Iqtisodiy va texnologik hamkorlik toʻgʻrisida
01.04.1997
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Gretsiya Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Gretsiya Respublikasi Hukumati, quyida Ahdlashuvchi “Tomonlar” deb yuritiladi,
ikkala mamlakat oʻrtasida tenglik, oʻzaro foydali va oʻzaro munosabatlar asosidagi ikki tomonlama manfaatdorlikni ifodalovchi sohalarda iqtisodiy va texnologik hamkorlikni rivojlantirishga koʻmaklashishni istab,
ikki mamlakat oʻrtasidagi turli darajalardagi, shu jumladan xoʻjalik faoliyati subyektlari darajasidagi hamkorlikni muvaffaqiyatli tarzda rivojlantirish va aloqalarni mustahkamlash uchun uzoq muddatli chora-tadbirlar qabul qilinishining muhimligini inobatga olib,
quyidagilar xususida ahdlashib oldilar:
1-modda
1. Ahdlashuvchi Tomonlar amaldagi milliy qonunchilik doirasida va ularning xalqaro majburiyatlarini, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi va Yevropa Hamjamiyati oʻrtasidagi Bitimlarni eʼtiborga olgan holda, ular uchun oʻzaro foydali va manfaatli boʻlgan barcha sohalarda imkon qadar keng miqyosda iqtisodiy va texnologik hamkorlikni rivojlantirish hamda mustahkamlash uchun bor kuchlarini safarbar etadilar.
Ushbu Bitim xususida, Gretsiya Respublikasi oʻzining Yevropa Ittifoqiga aʼzoligidan kelib chiquvchi majburiyatlarga amal qiladi.
2. Bunday hamkorlik xususan:
Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasidagi iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash va kengaytirish,
investitsiyalarni koʻllab-quvvatlash, qoʻshma faoliyat va qoʻshma korxonalar tashkil qilish, litsenzion bitimlar va ular oʻrtasidagi hamkorlikning boshqa shakllarini quvvatlash maqsadida xoʻjalik faoliyati subyektlari, jumladan, kichik va oʻrta korxonalar oʻrtasidagi hamkorlikni ragʻbatlantirishga qaratiladi.
2-modda
1. 1-moddada koʻzda tutilgan hamkorlik, xususan, kuyidagi sohalarga tatbiq etiladi:
sanoat,
kemasozlik i kemalarni taʼmirlash ishlari,
qishloq xoʻjaligi, shu jumladan, agrar va oziq-ovqat sanoati,
sanoat va uy-joy qurilishi,
transport, shu jumladan, dengiz transporti,
bank ishi, sugʻurta va boshqa moliyaviy xizmatlar,
turizm,
professional taʼlim va menejmentni oʻrgatish,
faoliyatning oʻzaro manfaatlarni ifodalovchi boshqa turlari.
2. Ahdlashuvchi Tomonlar oʻzaro hamkorlik, shuningdek iqtisodiy va texnologik hamkorlikning yangi sohalaridagi ustuvor yoʻnalishlarni belgilash maqsadida konsultatsiyalar oʻtkazadilar.
3-modda
1. Ushbu Bitimda koʻzda tutilgan iqtisodiy hamkorlik asosan oʻzbek va grek korxonalari, tashkilotlari, firmalari va xoʻjalik faoliyatining boshqa subyektlari oʻrtasida, har bir Ahdlashuvchi Tomonning milliy qonunchiligiga muvofiq tuzilgan bitimlar va kontraktlar asosida amalga oshiriladi.
2. Ahdlashuvchi Tomonlar iqtisodiy hamkorlik uchun, xususan, quyidagilar vositasida qulay sharoitlar yaratish orqali bunday faoliyatga koʻmaklashish uchun barcha kuchlarini safarbar etadilar:
investitsiyalar uchun qulay iqlimni rivojlantirish,
tijorat va iqtisodiy maʼlumotlar almashuviga koʻmaklashish,
oʻzlarining xoʻjalik faoliyati subyektlari oʻrtasidagi almashinuv va aloqalarga koʻmaklashish,
yarmarkalar, koʻrgazmalar, simpoziumlar kabi boshqa tadbirlarni oʻtkazishda koʻmaklashish,
savdoga koʻmaklashuvni ragʻbatlantirish.
4-modda
1. Ahdlashuvchi Tomonlar oʻzlarining milliy qonunchiligi va oʻz milliy ustuvor yoʻnalishlariga muvofiq ikki mamlakat oʻrtasidagi, shuningdek oʻzlarining tegishli tashkilotlari, institutlari va firmalari oʻrtasidagi texnologik hamkorlikni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratadilar.
2. Bunday hamkorlik quyida qayd etiladigan sharoitlardan biriga ega boʻlishi mumkin:
qoʻshma tadqiqot dasturlarini ishlab chiqish,
ixtisoslashtirilgan delegatsiyalar uchun tashriflar va oʻquv-taʼlim turlarini tashkil qilish,
oʻzaro manfaatli sohalarda oʻquv dasturlarini tashkil qilish,
texnik va ilmiy ekspertiza bilan taʼminlash,
simpozium va uchrashuvlar oʻtkazish.
5-modda
1. Mazkur Bitimning bajarilishini taʼminlash maqsadida ushbu bilan Qoʻshma Qoʻmita taʼsis etiladi. Qoʻmita oʻz tartibotlarini belgilaydi.
2. Qoʻshma Qoʻmita Ahdlashuvchi Tomonlarning vakillaridan tashkil topadi va u istalgan Tomonning arizasiga binoan chaqiriladi hamda diplomatik kanallar orqali kelishilgan joyda va vaqtda oʻtkaziladi.
3. Qoʻshma Qoʻmita ushbu Bitim maqsadlariga erishish uchun qaratilgan harakat-tadbirlarni koʻrib chiqadi va zaruriy hollarda ularning bajarilishi boʻyicha tavsiyanomalar ishlab chiqadi.
6-modda
1. Ushbu Bitimning kuchga kirishi uchun amaldagi qonunchilikda talab qilinadigan tartibotlar tugallanganligi toʻgʻrisida Ahdlashuvchi Tomonlar bir-birlarini yozma ravishda xabardor qilgan sanadan soʻng oʻttiz (30) kun oʻtgach mazkur Bitim qonuniy kuchga kiradi. Bitim besh (5) yil mobaynida oʻz kuchini saqlab qoladi.
2. Agar istalgan Ahdlashuvchi Tomon Bitimning joriy muddati toʻxtatilishidan kamida olti oy avval uni harakatdan toʻxtatish toʻgʻrisida xabarnoma taqdim etmasa, ushbu Bitim oʻz-oʻzidan keyingi bir yillik muddatlarga uzaytiriladi, har bir Ahdlashuvchi Tomon kamida olti oy avval xabarnoma vositasida Bitimni harakatdan toʻxtatish huquqini saqlab qoladi.
3. Bundan avvalgi moddalar mazkur Bitim asosida har ikki Tomonning xoʻjalik faoliyati subyektlari oʻrtasida tuzilgan shartnoma va kontraktlarga nisbatan ushbu sanadan boshlab keyingi besh (5) yil mobaynida oʻz kuchida qoladi.
Afina shahrida 1997-yil 1-aprelda, ikki nusxada, har biri oʻzbek, grek va ingliz tillarida tuzildi, barcha matnlar bir xil kuchga egadir. Mazkur Bitim qoidalarini talqin etishda kelishmovchiliklar yuzaga kelganda ingliz tilidagi matn ustun kuchga ega hisoblanadi.
(imzolar)
