Jinoyatchilikka qarshi kurashda hamkorlik toʻgʻrisida
07.05.1999
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Bolgariya Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Bolgariya Respublikasi Hukumati, bundan keyin “Ahdlashuvchi Tomonlar” deb ataluvchilar,
jinoyatchilik, ayniqsa uyushgan shakllardagi jinoyatchilikning miqyoslari va tamoyillari oʻsib borayotganligidan tashvishlarini izhor etib,
fuqarolarning hayoti, huquqi va qonuniy manfaatlarini, jamiyat va davlat manfaatlarini jinoiy tajovuzlardan mustahkam himoya qilish maqsadida,
jinoyatchilikka qarshi kurashda xalqaro hamkorlikka katta ahamiyat berib,
jinoyatchilikning oldini olish va odil jinoiy sudlovni amalga oshirish sohasidagi xalqaro konvensiyalar hamda Birlashgan Millatlar Tashkilotining qarorlarini hisobga olib,
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashib oldilar:
1-modda Hamkorlik sohalari va subyektlari
1. Ahdlashuvchi Tomonlar oʻz davlatlarining qonunlari va xalqaro majburiyatlariga amal qilib, markaziy vakolatli organlari orqali ushbu Bitim qoidalariga muvofiq jinoyatchilikka qarshi kurashda hamkorlik qiladilar.
2. Ushbu Bitim jinoiy ishlar boʻyicha huquqiy yordam koʻrsatish va ekstraditsiya masalalariga daxl qilmaydi.
3. Ushbu Bitim maqsadlari uchun quyidagilar Ahdlashuvchi Tomonlarning vakolatli organlari hisoblanadi:
Oʻzbekiston Respublikasi uchun:
Prokuratura;
Ichki ishlar vazirligi;
Davlat soliq qoʻmitasi;
Davlat bojxona qoʻmitasi;
Milliy xavfsizlik xizmati;
Bolgariya Respublikasi uchun:
Ichki ishlar vazirligi;
Oliy sudlov va huquqiy yevrointegratsiya vazirligi;
Moliya vazirligi.
4. Ahdlashuvchi Tomonlardan har biri oʻz markaziy vakolatli organlari roʻyxatidagi oʻzgarishlar toʻgʻrisida boshqa Ahdlashuvchi Tomonni diplomatik kanallar orqali oʻz vaqtida xabardor qiladi.
5. Markaziy vakolatli organlar ushbu Bitimni bajarishda bir-birlari bilan bevosita aloqa qiladilar.
2-modda Hamkorlik sohalari
1. Ahdlashuvchi Tomonlar, agar kuyidagi huquqqa qarshi qilmishlar ikkala Ahdlashuvchi Tomon manfaatlariga daxl qilsa, ularga qarshi kurashda hamkorlik qiladilar;
a) uyushgan jinoyatchilik;
b) terrorizm;
v) oʻq otuvchi qurollar va oʻq-dori, portlovchi va zaharli moddalar, shuningdek radioaktiv materiallarning noqonuniy yurgizilishi;
g) giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalari hamda prekursorlari noqonuniy yurgizish;
d) iqtisodiy, moliya-kredit va bank sohalaridagi jinoyatlar;
e) jinoiy yoʻl bilan topilgan pullarni qonuniy daromadga aylantirish va ajratib olish;
j) qalbaki pul va qimmatbaho qogʻozlar, rasmiy hujjatlar yasash;
z) tashish mumkin boʻlgan madaniy va tarixiy boyliklarga tajovuz qilish;
i) avtotransport vositalariga bogʻliq noqonuniy operatsiyalar;
k) fohishabozlik ekspluatatsiyasi va shaxsiyatga qarshi boʻlak jinoyatlar.
2. Ahdlashuvchi Tomonlar, shuningdek quyidagi sohalarda hamkorlik qiladilar:
a) yoʻl harakati xavfsizligi va yongʻin xavfsizligini taʼminlashda;
b) havo hamda temir yoʻl transporti xavfsizligini taʼminlashda;
v) kadrlar tayyorlash va markaziy vakolatli organlar faoliyatini moddiy-texnikaviy taʼminlashda.
