chiqib ketish bojxona bojlarini toʻlashdan ozod qilinadi.
Asboblar, almashtirilgan yoki ishlatilmagan detallar transport vositasi roʻyxatga olingan davlatga qaytariladi.
10-modda
Chegaradan oʻtish bilan bogʻliq chegara, sanitariya, fitosanitariya va bojxona nazoratiga nisbatan Tomonlar qatnashchilari boʻlgan xalqaro bitimlarning qoidalari, shuningdek ushbu Tomon davlati hududida amal qilayotgan milliy qonunlar qoidalari xalqaro bitimlar qoidalariga zid boʻlmasligi sharti bilan qoʻllaniladi.
11-modda
Tomonlar oʻzaro manfaatli asosda alohida shartnomalar boʻyicha xodimlar tayyorlash, kemalar, port qayta yuklash texnikasi, texnologiya uskunalari, takelaj va ularning ehtiyot qismlarini tayyorlash, yetkazib berish va taʼmirlash, bir Tomon kemalariga ikkinchi Tomon portlari va pristanlarida texnik va tijorat xizmati koʻrsatish, ularni yoqilgʻi-moylash materiallari bilan taʼminlash yuzasidan xoʻjalik aloqalari oʻrnatishlari mumkin.
12-modda
Bir Tomon kemasi falokatga uchragan, sayoz joyga tushib qolgan, falokatga duch kelgan yoki majburiy tarzda ikkinchi Tomon suvlari va portlariga kirib qolgan holda kema va uning yuki shunday hollarda milliy kemalarga beriladigan imtiyozlar va afzalliklardan foydalanadi.
Ekipaj va yoʻlovchilarga, falokatga uchragan kemaning oʻzi va uning yukiga singari har qanday paytda milliy kemalar va fuqarolarga koʻrsatilgan darajada koʻmak va yordam beriladi.
Ogʻir falokatlar va baxtsiz hodisalar roʻy berganida Tomonlar dastlabki tekshirishlar oʻtkazishda oʻzaro yordam koʻrsatadilar va iloji boricha qisqa muddatda boshqa Tomonni roʻy bergan hodisa haqida xabardor qiladilar.
13-modda
Tomonlar oʻzaro manfaatli asosda quyidagi sohalarda oʻzaro manfaatli shartlar asosida tajriba almashishga koʻmaklashadilar:
daryo transportidagi ilmiy-texnik siyosatda;
daryo transporti ishini tartibga soluvchi qonun hujjatlari, standartlari va meʼyorlari loyihalarini ishlab chiqishda.
Ikki Tomon manfaatlariga teng darajada daxl qiluvchi loyihalar ustidagi ishni Tomonlar muvofiqlashtiradilar, kelishadilar va tasdiqlaydilar.
14-modda
Tomonlar har bir Tomon mamlakatidagi oʻquv yurtlarida suv transporti mutaxassislarini tayyorlash sohasida hamkorlik qilishga koʻmaklashadilar va oʻquv yurtini tamomlagandan keyin berilgan malaka hujjatlarini oʻzaro tan oladilar.
15-modda
Tomonlardan birining oʻz hududiy suvlaridan tashqarida boʻlgan kemalari qayerdaligini nazorat qilishni taʼminlash uchun Tomonlar kema radiostansiyalari va nozimlik punktlari orqali Tomonlar birgalikda oʻrnatgan chastotalar va birgalikda belgilagan aloqa seanslarida radio axborotini almashadilar.
16-modda
Ushbu Bitimni qoʻllashga asoslangan barcha toʻlovlar erkin muomaladagi valyutada amalga oshiriladi. Tomonlar oʻrtasida toʻlovlar haqida Bitim tuzilgan holda uning qoidalari qoʻllanadi.
Bir Tomonning kemalari yuk ortish, yuk tushirish ishlarini amalga oshirish uchun ikkinchi Tomon portlariga kirganda tegishli Tomon boshqa Tomon kema va prichal yigʻimlarini oʻzaro kelishilgan tariflar boʻyicha toʻlaydi.
