Davlatlar hududida noqonuniy turgan shaxslarni topshirish-qabul qilib olish toʻgʻrisida
12.10.2000
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Ukraina Vazirlar Mahkamasi oʻrtasida
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Ukraina Vazirlar Mahkamasi, bundan keyin “Tomonlar” deb ataluvchilar,
amaldagi qonun va meʼyorlardan kelib chiqadigan huquq hamda kafolatlarni hurmat qilgan holda,
xalqaro shartnomalar qoidalariga amal qilib,
noqonuniy koʻchishga qarshi bahamjihat ravishda kurash olib borish niyatida,
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashib oldilar:
1-modda Tomonlarning fuqarolarini topshirish-qabul qilib olish
1. Tomonlardan har biri boshqa Tomonning taqdimiga binoan qabul qilib oluvchi Tomon davlatining fuqarosi ekanligiga dalillar mavjud boʻlgan taqdirda, tegishli hujjatlarni tayyorlab, topshiruvchi Tomon davlati hududiga kirish va unda boʻlish shartlariga rioya qilmagan shaxslarni qabul qilib oladi va topshiradi.
2. Topshiruvchi Tomon qabul qilib olinadigan shaxslarni topshirish uchun zarur boʻladigan hujjatlarni tezlik bilan rasmiylashtiradi.
3. Agar keyingi tekshirishlarda topshirish-qabul qilib olish chogʻida shaxslar qabul qilgan Tomon davlatining fuqarosi boʻlmaganligi aniqlansa, topshirgan Tomon xuddi shunday tarzda fuqaroligi aniqlanmagan shaxslarni qaytarib oladi.
2-modda Uchinchi mamlakatlarning fuqarolarini topshirish-qabul qilib olish
1. Agar uchinchi davlatlarning fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar qabul qiluvchi Tomon davlati hududidan topshiruvchi Tomon davlati hududiga topshiruvchi Tomon hududiga kirish va unda boʻlish tartibini buzgan holda oʻtgan boʻlsalar, qabul qiluvchi Tomon topshiruvchi Tomon davlatining taqdimiga binoan ularni qabul qiladi.
2. Shaxslarni topshirish-qabul qilib olish yuzasidan ushbu moddaning 1-bandida koʻrsatilgan majburiyatlar kirish vizasi yoki kirilgan davlatning tegishli organlari tomonidan rasmiylashtirilgan yashab turish uchun ruxsatnomasi bor shaxslarga nisbatan, ular mazkur davlat hududiga kirgan boʻlsalar, qoʻllanmaydi.
3. Tomonlar ularning hududida noqonuniy yashab turgan uchinchi davlatlarning fuqarolarini oʻz davlatiga qaytarib yuborish uchun barcha choralarni koʻradilar.
4. Topshiruvchi Tomon davlati hududida boʻlgan shaxs kirish va yashab turish shartlariga rioya qilmayotgan boʻlsa va bunday shaxs qabul qiluvchi Tomon tarafidan taqdim etilgan haqiqiy viza yoinki yashab turish uchun ruxsatnomaga ega boʻlsa, ushbu shaxs qabul qiluvchi Tomon tarafidan qabul qilib olinishi kerak.
3-modda Vaqtinchalik cheklashlar
1. Qabul qiluvchi Tomon shaxslarni topshirish-qabul qilib olish toʻgʻrisidagi soʻrovlarga har qanday holda ham oʻttiz sutkadan kechiktirmay javob qaytarishi kerak.
2. Qabul qiluvchi Tomon topshirish-qabul qilib olish masalasi kelishib boʻlingan shaxslarni, har qanday sharoitga qaramay, uzogʻi bilan oʻttiz kun ichida qabul qilib oladi. Bu muddat topshiruvchi Tomonning soʻroviga koʻra, shaxslarni oʻz vaqtida topshirishga xalal beruvchi sabablar mavjud boʻlgan taqdirda, uzaytirilishi mumkin.
3. 2-moddada koʻrsatilgan shaxslarni topshirish-qabul qilib olish uchun taqdimnomalar topshiruvchi Tomon ularning qabul qilib oluvchi Tomon davlati hududidan kirishi va oʻz davlati hududida yashab turishini noqonuniy deb topgan sanadan boshlab olti oy ichida koʻrib chiqilishi kerak.
4- modda Shaxslarni topshirish-qabul qilib olish maqsadida tranzit oʻtish
1. Agar Tomonlardan biri bu toʻgʻrisida iltimos qilsa va boshqa tranzit davlatlari hamda tayinlangan davlat tarafidan shaxsni topshirish-qabul qilib olish kafolatlansa, Tomonlar uchinchi davlatlarning fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga oʻz davlati hududidan shaxsni topshirish-qabul qilib olish maqsadida tranzit oʻtishga ruxsat beradilar.
