Soliq qonunlarini buzishlarga qarshi kurash sohasidagi hamkorlik va axborot bilan almashib turish toʻgʻrisida
15.02.1996
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Qozogʻiston Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Qozogʻiston Respublikasi Hukumati (bundan keyingi oʻrinlarda “Tomonlar” deyiladi) amaldagi qonunlarga va oʻz davlatlarining xalqaro majburiyatlariga rioya etib,
soliqlar sohasidagi jinoyatlar va huquqbuzishlarni aniqlash, oldini olish va bartaraf qilish bilan bogʻliq vazifalarni samarali hal qilishdan oʻzaro manfaatdor ekanliklaridan kelib chiqib,
ushbu maqsadlarda barcha huquqiy va boshqa imkoniyatlardan foydalanilishiga muhim ahamiyat berib,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda Bitim mavzusi
1. Tomonlarning vakolatli organlarining ularning vakolat doirasiga kiradigan soliqlar sohasidagi jinoyatlar va huquqbuzishlarni aniqlash, oldini olish va bartaraf qilish boʻyicha samarali kurashni tashkil etish maqsadidagi hamkorligi mazkur Bitimning mavzui hisoblanadi.
2. Mazkur Bitim fuqarolik va jinoiy ishlar boʻyicha huquqiy yordam koʻrsatish toʻgʻrisidagi amaldagi xalqaro bitimlarga taalluqli boʻlmaydi.
2-modda Vakolatli organlar
Mazkur Bitim maqsadlarida quyidagi idoralar Tomonlarning vakolatli organlari hisoblanadilar:
Oʻzbekiston Tomonidan — Oʻzbekiston Respublikasining Davlat soliq Qoʻmitasi;
Qozogʻiston Tomonidan — Qozogʻiston Respublikasi Moliya vazirligining Bosh soliq inspeksiyasi.
Tomonlarning vakolatli organlarining rasmiy nomlari oʻzgargani holda ular bu toʻgʻrisida bir-birlariga darhol xabar qiladilar.
3-modda Hamkorlik shakllari
Tomonlar mazkur Bitim doirasida hamkorlikning quyidagi shakllaridan foydalanadilar:
yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan sodir qilingan soliqlarga doir jinoyatlar va huquqbuzishlar toʻgʻrisidagi axborot bilan almashib turish;
soliqlar sohasidagi jinoyatlar va huquqbuzishlarni aniqlash, oldini olish va bartaraf qilishga qaratilgan tadbirlarni oʻtkazish masalalari yuzasidan bahamjihat harakat qilish;
jismoniy va yuridik shaxslarni soliqqa tortish bilan bogʻliq hujjatlarning tasdiqlangan nusxalarini belgilangan tartibda taqdim etish;
milliy soliq tizimlari, soliq qonunlariga kiritilgan oʻzgartishlar va qoʻshimchalar toʻgʻrisidagi axborot, shuningdek soliqlarga doir jinoyatlar va huquqbuzishlarga qarshi kurash boʻyicha uslubiy tavsiyanomalar bilan almashib turish;
soliqlarga doir jinoyatlar va huquqbuzishlarga qarshi kurashda qoʻllaniladigan axborot tizimlarini barpo etish va ularning amal qilishiga doir tajribalarni almashib turish;
hamkorlik jarayonida vujudga keladigan masalalarga doir faoliyatni muvofiqlashtirib turish, shu jumladan ishchi guruhlarini tuzish, vakillar, ekspertlar bilan almashinish va kadrlarni oʻqitish;
soliqlar sohasidagi jinoyatlar va huquqbuzishlarga qarshi kurash muammolari yuzasidan ilmiy-amaliy konferensiyalar va seminarlar oʻtkazish.
Tomonlarning vakolatli organlari mazkur Bitimni bajarish bilan bogʻliq masalalar boʻyicha bevosita bir-birlari bilan muloqot qilib turadilar.
