Taʼlim, fan va madaniyat sohasida hamkorlik toʻgʻrisida
01.04.1997
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Gretsiya Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Quyida “Ahdlashuvchi Tomonlar” deb ataluvchi Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Gretsiya Respublikasi Hukumati,
ikki mamlakat va ularning xalqlari oʻrtasida doʻstona munosabatlarni mustahkamlash va rivojlantirishni istab,
taʼlim, fan va madaniyat sohasidagi, shuningdek boshqa sohalardagi almashishlar va hamkorlik bir-biri toʻgʻrisidagi bilimlarni va Oʻzbekiston va Gretsiya xalqlari oʻrtasidagi oʻzaro tushunishni kengaytiradi deb ishonib,
ushbu Bitimni tuzishga qaror qildilar va quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashib oldilar:
1-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar taʼlim sohasida hamkorlikni rivojlantirish uchun quyidagi zarur choralarni koʻradilar:
a) ikki mamlakat oliy oʻquv yurtlari, ilmiy va tadqiqot muassasalari oʻrtasidagi bevosita hamkorlikni ragʻbatlantirish;
b) boshqa mamlakat tili va madaniyatini oʻrganish va oʻrgatishni ragʻbatlantirish;
s) kelib chiqishi grek boʻlgan Oʻzbekiston fuqarolari va kelib chiqishi oʻzbek boʻlgan Gretsiya fuqarolarining ona tili va madaniyatini saqlab qolishi maqsadida qulay sharoit yaratib berishda hamkorlik;
d) turli darajalardagi oʻqituvchilar, tadqiqotchilar, ekspertlar, studentlar va oʻquvchilar bilan almashish;
e) universitetda, universitetdan keyingi oʻqitish, va tadqiqotlar uchun grantlar berish;
f) har bir mamlakatning .qonunlariga muvofiq sertifikat, attestat, diplom va akademik unvonlarni tan olish va ekvivalentligini oʻrnatish uchun oʻzining vakolatli organlariga sharoit taʼminlash maqsadida axborot va hujjatlar bilan almashish;
g) axborot, kitoblar, darsliklar, oʻquv qoʻllanmalari va materiallari bilan almashishni taʼminlash.
2-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar fan va texnologiyalar sohasida oʻzaro qiziqish uygʻotuvchi mavzular boʻyicha almashish va tadqiqotlarning rivojlanishini, jumladan ikki mamlakatning ilmiy va tadqiqot muassasalari oʻrtasidagi bevosita hamkorlikni ragʻbatlantiradilar va taʼminlaydilar.
Ushbu hamkorlik quyidagi shakllarda boʻlishi mumkin:
birgalikdagi tadqiqot dasturlarini oʻtkazish;
maxsus delegatsiyalar uchun tashriflarni va taʼlimni tashkil etish;
oʻzaro qiziqish uygʻotuvchi sohalarda oʻquv dasturlarini tashkil etish;
texnikaviy va ilmiy ekspertizalarni taʼminlash;
simpozium va uchrashuvlarni oʻtkazish.
3-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar adabiyot, plastik sanʼat, teatr sanʼati, kino, arxitektura va madaniyatining boshqa sohalaridagi hamkorlikni ragʻbatlantiradilar va ikki mamlakatning teatr, orkestr, muzey, kutubxona va arxivlari kabi tegishli tashkilotlari oʻrtasida bevosita aloqalarni taʼminlaydilar.
4-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar tegishli poytaxtlarda huquqiy maqomi, tashkil etilishi va faoliyati shartlari maxsus bitim bilan tartibga solinadigan madaniyat markazlarini oʻzaro tashkil etishlari mumkin.
5-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar ikki mamlakatning yangiliklar agentliklari va nashriyot tashkilotlari, shuningdek jamoat radio va televizion tashkilotlari oʻrtasidagi bevosita hamkorlikni ragʻbatlantiradilar.
6-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar arxeologiya va madaniy boyliklarni himoya qilish sohasidagi hamkorlikni va axborot almashishni qoʻllab-quvvatlaydilar.
7-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar har bir mamlakatda amal qiluvchi qonun va qoidalarga muvofiq mualliflik va u bilan bogʻliq boʻlgan huquqlarni saqlash va oʻzaro himoya qilish maqsadida oʻzlarining tegishli organlari oʻrtasidagi hamkorlikni ragʻbatlantiradilar.
8-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar ikki mamlakatning yoshlar tashkilotlari va muassasalari oʻrtasidagi madaniy va ijtimoiy faoliyatdagi bevosita hamkorlikni ragʻbatlantiradilar va yoshlarga tegishli boʻlgan barcha sohalarda axborot va tajriba almashadilar.
9-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar sport tashkilotlari oʻrtasidagi hamkorlikni va ularning mamlakatlarida oʻtkaziladigan musobaqalarda ishtirok etishni ragʻbatlantiradilar.
10-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar ushbu Bitim bilan koʻzda tutilgan sohalardagi va ularning mamlakatlarida oʻtkaziladigan seminar, festival, musobaqa, koʻrgazma, uchrashuv va boshqa tadbirlarda alohida shaxslar va guruhlar ishtirok etishlarini ragʻbatlantiradilar.
11-modda
Ushbu Bitim qoidalaridan kelib chiqadigan faoliyat Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasidagi boshqa bitimlar bilan taʼminlanishi mumkin.
12-modda
Ushbu Bitimni bajarish uchun Oʻzbek-grek aralash qoʻmitasi tuziladi, u hamkorlik dasturining tafsilotlarini, shuningdek ularning moliyaviy shartlarini ishlab chiqish uchun navbatma-navbat Toshkentda va Afinada oʻz yigʻilishlarini oʻtkazadi.
13-modda
Ushbu Bitim diplomatik kanallar orqali uning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan davlat ichidagi tadbirlarni Ahdlashuvchi Tomonlar bajarganliklarini tasdiqlovchi oxirgi yozma xabarnoma olingan kundan kuchga kiradi.
Ushbu Bitim besh yil davomida amal qiladi. Soʻng agar Ahdlashuvchi Tomonlardan hech biri tegishli besh yillik muddat tugashidan kamida olti oy ilgari diplomatik kanallar orqali Bitimni denonsatsiya qilmasa, uning amal qilishi keyingi besh yillik muddatlarga oʻz-oʻzidan uzaytiriladi.
Afina shahrida 1997-yil 1-aprelda ikki nusxada oʻzbek, grek va ingliz tillarida tuzildi, barcha matnlar bir xil kuchga ega. Talqin etishda kelishmovchiliklar boʻlgan holda ingliz tilidagi matni asos qilib olinadi.
(imzolar)
