“Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan qorakoʻlchi” faxriy unvoni taʼsis etish toʻgʻrisida (668-XII-son)
03.07.1992
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi qaror qiladi:
1. “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan qorakoʻlchi” faxriy unvoni taʼsis etilsin.
2. “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan qorakoʻlchi” faxriy unvoni toʻgʻrisidagi Nizom hamda koʻkrak nishonining tavsifi tasdiqlansin (ilova qilinmoqda).
3. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mukofotlari toʻgʻrisidagi nizomga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi Axborotnomasi 1983-yil, 16-son, 246-modda) quyidagi oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilsin.
10-moddaning “b” bandi “ Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan qorakoʻlchi” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin.
12-modda “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan baliqchi” degan xatboshidan soʻng quyidagi mazmundagi yangi xatboshi bilan toʻldirilsin.
“Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan qorakoʻlchi” faxriy unvoni Oʻzbekiston Respublikasi qorakoʻlchiligini rivojlantirishga xizmatlari singgan, shu sohada kamida 20 yil benuqson mehnat qilgan fermalarning, davlat va jamoa xoʻjaliklarining, qoʻylarni boʻrdoqiga boqish va qorakoʻlcha olish komplekslarining, shuningdek qorakoʻl qoʻylar etishtirish bilan shugʻullanuvchi ixtisoslashgan nohiyalarning va boshqa qishloq xoʻjalik korxonalarining choʻponlariga, mutaxassislari va rahbarlariga, oʻquv yurtlari, ilmiy-tadqiqot institutlari va tajriba muassasalarining, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar “Qorakoʻl” ishlab chiqarish birlashmalarining, “Qorakoʻl” respublika ishlab chiqarish birlashmasining xodimlariga, shuningdek boshqa shaxslarga beriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Raisi Sh. YOʻLDOShEV
Toshkent sh.,
1992-yil 3-iyul,
668-XII-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1992-yil 3-iyul № 668-XII qarori bilan tasdiqlandi
“OʻZBEKISTON RESPUBLIKASIDA XIZMAT KOʻRSATGAN QORAKOʻLChI” FAXRIY UNVONI TOʻGʻRISIDAGI NIZOM
1. “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan qorakoʻlchi” faxriy unvoni Oʻzbekiston Respublikasi qorakoʻlchiligini rivojlantirishga xizmatlari singgan, shu sohada kamida 20 yil benuqson mehnat qilgan fermalarning, davlat va jamoa xoʻjaliklarining, qoʻylarni boʻrdoqiga boqish va qorakoʻlcha olish komplekslarining, shuningdek qorakoʻl qoʻylar etishtirish bilan shugʻullanuvchi ixtisoslashgan nohiyalarning va boshqa qishloq xoʻjalik korxonalarining choʻponlariga, mutaxassislari va rahbarlariga, oʻquv yurtlari, ilmiy-tadqiqot institutlari va tajriba muassasalarining, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar “Qorakoʻl” ishlab chiqarish birlashmalarining, “Qorakoʻl” respublika ishlab chiqarish birlashmasining xodimlariga, shuningdek boshqa shaxslarga beriladi.
2. “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan qorakoʻlchi” faxriy unvoni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi, Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oliy Kengashi va Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimlarining taqdimiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti beradi.
3. “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan qorakoʻlchi” faxriy unvoniga taqdim etish toʻgʻrisidagi takliflar mehnat jamoalarining UMUMIY yigʻilishlarida hamda nohiya va shahar hokimlari tomonidan muhokama etiladi.
4. “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan qorakoʻlchi” faxriy unvoni berilgan shaxslarga guvohnomalar va belgilangan namunadagi koʻkrakka taqiladigan nishon topshiriladi.
5. Koʻkrakka taqiladigan “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan qorakoʻlchi” nishoni oʻng koʻkrakka taqiladi.
6. “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan qorakoʻlchi” guvohnomasi va koʻkrakka taqiladigan nishonni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti nomidan jamoa oʻrtasida tantanali vaziyatda va keng oshkoralik sharoitida topshiriladi.
7. “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan qorakoʻlchi” faxriy unvonidan faqat Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentigina mahrum qilishi mumkin.
KOʻKRAKKA TAQILADIGAN “OʻZBEKISTON RESPUBLIKASIDA XIZMAT KOʻRSATGAN QORAKOʻLChI” NIShONINING TAVSIFI
Koʻkrakka taqiladigan nishon dumaloq shaklda boʻlib, diametri 30 millimetr, neyzilbera qotishmasi (kumush yugurtirilgan va kumush qotishma)dan yasaladi.
Nishonning markazida yaylov va togʻ etagi fonida qoʻzichogʻi bilan qorakoʻl qoʻy tasviri.
Nishonning aylanasida quyidagi yozuv:
“Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan qorakoʻlchi”.
Nishonning orqa tomonida markazdan yuqoriroqda quyosh shuʼlalarida “Oʻzbekiston Respublikasi” yozuvi, pastki qismida qorakoʻl teri tasviri.
Tasvir va yozuvlar boʻrtma boʻladi.
Koʻkrakka taqiladigan nishon quloqcha va halqacha orqali sirtida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi tasviri boʻlgan lentali ilgʻich (kolodka)ga ulanadi.
Koʻkrakka taqiladigan nishon toʻgʻnogʻich bilan oʻng koʻkrakka taqiladi.
