Savdo va iqtisodiy hamkorlik toʻgʻrisida
24.06.1998
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Bolgariya Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Bolgariya Respublikasi Hukumati, quyida “Ahdlashuvchi Tomonlar” deb ataluvchilar,
ikki mamlakat oʻrtasida tenghuquqlilik, oʻzaro manfaatdorlik va xalqaro huquq prinsiplari asosidagi savdo-iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirish va mustahkamlashga koʻmaklashishni istab,
har ikki mamlakatning xoʻjalik yurituvchi subyektlari oʻrtasida savdo munosabatlarining rivojlanishi uchun shartnomaviy-huquqiy asoslar va qulay sharoitlar yaratish zaruratidan kelib chiqqan holda,
savdo sohasidagi oʻz munosabatlarini tariflar va savdo boʻyicha Bosh bitim (GATT 1994) hamda Butunjahon savdo tashkiloti (BST) prinsiplariga muvofiq rivojlantirishga intilib,
quyidagilar xususida kelishib oldilar:
1-modda
1. Savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish uchun oʻzaro manfaatli sharoitlar yaratish maqsadida Ahdlashuvchi Tomonlar quyidagilarga taalluqli barcha masalalar borasida bir-birlariga eng qulay rejim taqdim etadilar:
a) import va eksportga nisbatan qoʻllanadigan bojxona toʻlovlari va ekvivalent samaraga ega soliqlar, shu jumladan bunday toʻlovlar va soliqlarni undirish usullari;
b) bojxona rasmiylashtirishi, tovarlar tranziti, ularni joylashtirish qayta yuklash va shu singari boshqa xizmatlarga taalluqli qoidalar;
v) soliqlar va bevosita yoki bilvosita tarzda undiriladigan istalgan turdagi boshqa ichki yigʻimlar;
g) import va eksport toʻlovlari hamda bunday toʻlovlarning xalqaro transfer metodlari;
d) ichki bozorda tovarlarni sotish, sotib olish, tashish, taqsimlash va foydalanishga doir qoidalar.
2. Har bir Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlatida ishlab chiqarilgan yoki uning hududiga olib borish uchun moʻljallangan tovarlar uchun, agar ular Ahdlashuvchi Tomonlarning milliy qonunlariga muvofiq talab qilingan boʻlsa — ularni olib kelish yoki olib ketish uchun guvohnomalar berish borasida nodiskriminatsion rejim yaratadi.
3. Eng qulay rejim maqomi quyidagilarga tatbiq etilmaydi:
a) chegaraoldi savdosini yengillashtirish maqsadida Ahdlashuvchi Tomonlardan biri qoʻshni davlatlar uchun yaratadigan imtiyozlar;
b) Ahdlashuvchi Tomonlardan birining bugungi kunda mavjud boʻlgan yoki kelgusida tashkil etiladigan bojxona uyushmalari, erkin savdo zonalaridagi ishtiroki munosabati “bilan uchinchi mamlakatlarga yaratiladigan imtiyozlar;
v) tariflar va savdo boʻyicha Bosh bitim (GATT 1994) va boshqa xalqaro bitimlarga muvofiq, rivojlanayotgan mamlakatlar foydasiga ayrim mamlakatlar uchun yaratiladigan imtiyozlar.
2-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar quyidagilar kabi tovarlarni import va eksport qilishda oʻz milliy qonunchiligining qoidalariga muvofiq boj va soliq toʻlovlaridan ozod qilish hamda ularni taʼminlashga ruxsat beradilar:
a) tovar namunalari hamda buyurtmalarni rasmiylashtirish uchun va reklama maqsadidagi informatsion materiallar;
b) almashtiriladigan predmetlar qayta joʻnatiladigan hollarda almashtirish maqsadida yetkazib beriladigan narsalar;
v) kafolat davrida kontraktni bajarish boʻyicha savdo qiymati belgilanmagan ehtiyot qismlar;
g) doimiy va vaqtinchalik koʻrgazmalar hamda yarmarkalar uchun moʻljallangan, keyinchalik sotilmaydigan tovarlar;
d) qaytarish sharti bilan, mamlakatlardan birining hududida ishlar bajarish uchun uskunalar va butlovchi qismlar;
e) reeksport qilinadigan, xalqaro savdoda foydalaniladigan maxsus konteynyerlar.
3-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar har bir davlatda amalda boʻlgan qonunchilikka muvofiq, teng huquqlilik, oʻzaro foyda olish va manfaatdorlik prinsiplariga rioya qilgan holda, mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar, korxonalar, tashkilotlar, muassasalar, firmalar va har ikki davlatning jamoatchiligi oʻrtasida uzoq muddatli va barqaror asosdagi bevosita ikki tomonlama savdo-iqtisodiy munosabatlarini rivojlantirish va kengaytirish chora-tadbirlarini koʻradilar.
