Uzoq muddatli savdo-iqtisodiy hamkorlikning asosiy yoʻnalishlari toʻgʻrisida
16.01.1996
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Turkmaniston Hukumati oʻrtasida
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Turkmaniston Hukumati, bundan keyin “Ahdlashayotgan Tomonlar”, deb ataluvchilar,
Oʻzbekiston Respublikasi va Turkmaniston oʻrtasida savdo-iqtisodiy hamkorlikni tenglik va oʻzaro foydalilik asosida rivojlantirishga intilib,
har bir davlatning mustaqil tashqi iqtisodiy siyosat yurgizish suveren huquqidan kelib chiqib,
Oʻzbekiston Respublikasi va Turkmaniston iqtisodiy imkoniyatlarini oʻzaro foydali hamda kooperatsiya aloqalari va hamkorliklarini rivojlantirish asosida oʻstirishga yordam berishni maqsad qilib,
oʻzaro iqtisodiy hamkorlikni erkin rivojlantirishga sodiqliklarini tasdiqlab,
tovarlarning erkin tashilishi va xizmatlar koʻrsatilishi oʻzaro kelishilgan chora-tadbirlar amalga oshirilishini talab etishini tan olib,
Oʻzbekiston Respublikasi va Turkmanistonning Tariflar va savdo bosh Bitimi (TSBB) va Butun jahon savdo tashkiloti (BST) prinsiplariga sodiqligini tasdiqlab,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Ahdlashayotgan Tomonlarning savdo-iqtisodiy hamkorligi xalqaro huquq va milliy qonunchilik normalariga rioya qilgan holda yaxshi qoʻshnichilik, teng huquqlilik, iqtisodiy suverenitet, oʻzaro foydalilik prinsiplariga asoslanadi.
Ahdlashayotgan Tomonlar mazkur Bitim qoidalariga muvofiq uzoq muddatli savdo-iqtisodiy hamkorlik yoʻnalishlarini kelishib olishga oid aniq chora-tadbirlarni koʻradilar.
2-modda
Ahdlashayotgan Tomonlar oʻz oʻrtalaridagi savdo-iqtisodiy munosabatlarni barqarorlashtirish uchun zarur boʻlgan barcha chora-tadbirlarni koʻradilar va Ahdlashayotgan Tomonlar xoʻjalik subyektlari uchun, ularning mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar, qulay sharoitlar yaratadilar.
Har bir Ahdlashayotgan Tomon boshqa Ahdlashayotgan Tomon iqtisodiyoti va savdosiga zarar yetkazishi mumkin boʻlgan harakatlardan oʻzini tiyadi.
3-modda
1. Ahdlashayotgan Tomonlar bir-birlari uchun erkin savdo tartibini joriy qiladilar.
Ahdlashayotgan Tomonlar bir Ahdlashayotgan Tomon davlat boj hududidan chiqayotgan va boshqa Ahdlashayotgan Tomon davlat boj hududiga moʻljallangan tovarlar eksport va/yoki importiga nisbatan Ahdlashayotgan Tomonlar davlat qonunchiliklarida nazarda tutilgan protsedura yigʻimlaridan tashqari ekvivalent taʼsirga ega boʻlgan boj poshlinalari, soliqlar va yigʻimlarni, shuningdek, miqdoriy cheklashlarni qoʻllamaydilar. Kelishilgan tovarlar nomenklaturasi boʻyicha mazkur savdo tartibidan istisnolar ushbu Bitimning tarkibiy qismi hisoblanadigan hujjatlar bilan rasmiylashtiriladi.
2. Ahdlashayotgan Tomonlar mazkur moddaning 1-bandiga muvofiq erkin savdo rejimidan istisnolar umumiy roʻyxatini, shuningdek bunday istisnolar qoʻllash metodlarini ishlab chiqadilar va kelishib oladilar.
3. Mazkur Bitim maqsadiga va u amalda boʻlgan davrda Ahdlashayotgan Tomon davlat hududida ishlab chiqarilgan tovarlar deganda Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi Hukumatlar Boshliqlari Kengashi 1993-yil 24-sentabrdagi qarori bilan tasdiqlangan Tovar ishlab chiqarilgan mamlakatni aniqlash qoidalariga muvofiq aniqlanadigan tovarlar tushuniladi.
