Surxondaryo viloyati Termiz shahridagi davlat mulki hisoblangan bino va inshootlarni davlat organlariga tegishli hududi bilan berish toʻgʻrisida (15-son)
27.01.2015
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Surxondaryo viloyati Termiz shahrining Bosh rejasi qayta koʻrib chiqilishi munosabati bilan shaharda yangidan quriladigan obyektlar uchun joylar tayyorlash va obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish hamda Termiz shahridagi Ichki ishlar boshqarmasining 2-harbiylashtirilgan yongʻin xavfsizligi qismini binolar bilan taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Surxondaryo viloyati hokimligi, Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi hamda Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining Surxondaryo viloyati Termiz shahridagi davlat mulki hisoblangan bino va inshootlarni tegishli hududi bilan operativ boshqarish huquqi asosida ilovaga muvofiq davlat organlariga bepul berish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
2. Surxondaryo viloyati hokimligi, Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Mudofaa vazirligi va Ichki ishlar vazirligi bir oy muddatda mazkur qaror ilovasida koʻrsatilgan bino va inshootlarni tegishli hududi bilan birgalikda belgilangan tartibda topshirilishini va qabul qilib olinishini hamda ulardan samarali foydalanilishini taʼminlasin.
3. Belgilansinki, Surxondaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasining Yongʻin xavfsizligi boshqarmasi balansiga oʻtkazilayotgan bino va inshootlarni rekonstruksiya qilish, mukammal taʼmirlash va ularni saqlash bilan bogʻliq xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga har yili ajratilayotgan kapital qoʻyilmalar, budjet va budjetdan tashqari mablagʻlari doirasida amalga oshiriladi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Davlat mulki obyektlaridan oqilona foydalanish va ularni tasarruf etishni taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2011-yil 8-sentabrdagi 251-son qarori 2-ilovasining 85-qatori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari B.I. Zakirov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2015-yil 27-yanvar,
15-son
Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 27-yanvardagi 15-sonli qaroriga ILOVA
Davlat organlariga operativ boshqarish huquqi asosida tegishli hududi bilan bepul berilayotgan davlat mulki hisoblangan bino va inshootlar
roʻyxati
Tr Bino va inshootlarni balansda saqlovchi tashkilot Bino va inshootlar nomi Bino va inshootlar joylashgan manzil Umumiy yer maydoni, kv. m Bino va inshootlar egallagan maydoni, kv. m Bino va inshootlarni berishning huquqiy shakli Bino va inshootlarni qabul qiluvchi davlat organi 1. Surxondaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Yongʻin xavfsizligi boshqarmasi Maʼmuriy va xoʻjalik binolarining bir qismi Termiz shahar, A. Temur koʻchasi, 29-uy 7500 2099,16 Operativ boshqaruv huquqi Surxondaryo viloyati Termiz shahar hokimligi 2. Surxondaryo viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi Rahbarlar tarkibini tayyorlash markazi va xoʻjalik binolari Termiz shahar, Istiqlol (Sh. Rashidov) koʻchasi, 86-uy 1983,31 562,8 Operativ boshqaruv huquqi Surxondaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasining Yongʻin xavfsizligi boshqarmasi 3. Mudofaa vazirligining Termiz shahar uy-joydan foydalanish harbiy qismi Xoʻjalik binolari Termiz shahar, Istiqlol (Sh. Rashidov) koʻchasi 1000 68,96 Operativ boshqaruv huquqi Surxondaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasining Yongʻin xavfsizligi boshqarmasi
