Huquqiy axborotni ayirboshlash toʻgʻrisida
24.12.1996
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Qirgʻiziston Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Qirgʻiziston Respublikasi Hukumati, keyingi oʻrinlarda “Tomonlar” deb ataladi,
Doʻstlik va hamkorlik toʻgʻrisidagi shartnomaga, 1992-yil 26-iyundagi Iqtisodiy axborotni ayirboshlash toʻgʻrisidagi Bitimga, 1993-yil 24-sentabrdagi Koʻp tomonlama bitimlar bajarilishini axborot bilan taʼminlash toʻgʻrisidagi Bitimga va MDH qatnashchilari boʻlgan davlatlar tomonidan qabul qilingan boshqa hujjatlarga amal qilib,
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashdilar:
1-modda
Tomonlar eʼlon qilishga ochiq boʻlgan davlatlararo ayirboshlanishi kerak boʻlgan normativ huquqiy hujjatlar Roʻyxatida belgilangan (ilova qilinmoqda) masalalar boʻyicha ikki tomonlama huquqiy axborot ayirboshlash zarurligini tan oladilar. Yuqorida koʻrsatilgan roʻyxat Tomonlarning oʻzaro kelishuviga koʻra oʻzgartirilishi yoki toʻldirilishi mumkin.
Tomonlar quyidagilarga kelishdilar:
bir-birlariga amaldagi yoki amalda boʻlgan normativ huquqiy hujjatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni berish;
qonunlarga oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritilishi toʻgʻrisida bir-birlariga axborot berish, yangidan qabul qilingan qonunlarni, shuningdek yuridik adabiyotni va kelishuv boʻyicha normativ huquqiy hujjatlar loyihalarini ayirboshlash;
hukuqiy axborotni ayirboshlash Tomonlarning davlatlararo ayirboshlash boʻyicha funksiya bevosita yuklangan adliya vazirliklari oʻrtasidagina amalga oshiriladi;
har yili Tomonlarning adliya vazirliklari orqali bir-birlari uchun Parlamentlarning axborotnomalariga, Hukumat qarorlari toʻplamlariga va boshqa yuridik nashrlarga obunani rasmiylashtirish.
2-modda
Tomonlarning har biri xalqaro standartlar bilan belgilangan xabar berish usullariga rioya qilgan holda ikkinchi Tomonga huquqiy axborot berish majburiyatini oʻz zimmasiga oladi.
Hamkorlik davomida Tomonlardan biri tomonidan olinadigan axborot uchinchi Tomonga faqat ushbu axborotni bergan Tomonning roziligi bilan berilishi mumkin.
Tomonlar maʼlumotlar bazalarini ayirboshlashda bir-birlariga Tomonlarning klassifikatorlarini berishni zarur deb hisoblaydilar.
3-modda
Tomonlar oʻz axborot resurslaridan foydalanib, axborot maʼlumotlari berishning toʻliqligi, ishonchliligi va oʻz vaqtidaligi uchun javob beradilar.
4-modda
Tomonlar huquqiy axborotni davlatlararo ayirboshlash ishlarini muvofiqlashtiradigan adliya vazirliklari orqali huquqiy axborotni ayirboshlash tizimini barpo etish yuzasidan kelishilgan chora-tadbirlarni amalga oshiradilar.
5-modda
Huquqiy axborotni ayirboshlash Tomonlarning qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
6-modda
Tomonlar huquqiy axborotni ayirboshlashdan tashqari ish tajribasini, qonunlarni qoʻllash amaliyotini oʻzaro oʻrganish maqsadida oʻzaro kelishuvga koʻra maslahatlashuvlar, uchrashuvlar, ilmiy-amaliy konferensiyalar oʻtkazadilar.
7-modda
Mazkur Bitim Tomonlarning boshqa xalqaro shartnomalar boʻyicha huquq va majburiyatlariga daxl qilmaydi.
8-modda
Mazkur Bitim Tomonlarning roziligi bilan oʻzgartirilishi va toʻldirilishi mumkin.
Barcha oʻzgartirish va qoʻshimchalar mazkur Bitimning ajralmas qismi boʻlgan protokol bilan rasmiylashtiriladi.
9-modda
Mazkur Bitim imzolangan paytdan boshlab kuchga kiradi.
Bitim Tomonlardan biri oʻzining mazkur Bitimning amal qilishini toʻxtatish niyati toʻgʻrisida ikkinchi Tomonni yozma ravishda xabardor qilgan sanadan boshlab 6 oy toʻlgungacha kuchda boʻladi.
1996-yil 24-dekabrda Toshkent shahrida har biri oʻzbek, qirgʻiz va rus tillarida boʻlgan ikki asl nusxada tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga egadir.
Mazkur Bitim qoidalarini talqin qilishda anglashilmovchiliklar kelib chiqqan taqdirda Tomonlar rus tilidagi matnga amal qiladilar.
(imzolar)
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Qirgʻiziston Respublikasi Hukumati oʻrtasidagi huquqiy axborotni ayirboshlash toʻgʻrisidagi Bitimga ILOVA
Davlatlararo ayirboshlanishi kerak boʻlgan normativ huquqiy hujjatlar
R Oʻ Y X A T I