4-modda
Har bir Ahdlashayotgan Tomon:
boshqa Ahdlashayotgan Tomonning mazkur Bitim taʼsiri joriy etiladigan tovarlariga toʻgʻri va egri soliqlar solmaydi, oʻzida ishlab chiqarilgan yoki uchinchi mamlakatlarda ishlab chiqarilgan xuddi ana shunday tovarlarga solinadigan tegishli soliq yoki yigʻimlardan koʻproq boʻlgan ichki soliq yoki yigʻimlarni qoʻllamaydi;
mazkur Bitim taʼsiri joriy etiladigan tovarlar importi yoki eksportga nisbatan ana shunday vaziyatlarda oʻzida ishlab chiqarilgan yoki uchinchi mamlakatlarda ishlab chiqarilgan xuddi shunday tovarlarga qoʻllanmaydigan qandaydir maxsus cheklashlar yoki talablarni kiritmaydi;
boshqa Ahdlashayotgan Tomon davlat hududida ishlab chiqarilgan tovarlarni omborlarga joylash, qayta yuklash, saqlash, tashishga nisbatan ana shunday holatlarda oʻz tovarlariga yoki uchinchi mamlakatlarda ishlab chiqarilgan tovarlarga nisbatan qoʻllaniladigan oʻzgacha toʻlovlarni va toʻlovlarni yuborish qoidalarini qoʻllamaydi.
5-modda
Ahdlashayotgan Tomonlar oʻzaro savdoda boshqa Ahdlashayotgan Tomonga nisbatan kamsituv chora-tadbirlarni qoʻllashdan, mazkur Bitim doirasida tovarlar eksporti va/yoki importiga miqdoriy cheklashlar yoki ularga teng boʻlgan chora-tadbirlarni qoʻllashdan oʻzlarini tiyadilar.
Ahdlashayotgan Tomonlar miqdoriy yoki boshqa maxsus cheklashlarni bir tomonlama tartibda faqat oqilona meʼyorda va qatʼiy belgilangan muddatga belgilashlari mumkin.
Bunday cheklashlar istisno tusida boʻlib, TSBB/BST doirasidagi bitimlarda nazarda tutilgan holatlardagina qoʻllanilishi mumkin.
Cheklashni mazkur moddaga muvofiq qoʻllayotgan Ahdlashayotgan Tomon boshqa Ahdlashayotgan Tomonga eslatilgan cheklashlarni qoʻllashning asosiy sabablari, shakllari va taxmin qilingan muddatlari toʻgʻrisidagi toʻliq axborotni iloji boricha ertaroq taqdim etishi kerak, ana shundan soʻng maslahatlashuvlar belgilanadi.
6-modda
Mazkur Bitim Ahdlashayotgan Tomonlardan har birining oʻz hayotiy manfaatlarini himoya qilish uchun zarur deb hisoblaydigan yoki oʻzi qatnashchisi boʻlgan yoki qatnashchisi boʻlishni istagan xalqaro shartnomalarni bajarish uchun soʻzsiz zarur boʻlgan tashqi iqtisodiy aloqalar sohasida xalqaro amaliyotda umumiy qabul qilingan chora-tadbirlarni bir tomonlama qoʻllash huquqiga toʻsqinlik qilmaydi, agar bu chora-tadbirlar quyidagilarga daxldor boʻlsa:
odamlar hayoti va sogʻligʻini, atrof muhitni himoya qilish, jonzodlar va oʻsimliklarni qoʻriqlash;
jamoat axloqi va jamoat tartibini saqlash;
milliy xavfsizlikni taʼminlash;
qurol-yarogʻ, oʻq-dori va harbiy texnika bilan savdo qilish;
parchalanuvchi materiallar va radioaktiv moddalarni yetkazib berish, radioaktiv chiqitlardan foydalanish;
oltin, kumush yoki boshqa qimmatbaho metallar va toshlar bilan savdo qilish;
qayta tiklanmaydigan tabiiy resurslarni saqlash;
toʻlov balansi buzilishi;
davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash dasturining amalga oshirilishi natijasida ichki narxlari jahon narxlaridan past boʻlgan mahsulot eksportini cheklash;
sanoat va intellektual mulkni himoya qilish;
milliy boylik qadriyatlarini himoya qilish;
urush davrida yoki boshqa favqulodda holatlarda xalqaro munosabatlarda qoʻllaniladigan chora-tadbirlar;
xalqaro tinchlik va xavfsizlikni saqlash maqsadida BMT Ustavi asosidagi majburiyatlarni bajarishga oid harakatlar.