4-modda Soliqlarga doir jinoyatlar va huquqbuzishlar toʻgʻrisidagi axborot bilan almashib turish
1. Soliqlarga doir jinoyatlar va huquqbuzishlar toʻgʻrisidagi axborot bilan almashib turish quyidagi maʼlumotlarning taqdim qilinishini koʻzda tutadi:
yuridik va jismoniy shaxslarning daromadlarini soliqqa tortishdan yashirishi toʻgʻrisida, bunda soliq qonunlarini buzuvchilar qoʻllangan usullar ham koʻrsatiladi;
yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan davlat va tijorat banklarida hisob raqamlarining ochilishi toʻgʻrisida, shuningdek bunday hisob raqamlaridagi mablagʻlar harakati toʻgʻrisida — yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan soliqlar sohasida huquqbuzarliklar sodir qilinganida va koʻrsatilgan maʼlumotlarni olmaguncha aybdor shaxslarni javobgarlikka tortish mumkin boʻlmagan hollarda shunday qilinadi;
soliq qonunlarini buzgan yuridik va jismoniy shaxslarning daromadlari va soliqqa tortiladigan bazaning miqdorlari toʻgʻrisida maʼlumotlar.
2. Mazkur moddaning 1-bandida koʻrsatib oʻtilgan axborotlar bir Tomonning vakolatli organi tomonidan boshqa Tomonning vakolatli organining soʻrovnomasi asosida axborotni taqdim etish soʻrovnoma talab qilinayotgan Tomonning qonunlariga va manfaatlariga zid kelmaydigan boʻlsa amalga oshiriladi.
Mabodo Tomonlardan birining vakolatli organi unda mavjud boʻlgan axborot boshqa Tomonning vakolatli organi uchun qiziqarli boʻlishi mumkin deb hisoblasa, unda u bunday axborotni oʻz tashabbusiga koʻra ham taqdim etishi mumkin.
5-modda Tadbirlarni oʻtkazish
Tomonlarning vakolatli organlarining soliqlar sohasidagi jinoyatlar va huquqbuzishlarni aniqlash, oldini olish va bartaraf etishga doir tadbirlarni oʻtkazishdagi bunday jinoyatlar yoki huquqbuzishlarni amalga oshirgan yoki ularni amalga oshirganlikda shubhalanayotgan shaxslarga nisbatan bahamjihat harakati birgalikdagi rejalashtirishni, kuchlar va vositalardan foydalanishni, bunday tadbirlarning borishi va ular natijalari haqidagi axborotlar bilan almashishni oʻz ichiga oladi.
6-modda Hujjatlarning nusxalarini taqdim etish
Tomonlarning vakolatli organlari soʻrovnomalar boʻyicha yuridik va jismoniy shaxslarni soliqqa tortishga doir hujjatlar (schyotlar, fakturalar, yukxatlar, shartnomalar, bitimlar, sertifikatlar, maʼlumotnomalar va boshqa zarur hujjatlar)ning, shuningdek soliqlarga doir jinoyatlar va huquqbuzishlarga taalluqli masalalarga oid hujjatlarning nusxalarini bir-birlariga taqdim etadilar. Nusxalar soʻrovnoma talab qilinayotgan vakolatli organning vakil qilingan shaxsining imzosi va organning muhri bilan tasdiqlanadi.
7-modda Huquqiy tusdagi materiallar bilan almashish
Tomonlarning vakolatli organlari milliy soliq tizimlari, soliq qonunlaridagi oʻzgartirishlar, jinoyatlarni tergov qilishning va soliq qonunlari sohasidagi maʼmuriy huquqni buzishlarga doir ishlarni yurgizishning huquqiy asoslari toʻgʻrisidagi axborotlar bilan muntazam negizda almashib turadilar.
8-modda Axborot taʼminoti masalalari boʻyicha hamkorlik
Tomonlarning vakolatli organlari soliqlarga doir jinoyatlar va huquqbuzishlarga qarshi kurashni tashkil etishda axborot tizimlarini barpo etish va bunday tizimlarning amal qilishi masalalari boʻyicha uslubiyot va ilmiy materiallar bilan almashib turadilar, ularning hujjatxona (arxiv)larida va maʼlumotlar banklarida mavjud boʻlgan axborotlarni mazkur Bitimga muvofiq bir-birlariga haq olmasdan taqdim etadilar.