3. Hamkorlik sohalarini ikkala Ahdlashuvchi Tomonning kelishuvi boʻyicha yana kengaytirish mumkin.
3-modda Hamkorlik shakllari
1. Ahdlashuvchi Tomonlar hamkorlikni quyidagi shakllarda amalga oshiradilar:
a) jinoyatlarni ochish, ularning oldini olish va tekshirishga, shuningdek ushbu Bitimning 2-moddasiga muvofiq, boshqa masalalarni hal etishda asqotishi mumkin boʻlgan axborotlarni almashish;
b) shaxslar, tashkilot, muassasa va firmalarning faoliyatini oʻrganish, tegishli hisobga olishlar boʻyicha shaxslar, buyumlar va hujjatlarni tekshirish orqali ushbu Bitimning 2-moddasida koʻzda tutilgan jinoyatlarning oldini olish va aniqlashga koʻmaklashish;
v) ish yuzasidan tajriba almashish, jumladan stajirovka, maslahatlashish va seminarlar oʻtkazish orqali;
g) jinoyatchilikka qarshi kurashda foydalanish uchun kontraktlar boʻyicha aloqa vositalarini, maxsus va kriminalistika texnikasini, tegishli qurilma va transport vositalarini yetkazib berish.
2. Hamkorlikning koʻlami va konkret shakllari Ahdlashuvchi Tomonlar markaziy vakolatli organlarining kelishuvi boʻyicha vaziyatni hisobga olgan holda aniqlanadi.
4-modda Konkret jinoyatlar toʻgʻrisida axborot almashish
Ushbu Bitim 3-moddasi 1-bandining a) kichik bandida koʻzda tutilgan axborot almashish konkret jinoyatlarga, jumladan quyidagilarga taalluqli boʻladi:
a) bir Ahdlashuvchi Tomon davlati hududida uyushgan guruhlar tarafidan tayyorlanayotgan yoki sodir etilgan jinoyatlarga, agar bunday guruhlar tarkibiga boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati fuqarolari kirsa, yoki bunday jinoyatlar boshqacha tarzda bu davlat manfaatlariga daxldor boʻlsa;
b) giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar, shuningdek ular prekursorlarining noqonuniy yurgizilishini tashkil etadigan jinoyatlarga, agar giyohvandlik vositalari bir Ahdlashuvchi Tomon davlatiga boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlatidan, jumladan tranzit bilan va uchinchi mamlakatlar orqali keltirilayotgan boʻlsa, shuningdek bir Ahdlashuvchi Tomon davlatida giyohvandlik vositalari noqonuniy tayyorlanayotgan yoki savdosiga boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlatining fuqarolari jalb qilingan boʻlsa;
v) jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni qonuniy daromadga aylantirish va ajratib olishga bogʻliq boʻlgan jinoyatlarga, bunda bir Ahdlashuvchi Tomon hududi yoki muassasalari boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlatining fuqarolari tarafidan shu maqsadda ishlatilsa.
5-modda Jinoiy faoliyat toʻgʻrisida axborot almashish
Ahdlashuvchi Tomonlar, shuningdek quyidagilar toʻgʻrisida axborot almashadilar:
a) uyushgan guruhlar tarafidan jinoyatlarni sodir etish usullari, ularning tarkibi, tuzilishi, faoliyat sohalari va jinoiy aloqalari;
b) giyohvandlik vositalarini yashirishning yangi usullari va ularni topish metodlari, ularni nolegal tashishning yangi marshrutlari va kanallari, noqonuniy yurgizilishga kiritilayotgan giyohvandlik vositalarining yangi turlari, ularning xususiyatlari va tayyorlash texnologiyalari;
v) terroristik faoliyat shakllari va metodlari, aniqlangan terroristik guruhlarning tuzilishi va tarkibi, ular ishlatadigan texnik vositalar, tayyorlanayotgan va sodir etilgan terroristik aktlar va ularga daxldor shaxslar, bunda koʻrsatilgan faoliyat boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati manfaatlariga taalluqli boʻlsa;
g) noqonuniy yoʻl bilan topilgan mablagʻlarni qonuniy daromadga aylantirish va ajratib olish usullari, bu xildagi faoliyatga daxldorlikda gumon qilinayotgan tashkilot, muassasa va firmalar;
d) ushbu Bitimning 2-moddasida koʻrsatilgan jinoyatlarni sodir etishda gumon qilinayotgan, boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududida doimiy yashovchi yoki vaqtincha boʻlib turgan Ahdlashuvchi Tomonlar davlatlarining fuqarolari;
e) bir Ahdlashuvchi Tomon davlatining ushbu Bitim 2-moddada belgilangan hamkorlik sohalaridagi qonunlarini boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati fuqarolari buzganligi toʻgʻrisida qayd etilgan faktlar.