2. Soʻralayotgan Tomon tranzit vizasini rasmiylashtirishi shart emas.
3. Tranzit oʻtishi tasdiqlangan shaxslar, ularga ruxsatnoma berilgan boʻlishiga qaramay, 1-moddaning 3-bandida koʻzda tutilgan shartlarga koʻra boshqa Tomonga qaytarilishi mumkin. Mazkur shaxslar, agar ularning uchinchi davlat hududidan tranzit oʻtishi yoki tayinlangan davlat tarafidan qabul qilinishi kafolatlanmasa, shuningdek yuborilgan shaxslarning keyingi tranzit davlati va tayinlangan davlat hududiga bormaganligi uchun javobgarlik ularning zimmasida boʻlsa, ular boshqa Tomonga qaytarilishi mumkin.
4. Tomonlar oʻzlari kelgan davlatga bevosita yuborilishi mumkin boʻlgan shaxslarning tranzit yoʻnalishlarini qisqartirishlari mumkin.
5-modda Axborot berishni cheklash
Ushbu Bitimni amalga oshirish uchun shaxslar toʻgʻrisida maʼlumot lozim boʻlsa, axborot faqat quyidagilar bilan cheklanishi mumkin:
1) topshirilayotgan shaxs va lozim topilsa, uning oila aʼzolari toʻgʻrisida maʼlumotlar (familiyasi, ismi, barcha avvalgi ismlari, laqablari tugʻilgan vaqti va joyi, jinsi, hozirgi va barcha boshqa fuqaroligi);
2) pasporti yoki uning shaxsini tasdiqlaydigan boshqa hujjati (bunga ayni hujjatning nomeri, amal qilish muddati, berilgan sanasi, bergan organ, berilgan joyi va h.lar ham kiradi);
3) topshirilayotgan shaxslarning tayinini aniqlash uchun zarur boʻladigan boshqa maʼlumotlar;
4) toʻxtash joylari va yoʻnalishlar;
5) Tomonlardan biri tarafidan rasmiylashtirilgan yashab turish uchun ruxsatnoma yoki vizalar.
6-modda Xarajatlar
1. Topshirayotgan Tomon ushbu Bitimning 1 va 2-moddasida tilga olingan shaxslarni qabul qilayotgan Tomon davlati chegarasigacha tashish xarajatlarini qoplaydi.
2. Tayinlangan davlat chegarasigacha tranzit tashish va zarur hollarda qaytish uchun xarajatlarini topshirayotgan Tomon toʻlaydi.
7-modda Nizolarni hal etish
Tomonlar oʻrtasida ushbu Bitimni qoʻllash yoki talqin qilishga taalluqli har qanday kelishmovchiliklar maslahatlashuv va muzokaralar orqali hal etiladi.
8-modda Ijro qoidalari
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi bilan Ukraina Ichki ishlar vazirligi ushbu Bitimning tarkibiy qismi hisoblanadigan alohida bayonnoma tuzib, unda ushbu Bitimni qoʻllashning zarur shartlarini, jumladan quyidagilarni kelishib oladilar:
1) oʻzaro muloqot tarzi;
2) topshirish-qabul qilib olish uchun zarur boʻlgan hujjatlar va maʼlumotlar;
3) ushbu Bitimni amalga oshirishga masʼul boʻlgan organlarning uchrashuvlari yuzasidan kelishuvlar;
4) shaxslarni topshirish-qabul qilib olish uchun davlat chegaralari orqali xalqaro oʻtkazish punktlari roʻyxati;
5) tashish shart-sharoitlari.
9-modda Boshqa xalqaro shartnomalarga munosabat
Ushbu Bitim Tomonlarning Oʻzbekiston Respublikasi va Ukraina ishtirok etgan boshqa xalqaro shartnomalaridan kelib chiqadigan huquq va majburiyatlariga daxl qilmaydi.
10-modda Oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish
Tomonlar oʻzaro kelishuvga koʻra ushbu Bitimga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritishlari mumkin. Ular ushbu Bitim 11-moddasining 1-bandida koʻzda tutilgan tartibda kuchga kirgach, uning tarkibiy qismi hisoblanadi.
11-modda Kuchga kirish
1. Ushbu Bitim cheklanmagan muddatga tuzilgan va Tomonlar diplomatik kanallar orqali nota almashib ushbu Bitimni kuchga kiritish uchun zarur davlat ichki protseduralarini bajarganliklari toʻgʻrisida bir-birlarini xabardor etganlaridan soʻng oʻttizinchi kuni kuchga kiradi.
2. Ushbu Bitim Tomonlardan biri boshqa Tomonga tegishli nota olingan sanadan keyin toʻqson kun oʻtgach amal qilishdan toʻxtaydi.
Toshkent shahrida, 2000-yil 12-oktabrda ikki nusxada, har biri oʻzbek, ukrain va rus tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Ushbu Bitim qoidalarini talqin qilishda rus tilidagi matndan foydalaniladi.
(imzolar)
