Madaniyat sohasida hamkorlik toʻgʻrisida
24.06.1998
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Bolgariya Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Bolgariya Respublikasi Hukumati, bundan keyin “Tomonlar” deb ataluvchilar,
Oʻzbekiston Respublikasi bilan Bolgariya Respublikasi orasidagi madaniy aloqalar va doʻstona munosabatlar anʼanasini eʼtiborga olib,
ikkala mamlakatning madaniyat va sanʼat sohasida doʻstona aloqalar va hamkorlikni yanada rivojlantirishga hamda mustahkamlashga intilishini ifodalab,
madaniyat va sanʼat sohasidagi aloqalar ikkala mamlakat xalqlarining tub manfaatlariga xizmat qilishiga hamda doʻstlik aloqalari va oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada taraqqiy ettirishiga inonib,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Tomonlar Oʻzbekiston va Bolgariya xalqlarining koʻp asrlik madaniy va maʼnaviy aloqalariga tayangan holda ular orasida madaniyat sohasidagi hamkorlikni taraqqiy ettirishga bundan keyin ham koʻmaklashadilar.
2-modda
Tomonlarning har biri oʻz davlatining fuqarolari boshqa Tomon madaniyati yutuqlaridan keng bahramand boʻlishini taʼminlaydi.
Tomonlar davlat madaniyat muassasalari va jamoat tashkilotlari orasida bevosita hamkorlik hamda toʻgʻridan toʻgʻri aloqalar yoʻlga qoʻyilishi, kengayishi va teranlashishiga, manfaatdor idoralar oʻrtasida tajriba almashinishiga koʻmaklashadilar.
3-modda
Tomonlar ikkala davlatning milliy qonunlariga hamda Tomonlar ular boʻyicha oʻz zimmalariga xalqaro majburiyatlar olgan xalqaro bitimlarga va madaniy hamkorlikning ikki tomonlama dastur hamda loyihalariga asosan bir respublikadan ikkinchisiga professional va havaskor badiiy jamoalarni, guruh, ansambl, alohida ijrochilarni taklif qilishga koʻmaklashishga tayyor ekanliklarini izhor qiladilar.
4-modda
Tomonlar ijrochilik sanʼati sohasida festivallar, koʻriklar, jamoa va solistlarning gastrollarini tashkil etishda, oʻzbek hamda bolgar mualliflarining musiqaviy va dramatik asarlarini sahnalashtirishida bir-birlariga koʻmaklashadilar.
5-modda
Tomonlar teatr, estrada, sirk va kino sanʼati, tarixiy-madaniy obidalarni muhofaza qilish, xalq havaskorlik ijodi, xalq hunarmandchiligi sohalarida hamkorlik qilish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish majburiyatini oladilar.
6-modda
Tomonlar madaniy tadbirlarni tashkil etadilar va oʻtkazadilar, davlat va jamoat birlashmalari oʻrtasida madaniyat va sanʼat sohasidagi hamkorlikni qoʻllab-quvvatlash va muvofiqlashtirishga yoʻnaltirilgan dasturlar, ishchi loyihalarini ishlab chiqadilar va amalga oshiradilar.
7-modda
Tomonlar ikki tomonlama shartnomalar asosida almashishda ishtirok etuvchi kutubxonalar oʻrtasida kitob, katalog, boshqa axborot materiallari, shuningdek kutubxonachilik ishi sohasidagi mutaxassislar almashish orqali kutubxonachilik ishida hamkorlik qiladilar.
8-modda
Tomonlar madaniyat va sanʼat oʻquv yurtlarining oʻqituvchilarini, mutaxassislarni, shuningdek sanʼatshunoslik ilmiy-tadqiqot institutlarining doktorantlarini, olimlarini almashib turadilar.
9-modda
Tomonlar muzey ishlari sohasida hamkorlikni amalga oshiradilar, davlat toʻplamlarida, kolleksiya va fondlarida saqlanayotgan tarixiy-madaniy qadriyatlar toʻgʻrisida iloji boricha toʻliq maʼlumot olishni taʼminlaydilar. Tomonlar muzey ishi sohasidagi mutaxassislarni almashishni ragʻbatlantiradilar.
10-modda
Tomonlar oʻz milliy qonunlarining, ulardan biri madaniy merosni himoya qilishni oʻz zimmasiga olgan xalqaro shartnomalarning va bu sohada xalqaro huquqning umum eʼtirof etilgan xalqaro huquq tamoyillariga muvofiq, madaniyat obidalarini konservatsiya qilish va taʼmirlash sohasida birgalikdagi faoliyat yuzasidan loyihalarni amalga oshirishga koʻmaklashadilar.
11-modda
Tomonlar dekorativ-amaliy sanʼat sohasida koʻrgazmalar tashkil etish va hamkorlik qilishni ragʻbatlantiradilar.
12-modda
Tomonlar madaniyat sohasidagi xalqaro hukumatlararo va nohukumat tashkilotlari doirasida xalqaro hamkorlikni amalga oshiradilar.
13-modda.
Ushbu Bitimni bajarish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasining Madaniyat ishlari vazirligi bilan Bolgariya Respublikasining Madaniyat vazirligi oʻrtasida hamkorlikning ikki tomonlama dastur va ishchi rejalari ishlab chiqiladi va tayyorlanadi. Ularda muddatlar, aloqalar uchun shaxslarni tanlash mexanizmi va ularni amalga oshirish uchun lozim boʻlgan moliyaviy shart-sharoitlar koʻrsatiladi.
14-modda
Ushbu Bitim imzolangan kundan boshlab kuchga kiradi va besh yil davomida amal qiladi.
Tomonlardan hech biri tegishli muddat tugashidan kamida olti oy ilgari uning amal qilishini toʻxtatish niyati toʻgʻrisida boshqa Tomonni yozma ravishda xabardor qilmasa, ushbu Bitimning amal qilishi kelgusi besh yillik davrlarga oʻz-oʻzidan uzaytiriladi.
Agar Tomonlar boshqacha yoʻsinda kelishib olmasalar, ushbu Bitimning bekor qilinishi Bitim amal qilayotgan davrda belgilangan dastur va loyihalarning bajarilishiga taʼsir qilmaydi.
Sofiya shahrida, 1998-yil 24-iyunda ikki nusxada, har biri oʻzbek, bolgar va rus tillarida tuzildi, barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Talqin qilishda kelishmovchiliklar yuzaga kelgan holda rus tilidagi matn asos qilib olinadi.
(imzolar)
