Tojikiston Respublikasi Oliy Kengashining murojaatnomasi toʻgʻrisida (731-XII-son)
09.12.1992
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi Tojikiston Respublikasi Oliy Kengashining 1992-yil noyabr oyida Xoʻjand shahrida boʻlib oʻtgan XVI sessiyasining Tojikiston zaminida tinchlik va xotirjamlikni taʼminlash, hokimiyat va boshqaruvning konstitutsiyaviy idoralarini tiklash, izdan chiqqan xalq xoʻjaligini yoʻlga solishga qaratilgan tadbirlar qabul qilish, qochoqlarni doimiy yashash joylariga qaytarishga doir qarorlarini qoʻllab-quvvatlab:
1. Tojikiston Respublikasi Oliy Kengashining Yangi rahbariyati (I.Rahmonov), respublika Hukumati (A.Abdullajonov) jamiyatning barcha qatlamlariga tayanib, Tojikistondagi sogʻlom kuchlarni jipslashtirish, ichki siyosiy vaziyatni barqarorlashtirish, nizoli masalalarni tinch muzokaralar yoʻli bilan hal etish, aholini bunyodkorlik mehnatiga qaytarish uchun zarur shart-sharoit yaratib beradilar deb umid bildirdi.
2. Tojikiston Respublikasi Oliy Kengashining Rayosati, respublika Hukumati qardosh tojik xalqiga yordam koʻrsatish uchun yuborilayotgan kuchlarning xavfsizligini taʼminlaydi deb ishonch izhor etadi.
3. Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi Birlashgan qurolli kuchlarning Bosh qoʻmondonligi ixtiyoriga Tojikiston Respublikasi hududida tinchlikni taʼminlash muddaosini bajarish uchun batalyon tarkibida harbiy askarlar yuborish mumkin deb hisoblaydi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga ushbu qarorni bajarish bilan bogʻliq barcha tashkiliy masalalarni ildamlik bilan hal etishni topshiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashning Raisi Sh. YOʻLDOSHEV
Toshkent sh.,
1992-yil 9-dekabr,
731-XII-son
TOJIKISTON RESPUBLIKASI OLIY KENGASHINING OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY KENGASHIGA MUROJAATNOMASI
Muhtaram xalq noiblari!
XVI sessiyaga yigʻilgan Tojikiston Respublikasi xalq noiblari respublikaning taqdiri uchun oʻzlarining tarixiy masʼuliyatini anglab, birodarkushlik urushini qoralab va tojiklar diyorida yana tinchlik va osoyishtalik oʻrnatilishini qatʼiy yoqlab, ichki siyosiy vaziyatni barqarorlashtirish uchun negiz yaratdilar.
Ushbu sessiyada qonunning bedodlik ustidan tantana qilganligi, jamiyatni hayajonga solib turgan har qanday ijtimoiy-siyosiy muammolarni amaldagi Konstitutsiya asosida hal etishga qaytilganligi Tojikiston Respublikasi Oliy Kengashi ishining eng asosiy yutugʻi boʻldi.
Tinchlik yoʻli ogʻir va mashaqqatli boʻlishini tushunib turibmiz. Ayni vaqtda bizning boshimizga tushgan fojia insonlar hayotiga, xalq taqdiriga, Yer yuzida tinchlik va omonlikka beparvo qaramaydigan har bir kishining yuragiga qaygʻu solayotganini ham bilamiz. Tojikistonda MDHda qatnashuvchi davlatlarining, avvalo, Rossiya Federatsiyasi, Qozogʻiston Respublikasi, Oʻzbekiston Respublikasi, Qirgʻiziston Respublikasining maʼnaviy va moddiy yordami hamda madadini hamisha his etib va qadrlab kelganmiz.
Anʼanaviy va tarixiy doʻstligimiz, hamkorligimiz va oʻzaro yordam rishtalarining mustahkamligi mana shunda yaqqol namoyon boʻlmoqda.
Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligining teng huquqli aʼzosi boʻlmish Tojikiston Respublikasining Oliy Kengashi tinch aholini va hayotiy muhim inshootlarini himoya qilish maqsadida respublikada tinchlik va huquq-tartibotni tiklash manfaatlarini koʻzlab, Olmaota uchrashuvida qatnashgan MDH mamlakatlarining rahbarlariga murojaat etdi va Tojikistonga tinchlikparvar kuchlarni yuborishni soʻradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi bizning Murojaatnomamizni koʻrib chiqib hamda xalqimizning qaygʻu alamiga va azob-uqubatiga hamdard boʻlib, Tojikiston Respublikasida tinchlik va barqarorlikni saqlashning kafili boʻla oladigan qismlar va boʻlinmalarning Rossiya Qurolli Kuchlari 201-motooʻqchi diviziyasi tarkibida tinchliksevarlik vazifasini oʻtashda ishtirok etishiga rozilik beradi, deb umid qilamiz.
Tojikiston Respublikasi Oliy Kengashining XVI sessiyasida 1992-yil 1-dekabr kuni qabul etilgan
Xoʻjand shahri.