Bunday chora-tadbirlarni mazkur moddaga muvofiq qoʻllayotgan Ahdlashayotgan Tomon boshqa Ahdlashayotgan Tomonga eslatilgan cheklashlarni joriy qilishning asosiy sabablari, shakllari va taxmin qilingan muddatlari toʻgʻrisidagi axborotni iloji boricha ertaroq taqdim etishi kerak, ana shundan soʻng maslahatlashuvlar belgilanadi.
7-modda
Ahdlashayotgan Tomonlar oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik boʻyicha barcha hisob-kitoblar va toʻlovlar alohida banklararo bitim bilan kelishib olinadi.
Ahdlashayotgan Tomonlar davlatlari subyektlari oʻrtasidagi yetkazib berilgan tovarlar va koʻrsatilgan xizmatlar uchun oʻzaro hisob-kitob jahon bozorlari konyunkturasi asosida shartnoma narxlarida amalga oshirildi.
8-modda
Ahdlashayotgan Tomonlar birgalikdagi ishlab chiqarish faoliyatining samarali shakllarini rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlaydigan, mahsulot ishlab chiqarishni koʻpaytirish, uning nomenklaturasini kengaytirish va oʻzaro yetkazib berishlar hajmlarini koʻpaytirish maqsadida iqtisodiyotning turli tarmoqlarida davlatlararo xoʻjalik tuzilmalarini tashkil etishga yordam beradilar.
Ahdlashayotgan tomonlar uzoq muddatli tarmoq va tarmoqlararo bitimlar asosida ishlab chiqarishlarni oʻzaro foydali ixtisoslashuvini rivojlantirishga yordam berish maqsadga muvofiq ekanligini tan oldilar.
9-modda
Ahdlashayotgan Tomonlar oʻz faoliyatlarini muvofiqlashtirar ekanlar davlat ishtirokidagi ishlab chiqarish, tijorat, kredit-moliya, sugʻurta va aralash transmilliy birlashmalarni, xolding va lizing kompaniyalarni tashkil etish hamda rivojlantirishga, shuningdek, qoʻshma xususiy korxonalarni tashkil etish va ular faoliyatida Ahdlashayotgan Tomonlar davlatlari milliy qonunchiligi doirasida hamkorlikning boshqa zamonaviy shakllarini rivojlantirishga yordam beradilar.
10-modda
Ahdlashayotgan Tomonlar transport va aloqa tizimlarini rivojlantirish va ishlatish, suvdan foydalanish, neftni qayta ishlash, tabiiy gaz va elektr energiyani oʻzaro yetkazib berish, paxtachilik, chorvachilik, qishloq xoʻjaligida ishlatiladigan kimyoviy mahsulotlar ishlab chiqarish, buning uchun zarur obyektlar va inshootlarni qurish hamda foydalanish sohasida hamkorlikni amalga oshirish zarur deb hisoblaydilar.
11-modda
Ahdlashayotgan Tomonlar oʻzaro delegatsiyalar almashish, yarmarka va koʻrgazmalarni tashkil etish hamda oʻtkazish uchun qulay sharoitlar yaratishga har tomonlama yordam beradilar.
12-modda
Ahdlashayotgan Tomonlar tranzit erkinligi prinsipiga rioya qilish mazkur Bitim maqsadlariga erishishning muhim sharti hamda ularni xalqaro mehnat taqsimoti va kooperatsiyasi jarayoniga kiritishning ahamiyatli elementi ekanligiga rozidirlar.
Shunga koʻra har bir Ahdlashayotgan Tomon boshqa Ahdlashayotgan Tomon boj hududida ishlab chiqarilgan va/yoki uchinchi mamlakatlarda ishlab chiqarilib, boshqa Ahdlashayotgan Tomon boj hududiga yoki istalgan uchinchi mamlakatga moʻljallangan tovarlarni oʻz davlati hududi orqali toʻsiqsiz tranzitini taʼminlaydi va tovarni eksport, import qiluvchilarga hamda tashuvchilarga tranzitni taʼminlash uchun barcha mavjud va zarur vosita hamda xizmatlarni oʻz eksport, import qiluvchilari yoki tashuvchilariga yoki istalgan uchinchi davlat eksport, import qiluvchilari yoki tashuvchilariga beriladigan vosita va xizmatlardan yomon boʻlmagan shartlarda taqdim etadilar.
Bir Ahdlashayotgan Tomon tovarlari, transport vositalari boshqa Ahdlashayotgan Tomon davlat hududidan oʻtayotganda boj poshlinasi undirmaydi, shuningdek, tranzit munosabatida belgilanadigan soliqlar va boshqa yigʻimlar solinmaydi.
