Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasining “Soliq va budjet siyosatining 2015-yilga moʻljallangan asosiy yoʻnalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida” 2014-yil 4-dekabrdagi OʻRQ-379-son Qonuni) (372-son)
31.12.2014
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasining “Soliq va budjet siyosatining 2015-yilga moʻljallangan asosiy yoʻnalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida” 2014-yil 4-dekabrdagi OʻRQ-379-son Qonuniga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. 2015-yil 1-yanvardan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2014-yil 31-dekabr,
372-son
Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 31-dekabrdagi 372-son qaroriga ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga 2015-yil 1-yanvardan boshlab kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 19-fevraldagi 30-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2010-y., 2-son, 11-modda) bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizomda:
a) 7-bandda:
quyidagi mazmundagi oltinchi xatboshi qoʻshilsin:
“Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 12-moddasi “b”-”j”-bandlariga muvofiq tayinlangan imtiyozli pensiyalarni toʻlashga xarajatlarni qoplash uchun mablagʻlarni yuridik shaxslardan belgilangan tartibda undirib olishni tashkil etish”;
oltinchi xatboshi yettinchi xatboshi deb hisoblansin;
b) 8-bandining “a” kichik bandida:
quyidagi mazmundagi oltinchi xatboshi qoʻshilsin:
“Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 12-moddasi “b” — “j”-bandlariga muvofiq tayinlangan imtiyozli pensiyalarni toʻlashga sarflangan mablagʻlarni yuridik shaxslardan regress daʼvolar boʻyicha belgilangan tartibda undirib oladi”;
oltinchi xatboshi yettinchi xatboshi deb hisoblansin;
v) 29-bandning birinchi xatboshidagi “Jamgʻarmaning Kuzatuvchi kengashi tomonidan” soʻzlari “Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirining qaroriga muvofiq” soʻzlari bilan almashtirilsin;
g) 33-bandning oltinchi xatboshiga “boʻlimlari boshliqlarini” soʻzlaridan keyin “Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bosh tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari raislari oʻrinbosarlarini” soʻzlari qoʻshilsin.
