Shahardagi ayrim geografik obyektlarning nomlari toʻgʻrisida (181-30-son)
15.12.2014
Samarqand viloyati xalq deputatlari Samarqand shahar Kengashining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 31-yanvardagi “Oʻzbekiston Respublikasi Qonunchilik palatasi va Oliy Majlis Senatining “Samarqand viloyatining Samarqand shahar, Oqdaryo va Samarqand tumanlari chegaralariga oʻzgartish kiritish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 20-sonli qarori ijrosini taʼminlash maqsadida shahar tarkibiga yangidan qoʻshilgan mahallalar hududlarida bir qator tashkiliy, madaniy maʼrifiy hamda ijtimoiy-iqtisodiy chora-tadbirlar, shuningdek obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish, aholi va uy-joylar hisobini tartibga solish yuzasidan muayyan ishlar amalga oshirilgan.
Biroq, ayrim koʻchalar nomlanishi masalasi hanuzgacha oʻz yechimini topmagan. Ayni shu maqsadda, mahallalar tomonidan joy nomlarini milliy istiqlol mafkurasiga monand ravishda oʻzgartish, jumladan, eski tuzum davridan saqlanib qolgan, xalqimiz tarixi va anʼanalari bilan bogʻliq boʻlmagan joy nomlarini oʻzgartish lozim boʻlgan mahalla va koʻcha nomlari boʻyicha takliflar jamlangan.
Ushbu takliflar shahar hokimligi huzuridagi Geografik obyektlarni nomlash va qayta nomlash masalalari boʻyicha komissiyasi tomonidan Samarqand tumanidan qoʻshilgan mahalla fuqarolar yigʻinlari vakillari va keng jamoatchilik ishtirokida keng oʻrganib, muhokama qilingan. Taqdim qilingan bayonnomaga asosan, ayrim nomsiz koʻchalarga yangi nomlar berish hamda shahardagi ikkita bir xildagi mahalla fuqarolar yigʻinlarining nomlarini oʻzgartish toʻgʻrisida taklif-tavsiyalar ishlab chiqilgan.
Oʻzbekiston Respublikasidagi Geografik obyektlarni nomlash va qayta nomlash masalalari boʻyicha Respublika komissiyasi majlisining 2005-yil 26-yanvardagi 07-5-11-sonli va viloyat hokimligining 2013-yil 29-iyundagi 04/3-260-sonli yigʻilish bayoni asosida hamda shahar Geografik obyektlarni nomlash va qayta nomlash masalalari boʻyicha komissiyasi tomonidan tavsiya etilgan takliflarni oʻrganib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasining “Geografik obyektlarning nomlari toʻgʻrisida”gi Qonuni hamda Vazirlar Mahkamasining “Shaharlar, posyolkalar, qishloqlar va ovullarning mahallalarini tuzish, birlashtirish, boʻlish va tugatish, shuningdek ularning chegaralarini belgilash va oʻzgartish, ularga nom berish va ularning nomini oʻzgartish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 48-sonli qarori talablariga asoslanib, Xalq deputatlari shahar Kengashi qaror qiladi:
1. Shahar Geografik obyektlarni nomlash va qayta nomlash masalalari boʻyicha komissiyasi bayonnomasida qayd qilingan hamda ayrim nomsiz koʻchalarga yangi nom berish, ikkita bir xildagi mahalla fuqarolar yigʻinlarining nomlarini oʻzgartish, nomlari oʻzgarmaydigan mahalla fuqarolar yigʻinlari va shaharchalarni qayd etish borasidagi taklif-tavsiyalari ilovalarga* asosan tasdiqlansin.
* Ilovalar berilmaydi.
2. Xalq deputatlari Samarqand viloyat Kengashidan ushbu takliflarni koʻrib chiqish va tasdiqlash soʻralsin.
3. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan boshlab kuchga kiradi.
4. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish xalq deputatlari shahar Kengashining Qonuniylik, huquq tartibot va fuqarolar xavfsizligini taʼminlash masalalari boʻyicha doimiy komissiyasi (Sh. Shamsiyev) va shahar hokimining oʻrinbosari U. Nazarovlar zimmalariga yuklatilsin.
Xalq deputatlari shahar Kengashining raisi A. ShUKUROV
Samarqand sh.,
2014-yil 15-dekabr,
181-30-son