13-modda
Ahdlashayotgan Tomonlar ishga oid amaliyotga noinsoflarcha munosabatda boʻlishni mazkur Bitim maqsadiga mos emasligini tan oladilar hamda uning quyidagi metodlariga yoʻl qoʻymaslikni va bartaraf etishni zimmalariga oladilar:
Ahdlashayotgan Tomonlar davlatlari hududlarida raqobatga toʻsqinlik qilish yoki uni cheklashni yoki uning shartlarini buzishni maqsad qilib qoʻygan korxonalar oʻrtasidagi shartnomalar, korxonalar birlashmalari tomonidan qabul qilingan qarorlar va ishga oid amaliyotning umumiy metodlari;
bir yoki bir necha korxonalarni Ahdlashayotgan Tomonlar davlatlarining butun hududida yoki uning sezilarli qismida raqobatni cheklab oʻz ustunlik holatidan foydalanish harakatlari.
14-modda
Har bir Ahdlashayotgan Tomon tovarlar eksporti munosabatida shu tovarlar ishlab chiqarilgan boshqa Ahdlashayotgan Tomon davlat tartibga solish chora-tadbirlarini qoʻllayotgan tovarlarning ruxsatsiz reeksport qilinishiga yoʻl qoʻymaydi. Ahdlashayotgan Tomonlar ruxsatsiz reeksport qilish taqiqlanadigan tovarlar roʻyxatini belgilaydilar, shuningdek, davlat tomonidan tartibga solish chora-tadbirlari qoʻllaniladigan tovarlar roʻyxatini oʻzaro almashadilar.
Bunday tovarlarni uchinchi mamlakatlarga reeksport qilish faqat shu tovarlar ishlab chiqarilgan davlat vakolatli organining yozma roziligi va u belgilaydigan shartlarda amalga oshirilishi mumkin.
15-modda
Ahdlashayotgan Tomonlar tashqi iqtisodiy aloqalarni, shu jumladan, savdo, investitsiya, soliq solish, bank hamda sugʻurta faoliyati va boshqa xizmatlar, transport va bojxona masalalari, Ahdlashayotgan Tomonga daxldor boj statistikasi masalalari boʻyicha ham ichki huquqiy tartibga solish toʻgʻrisidagi axborotni muntazamlik asosida almashib turadilar.
Ahdlashayotgan Tomonlar mazkur Bitimning bajarilishiga taʼsir etishi mumkin boʻlgan milliy qonunchilikdagi oʻzgartirishlar toʻgʻrisida bir birlarini tezlik bilan xabardor qiladilar.
Ahdlashayotgan Tomonlarning vakil qilingan organlari bunday axborotni almashish tartibini kelishib oladilar.
Mazkur modda qoidalari:
har ikkala Ahdlashayotgan Tomonlar vakolatli organlarini Ahdlashayotgan Tomonlardan birining qonunchiligiga koʻra yoki oddiy maʼmuriy amaliyot jarayonida olish mumkin boʻlmagan axborotni;
birorta savdo, tadbirkorlik, sanoat, tijorat yoki kasb-korlik sirini oshkor etuvchi axborotni berishni majburlovchi tarzida talqin qilmaydi;
16-modda
Ikki tomonlama iqtisodiy munosabatlarni tarifli yoki notarif tartibga solish chora-tadbirlarini amalga oshirishda statistika axborotini almashish, boj tartib-qoidalarini oʻtkazishda Ahdlashayotgan Tomonlar Tovarlarni tavsiflash va kodlashning uygʻunlashgan tizimiga hamda Yevropa Iqtisodiy hamjamiyatining kombinatsiya qilingan tarif-statistika nomenklaturasiga asoslangan yagona toʻqqizta raqamli Tashqi iqtisodiy faoliyat tovar nomenklaturasidan (TIF TN) foydalanadilar. Bunda Ahdlashayotgan Tomonlar oʻz ehtiyojlari uchun
zarur boʻlgan hollarda Tovar nomenklaturasini toʻqqizta raqam doirasidan tashqarida rivojlantirishni amalga oshiradilar.
Tovar nomenklaturasining etalon nusxasini yuritish oʻzaro kelishilgan asosda tegishli xalqaro tashkilotlarda bor boʻlgan vakilliklar orqali amalga oshiriladi.