6-modda Hamkorlikni amalga oshirish shartlari
1. Axborot taqdim etishni va ushbu Bitimning 3-moddasida koʻzda tutilgan boshqa harakatlarni soʻrovlarga muvofiq Ahdlashuvchi Tomonlarning markaziy vakolatli organlari amalga oshiradilar.
2. Ushbu moddaning 1-bandida koʻzda tutilgan soʻrov yozma ravishda yuborilishi va quyidagilarni oʻz ichiga olishi kerak:
a) soʻrovni yuborayotgan markaziy vakolatli organ hamda soʻrov yuborilayotgan organning nomi;
b) soʻrov yuborilayotgan ishning mohiyati, mazkur ish boʻyicha oʻtayotgan yoki unga bogʻliq va daxldor boʻlgan shaxslar, axborot talab qilinayotgan dalil, buyum va hujjatlar toʻgʻrisida imkon qadar toʻliq maʼlumotlar;
v) bajarilishi talab qilinayotgan konkret protsedurani qoʻllash sabablari va batafsil bayoni;
g) zarur boʻlsa, iltimosning bajarilishi kutilayotgan muddat.
3. Ushbu Bitim 3-moddasi 1-bandining a) kichik bandida koʻzda tutilgan axborotni, agar u boshqa Ahdlashuvchi Tomonni qiziqtiradi deb hisoblashga asos boʻlsa, Ahdlashuvchi Tomonlarning markaziy vakolatli organlari oʻz tashabbuslariga koʻra soʻrovsiz bir-birlariga yuborishlari mumkin.
4. Soʻrovlar imkon qadar qisqa muddatda bajarilishi kerak. Zarurat boʻlganida Ahdlashuvchi Tomonlarning markaziy vakolatli organlari soʻrovni bajarishni yengillashtiradigan qoʻshimcha maʼlumotlarni soʻrashga haqlidirlar.
7-modda Soʻrovni bajarishni rad etish
1. Soʻrovni bajarish inson huquqlarini buzishga olib kelishi, davlat suvereniteti yoki xavfsizligiga ziyon yetkazishi mumkin boʻlsa yoxud soʻralayotgan Ahdlashuvchi Tomon davlatining qonunlariga zid kelsa, uni bajarishni toʻliq yoki qisman rad etish mumkin.
2. Soʻrovni bajarishni rad etishga qaror qilinsa, Ahdlashuvchi Tomonlarning markaziy vakolatli organlari rad etishning sababini koʻrsatib, bir-birlarini bu toʻgʻrida yozma ravishda xabardor qiladilar.
8-modda Hamkorlikning boshqa shakllari va kadrlarni tayyorlash
1. Ahdlashuvchi Tomonlar oʻzlarining huquqiy va maʼmuriy tizimlariga muvofiq harakat qilib, ushbu Bitimning 2-moddasida soʻz yuritilgan jinoyatlarni bartaraf etish uchun huquqni muhofaza qilish choralarining samaradorligini oshirish maqsadida bir-birlari bilan hamkorlik qiladilar.
2. Ahdlashuvchi Tomonlar oʻzlarining markaziy vakolatli organlariga mumkin qadar qisqa muddatda quyidagilarni koʻzda tutadigan konkret bitim yoki ahdlashuvlarni ishlab chiqish va erishishni topshiradilar:
a) ular oʻrtasida aloqa kanallarini oʻrnatish va uzmaslik, jinoyatlarning barcha jihatlariga va ushbu Bitimning 2-moddasida soʻz yuritilgan boshqa masalalarni hal etishga taalluqli axborotni ishonchli va tez almashish;
b) ushbu Bitimning 2-moddasida soʻz yuritilgan va xalqaro xaraktyerga ega boʻlgan jinoyatlarni sodir etishda gumon qilinayotgan shaxslarni aniqlash uchun bunday jinoyatlarning oldini olish va aniqlashda hamkorlik qilish;
v) bunday jinoyatlarni, ayniqsa giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy yurgizilishini bartaraf etish uchun boshqa harakatlar, agar bunday harakatlar Ahdlashuvchi Tomonlar davlatlarining qonunlariga zid kelmasa va yuqorida koʻrsatilgan maqsadlarga erishish uchun zarur deb tan olinsa.