4-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar texnologik jihatdan bogʻliq boʻlgan ishlab chiqarishlar, hamkorlikdagi investitsiyalarning, ilgʻor texnologiyalarni tatbiq etishning kooperatsiyalashtirilgan aloqalarini rivojlantirish muhimligini eʼtirof etgan holda, sanoat, qishloq xoʻjaligi, qurilish va oʻzaro manfaatli boʻlgan boshqa sohalarda iqtisodiy, ishlab chiqarish, texnik va ilmiy-texnikaviy hamkorlikni rivojlantirishga koʻmaklashadilar.
5-modda
1. Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasida savdo-iqtisodiy hamkorlik har ikki mamlakatning xoʻjalik yurituvchi subyektlari oʻrtasida kontraktlar tuzish yoʻli bilan, ularning mulkchilik shakllari va amaliy hamkorlik shakllaridan qatʼi nazar, har ikkala davlatda amalda boʻlgan qonunlarga, shuningdek xalqaro savdo amaliyoti meʼyorlariga rioya qilgan holda, tovarlar va xizmatlarning jahon bozoridagi narxlari boʻyicha amalga oshiriladi.
2. Ikkala mamlakatning xoʻjalik yurituvchi subyektlari tuzilgan kontraktlar yuzasidan majburiyatlarni bajarmaganligi uchun Ahdlashuvchi Tomonlar masʼul boʻlmaydi.
6-modda
1. Tovarlar yetkazib berish hamda xizmatlar koʻrsatishga doir barcha hisob-kitoblar va toʻlovlar xalqaro savdo, moliya va bank amaliyotida qabul qilingan shartlar boʻyicha hamda Ahdlashuvchi Tomonlarning amaldagi milliy qonunlariga muvofiq ravishda erkin muomaladagi valyutada amalga oshiriladi.
2. 5-modda asosida tuzilgan alohida kontraktlarga hamda Ahdlashuvchi Tomonlarning qonunlariga muvofiq bank yoʻli bilan amalga oshiriladigan oʻzaro tovarlar yetkazib berish va xizmatlar koʻrsatish uchun hisob-kitoblar va toʻlovlar borasida boshqacha tartib belgilanishi ham mumkin.
7-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar har bir davlatda amalda boʻlgan qonunlarga muvofiq qoʻshma korxonalar, xoʻjalik yurituvchi subyektlarning filiallari, banklar, shuningdek bir Ahdlashuvchi Tomon xoʻjalik yurituvchi subyektlarining boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududidagi shoʻba korxonalari, filiallari va vakolatxonalarini tashkil etishga koʻmaklashadilar.
8-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar davlatlararo savdo-iqtisodiy munosabatlarni tartibga solib borish borasida ularning milliy qonunchiligiga muvofiq ravishda qabul qilinayotgan qonun hujjatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning, shuningdek oʻzaro tovarlar yetkazib berish va xizmatlar koʻrsatish toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning oʻzaro taqdim etilishini tashkil qiladilar.
9-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar yuk tashish, transport harakati, shu jumladan tranzit yuklar va yoʻlovchilarni tashish, shuningdek transport tizimlarining oʻzaro harakat tartibi va shartlari Ahdlashuvchi Tomonlarning xalqaro bitimlariga muvofiq tartibga solib borilishini kelishib oldilar.
10-modda
Mazkur Bitimning qoidalari biror-bir Ahdlashuvchi Tomonga milliy xavfsizlik, odamlar, oʻsimlik hamda hayvonlarning hayoti va salomatligini muhofaza qilishni taʼminlash boʻyicha; atrof-muhit va tiklanmaydigan tabiiy manbalarni muhofaza qilish boʻyicha; badiiy, tarixiy va yoki arxeologik qiymatga ega boʻlgan milliy merosni saqlash boʻyicha, shuningdek GATT 1994ning XX moddasida koʻzda tutilgan boshqa chora-tadbirlarni joriy etish va qoʻllashda toʻsqinlik qilmaydi. Bunday choralar har ikki mamlakat oʻrtasida asossiz diskriminatsiya yoki savdoni yashirincha cheklash uchun vosita boʻlishi mumkin emas.
11-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar oʻz davlati hududida savdo yarmarkalari, koʻrgazmalar, texnikaviy, ilmiy-texnikaviy va iqtisodiy seminarlarni tashkil etish va oʻtkazishda yordam beradilar, savdo delegatsiyalarining safarlari uyushtirilishiga koʻmaklashadilar.
