Intellektual mulk huquqlarini muhofaza qilish sohasida hamkorlik toʻgʻrisida
19.02.1998
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Ukraina Vazirlar Mahkamasi oʻrtasida
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Ukraina Vazirlar Mahkamasi, bundan keyin “Tomonlar” deb ataluvchilar,
ikki davlat oʻrtasida iqtisod, savdo, fan, texnika va madaniyat sohasida oʻzaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish uchun intellektual mulkni samarali muhofaza qilishning muhimligini anglab,
bunday hamkorlik uchun qulay sharoitlar yaratishni istab,
intellektual mulk huquqini muhofaza qilish sohasida hamkorlikni tenglik va oʻzaro manfaatdorlik tamoyillari asosida kengaytirish zarurligini anglab,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Ushbu Bitim maqsadlari uchun “intellektual mulk” atamasi Jahon intellektual mulk tashkilotini taʼsis etuvchi 1967-yil 14-iyulda Stokgolmda imzolangan Konvensiyaning 2-moddasida koʻrsatilgan maʼnoda tushuniladi.
2-modda
1. Tomonlar oʻz milliy qonunchiligiga va Tomonlar qatnashchilari boʻlgan xalqaro shartnoma va bitimlarga muvofiq boshqa Tomonning intellektual mulkka boʻlgan huquqlarini samarali muhofazasini taʼminlaydilar.
2. Oʻzbekiston Respublikasi va Ukraina aʼzo boʻlgan xalqaro shartnomalar bilan tartibga solinmagan intellektual mulk huquqlari muhofazasiga tegishli masalalar boʻyicha ushbu Bitim kuchga kirgan sanadan eʼtiboran bir davlatning jismoniy va huquqiy shaxslari boshqa davlat hududida shu davlat qonunchiligiga muvofiq oʻz jismoniy va huquqiy shaxslariga berilgan huquqlar va imtiyozlardan foydalanadilar.
3-modda
Ushbu Bitimning maqsadi Tomonlarning intellektual mulk huquqlarini samarali muhofazasini taʼminlash yoʻli bilan iqtisod, savdo, fan, texnologiya va madaniyat sohasida hamkorligini yanada kengaytirish va chuqurlashtirishdan iborat.
Tomonlarning hamkorligi quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
intellektual mulkka boʻlgan huquqlarning muhofazasi bilan bogʻliq masalalarni muvofiqlashtirish va ikki Tomonning tegishli idora va tashkilotlari oʻrtasida mualliflik huquqlari va unga turdosh huquqlarning muhofazasi, shuningdek sanoat mulki obyektlariga boʻlgan huquqlarning muhofazasi kabi sohalarda hamkorlik qilish toʻgʻrisida aniq bitimlar tuzishga koʻmaklashish;
huquqiy axborotlar, shuningdek ularni intellektual mulk huquqlarini muhofaza qilish sohasida qoʻllash tajribasi toʻgʻrisidagi axborot bilan almashish;
intellektual mulk sohasida savodsizlikni tugatish boʻyicha tadbirlar oʻtkazish tajribasi haqidagi axborot bilan almashish;
oʻquv, uslubiy va maxsus adabiyotlar bilan almashish;
intellektual mulk huquqlarining muhofazasi sohasida mutaxassislarni tayyorlash va ularning kasb malakasini oshirish, shu sohada tajriba bilan almashish;
xalqaro hamkorlik tajribalari va Tomonlardan har birining intellektual mulk huquqlarini muhofazasi boʻyicha koʻp tomonlama xalqaro shartnomalarda qatnashishi, shuningdek bu shartnomalar bilan bogʻliq majburiyatlarni bajarish toʻgʻrisidagi axborot bilan almashish;
ikki Tomon oʻrtasida savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnik hamkorlikning ahvoli toʻgʻrisidagi axborot bilan almashish;
intellektual mulk huquqlarning muhofazasi masalalari boʻyicha koʻrgazma, seminar va yigʻilishlar tashkil etish;
hamkorlikning Tomonlar oʻzaro kelishib olgan boshqa shakllari.
4-modda
Tomonlarning vakolatli organlari oʻrtasida tuziladigan iqtisod, sanoat, fan, texnika, madaniyat va boshqa sohalarda hamkorlik toʻgʻrisidagi bitimlarga kirgan intellektual mulk huquqlarning muhofazasi toʻgʻrisidagi nizomlari ushbu Bitimga zid boʻlmasligi kerak.
5-modda
Tomonlar intellektual mulk sohasida huquqbuzarlikning oldini olish uchun har birining amaldagi milliy qonunchiligiga va ikkala Tomon qatnashgan xalqaro shartnoma va bitimlarga muvofiq jinoiy, fuqaro-huquqiy va maʼmuriy choralarni koʻradilar.
6-modda
Agar ikki tomonlama hamkorlik natijasida maxfiylikni saqlash lozim boʻlgan intellektual mulk obyektlarini yaratish yoki foydalanish yoki maxfiy axborot berish moʻljallangan boʻlsa, tegishli shartnoma yoki bitimlarga maxfiylikni saqlash toʻgʻrisida qoida kiritiladi. Bu hollarda Tomonlarning tegishli tashkilotlari oʻz davlatlarining qonunchilik nizomlariga, shuningdek shartnoma va bitimlarda berilgan qoidalarga asoslanib, maxfiylikni saqlash boʻyicha majburiyatlarni bajaradilar.
7-modda
Ushbu Bitimni amalga oshirish uchun quyidagi vakolatli organlar masʼuldirlar:
Oʻzbekiston Respublikasida — Oʻzbekiston Respublikasi fan va texnika davlat qoʻmitasi qoshidagi Davlat patent idorasi, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Mualliflik huquqlari boʻyicha davlat agentligi;
Ukrainada — Ukraina Davlat patent idorasi, shuningdek Ukraina Mualliflik va turdosh huquqlari boʻyicha davlat agentligi.
Tegishli tashkilotlarning hamkorlik shartlari va tartiblari ular oʻrtasidagi alohida bitimlar bilan aniqlanadi.
8-modda
Tomonlar ushbu Bitimni amalga oshirish chogʻida bir-birlariga yoʻllaydigan hujjatlar rus tilida taqdim etiladi.
9-modda
Ushbu Bitimga Tomonlarning oʻzaro kelishuvi boʻyicha oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin. Barcha oʻzgartish va qoʻshimchalar ushbu Bitimning ajralmas qismi boʻlgan alohida protokollar bilan rasmiylashtiriladi.
10-modda
Ushbu Bitim Tomonlar tarafidan uni kuchga kirish uchun davlatlar ichki protseduralari bajarganligi toʻgʻrisida oxirgi yozma bildirishnoma olingan kundan 30 kun keyin kuchga kiradi.
Ushbu Bitim oʻn yil muddatga tuziladi va agarda Tomonlardan biri navbatdagi muddat tugamasidan kamida olti oy avval diplomatik kanallar orqali uning amal qilishini toʻxtatish niyati haqida boshqa Tomonga xabar bermasa uning amal qilishi oʻz-oʻzidan keyingi ikki yillik davrlarga uzaytiriladi.
Kiyev shahrida 1998-yil 19-fevralda ikki nusxada, har biri oʻzbek, ukrain va rus tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Ushbu Bitim qoidalarini izohlash uchun rus tilidagi matndan foydalaniladi.
(imzolar)
