Guliston tumanida 2014-yilda ish oʻrinlarini tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturini tasdiqlash toʻgʻrisida (23-22-son)
27.08.2013
Sirdaryo viloyati Xalq Deputatlari Guliston tuman Kengashining
Qarori
Xalq deputatlari Guliston tumani Kengashining 2013-yil 12-yanvardagi 16-1-sonli qarori bilan tasdiqlangan 2013-yilda yangi ish joylarini yaratish va aholi bandligini taʼminlash borasida ishlab chiqilgan tuman dasturiga muvofiq joriy yilda 3876 ta yangi ish oʻrinlari yaratish belgilangan boʻlib, oʻtgan 7 oy davomida 2385 ta yangi ish oʻrinlari yaratildi.
Xalq deputatlari Guliston tuman Kengashi 2014-yilda yangi ish joylarini yaratish va aholi bandligini taʼminlash borasida ishlab chiqilgan tuman dasturini atroflicha koʻrib chiqib va muhokama etib xalq deputatlari tuman Kengashining sessiyasi qaror qiladi:
1. Guliston tumanida 2014-yilda yangi ish joylar yaratish va aholi bandligi taʼminlash dasturining asosiy maqsadi va mohiyati toʻgʻrisida tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi direktori Q. Shodmonovning axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. 2014-yilda yangi ish joylarini yaratish va aholi bandligi taʼminlash borasida ishlab chiqarilgan tuman dasturi ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* Ilova berilmaydi.
3. Tuman hokimining oʻrinbosarlari, mutasaddi korxona va tashkilotlar rahbarlariga:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan joriy yilning 18-yanvarida Respublika hukumati majlisida belgilab berilgan va belgilangan makroiqtisodiy koʻrsatkichlarga erishishni, iqtisodiyotni va mahalliy ishlab chiqaruvchilarni raqobatbardoshligini oshirishni, ishlab chiqishni, transport va muhandislik kommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish va modernizatsiyalashni, aholini bandligini va farovonligini oshirishni taʼminlashga yoʻnaltirilgan mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturining eng muhim ustuvor vazifalarini roʻyobga chiqarish iqtisodiyotning yuqori va barqaror oʻsish surʼatlarini saqlab qolishga, makroiqtisodiy barqarorlikni yanada mustahkamlashga va shu asosda dasturlar ijrosini toʻliq taʼminlash hisobiga dasturda belgilangan aholi bandligini oshirish va ish oʻrinlarini tashkil etish parametrlarini soʻzsiz ijrosini taʼminlash;
yangi ishlab chiqarish obyektlarini ishga tushirish, mavjud korxonalarni kengaytirish va quvvatlarini yangilash, kichik korxona va mikrofirmalarni tashkil etish, yakka tartibdagi tadbirkorlikni rivojlantirish, uy mehnatining barcha shakllarini, shu jumladan korxonalar bilan kooperatsiyada mehnat shartnomalari asosida kasanachilikni rivojlantirish, fermer xoʻjaliklarini ishlab chiqarish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish, ishlamasdan turgan iqtisodiy nochor, zarar koʻrib ishlayotgan korxonalar faoliyatini tiklash, moliyaviy sogʻlomlashtirish, bozor infratuzilmalarini rivojlantirish vazifalari yuklatilsin.
4. Tuman kengashining doimiy komissiyalariga:
tumanda 7 ta ustuvor yoʻnalishlar asosida moʻljallangan dasturidan kelib chiqib, ishlab chiqilgan chora-tadbirlar rejasida belgilangan vazifalarning soʻzsiz ijro etilishi ustidan deputatlik nazoratini oʻrnatsinlar;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 28-noyabrdagi PF-4058-sonli “Iqtisodiyotning real sektori korxonalarini qoʻllab-quvvatlash, ularning barqaror ishlashini taʼminlash va eksport salohiyatini oshirish chora-tadbirlari dasturi toʻgʻrisida”gi Farmonining ijrosini taʼminlash yuzasidan komissiya yigʻilishlarida tuman hokimligi va tashkilotlari rahbarlarining hisobotlarini eshitib borish vazifasi topshirilsin;
Mamlakatimizda qabul qilingan qarorlar va dasturlar ijrosini taʼminlash yuzasidan koʻrilayotgan choralarni har bir deputat oʻzining saylov okrugida keng targʻib qilish, mazmun mohiyatini xalqqa tushuntirish, tashviqot-targʻibot ishlarini olib borish vazifasi yuklatilsin;
tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi direktori (Q. Shodmonov) hamda oʻrta-maxsus kasb-hunar kollejlari rahbarlariga 2013-2014 oʻquv yili bitiruvchilarining toʻliq bandligini taʼminlash vazifalari topshirilsin hamda ushbu topshiriqlarning ijrosini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan har oyda tuman hokimligiga axborot berib borilsin.
5. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish tuman hokimining oʻrinbosari A. Toshpoʻlatov hamda xalq deputatlari tuman Kengashining doimiy komissiyalari raislari zimmasiga yuklatilsin.
6. Mazkur qaror rasman eʼlon qilingan kundan eʼtiboran qonuniy kuchga kiradi.
Xalq deputatlari tuman Kengashining raisi A. XUSANBOYEV
Guliston t.,
2013-yil 27-avgust,
23-22-son
