24-modda. Oʻsimlik dunyosi obyektlari oʻsadigan muhitni muhofaza qilish
Oʻsimlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisida (543-I-son) · Sana: 26.12.1997 · Kuchini yo'qotgan
Oʻsimlik dunyosi obyektlari oʻsadigan muhitga taʼsir koʻrsatadigan faoliyat oʻsimlik dunyosi obyektlarining saqlanishini taʼminlaydigan talablarga rioya etilgan holda amalga oshirilishi lozim.
Oʻsimlik dunyosi obyektlari oʻsadigan muhitga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan ishlab chiqarish obyektlarini joylashtirish va ulardan foydalanishga, yangi texnologiyalarni joriy etish, geologiya-qidiruv ishlarini olib borish, foydali qazilmalarni qazib olishga, chorva mollar oʻtlatiladigan hamda qishloq xoʻjaligi hayvonlari haydab oʻtiladigan joylarni belgilashga davlat ekologik ekspertizasining ijobiy xulosasi mavjud boʻlganda Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Oʻrmon xoʻjaligi bosh boshqarmasi bilan kelishilgan holda yoʻl qoʻyiladi.
Oʻsimlik dunyosi obyektlari oʻsadigan muhitni himoya qilish chora-tadbirlari bilan taʼminlanmagan ishlab chiqarish obyektlarini ishga tushirish hamda texnologiyalarini qoʻllanish man etiladi.
Oʻsimliklarni himoya qilish vositalari, ularning oʻsishini tezlashtiruvchilar, mineral oʻgʻitlar va boshqa dorilarni qoʻllanish paytida oʻsimlik dunyosi obyektlari va ular oʻsadigan muhitni muhofaza qilish talablari hisobga olinishi zarur. Yuridik va jismoniy shaxslar yovvoyi oʻsimliklar nobud boʻlishining va ular oʻsadigan muhit yomonlashishining oldini olish maqsadida mazkur dorilarni tashish, saqlash va qoʻllanish qoidalariga rioya etishlari shart.
Tabiiy oʻsimliklar jamoalarida oʻsimliklarni oʻzboshimchalik bilan yoqib yuborish man etiladi.
