Valyuta va eksportni tartibga solish sohasida axborot ayirboshlash toʻgʻrisida
24.12.1996
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Qirgʻiziston Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Qirgʻiziston Respublikasi Hukumati, keyingi oʻrinlarda “Tomonlar” deb ataladi,
valyuta va eksport qonunchiligi sohasidagi qonunbuzishlarga qarshi kurash olib borish samaradorligini oshirish maqsadida harakat qilib, shuningdek xalqaro hamjamiyatning gʻayriqonuniy olingan kapitallarning legallashuviga qarshi kurash boʻyicha saʼy-harakatlariga katta ahamiyat berib,
Tomonlarning valyuta va eksportni tartibga solishni amalga oshiruvchi vakolatli organlari oʻrtasida hamkorlik zarurligini tan olib,
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashdilar:
1-modda
Vakolatli organlar, Tomonlarning qonun hujjatlariga muvofiq, quyidagilarni amalga oshiradilar:
1) Huquqiy tusdagi axborotni ayirboshlash (valyuta, eksport-import va boshqa tashqi iqtisodiy operatsiyalar sohasidagi milliy qonunchilik).
2) Valyuta va eksportni tartibga solish sohasidagi tajribani ayirboshlash.
2-modda
Axborot ayirboshlash Tomonlarning vakolatli organlari tomonidan yoʻllanadigan, zarur tartibda rasmiylashtirilgan soʻrovlar asosida amalga oshiriladi.
Mazkur Bitim doirasida olingan axborotni uchinchi tomonga berish zarur boʻlgan taqdirda ushbu axborotni bergan Tomonning yozma roziligi talab etiladi.
3-modda
Amaliy yordam koʻrsatish:
huquqiy maqomi va funksiyasi Tomonlarning vakolatli organlari tomonidan belgilanadigan amaliy tashriflarni tashkil etishga, vakillarni ayirboshlashga koʻmaklashish;
seminarlar oʻtkazish;
metodik tavsiyalarni ishlab chiqish va almashish;
va boshqa shakllar orqali amalga oshiriladi.
4-modda
Mazkur Bitimni amalga oshirish maqsadida har ikkala Tomonning vakolatli organlari Tomonlarning oʻzaro aloqasi tartibini belgilab beruvchi protokollarni imzolaydilar.
5-modda
Tomonlar hamkorlikni qonuniylik, oʻzarolilik, operativlik va maxfiylik prinsiplari asosida amalga oshiradilar.
6-modda
Mazkur Bitim imzolangan kundan boshlab kuchga kiradi hamda unga har ikkala Tomonning roziligi bilan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
7-modda
Bitimning amal qilishi Tomonlardan biri boshqa Tomonning Bitimning amal qilishini toʻxtatish niyati haqidagi yozma bildirishnomasini olgan kundan boshlab uch oy oʻtgandan keyin toʻxtatiladi.
1996-yil 24-dekabrda Toshkent shahrida har biri oʻzbek, qirgʻiz va rus tillarida boʻlgan ikki asl nusxada tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil yuridik kuchga egadir.
Bitim matnini talqin qilishda anglashilmovchiliklar kelib chiqqan taqdirda rus tilidagi matn asos qilib olinadi.
(imzolar)