3. Ahdlashuvchi Tomonlar jinoyatchilikka qarshi kurash olib borish uchun fan va texnika, maxsus bilimlarni almashish sohasidagi tadqiqot dasturlarini rejalashtirish va amalga oshirishda bir-birlariga koʻmaklashadilar. Tegishli hollarda hamkorlikni rivojlantirish va oʻzaro qiziqish uygʻotuvchi muammolarni muhokama qilish uchun xalqaro konferensiya va seminarlardan ham foydalanadilar.
4. Ahdlashuvchi Tomonlar huquqni muhofaza qilish organlari uchun kadrlarni tayyorlash sohasida oʻzaro foydali asosda hamkorlik qilishga ahdlashib oldilar.
9-modda Jinoyatchilikning oldini olishda hamkorlik
1, Ahdlashuvchi Tomonlar jinoyatchilikning oldini olish sohasida, jumladan huquqni buzgan shaxslar, ayniqsa voyaga yetmaganlar reabilitatsiyasi va ijtimoiy integratsiyasi dasturlarida, shuningdek oʻz davlatlarida giyohvandlik vositalariga boʻlgan talabni hamda giyohvandlik koʻlamlarini qisqartirishda hamkorlik qiladilar. Shu maqsadda, xususan, penitensiar tizimlarning ishlash tajribasidan foydalaniladi, ozodlikdan mahrum qilish joylarida mahbuslarning shart-sharoitlarini yaxshilashda, sodir etgan jinoyatlari uchun jazoni oʻtagan shaxslarga moʻljallangan uchun ijtimoiy adaptatsiya markazlarining ishida hamkorlik qilinadi.
2. Ahdlashuvchi Tomonlar davlat organlari va jamoat tashkilotlarining jinoyatchilikning oldini olish, uning oʻsishiga omil boʻladigan sharoitlarni bartaraf etish uchun ular oʻrtasida hamkorlikni oʻrnatish boʻyicha Ahdlashuvchi Tomonlar davlatlarining qonunlariga zid kelmaydigan har qanday faoliyatni ragʻbatlantiradilar.
10-modda Axborot berish
Ahdlashuvchi Tomonlar axborotni ular davlatlarining milliy qonunlariga zid kelmasa hamda quyidagi shartlarga amal qilinganida bir-birlariga beradilar:
1. Ahdlashuvchi Tomonlar, ularning markaziy vakolatli organlari bir-biridan olinadigan axborotni, agar bu axborot yopiq xarakterda boʻlsa yoki uni beruvchi Ahdlashuvchi Tomon uning oshkor qilinishini istamasa, maxfiy qoldirishga kafolat berishini kelishib oldilar. Bu qoida texnika vositalari, uskuna va materiallarga ham bab-baravar tegishlidir.
2. Ushbu Bitim doirasida olingan axborot, texnika vositalari, uskuna va materiallarni uchinchi tomonga berish zarur boʻlsa, ularni taqdim etgan markaziy vakolatli organlarning yozma roziligini olish kerak boʻladi.
3. Ahdlashuvchi Tomonlar tarafidan jismoniy shaxslar toʻgʻrisida olingan maʼlumotlardan faqat ushbu Bitimda belgilangan maqsadda foydalanish mumkin. Bunda taqdim etuvchi Ahdlashuvchi Tomon bunday maʼlumotlarning ishonchliligini taʼminlaydi, shuningdek zarur boʻlsa, oʻzgarish va qoʻshimchalarni oʻz vaqtida yetkazadi. Jismoniy shaxslar toʻgʻrisidagi axborotni qabul qilish, roʻyxatdan oʻtkazish, saqlash, foydalanish va yoʻq qilish Ahdlashuvchi Tomonlar davlatlarining qonunlariga muvofiq amalga oshiriladi. Ushbu Bitimning amal qilishi toʻxtatilsa, avval olingan barcha maʼlumot yoʻq qilinishi kerak.
