2015-yilda ish oʻrinlari yaratish va aholi bandligini taʼminlash Dasturini tasdiqlash toʻgʻrisida (151-24-son)
16.12.2014
Samarqand viloyati xalq deputatlari Urgut tuman Kengashining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining “2014-yilda ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturi toʻgʻrisida”gi qarorini bajarish maqsadida tumanda tizimli ishlar tashkil etib kelinmoqda.
Jumladan, 2014-yilniig oʻn bir oyi mobaynida ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturining tasdiqlangan parametrlariga muvofiq 9431 ta ish oʻrni tashkil etilishi koʻzda tutilgan boʻlib, yanvar –– noyabr oylarida 9508 ta (11 oylik prognoziga nisbatan 100.8 foiz) ish oʻrinlari tashkil etildi.
Tashkil etilgan ish joylarida birinchi navbatda kollej bitiruvchilari, ishsiz xotin-qizlar, tashqi mehnat migratsiyasidan qaytgan fuqarolar hamda boshqa iqtisodiy nochor fuqarolarni ishga joylashtirishga alohida eʼtibor qaratiladi.
Amalga oshirilgan ishlar natijasida, ish oʻrinlariga ehtiyoj yuqori boʻlgan hamda mehnat resurslari ortiqchaligi kuzatilgan Qoratepa, Yangiariq va Hamza qishloq fuqarolar yigʻinlarida ishsizlik darajasining pasayishi taʼminlandi.
Hisobot davrida 1462 ta kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarida 566 ta ish joylari, shundan tumanning sanoat salohiyatini oshirish dasturi boʻyicha 31 ta subyektda 494 ta, iqtisodiy nochor va zarar koʻrib ishlayotgan past rentabelli va kam quvvatli korxonalarni moliyaviy sogʻlomlashtirish hisobiga 13 ta subyektda 72 ta ish joylari tashkil etilgan.
Ish oʻrinlarini yaratish manzilli roʻyxatiga kiritilgan dastur ijrosi joriy yilning yanvar –– noyabr oylarida yakka tartibdagi tadbirkorlikni rivojlantirish sohasida Ilonli QFY (94,8 foiz), Hamza QFY (93,6 foiz), milliy hunarmandchilik yoʻnalishida Yangiariq QFY (96,3 foiz), ishlab chiqarish, ijtimoiy va bozor infratuzilmasini rivojlantirish yoʻnalishida Qoratepa QFY (97,4 foiz) da dastur yoʻnalishlari bajarilmasdan qolgan.
Joriy yilda yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarni bartaraf etish va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senatining “2015-yilda ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturi toʻgʻrisida”gi qarori talablarini toʻliq bajarilishini taʼminlash maqsadida xalq deputatlari tuman Kengashi qaror qiladi:
1. Tumanda 2015-yilda “Ish oʻrinlari yaratish va aholi bandligini taʼminlash” Dasturi ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* Ilova berilmaydi.
2. Tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi (M. Xoliqov) tumandagi kasb-hunar kollejlari direktorlari va manfaatdor korxona va tashkilotlar bilan birgalikda joriy yilda kasb-xunar kollejlari bitiruvchilarini toʻliq ishga joylashtirish boʻyicha chora-tadbirlari bajarilishini taʼminlasin.
3. 2015-yil uchun belgilangan ish oʻrinlarining hunarmandchilikni rivojlantirish yoʻnalishi boʻyicha yaratiladigan ish oʻrinlari mahalla fuqarolar yigʻini tomonidan hisobga olinib, belgilangan formada tuman ishchi komissiyasiga taqdim etib borilsin.
4. Xalq deputatlari tuman Kengashi, tegishli doimiy komissiyalariga:
2015-yilda ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturi bajarilishini sessiyalarda va doimiy komissiyalarining majlislarida muhokama qilish jarayonini ommaviy axborot vositalarida, shu jumladan Internet tarmogʻi orqali keng yoritilishini taʼminlash;
Doimiy komissiyalarining majlislarida 2015-yilda ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturi bajarilishi uchun masʼul boʻlgan tashkilotlar rahbarlarining hisobotlarini eshitib borish, bunda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni, xizmatlar va servis sohasini, uy mehnatining barcha shakllarini, yangi ishlab chiqarish obyektlarini rivojlantirishga hamda infratuzilma obyektlarini qurish va ishlab turganlarini kengaytirishga, ishlamayotgan korxonalar faoliyatini qayta tiklashga alohida eʼtibor qaratish tavsiya etilsin.
5. Tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi (M. Xoliqov), iqtisodiyot boʻlimi (Sh. Razzoqov), Statistika boʻlimi (D. Tursunqulov), tumandagi kasb-hunar kollejlari direktorlari hamda manfaatdor korxonalar va tashkilotlar bilan birgalikda ushbu qarorni ijro etishning borishi toʻgʻrisida 2015-yil 15-yanvarga qadar axborot taqdim etsinlar.
6. Mazkur qaror 2015-yil 1-yanvardan boshlab kuchga kiradi.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Xalq deputatlari Urgut tuman Kengashining Mahalliy budjetni shakllantirish va ijro etish, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish hamda tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari boʻyicha doimiy komissiyasi raisi Sh. Boboyev va tuman hokimining iqtisodiyot va ijtimoiy rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari R. Madarov zimmasiga yuklansin.
Xalq deputatlari tuman Kengashining raisi H. OQBOʻTAYEV
Urgut t.,
2014-yil 16-dekabr,
151-24-son
