Elektr va pochta aloqasi sohasida hamkorlik qilish toʻgʻrisida
04.09.1996
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Qirgʻiziston Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Qirgʻiziston Respublikasi Hukumati, bundan keyin “Tomonlar” deb ataladilar,
Oʻzbekiston Respublikasi va Qirgʻiziston Respublikasi xalqlari oʻrtasidagi teng huquqlilik hamda oʻzaro manfaatli hamkorlikka asoslangan mavjud aloqalarni rivojlantirishga intilishga amal qilishib,
aloqa sohasidagi ikki tomonlama munosabatlar Jahon pochta ittifoqi hujjatlari qoidalariga hamda Xalqaro elektr aloqasi ittifoqi tavsiyanomalariga, shuningdek boshqa xalqaro shartnomalarga qatʼiy muvofiq ravishda oʻrnatilishini eʼtiborda tutishib,
aloqa sohasidagi oʻzaro harakat va hamkorlik oʻzaro yordam asosida rivojlanishi kerak, deb hisoblashib,
Tomonlar oʻrtasida aloqa vositalarining uzluksiz faoliyat koʻrsatishini taʼminlash uchun mustahkam huquqiy, iqtisodiy va texnologik munosabatlar oʻrnatilishini istashib,
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashib oldilar:
1-modda
Tomonlar, oʻz vakolatlari va imkoniyatlari hajmida, xalqaro huquqning umumiy ravishda qabul qilingan normalari va prinsiplariga, Oʻzbekiston Respublikasi va Qirgʻiziston Respublikasi qonunchiligiga, Jahon pochta ittifoqi hujjatlari qoidalariga hamda Xalqaro elektr aloqasi ittifoqi tavsiyanomalariga muvofiq ravishda harakat qilishib, elektr va pochta aloqasi sohasidagi hamkorlikni davom ettiradilar va kengaytiradilar.
2-modda
Tomonlar pochta va elektr aloqasini tashkil etishdagi barcha oʻzgartirishlar toʻgʻrisida, shuningdek aloqa xizmati koʻrsatganlik uchun oʻzaro hisob- kitoblar tartibi toʻgʻrisida bir-birlarini ushbu oʻzgartirishlar boshlanishi tavsiya etiladigan sanadan 3 oy oldin xabardor qiladilar.
Tomonlar elektr aloqasining, pochta joʻnatmalarining, maxsus aloqaning, televideniye va radioeshittirishlarni uzatishning barcha turlarini oʻzaro foydali shartlarda oʻz davlatlari hududi orqali erkin tranzit yoʻli bilan amalga oshirilishini kafolatlaydilar.
3-modda
Ushbu Bitimni bajarishdan kelib chiqadigan hisob-kitoblar va toʻlovlar Tomonlarning aloqa Maʼmuriyatlari oʻrtasida amalda boʻlgan bitimlarga muvofiq amalga oshiriladi.
Aloqa xizmatlari koʻrsatish boʻyicha barcha oʻzaro hisob-kitoblar oʻzaro hisob-kitob markazlari va vakolatli banklar orqali markazlashtirilgan tartibda amalga oshiriladi.
4-modda
Tomonlar bir-birlariga nisbatan uchinchi davlatlarda va tegishli xalqaro tashkilotlarda Tomonlarning aloqa Maʼmuriyatlari faoliyatiga toʻsqinlik qiluvchi yoki uni qiyinlashtiruvchi kamsitish choralarini qoʻllamaydilar.
5-modda
Tomonlar oʻz davlati hududida boshqa Tomonning radio va televizion dasturlarini hamda vaqtli nashrlarini obuna va chakana savdo boʻyicha Tomonlarning Hukumatlari va tegishli idoralari oʻrtasidagi shartnoma va bitimlar bilan belgilangan hajmlarda tarqatishni tashkil etishda bir-birlariga koʻmaklashadilar.