17-modda
Ahdlashayotgan Tomonlar uchinchi mamlakatlarga nisbatan eksport nazoratining kelishilgan siyosatini amalga oshirish maqsadida muntazam maslahatlashuvlarni amalga oshiradilar va eksport nazoratining samarali tizimini yaratish maqsadida oʻzaro kelishilgan chora-tadbirlarni koʻradilar.
18-modda
Mazkur Bitimdagi hech narsa Ahdlashayotgan Tomonlardan birortasiga uchinchi mamlakatlar bilan munosabatlar oʻrnatishiga, shu Ahdlashayotgan Tomon ishtirokchisi boʻlgan yoki boʻlmoqchi boʻlgan qandaydir boshqa xalqaro bitimga koʻra zimmasiga olgan majburiyatlarni bajarishiga, agar bu munosabat va majburiyatlar mazkur Bitim qoida va maqsadlariga zid boʻlmasa, toʻsqinlik qilmaydi.
19-modda
Ahdlashayotgan Tomonlar oʻrtasida mazkur Bitim qoidalarini talqin qilish yoki qoʻllash borasidagi bahslar muzokaralar olib borish yoʻli bilan hal etiladi.
Ahdlashayotgan Tomonlar oʻzaro savdoda nizoli vaziyatlarni keltirib chiqarmaslikka harakat qiladilar.
Ahdlashuvchi Tomonlar ikkala davlat xoʻjalik subyektlari oʻrtasida tijorat kontraktlari yoki bitimlarini talqin qilish yoki qoʻllashda yuzaga kelgan bahslarni, agar ularni maslahatlashuvlar va muzokaralar olib borish yoʻli bilan hal qilish mumkin boʻlmagan holda va, agar boshqachasi belgilanmagan boʻlsa, Ahdlashayotgan Tomon davlati hududida yoki kontraktni imzolagan Tomonlar belgilaydigan uchinchi davlatlar hududida tashkil etiladigan arbitraj sudlar (doimiy yoki “ab hoc”) ning mutlaq vakolatiga aylanishini belgilaydilar.
Har bir Ahdlashayotgan Tomon oʻz davlati hududida milliy qonunchilik va xalqaro huquq normalariga muvofiq arbitraj qarorlarini tan olish hamda ularni bajarishning samarali vositalari boʻlishini taʼminlaydilar.
20-modda
Mazkur Bitim maqsadlarini amalga oshirish va ikkala mamlakat oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni takomillashtirishga oid takliflarni ishlab chiqish uchun Ahdlashayotgan Tomonlar
Oʻzbekiston — Turkmaniston qoʻshma komissiyasini taʼsis etishga rozilik bildirdilar. Komissiya ishining reglamenti Ahdlashayotgan Tomonlar oʻrtasida alohida Protokol bilan belgilanadi.
21-modda
Ahdlashayotgan Tomonlar bir-birlarining davlat hududlarida savdo-iqtisodiy vakolatxonalarni har bir Ahdlashayotgan Tomon milliy qonunchiligiga muvofiq ochishlari mumkinligini kelishib oldilar.
22-modda
Mazkur Bitimga zarur boʻlgan hollarda Ahdlashayotgan Tomonlar roziligi bilan oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
23-modda
Mazkur Bitim Ahdlashayotgan Tomonlar tomonidan uning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan barcha rasmiyatchiliklar bajarilganligi toʻgʻrisida yozma xabar olingan oxirgi kundan boshlab kuchga kiradi.
Mazkur Bitim Ahdlashayotgan Tomonlardan birining uning amalda boʻlishini toʻxtatish toʻgʻrisidagi maqsadi yozma holda xabar qilingan kundan boshlab oʻn ikki oy oʻtgach oʻz kuchini yoʻqotadi.
Mazkur Bitimning amalda boʻlishi toʻxtatilganda uning qoidalari ikkala Ahdlashayotgan Tomonlar xoʻjalik faoliyati subyektlari oʻrtasida tuzilgan, ammo u amalda boʻlgan davrda bajarilmagan kontraktlarga nisbatan ular toʻliq bajarilmagunga qadar, biroq besh yildan koʻp emas, qoʻllanilaveradi.
1996-yil 16-yanvarda, Chorjoʻy shahrida, ikki nusxada, har biri oʻzbek, turkman va rus tillarida tuzildi, barcha matnlar bir xil kuchga egadir.
Mazkur Bitimni talqin qilishda rus tilidagi matndan foydalaniladi.
(imzolar)