12-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar ikki xil maqsadda qoʻllanadigan mahsulotlar borasida eksport nazorati siyosatini muvofiqlashtirish maqsadida maslahatlashuvlar oʻtkazadilar.
13-modda
Ahdlashuvchi Tomonlarning xoʻjalik yurituvchi subyektlari oʻrtasidagi kelishmovchiliklar ular orasida tuzilgan kontraktlarning qoidalari va tegishli Ahdlashuvchi Tomonning milliy qonunchiligiga muvofiq hal etiladi.
14-modda
Har bir Ahdlashuvchi Tomon oʻz qonunchiligi va xalqaro majburiyatlariga muvofiq boshqa Ahdlashuvchi Tomonning xoʻjalik yurituvchi subyektlari huquqlari va qonuniy manfaatlarining teng huquqli himoyasini, shu jumladan sud muhofazasini taʼminlaydi.
15-modda
1. Ahdlashuvchi Tomonlar mazkur Bitim asosida savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik boʻyicha oʻzbek-bolgar Hukumatlararo Komissiyasini tuzishga kelishdilar.
2. Komissiyaning asosiy ishi va vazifalari quyidagilardan iborat boʻladi:
a) ushbu Bitim qanday bajarilayotganini kuzatib borish;
b) hamkorlik uchun yangi imkoniyatlarni aniqlash, Ahdlashuvchi Tomonlar xoʻjalik yurituvchi subyektlarining iqtisodiy, sanoat va ilmiy-texnikaviy hamkorligi sharoitlarini yaxshilash maqsadida takliflar va tavsiyalarni ishlab chiqish;
v) savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish va bu borada yuzaga keladigan toʻsiqlarni bartaraf etish yuzasidan aniq chora-tadbirlarni belgilab, qabul qilish.
3. Oʻzbek-bolgar Hukumatlararo Komissiyasi oʻz maqomini qabul qiladi, Komissiyaning ishi va faoliyatini tashkil etish qoidalari unga muvofiq belgilanadi.
16-modda
Mazkur Bitim zarur hollarda Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasidagi yozma kelishuvga binoan oʻzgartirilishi yoki toʻldirilishi mumkin. Oʻzgartish va qoʻshimchalar ushbu Bitimning 18-moddasiga muvofiq kuchga kiradi.
17-modda
1. Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasida mazkur Bitim qoidalarini talqin qilish yoki qoʻllash borasida yuzaga keladigan har qanday kelishmovchilikni Ahdlashuvchi Tomonlar ushbu Bitimning 15-moddasi asosida tuzilgan Hukumatlararo Komissiya doirasida hal etadilar.
2. Agar kelishmovchilik avvalgi bandda koʻzda tutilgan tartibda tegishli muddat mobaynida hal etilmasa, Ahdlashuvchi Tomonlar uni muzokaralar yoʻli bilan yoki BMT Nizomining 33-moddasi asosida boshqa yoʻsinda hal etishga harakat qiladilar.
18-modda
1. Ushbu Bitim, Ahdlashuvchi Tomonlar oʻz milliy qonunchiligining Bitimni kuchga kiritish xususidagi tegishli talablari bajarilganligi toʻgʻrisida bir-birlarini diplomatik kanallar orqali xabardor qilib, soʻnggi nota olgan kunidan boshlab kuchga kiradi.
2. Ushbu Bitim kuchga kirgan vaqtdan boshlab besh yil mobaynida amal qiladi pa Ahdlashuvchi Tomonlardan biri boshqa Ahdlashuvchi Tomonni tegishli besh yillik muddat tugashidan kamida olti oy avval Bitim faoliyatini toʻxtatish maqsadida ekanligi toʻgʻrisida yozma tarzda xabardor etmasa, oʻz-oʻzidan keyingi besh yillik davrlarga uzaytirilib boradi.
19-modda
Ushbu Bitim faoliyati toʻxtatilsa, uning qoidalari u amalda boʻlgan davrda yuzaga kelgan va 5-moddaga muvofiq tuzilgan, majburiyatlari mazkur Bitimning joriy muddati toʻxtatilgan sanagacha bajarilmagan barcha kontraktlarga nisbatan tatbiq etiladi.
Ushbuni tasdiqlab, oʻz hukumatlari tomonidan lozim darajada vakolatli etib tayinlangan quyida imzo chekuvchilar mazkur Bitimni imzoladilar.
Mazkur Bitim Sofiya shahrida 1998-yil 24-iyunda, oʻzbek, bolgar va rus tillarida, har biri ikki asl nusxada tuzilgan, matnlarning barchasi bir xil kuchga egadir.
Mazkur Bitimni talqin qilishda kelishmovchiliklar yuzaga kelgan hollarda rus tilidagi matn ustun kuchga ega hisoblanadi.
(imzolar)