6-modda
Tomonlar shunga kelishib oldilarki, xizmat koʻrsatishda qatnashuvchi barcha aloqa korxonalari oʻz vaqtida va sifatli xizmat koʻrsatish yuzasidan isteʼmolchilar oldida bab-baravar javob beradilar, xalqaro aloqalarning sifatsiz ishi yuzasidan shikoyatlarni koʻrib chiqish tartibi Jahon pochta ittifoqi hamda Xalqaro elektr aloqasi ittifoqi hujjatlari bilan belgilanadi.
7-modda
Tomonlar aloqa korxonalarining telefonchilari, telegrafchilari, texnik va pochta xodimlari oʻrtasida xizmat axborotlarini ayirboshlash, shuningdek, xizmat hujjatlarini ayirboshlash uchun rus tilidan foydalanish toʻgʻrisida kelishib oldilar.
Tomonlarning mamlakatlari yuboradigan pochta joʻnatmalari va telegrammalarning manzilgohlari rus tilida yoki lotin harflarida rasmiylashtiriladi.
8-modda
Tomonlar aloqa korxonalarida davlatlararo xabarlar va axborotlarni uzatish texnologik jarayonlarida yagona hisobga olish — hisobot vaqtini — Moskva vaqtini, foydalanuvchilar bilan ishlashda — mahalliy vaqtni qoʻllashadi.
9-modda
Tomonlar operativ-texnik boshqarish tizimining amaldagi texnologik jarayonlarga muvofiq oʻzaro hamkorlikda ishlashi toʻgʻrisida kelishib oldilar.
Tomonlar favqulodda vaziyatlarda xabarlarning aloqa vositalari orqali ustuvorlik bilan uzatilishini taʼminlaydilar.
Tomonlar davlatlararo aloqa liniyalaridagi avariyalarni bartaraf etishda bir-birlariga oʻzaro yordam beradilar.
Tiklash ishlarini amalga oshirishda oʻzaro hamkorlik qilish tartibini Tomonlarning aloqa Maʼmuriyatlari ishlab chiqadilar va kelishib oladilar.
10-modda
Tomonlar davlatlararo ahamiyatga ega boʻlgan aloqa obyektlarini qurish hamda ishlatish norma va qoidalarini muvofiqlashtirib borishga kelishib oldilar.
11-modda
Tomonlar chegara rayonlarining kuchli radiotelevizion vositalari ishlayotganda roʻy berishi mumkin boʻlgan ikki tomonlama buzilishlarga yoʻl qoʻymaslik maqsadida radiochastota spektridan foydalanish rejalarini muvofiqlashtirishni amalga oshiradilar.
12-modda
Tomonlar shuni belgilab qoʻydilarki, agar Tomonlarning davlatlari oʻrtasidagi bitimlarda aloqa sohasidagi munosabatlarda kelib chiqadigan bahslarni echish tartibi kelishib olinmagan boʻlsa, Tomonlarning aloqa maʼmuriyatlari ushbu tartibni ular oʻrtasida tuzilgan shartnomalarda mustaqil ravishda belgilaydilar.
13-modda
Tomonlar shu toʻgʻrida kelishib oldilarki, zarurat boʻlganda, ushbu Bitimga ikkala Tomonning roziligiga koʻra oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin. Ular mazkur Bitimning uzviy qismi hisoblanadigan protokol bilan rasmiylashtiriladi.
14-modda
Ushbu Bitim imzolangan kundan boshlab kuchga kiradi.
Ushbu Bitim Tomonlardan biri boshqa Tomonni oʻzining uni bekor qilish istagi toʻgʻrisida diplomatik yoʻl bilan yozma ravishda xabardor qilmagungacha amal qiladi. Mazkur Bitimda qatnashishdan voz kechish toʻgʻrisidagi bildirishnoma olingandan keyin uch oy oʻtgach Bitim oʻz kuchini yoʻqotadi.
1996-yil 4-sentabrda Toshkent shahrida har biri oʻzbek, qirgʻiz va rus tillarida boʻlgan ikki nusxada tuzildi, barcha matnlar bir xil kuchga egadir.
Ushbu Bitimni talqin qilishda rus tilidagi matndan foydalaniladi.
(imzolar)