Tomonlardan har birining uchinchi mamlakatlar portlariga tranzit tarzda borayotgan kemalari ikkinchi Tomon portlariga kirish va chiqishda, shuningdek unda boʻlish paytlarida agar bu kemalar ikkinchi Tomon portlarida ana shu Tomonning talabi boʻyicha boʻlsa, qonunlarda koʻzda tutilgan port yigʻimlari yoki boshqa yigʻimlar va tariflarni toʻlamaydilar.
Falokatlar yoki ular oqibatlarini bartaraf etish uchun portlarga kirgan kemalar yigʻimlardan ozod qilinadi.
17-modda
Bir Tomon tashuvchisi yoki ekipaji ikkinchi Tomon davlati hududida amal qilayotgan qonunlar yoki mazkur Bitim qoidalariga rioya etmagan holda, hududida qoidabuzarlik roʻy bergan davlatning vakolatli organi quyidagi choralarni koʻrishi mumkin:
a) tashuvchini u yoʻl qoʻygan qoidabuzarlik uchun ogohlantirishi;
b) qoidabuzarlik roʻy bergan Tomon davlati hududida tashuvchini tashishlarni bajarish huquqidan vaqtincha, qisman yoki toʻla mahrum etishi.
Bunday choralarni koʻrgan vakolatli organ ikkinchi Tomon vakolatli organini bu haqda darhol xabardor qiladi.
Bu modda qoidalari qoidabuzarlik roʻy bergan davlat sudi yoki maʼmuriy organi tomonidan uning ichki qonunlarga muvofiq koʻrishi mumkin boʻlgan choralarni istisno etmaydi.
18-modda
Ushbu Bitim boʻyicha quyidagilar Tomonlarning vakolatli organlari hisoblanadi:
Oʻzbekiston Respublikasiga nisbatan — Oʻzbekiston avtomobil transporti davlat-aksionerlik korporatsiyasi;
Turkmanistonga nisbatan — Turkmaniston daryo paroxodchiligi.
19-modda
Tomonlarning vakolatli organlari ushbu Bitim qoidalarining qanday bajarilishi ustidan kuzatish maqsadida kelishuvga koʻra doimiy ishlovchi qoʻshma komissiya tashkil etadilar.
Komissiya zarurat tugilganda chaqiriladi va tavsiyanomalar ishlab chiqish va har ikki Tomon vakolatli organlariga taqdim etishga vakolatlidir.
20-modda
Ushbu Bitimni talqin qilish yoki qoʻllash yuzasidan har qanday nizo Tomonlarning vakolatli organlari oʻrtasidagi bevosita muzokaralar orqali hal etiladi.
Agar ushbu vakolatli organlar bitimga kelishmagan boʻlsalar, bunday nizo Tomonlar oʻrtasida tartibga solinishi kerak.
21-modda
Ushbu Bitimni Tomonlar bir tomonlama qoidalar asosida yoxud ikki tomonlama yoki koʻp tomonlama bitimlarga muvofiq beradigan yoki berish istagini bildirgan qoʻshimcha afzalliklarni qoʻllashga toʻsqinlik qilmaydi, faqat bu afzalliklar ushbu Bitim qoidalarini qoʻllashga zid boʻlmasligi kerak.
22-modda
Ushbu Bitim imzolangan kundan kuchga kiradi va Tomonlardan biri ikkinchi Tomonni ushbu Bitimning amal qilishini toʻxtatish niyati haqida xabardor qilgan kundan boshlab 90 kun oʻtgunga qadar amal qiladi.
Toshkent shahrida 1996-yil 27-noyabrda ikki nusxada, har biri oʻzbek, turkman va rus tillarida tuzildi, bunda hamma matnlar bir xil kuchga ega.
Ushbu Bitimni talqin qilish maqsadida rus tilidagi matndan foydalaniladi.
(imzolar)