9-modda Kadrlarni tayyorlash sohasida tajriba almashish va hamkorlik
Tomonlarning vakolatli organlari kadrlarni oʻzlarining oʻquv yurtlari negizida oʻqitish va qayta tayyorlash, soliqlarga doir jinoyatlar va huquqbuzishlarga qarshi kurashning dolzarb masalalariga doir birgalikdagi ilmiy tadqiqotlarni oʻtkazish sohalarida hamkorlik qiladilar, shuningdek ekspertlar bilan almashib turadilar.
Mazkur modda doirasidagi hamkorlikni amalga oshirishning aniq shakllari va shu jumladan ularni mablagʻ bilan taʼminlash Tomonlarning vakolatli organlari oʻrtasida tuziladigan tegishli bitimlarga muvofiq belgilanadi.
10-modda Soʻrovnoma shakli va mazmuni
1. Axborotni olish uchun soʻrovnoma yozma shaklda yoki teletayp, faksimile yoki kompyuter aloqasidan foydalanish vositasida berilishi lozim.
Zudlik bilan bajarilishi talab qilinadigan hollarda telefon aloqasi vositasida beriladigan ogʻzaki soʻrovnomadan foydalanilishi mumkin, lekin u darhol yozma shaklda tasdiqlab qoʻyilishi lozim.
Teletayp, faksimile yoki kompyuter aloqasidan foydalanilganida, shuningdek soʻrovnomaning haqiqiyligi yoki mazmuni jihatidan shubha paydo boʻlganida soʻrovnomaga javob berishi kerak boʻlgan vakolatli organ bunday soʻrovnomaning yozma shaklda tasdiqlangan holda berilishini talab qilishi mumkin.
Soʻrovnomaning yozma shakli vakolatli organning bosma ish qogʻozida, uning tamgʻali muhri bosilgan va rahbari tomonidan imzolangan holda yuboriladi.
2. Axborotni olish uchun Soʻrovnomaning mazmuni quyidagilardan iborat boʻladi:
soʻrovnoma yuborayotgan vakolatli organning nomi;
soʻrovnomaga javob berishi kerak boʻlgan vakolatli organning nomi;
soʻrovnoma mohiyatining bayoni va uni soʻrash uchun asos, shuningdek uni ijro etish uchun zarur boshqa maʼlumotlar.
Jinoiy ishlar boʻyicha axborotni olish uchun soʻrovnomada bulardan tashqari yana quyidagilar koʻrsatiladi:
sodir qilingan jinoyatning faktik holatlari bayoni;
sodir qilingan jinoyatning xususiyati;
keltirilgan zarar miqdori.
11-modda Soʻrovnomaning bajarilishi
1. Soʻrovnoma 10 kunlik muddat mobaynida bajariladi. Soʻrovnomaga javob berishi kerak boʻlgan vakolatli organ soʻrovnomani ijro etish uchun zarur boʻlganida aniqlash tartibida qoʻshimcha axborotlarni talab qilishi mumkin.
2. Soʻrovnomani bajarish imkoniyati boʻlmagan hollarda soʻrovnomaga javob berishi kerak boʻlgan vakolatli organ soʻrovnomani yuborgan vakolatli organga 10 kunlik muddat ichida bu haqda sabablarni koʻrsatgan holda xabar qiladi.
Soʻrovnomaning bajarilishi davlatning mustaqilligiga yoki xavfsizligiga zarar yetkazishi mumkin boʻlsa yoxud soʻrovnomaga javob berishi kerak boʻlgan vakolatli organ tobe boʻlgan davlatning qonunlariga zid boʻlsa, soʻrovnomani ijro etish rad qilinadi.
Soʻrovnomani ijro etishni rad qilish sabablari toʻgʻrisida soʻrovnomani yuborgan vakolatli organ yozma ravishda xabardor qilinadi.
12-modda Soʻrovnomani ijro etishda bahamjihat harakat
Soʻrovnomaga javob berishi kerak boʻlgan vakolatli organ soʻrovnomani yuborgan vakolatli organning ishonchli vakillariga, mabodo shunday hol uning davlatining qonunlariga zid kelmaydigan boʻlsa, oʻz davlati hududida Soʻrovnomaning ijro qilinishida ishtirok etishiga ruxsat berishi mumkin.