4. Barcha hollarda Ahdlashuvchi Tomonlar maʼlumotlarning boshqa kishilar qoʻliga tushishi, ularning ruxsatsiz oʻzgartirilishi, yoʻq qilinishi yoki oshkor etilishidan muhofaza qiladilar.
11-modda Xarajat va majburiyatlar
1. Ushbu Bitimni bajarish boʻyicha xarajatlarni Ahdlashuvchi Tomonlar oʻz majburiyatlarini bajarishlari uchun zarur boʻlgan darajada mustaqil ravishda qoplaydilar.
2. Zarur boʻlsa, Ahdlashuvchi Tomonlar ushbu Bitimdan kelib chiqadigan harakatlarni amalga oshirish uchun xarajatlarni birgalikda qoplaydilar, bu har bir alohida holda oʻzaro maqbul ahdlashuvlar orqali rasmiylashtiriladi. Ahdlashuvchi Tomonlarning birgalikdagi xarajatlar boʻyicha majburiyatlari ana shu ahdlashuvlar orqali tartibga solinadi.
3. Zarur boʻlsa, Ahdlashuvchi Tomonlar ushbu Bitimning 2-moddasida soʻz yuritilgan jinoyatlarni bartaraf etish boʻyicha konkret masalalarni hal etish uchun zarur qurilma va materiallarni bir-birlariga bepul berib yordam koʻrsatishlari mumkin.
12-modda Hamkorlikning ishchi tili
Ushbu Bitim doirasida rus tili hamkorlikning ishchi tili hisoblanadi.
13-modda Qoʻshma komissiya
1. Ushbu Bitim qoidalarini amalga oshirish uchun Ahdlashuvchi Tomonlar u kuchga kirganidan soʻng bir oy muddat ichida Ahdlashuvchi Tomonlarning vakolatli vakillaridan Qoʻshma komissiya tuzadilar.
2. Qoʻshma komissiya oʻzaro qiziqish uygʻotuvchi masalalarni koʻrib chiqish uchun zaruratga qarab navbatma-navbat Toshkentda va Sofiyada yigʻiladi hamda oʻzaro maqbul qarorlarni qabul qiladi. Qoʻshma komissiya qarorlarni tayyorlash, shuningdek boshqa faoliyat uchun Ahdlashuvchi Tomonlar markaziy vakolatli organlari vakillaridan ishchi guruhlarini tuzishi mumkin.
14-modda Bahsli masalalarni hal etish
Ushbu Bitimni talqin qilish yoki qoʻllashda yuzaga keladigan bahslar Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasida maslahatlashish va muzokaralar orqali hal etiladi.
15-modda Boshqa shartnomalarga munosabat. Oʻzgartish va qoʻshimchalar
1. Ushbu Bitim Ahdlashuvchi Tomonlarning ular ishtirokchilari boʻlgan boshqa xalqaro shartnomalar boʻyicha huquq va majburiyatlariga daxl qilmaydi.
2. Ahdlashuvchi Tomonlarning oʻzaro roziligi boʻyicha ushbu Bitimga yozma ravishda oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin, ular ushbu Bitimni kuchga kiritish uchun koʻzda tutilgan protseduralarga muvofiq kuchga kiradi.
16-modda Kuchga kirish, amal qilish muddati, denonsatsiya
1. Ushbu Bitim Ahdlashuvchi Tomonlar uning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan davlat ichki protseduralarini bajarganliklari toʻgʻrisida diplomatik kanallar orqali bildirishnoma olingan sanadan 30 (oʻttiz) kun oʻtgach kuchga kiradi.
2. Ushbu Bitim nomaʼlum muddatga tuzilgan hamda Ahdlashuvchi Tomonlardan biri diplomatik kanallar boʻyicha boshqa Ahdlashuvchi Tomonning ushbu Bitim amal qilishini toʻxtatish niyati toʻgʻrisidagi yozma xabarnomasini olgan kundan boshlab olti oy oʻtgunicha oʻz kuchini saqlaydi.
Toshkent shahrida 1999-yil 7-mayda ikki nusxada, har biri oʻzbek, bolgar va rus tillarida tuzildi, barcha matnlar bir xil kuchga ega. Ushbu Bitim qoidalarini talqin qilishda kelishmovchiliklar yuzaga kelsa, rus tilidagi matn asos qilib olinadi.
(imzolar)