13-modda Tillar
Axborotni olish uchun soʻrovnoma va unga javob oʻzaro kelishuv boʻyicha rus tilida yoziladi.
14-modda Axborotdan foydalanish
Tomonlarning vakolatli organlari soliqlar sohasidagi jinoyatlar va huquqbuzishlarni aniqlash, oldini olish va bartaraf etish bilan bogʻliq masalalarga tegishli boʻlgan axborotning maxfiy tutilishiga kafolat beradilar.
Mazkur Bitim doirasida olingan axborot bunday axborotni taqdim etgan vakolatli organning yozma shakldagi roziligisiz uchinchi tomonga berilishi mumkin emas.
15-modda Xarajatlar
Tomonlarning vakolatli organlari mazkur Bitimning oʻz davlatlari hududida ijro etilishi bilan bogʻliq xarajatlarni sarflaydilar. Qoʻshimcha xarajatlarning sarflanishini talab qiladigan soʻrovnomalar olingan hollarda ularni mablagʻ bilan taʼminlash haqidagi masala Tomonlarning vakolatli organlari tomonidan oʻzaro kelishuvga binoan koʻrib chiqiladi.
Tomonlarning vakolatli organlari, mabodo ular oʻrtasida boshqacha tartib haqida kelishib olinmagan boʻlsa, Soʻrovnomaning ijro etilishida talab qilinishi mumkin boʻlgan tarjimonlarning xizmatiga haq toʻlash uchun sarflagan xarajatlarini qoplaydilar.
Oldindan rejalashtirilgan uchrashuvlarda, mabodo boshqacha yozma ravishdagi shartlashish mavjud boʻlmasa, qabul qilayotgan vakolatli organ oʻzga vakolatli organ delegatsiyasining oʻz davlati hududida qabul qilinishini taʼminlaydi va qabul qilish bilan bogʻliq xarajatlarni toʻlaydi, delegatsiyani yuborayotgan vakolatli organ esa delegatsiyaning safarga borib kelishi bilan bogʻliq barcha xarajatlarni oʻz zimmasiga oladi.
Navbatdan tashqari uchrashuvlar oʻtkazilishida bunday uchrashuv oʻtkazilishi uchun tashabbuskor boʻlgan vakolatli organ barcha xarajatlarni oʻz zimmasiga oladi.
16-modda Munozarali masalalarning hal qilinishi
Tomonlar mazkur Bitimning qoidalarini talqin etish va qoʻllash munosabati bilan vujudga kelishi mumkin boʻlgan hamma munozarali masalalarni maslahatlashish va muzokaralar yuritish yoʻli bilan hal qiladilar.
17-modda Oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritish
Prinsipial tusga ega boʻlmagan barcha oʻzgartirishlar va qoʻshimchalarning kiritilishi mazkur Bitimning yangi tahririni imzolash yoʻli bilan amalga oshiriladi.
Prinsipial tusga ega boʻlgan oʻzgartirishlar va qoʻshimchalarning kiritilishi davlatning ichki rusum-qoidalari bajarilganidan soʻng amalga oshirilgan deb hisoblanadi.
18-modda Bitimning kuchga kirishi va oʻz kuchini tugatishi
Mazkur Bitim Tomonlarning ularning milliy qonunlarida nazarda tutilgan davlatning ichki rusum-qoidalarining bajarilganligi haqida soʻnggi yozma xabarni olgan vaqtidan boshlab kuchga kiradi.
Mazkur Bitim besh yillik muddatga tuziladi va, agar Tomonlardan biri olti oylik muddat qolgan vaqtdan kechikmasdan boshqa Tomonni oʻzining Bitim kuchini tugatmoqchi ekanligi haqida xabardor qilmasa, u avtomatik tarzda yana navbatdagi besh yillik muddatlarga uzaytiriladi.
Almata shahrida 1996-yil 15-fevralda har biri oʻzbek, qozoq va rus tillarida boʻlgan ikki nusxada imzolandi, bunda hamma matnlar ham bir xil kuchga ega.
(imzolar)
